IMOM ZUFAR ROHIMAHULLOH
Muallif: . .
Sana: 24.03.2023
709

Bismillahir rohmanir rohiym!

Bizni yoʻqdan bor qilgan Robbimizga hamdu sanolar, nabiyymiiz, sayyidimiz Rasululloh sallollohu alayhi va sallamga durudu salovotlar boʻlsin!

Alloh taolo biz ummatni Oʻzining toʻgʻri yoʻlidan adashtirmasin.

Bilamizki ahli sunna val jamoada 4 ta mazhab bor, oʻsha mazhablarning eng koʻp tarqalgani bizning mazhabimiz, yaʼni “Xanafiya” mazhabi hisoblanadi!

Ammo mazhabboshimiz tomonidan kelgan sharʼiy hukmlarning hammasi ham Imom Abu Hanifa rohimahullohdan kelmagan, balki shogirdlari, “Qoziyu quzzot” Imom Abu Yusuf, Imom Muhammad Ashshayboniy rohimahulloh va shu jumladan eng katta shogirdlari Imom Zufar rohimahullohlar tomonidan yetib kelgan.

Koʻp insonlar “Imomayn”ni yaʼni Imom Abu Yusuf, Imom Muhammad rohimahullohlar haqida bilishadiyu ammo Imom Zufar haqida maʼlumotlari kamroq, shu sababdan u zot haqida qisqacha maʼlumot berib oʻtaman!

Imom Zufar Abu Hanifa rahimahullohning shogirdlari orasida eng kattasidir. Toʻliq ismi – Abu Zuhayl Zufar ibn Huzayl ibn Qays Anbariy. U zot hijriy 110-yili tugʻilgan.

Imom Zufar fiqhda bamisoli dengiz, aqlli, farosatli, taqvodor inson edi. U Imom Abu Hanifa rahimahullohning qoʻllarida fiqhni oʻrgandi. Uzoq muddat u zotdan saboq oldi. Bu haqda Imom Zufarning oʻzi bunday deydi: “Yigirma yildan ortiq Imom Abu Hanifa rahimahullohdan taʼlim oldim. Insonlarga u zotdan koʻra koʻp nasihat qiladigan, ularga hamdard boʻladigan biror kishini koʻrmadim”.

Abu Hanifa rahimahulloh Imom Zufarni boshqa shogirdlaridan afzal koʻrar va hurmat qilar edi. Imomning oʻzi shogirdi haqida: “Zufar ibn Huzayl musulmonlar imomlarining peshvosi, sharaf, nasab va ilmda buyuk arbobdir”, degan.

Vakiʼ ibn Jarroh rahimahulloh buyuk olim boʻlishiga qaramay, Imom Zufar ziyoratiga koʻp borar va u kishiga: “Biz uchun sizni Abu Hanifa rahimahullohning oʻrinbosari qilgan Alloh taologa hamd boʻlsin”, der edi. Yana aytardiki: “Men Imom Zufarning dars halqasidan olgan manfaatimdek boshqa hech kimning halqasidan foyda olmaganman”.

Yahyo ibn Kulsum aytadi: “Vakiʼ umrining oxirida ilm oʻrganish uchun ertalab Imom Zufar oldiga, tushdan keyin Abu Yusuf huzuriga borar edi. Keyinchalik Abu Yusufning oldiga borishni tark etib, doimiy ravishda Imom Zufarning oldiga boradigan boʻldi”.

