JADIDLAR MEROSINI OʻRGANISHGA BAGʻISHLANGAN XALQARO KONFERENSIYA ISHTIROKCHILARIGA
Muallif: . .
Sana: 09.03.2023
249

Hurmatli konferensiya qatnashchilari!

Qadrli mehmonlar!

Avvalo, sizlarni jadid maʼrifatparvarlarining hayoti va ijtimoiy faoliyati, ilmiy-ijodiy merosini oʻrganishga bagʻishlangan xalqaro konferensiyaning ochilishi bilan tabriklayman.

Ushbu nufuzli anjumanni tashkil etish va oʻtkazishda bizni qoʻllab-quvvatlagan Turkiy davlatlar tashkiloti, TURKSOY, Xalqaro turk akademiyasi, Turk madaniyati va merosi xalqaro fondi, Turkiy davlatlar parlamentlari assambleyasi rahbarlari va vakillariga, barcha xorijiy olimlarga chin qalbimdan tashakkur bildiraman.

Aziz doʻstlar!

XIX asr oxiri va XX asr boshlarida bir qator sharq va musulmon mamlakatlarida vujudga kelgan jadidchilik harakati Turkiston oʻlkasida teran tarixiy ildizlarga egadir. Yurtimiz ulkan ijtimoiy-siyosiy va maʼrifiy ahamiyatga ega ushbu jarayonlardan chetda qolmagani, aksincha, bu harakatning markazlaridan biriga aylanganini taʼkidlash lozim.

Oʻz zamonining ilgʻor namoyandalari boʻlgan jadidlar gʻoyat murakkab va qiyin sharoitda bilim va maʼrifat tarqatish, taʼlim-tarbiya sohasini tubdan isloh etish orqali milliy taraqqiyotga erishish gʻoyasi bilan maydonga chiqdilar.

Shu maqsadda oʻz mablagʻlari hisobidan maktab va teatrlar, nashriyot va kutubxonalar, gazeta va jurnallar tashkil qildilar, qobiliyatli yoshlarni chet ellarga oʻqishga yubordilar. Ularning bu olijanob tashabbus va harakatlari jamiyat hayotida kuchli aks sado berib, qudratli toʻlqinga aylandi.

Oʻylaymanki, tarixda ikki buyuk Renessansga zamin boʻlgan mintaqamizda uchinchi Renessansni aynan jadid ajdodlarimiz amalga oshirishlari mumkin edi. Afsuski, mustabid tuzum ularning ezgu gʻoya va amaliy harakatlarini toʻla roʻyobga chiqarishga imkon bermadi.

Biz bugun mamlakatimizda erkin fuqarolik jamiyati, huquqiy demokratik davlat barpo etar ekanmiz, jadid bobolarimizning gumanistik qarashlariga tayanamiz, ularning merosidan maʼnaviy kuch-quvvat olamiz.

Yurtimizda mustabid tuzum davrida siyosiy qatagʻonga uchragan ajdodlarimiz xotirasini abadiylashtirish boʻyicha katta ishlar amalga oshirilmoqda. 31-avgust – Qatagʻon qurbonlarini yod etish kuni sifatida keng nishonlanmoqda. “Shahidlar xotirasi” yodgorlik majmuasi, Qatagʻon qurbonlari xotirasi davlat muzeyi va uning hududiy boʻlimlari faoliyat olib bormoqda. Jadidchilik harakati tarixiga oid ilmiy tadqiqotlar, badiiy asarlar, kinofilmlar koʻplab yaratilmoqda. Ulugʻ maʼrifatparvarlarimiz nomlari bilan ataladigan yodgorlik majmualari, taʼlim muassasalari, muzeylar, bogʻ va xiyobonlar barpo etilmoqda.

Oʻtgan uch yil mobaynida Oʻzbekiston Oliy sudi tomonidan qatagʻon qurboni boʻlgan toʻrt yuzdan ziyod vatandoshlarimizning nomlari oqlandi. Ularning aksariyat qismini jadidchilik harakati vakillari tashkil etishi ayniqsa eʼtiborlidir.

Hurmatli doʻstlar!

Biz maʼrifatparvar bobolarimizning muqaddas orzularini roʻyobga chiqarish uchun mamlakatimizda yangi Renessans poydevorini yaratishni strategik vazifa qilib belgilaganmiz. Shu maqsadda ilm-fan, taʼlim-tarbiya, madaniyat sohalarida tub islohotlarni amalga oshirmoqdamiz.

Bu borada avvalo taʼlim tizimini zamon talablari asosida tashkil etish, oʻqituvchi va murabbiylarning jamiyatimiz hayotidagi oʻrni va taʼsirini kuchaytirishga ustuvor ahamiyat qaratmoqdamiz.

Keyingi olti yilda respublikamizda maktabgacha taʼlim tashkilotlari soni qariyb 6 barobar koʻpayib, 4988 tadan 29420 taga, oliy oʻquv yurtlari soni esa 77 tadan 213 taga yetkazildi. Yurtimizda yangi turdagi Prezident maktablari, ijod maktablari, ixtisoslashgan maktablar faoliyati yoʻlga qoʻyilmoqda.

Farzandlarimizni har tomonlama barkamol, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga sodiq insonlar etib tarbiyalashda taraqqiyparvar ajdodlarimizning aql-zakovati, iroda va matonati barchamiz uchun ibrat maktabi boʻlib xizmat qiladi.

Biz xalqaro ilmiy markazlar, dunyo olimlari bilan hamkorlikda jadidlar faoliyatini yanada chuqur oʻrganishni dolzarb vazifa deb hisoblaymiz. Bu noyob meros orqali bugungi kunda insoniyatni tashvishga solayotgan juda koʻp savollarga toʻgʻri javob topa olamiz. Bu bebaho boylikni qancha faol targʻib etsak, xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimiz bugungi tinch va erkin hayotning qadrini anglab yetadi.

Anjumanning barcha qatnashchilariga sihat-salomatlik, yangi ijodiy yutuqlar, konferensiya ishiga esa muvaffaqiyatlar tilayman.

Shavkat Mirziyoyev,

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

Manba muslim.uz

. .