
Bugungi kunga kelib butun dunyoda fitnalar koʻpaydi, ularning mohiyati oʻzgardi, qiyofasi boshqacha tus oldi. Jahondagi yovuz kuchlar musulmonlar birligiga putur yetkazish, parokandalik keltirib chiqarish maqsadida musulmonlar oʻrtasida fisq-fasod, fitna va buzuq eʼtiqodlarni yoyishga urinmoqda. Maqsad, musulmonlar orasiga fitna solish, ularni parokanda qilish, mamlakatlar va xalqlarni boʻlib tashlab, bir-biriga gij-gijlashdir.
Hazrati Rasuli akram sollallohu alayhi vasallam:
أَخْبَرَنِي مُسْلِمُ بْنُ يَسَارٍ أَنَّهُ سَمِعَ أَبَا هُرَيْرَةَ يَقُولاَ قَالَ رَسُولُ الله صَلَّى الله عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَكُونُ فِي آخِرِ الزَّمَانِ دَجَّالُونَ كَذَّابُونَ يَأْتُونَكُمْ مِنَ الأحَادِيثِ بِمَا لَمْ تَسْمَعُوا أَنْتُمْ وَلاَ آبَاؤُكُمْ فَإِيَّاكُمْ وَإِيَّاهُمْ لاَ يُضِلُّونَكُمْ وَلاَ يَفْتِنُونَكُمْ
“Oxir zamonda dajjollar, (firibgarlar) yolgʻonchilar (jamoasi) boʻladi. Ular sizlar ham ota-bobolaringiz ham eshitmagan gaplarni gapiradilar. Bas, sizlar ulardan oʻzlaringizni uzoq qilinglar va oʻzlaringizdan ham ularni uzoq qilinglar. Sizlarni adashtirib va aldab fitnaga (shirkka) solib qoʻymasin”, dedilar
Hozirgi paytda yana bir fitna haqida gapirmaslik ham din va millatga xiyonat sanaladi. Bu ham boʻlsa, dunyodagi mustamlakachi kuchlarning maʼnaviy boʻshliqdan foydalanib yurtimiz yoshlari ongiga maʼnaviyatimiz va axloqimizga butunlay yot boʻlgan va eng xatarli illatlarni oʻz ichiga olgan “ommaviy madaniyat” “pop-kultura”ni singdirishga katta fitnalarga sabab boʻlmoqda. Yoshlarni xudbin va loqayd kimsalarga aylantirish, axloqiy buzuqlik va zoʻravonlikni targʻib qilish, bir jinslar nikohi, zino, giyohvandlik, buzuqlik, nima qilib boʻlsa ham, qanday yoʻl bilan boʻlsa ham faqat boylik orttirishga intilish, oilani tan olmaslik, koʻngil istagan ishlarni qilish orqali “erkin boʻlish” kabi zararli illatlarni yoyishni asosiy maqsad qilib olgan bu “madaniyat” jamiyatdagi maʼnaviy hayotni izdan chiqaradi, yoshlar axloqiga jiddiy salbiy taʼsir koʻrsatadi. Mutaxassislarning fikricha: “Hozirgi kunda yoshlar orasida tarqalayot bu “pop-kultura” madaniyatlilik emas, balki “antikultura”, yaʼni madaniyatsizlikning ayni oʻzidir. Eng goʻzal madaniyat bu islom madaniyatidir, bu Rasululloh s.a.v. koʻrsatgan madaniyatdir. Chunki buni ham ilmu fan tasdiqlayapti va ham sogʻlom aql egasi tasdiqlaydi.
Alloh taolo Qurʼoni karimda marhamat qilib deydi:
إِنَّ الَّذِينَ يُحِبُّونَ أَن تَشِيعَ الْفَاحِشَةُ فِي الَّذِينَ آمَنُوا لَهُمْ عَذَابٌ أَلِيمٌ فِي الدُّنْيَا وَالْآخِرَةِ
“Albatta iymon keltirgan kishilar oʻrtasida buzuqliklar yoyilishini istaydigan kimsalar uchun dunyoda ham, oxiratda ham alamli azob bordir”[1]
Hozirgi kunda dunyoda dunyoparastlar oʻz mafaatlari yoʻlida har ishga tayyordirlar. Buzuqchilik va fahsh narsalarni savdosi dunyo tijoratida yetakchi oʻrinlarni egallagan. Musulmon farzandlarimizga boʻlayotgan bu katta zarbada biz loqayd boʻlib oʻtirmaylik. Ertaga juda katta zararlarni olib keladi. Agar ertangi kunni koʻrmoqchi boʻlsangiz, hozirgi kunda Amerika va Yevropada yangi paydo boʻlgan madaniyatlarining dastidan yosh katta insonlar dodu faryod qilayotganlari, yoshlari esa oʻzlari bu madaniyatlaridan bezib oʻzlarini toʻxtatolmayotganlari va ammo endilikda hech iloj topolmay qiynalib yurganliklariga bir nazar solsangiz oʻzi kifoya.
إِنَّ الَّذِينَ فَتَنُوا الْمُؤْمِنِينَ وَالْمُؤْمِنَاتِ ثُمَّ لَمْ يَتُوبُوا فَلَهُمْ عَذَابُ جَهَنَّمَ وَلَهُمْ عَذَابُ الْحَرِيقِ
“Albatta, moʻmin va moʻminalarga fitna qilib, soʻngra tavba qilmaganlarga, ana oʻshalarga jahannam azobi va kuyduruvchi azob bor”[2]
Mohinur Saʼdullayeva
Mir Arab oliy madrasasi 4-bosqich talabasi
[1] Nur 19
[2] Buruj 10
Eng ko'p o'qilgan Talaba minbari