Imom Zufar rahimahulloh ustozi Abu Hanifa rahimahullohning vafotidan keyin u zotning dars halqasiga boshliq boʻladi. Bu Imom Zufarning hanafiy mazhabi rivoji yoʻlida qilgan xizmatlarining eng birinchisi edi. Imom Zufar Abu Hanifa rahimahullohdan taʼlim olgach, Basraga keladi. U yerda Usmon Battiyning fiqhi tarqalgan edi. U Basra faqihi va raisi edi. Imom Zufar uning dars halqasiga qatnab, u aytgan masalalarni tinglardi. Uning biror fiqhiy qoidasidan voqif boʻlsa, uning shu qoidaga koʻra istinbot qilgan farʼiy masalalarini tekshirar edi. Qachon ular oʻzlarining fiqhiy qoidasiga amal qilishni tark etganidan xabar topsa, oʻz qavliga amal qilishni va nima sababdan oʻz fiqhiy qoidasiga amal qilmaganining sababini soʻrardi. Usmon Battiyning shogirdlari Imom Zufarning bu soʻzini maʼqul topishdi. Soʻng Imom Zufar bu borada Usmon Battiyning qoidasidan koʻra yaxshiroq fiqhiy qoida bor ekanini aytib, hujjat va dalillarini keltiradi hamda Usmon Battiydan ham shogirdlarining guvohligida shu qavlga qaytishini taklif qiladi. Soʻng ularga: “Bu Abu Hanifa rahimahullohning qavlidir”, deydi. Shu voqeadan bir necha kun oʻtgach, Basra ulamolarining dars halqasiga Imom Zufar boshchilik qila boshlaydi. Keyinroq Imom Zufar rahimahulloh Basra qoziligiga ham tayinlanadi.

Odatda qoʻshni shahar va viloyatlar musobaqalashganidek, Basra ahli ham kufaliklar bilan oʻzaro musobaqalashar edi. Dastlab, basraliklar hanafiy mazhabiga eʼtiroz bildirishar edi. Imom Zufar basraliklarni Abu Hanifa rahimahullohning mazhabiga daʼvat qilib, uni Basrada hikmat bilan yoydi.

Saymariy rahimahulloh Hilol ibn Yahyodan quyidagilarni rivoyat qiladi: “Yusuf ibn Xolid Samtiy Basradan Kufaga kelib, Abu Hanifadan fiqhni oʻrgangan edi. Soʻng Basraga qaytmoqchi boʻlganida Abu Hanifa unga bunday dedi: “Agar Basraga boradigan boʻlsang, ilmda peshqadam kishilar oldiga boryapsan. Zinhor masjidning birorta ustuni yonida oʻtirib, dars halqasini tashkil qilib: “Abu Hanifa bunday degan”, “Abu Hanifa unday degan”, deyishga shoshilmagin. Agar shunday qilsang, koʻp oʻtmasdan seni masjiddan chiqarib yuborishadi”. Soʻng Yusuf ibn Xolid Basraga kelib, oʻzidan ajablanadi. Basra masjidida bir ustun yonida oʻtirib: “Abu Hanifa bunday degan”, deya dars berishni boshlaganida basraliklar uni masjiddan chiqarib yuborishadi. Soʻng Imom Zufar Basraga kelgunicha, hech kim u yerda Abu Hanifa nomini tilga olmadi. U zot kelgach, Basraning katta ustozlari huzuriga borib, ularning soʻzlariga ular bilmaydigan hujjatlar keltirar edi. Bu esa ularga yoqib tushardi. Soʻng: “Bundan ham yaxshiroq qavl bor”, deb, uni dalillari bilan keltirar va hech kimga uni Abu Hanifa rahimahullohning soʻzi ekanini aytmasdi. Ular: “Kim aytgan boʻlsa ham, yaxshi soʻzlar ekan”, deyishadi. Abu Hanifaning soʻzlari basralik katta ulamolar qalbiga oʻrnashib, manzur boʻlgach, Imom Zufar: “Bu Abu Hanifa rahimahullohning soʻzi”, deydi.
Shunday qilib, ular Imomning qavllarini ham qabul qilishdi”.

Imom Zufar rahimahulloh ustozi Abu Hanifa rahimahullohdan soʻng koʻp yashamadi. U ustozining vafotidan 8 yil oʻtib, hijriy 158­yili Basrada vafot etdi.

Alloh taolo ulugʻ imomlarimizni Oʻz rahmatiga olsin!

Foydalanilgan adabiyotlar:

Burhoniddin Margʻinoniy rohimahulloh “ at- Tajnis val-Mazid”

Ali Tantoviy Rohimahulloh “ Rijalum minattarix”

Iskandar Shamsiddinov
Mir Arab oliy madrasasi 3-bosqich talabasi

. .