IMOM ABU HANIFA (RAHIMAHULLOH)NING TOBE'IN EKANLIKLARI
Muallif: . .
Sana: 24.03.2023
1181

Imomi A’zam Abu Hanifa rahimahullohning sahobalar davrida tug‘ilganiga shubha yo‘q. Ko‘pgina muhaddis va tarixchilar uning bir necha sahobalar bilan uchrashganini qayd qilganlar. U zot uchrashgan sahobalar borasida har xil fikrlar bo‘lsa-da, lekin mashhur sahobiy Anas ibn Molik roziyallohu anhu bilan uchrashgani haqida barcha manbalar ma’lumot beradi. Shunday bo‘lsa-da, ba’zilar uni tobe’in emas, balki taba’a tobe’in ekanini aytganlar. Bu Imomi A’zam Abu Hanifa rahimahullohning tug‘ilgan sanasi aniq belgilanmagani bilan bog‘liq. Mashhur tarixchi va muhaddis olim Shamsiddin az-Zahabiy rahimahulloh u zotni taba’a tobe’in deydiganlarning gapini rad etib, tobe’in bo‘lganini isbotlashga harakat qilganlar.

Imomi A’zam Abu Hanifa rahimahullohning tobe’inlar jumlasidan bo‘lgani inkor etib bo‘lmaydigan bir haqiqatdir! Zotan, Imomi A’zam Abu Hanifa rahimahullohning tug‘ilishlari saksoninchi hijriyda bo‘lgan. Bu vaqtda Ko‘fada Hazrati Abdulloh ibn Abu Avfo roziyallohu anhu bor edilar. Imomi A’zam Abu Hanifa rahimahullohning u zotni ziyorat qilmay qolishligi mumkin emas edi. Yana Imomi A’zam Abu Hanifa rahimahulloh Makkaga qilgan bir qancha ziyoratlari asnosida sahoba Anas ibn Molik roziyallohu anhuni ziyorat qilganlar.

Bundan tashqari, Alloma as-Suyutiy rahimahulloh «Tabyiz as-sahifa»da bir necha rivoyatlarni naql qilganlar. Ulardan ma’lum bo‘ladiki, Imomi A’zam Abu Hanifa rahimahulloh Hazrati Anas, Abdulloh ibn Abu Avfo, Abdulloh ibn al-Horis ibn al-Jaz’, Abdulloh ibn Unays, Vosila ibn Al-Asqa’, Oysha binti Ajrad roziyallohu anhum ajma’in kabi sahobalardan rivoyatlar eshitganlar.

Abu Ma’shar al-Qatton (vaf. 478/1085) nomi bilan tanilgan qiroat olimi Abdulkarim ibn Abdussamad at-Tabariy rahimahulloh mustaqil risolada bu mavzuni yoritganlar. Unda Imomi A’zam Abu Hanifa rahimahullohning to‘g‘ridan-to‘g‘ri sahobalardan eshitgan rivoyatlari jamlangan. Bu kitobda yuqoridagilardan boshqa sahobalardan Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhu, Ma’qil ibn Yasor roziyallohu anhudan ham Imomi A’zam Abu Hanifa rahimahullohning eshitganligi bayon qilingan. Ibn Hajar rahimahulloh kabi hadis bilimdonlari bu rivoyatlarning hammasini sanad e’tiboridan zaif degan taqdirda ham, lekin uning qat’iy botil bo‘lishiga hech kim hukm qila olmaydi. Agar fazoil va manoqib mavzularida zaif rivoyatlarning qabul qilinishini eslasak, bu rivoyatlardan Imomi A’zam Abu Hanifa rahimahullohning ilmiy fazilati zohir bo‘lmay qolmaydi. Bundan tashqari, Alloma as-Suyutiy rahimahulloh «Tabyiz as-sahifa»da mashhur bir rivoyatni Hofiz Abu Ma’shar rahimahullohning havolasi bilan naql qiladilar:

عن أبي حنيفة عن أنس بن مالك رضي الله عنه قال: سمعت رسول الله صلى الله عليه وسلم يقول "طلب العلم فريضة على كل مسلم"

«Ilm talab qilishlik har bir musulmonga farzdir

Imom as-Suyutiy rahimahulloh bu rivoyatni keltirar ekanlar, uning sahih darajada ekanligini aytganlar.

Hofiz al-Mizziy rahimahullohning fikri shuki, «ta’addudi turuq» – «rivoyat yo‘llarining ko‘pligi» e’tiboridan mazkur rivoyat hasan darajasiga keladi.

Agar mazkur hadis olimlarining bu fikrlarini qabul qiladigan bo‘lsak, Imomi A’zam Abu Hanifa rahimahullohning sahobalarni ko‘rib, ulardan hadis eshitganligiga biron-bir shubha qolmaydi! Agar farazan sahobalardan hadis eshitganligi aniq bo‘lmasa ham, lekin ularni ziyorat qilganligi aniq. Shuning uchun Imomi A’zam Abu Hanifa rahimahullohning tobe’inligi, muhaqqiq olimlar nazdida, tan olingandir. Chunonchi, Ibn Sa’d, Imom az-Zahabiy, Imom as-Suyutiy, Ibn Hajar al-Asqaloniy rahimahumulloh kabi muhaddislar Imomi A’zam Abu Hanifa rahimahullohning tobe’in bo‘lganini ochiq-oydin e’tirof etganlar.

Eshboyev Shaxzod
Mir Arab oliy madrasasi 4-bosqich talabasi

. .