
Barchamizning dunyoga kelishimizga sababchi boʻlgan zotlar bor. Bu dunyoda atrofimizdagilardan koʻra mehribonroq, haqiqatni roʻy-rost aytadigan doʻst, yaxshi kunimizda biz bilan birga quvnaydigan, yomon kunlarda bizdan ham ziyodroq tashvishlanadigan bular bizlarning ota-onalarimizdirlar.
Parvardigori olam mana shu zotlar haqida biz musulmonlarga buyruqlaridan birini amr etib shunday deydi:
وَقَضَى رَبُّكَ أَلَّا تَعْبُدُوا إِلَّا إِيَّاهُ وَبِالْوَالِدَيْنِ إِحْسَانًا
“Parvardigoringiz, yolgʻiz Uning Oʻziga ibodat qilishlaringizni hamda ota-onangizga yaxshilik qilishlaringizni amr etdi.”[1]
Azizlar, oyatga eʼtibor beraylik! Alloh taolo oyatda: “وَقَضَى رَبُّكَ” deb aytmoqda. “Qazo” degani buyuradi, amr qiladi, senga hukm qiladi – degan maʼnolari bor. Yana “Robbuka” Sening Robbing, yaʼni “Robb” degani “tarbiya qiluvchi” degani, demak bizlarga tarbiya uchun bizlarni yoʻqdan bor qilgan Zot bir ishni buyurmoqda. Va yana “sening” deyishligi bilan bizlarga yaqin boʻlgan Zot, bizlarga mehribon boʻlgan Zot ekanligni bildirmoqda.
Alloh taolo Oʻziga ibodat qilishlikni va ota-onaga yaxshilik qilishni bir qatorga qoʻydi. Ulamolar aytdilar: “uch narsa borki, uch narsasiz qabul boʻlmaydi. Qurʼoni karimda “وَأَقِيمُوا الصَّلَاةَ وَآتُوا الزَّكَاةَ”: “Namozni ado eting va zakotni bering” deb keladi. Demak, kimiki namoz oʻqimasa, ammo zakot bersa uning zakoti maqbul emas yoki aksincha kimiki namoz oʻqisa-yu zakot bermasa, uning namozi qabul emas. Ikkinchisi “أَطِيعُواْ اللّهَ وَأَطِيعُواْ الرَّسُولَ” “Allohga itoat qilingiz va paygʻambarga” degan oyatda ham kimiki Alloh taologa itoat qilsa-yu, ammo Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam.ga itoat qilmasa, Allohga itoati maqbul emas deyiladi. Xuddi shu kabi kimiki ibodat qilsa-yu, ammo ota-onasi undan norozi uning ibodati hargiz maqbul emas.
Yana Alloh taolo oyatda “إِحْسَانًا” soʻzini nakra holatda keltirmoqda, bu yaxshilik qilishda bir har xillikni bildiradi, chunki arab tilida nakra umumiylikni ifodalaydi. Yaʼni qanaqa yaxshilik boʻlsa ham qilgin. Qoʻlimizdan keladigan har bir yaxshiliklarni qilishligimiz. Xoh maʼnaviy boʻlsin, xoh moddiy yoki xoh jismoniy, xoh ulkan boʻlsin, xoh koʻzga koʻrinmaydigan arzimas bir yaxshilik boʻlsin. Bularning barchasini biz Yaratuvchimiz Alloh taolo buyurgani kabi ularga baxshida qilishimiz lozim va lobuddir.
Ehson – buyurilgandan yaʼni, farz qilingandan-da ortiqroq bajarishga aytiladi. Masalan: bir kishi buyurilgan farz namozining oʻzinigina bajarsa, farzni ado etibdi deyiladi. Ammo nafllarni ham oʻqib, kechalarni qoim qilsa, “muhsinlar”, yaʼni, ehson qiluvchilar zumrasiga kiradi. Yaʼni, uning haqni ado qilishi, bajarishi belgilangandan ortiqroqdir. Demak, biz farzandlar oyatdagi “ehson qil” buyrugʻiga amal qilaman desak, ota-onalarimizga qilayotgan yaxshiliklarimizni orttirib bajarishimiz ekan.
Oyatning davomida:
إِمَّا يَبْلُغَنَّ عِنْدَكَ الْكِبَرَ أَحَدُهُمَا أَوْ كِلَاهُمَا فَلَا تَقُلْ لَهُمَا أُفٍّ وَلَا تَنْهَرْهُمَا وَقُلْ لَهُمَا قَوْلًا كَرِيمًا (23)
“Ulardan biri yoki har ikkisi sening qoʻl ostingda keksalik yoshiga yetsalar, ularga qarab “Uf, jonimga tegdi” dema, ularning soʻzlarini qaytarma. Ularga doimo yaxshi gapir”[2]
Ushbu oyatda farzandga ota-onasi uchun ular keksaygan chogʻda yaxshilik qilishlikka vasiyat qilinmoqda. Nima uchun aynan ushbu keksalik chogʻi xos zikr qilindi?
Chunki ularning yoshlik, baquvvat chogʻlari ularga nisbatan eʼtiborsizlik va nazar pisandsizlik bilan qaraladigan payt emas. U chogʻda ularga nisbatan uff deyiladigan, ulardan zerikib, ularga achchiqlanadigan payt emas. Chunki ular ikkisi ham yoshlik, quvvatli chogʻlarida oʻzlari hayot qiyinchiliklariga qarshi tura olishardi. Balki uning aksi oʻlaroq ota-onalar ayni quvvatli paytida farzandalar ularga yaqin boʻlib, ularning rizosiga va ular sababidan xayriyatlarga erishib qolishni istaydilar.
Lekin qarilik holi u – hojatmandalik, zaiflik, boquvchiga muhtojlik holidir. Ilgari oʻzi beruvchi boʻlgan boʻlsa, endi oluvchiga aylangan, ilgari oʻzi boquvchi boʻlgan boʻlsa, endi birovning parvarishida yashaydigan kishiga aylangan chogʻdir.
Oyatga eʼtibor qiladigan boʻlsak Alloh taolo ulugʻlik yoshining oʻzinigina zikr qilmasdan, balki “sening huzuringda” soʻzi bilan qayd qilib, farzandga xitob qilyapti. Yaʼni, ularning sendan boshqa qaraydigani yoʻq. Ularning aka-ukasi, opa-singlisi, biror bir yaqin kishisi sening oʻrningni bosa olmaydi. Bu muhim ishni sen oʻzing bajargin, deyapti. Shuning uchun “sening huzuringda” soʻzini aka-ukasi, opa-singlisi yoki birorta yaqiniga emas, balki farzandga qayd qilib keltirdi. Bu degani – modomiki shunday ekan, sen masʼuliyatingni unutma, chunki ularning xizmatiga oʻzgalardan koʻra sen masʼulroqsan, deganidir.
وَإِنْ جَاهَدَاكَ عَلَى أَنْ تُشْرِكَ بِي مَا لَيْسَ لَكَ بِهِ عِلْمٌ فَلَا تُطِعْهُمَا وَصَاحِبْهُمَا فِي الدُّنْيَا مَعْرُوفًا
“Agar ikkovlari seni oʻzing bilmagan narsani Menga shirk keltirishga zoʻrlasalar, bas, ularga itoat etma! (ammo) dunyoda ikkovlariga yaxshilik qil”[3]
Alloh taolo ushbu oyatda farzandga agar ota-onasi kufrda boʻlsalar ham ularga yaxshilik qilishga buyurmoqda. Faqatgina agar ular Allohga maʼsiyat boʻladigan ishga buyursalar ularga itoat qilinmaydi. Chunki ularning haqqi qanchalik yuqori boʻlmasin Allohning haqqidan ulugʻ boʻla olmaydi.
Oyatning mazmunidan “sen ota-onanga yaxshilik qilaver, ular shirkda boʻlgani uchun ularga jafo qilma. Ularni jazolash sening ishing emas, balki mening ishimdir. Sening ishing esa ularga yaxshilik qilishdir” maʼnosi tushuniladi.
وَاخْفِضْ لَهُمَا جَنَاحَ الذُّلِّ مِنَ الرَّحْمَةِ وَقُلْ رَبِّ ارْحَمْهُمَا كَمَا رَبَّيَانِي صَغِيرًا
“Ikkovlariga mehribonlik ila xokisorlik qanotingizni pastga yoying. (Ular haqqiga) “Robbim, ular meni kichiklikda tarbiya qilganlaridek, (Sen ham) ularga rahim qilgin”deya (duo qilib) ayting”[4]
Urva ibn Zubayr r.a.ning oʻgʻillari Hishom shu oyatning sharhiga otalaridan rivoyat qilib deydilarkim: “yaʼni ota-onang yaxshi koʻrgan har bir narsadan bosh tortma deganidir”
Ota-onamiz bizning uyimizga tashrif buyurganlarida va uy anjomlari yoki buyumlaridan birini sindirib qoʻyishsa, shu paytda: “Sizga fido boʻlsin, otajon!”, – deyishimiz, yoki “hechqisi yoʻq, buning oʻrniga boshqasini olmoqchi boʻlib turgandim”, yoki shunga oʻxshash ota-onaning hurmatini saqlaydigan yoqimli soʻzlarni topib vaziyatni goʻzal holatga burib yuborishimiz, ota-onamizning his-tuygʻulari jarohatlanib qolmasin.
Koʻpincha ota-ona yoshi ulugʻ boʻlgan chogʻda kasallik yetib toʻshakka mixlanib, baʼzida oyoq-qoʻli ishlamay yotib qoladi va shifo umid qiladi. Ularga tasalli beradigan, koʻnglini yumshatadigan soʻzlarni aytadigan kishiga muhtoj boʻlib qoladi. Shu vaqtda biz ularga oʻxshab kasallikka chalingan va Alloh taolo ularga shifo bergan kishilar haqida gapirib, “Falonchi ham xuddi shunaqa kasallikka chalingandi, Alloh taolo ularga shifo bergan, insha Alloh sizga ham shifo beradi”, deb tasalli berishimiz lozim.
Mashoyixlar birlari deydilar: “Ey farzand, sen ota-onangning senga qilgan yaxshiliklarini doimo eslagin. Xususan goʻdaklik va bolalik chogʻingda senga koʻrsangan mehribonliklarini zinhor unutma!
Sening zaiflik holinga qarab Alloh taolo ularning mehrini senga orttirib qoʻydi. Sen hojatmand va kasalga chalingan holingda ularning mehri yanada ziyoda boʻldi. Eʼtibor bilan qarasang boy farzandiga qaraganda ota-onaning faqir farzandiga mehribonroqligini koʻrasan. Kasaliga sogʻlomidan koʻra mehribonroqligini koʻrasan. Gʻoibiga hoziridan koʻra mehribonroqligini koʻrasan. Kichigiga kattasidan koʻra mehribonroqligini koʻrasan. Yaʼni, farzandning hojatmandligiga qarab ota-onaning mehri kuchayib boraveradi. Sen ham bu nozik ishorani unutma. Yaʼni, ota-onang sening xizmatingga qancha koʻp muhtoj boʻldimi, sen ulardan zerikish yoki bezor boʻlish oʻrniga ularga koʻproq mehr koʻrsatishga harakat qilgin. Demak, ular quvvatli chogʻida ham ularga yaxshilik qilish sening burching edi, endi ular quvvatdan ketgandan soʻng ularga yaxshilik qilish yanada vojibroq, yanada lozimroqdir. Buni zinhor unutmagin!”
عن كعب الأحبار ، قال : قَالَ لُقْمَانُ لِإبْنِهِ : “ يَا بُنَيَّ ، مَنْ أرْضَى وَالِدَيْهِ فَقَدْ أرْضَى الرَّحْمَنَ ، وَمَنْ أسْخَطَهُمَا فَقَدْ أسْخَطَ الرَّحْمَنَ ، يَا بُنَيَّ ، إنَّمَا الْوَالِدَانِ بَابٌ مِنْ أبْوَابِ الْجَنَّةِ فَإنْ رَضِيَا مُضِيَتْ إلى الْجَبَّارِ وَإنْ سَخَطَا حُجِبَتْ ”
Hazrati Luqmoni Hakim oʻgʻliga dedi: “Ey oʻgʻlim, kim ota-onasini rozi qilsa, Rohmanni rozi qilgan boʻladi. Kim ota-onasining gʻazabiga uchragan boʻlsa, Rohmanning gʻazabini chiqargan boʻladi. Ey bolam, albatta, ota-ona jannat eshiklaridan bir eshikdir. Agar rozi boʻlsalar, Jabborga borish bor. Agar achchiqlari chiqsa, yopilib qolishi bor”
Demak, ota-onani barobar rozi qilib doim duolarini olib yurgan banda ajabmas-ki, qiyomat kunining azobidan va doʻzax otashidan ozod boʻlsa. Alloh taolo vaʼda bergani kabi va Rasuli Akram sollallohu alayhi vasallam tavsiya qilganlaridek zinhor ba zinhor ota-onaning rizo-yu duolarini olmoqlikka hech beparvo boʻlmaylik-ki, bizlarning saodat kalitimiz, omadlarimiz ularning duoi xayrlarida-dir.
Farida Rustamova
Mir Arab oliy madrasasi 3-bosqich talabasi
[1] Isro 23
[2] Isro 23
[3] Luqmon 15
[4] Isro 24
Eng ko'p o'qilgan Talaba minbari
