SELFI ISLOM OLAMIGA QANDAY TAʼSIR QILMOQDA?
Muallif: . .
Sana: 16.02.2023
262

Soʻnggi paytlarda dunyoda selfi epidemiyasi keng tarqalib, bu sevimli mashgʻulot shu darajasiga yetdiki, selfi olishni oʻrgatadigan maxsus saytlar, poyabzallar, maktablarda esa xavfsiz suratga olish darslari joriy etildi.

Xoʻsh, biz kamerada oʻzimizni suratga olishni istashimiz xudbin boʻlib qolishimizni anglatadimi?

Insonlar yaqin-yaqingacha shaxsiy hayotini oʻzgalardan yashirar, bu masalada ehtiyotkorroq munosabatda boʻlardi. Afsuski, bugungi kunda bu manzara oʻzgardi. Texnologiyalar rivoji insoniyatning necha asrlar osha yashab kelgan qadriyatu madaniyatlariga oʻz taʼsirini oʻtkazdi. Endilikda kishilik jamiyati nafaqat oʻz-oʻzini hurmat qilishni hatto shaxsiy hayotning qadr-qimmatini ham unutmoqda. Manmanlik, xudbinlik avj olib hamma oʻzi haqida butun dunyoga jar solishga tayyor. Nima qilsa ham tezroq mashhur boʻlish, hamma u haqida gapirishini istaydi. Bu borada esa selfimaniya asosiy qurolga aylangan.

Qizigʻi shundaki, selfi qanchalik goʻzal boʻlsa, shunchalik koʻp “layk”larni yigʻadi. Bu bir qaraganda zararsiz boʻlib tuyulishi mumkin, lekin agar fotosurat kam layklarni yigʻsa-chi? Bu kishida oʻzi haqida salbiy fikrlarni paydo qiladi. Shuning uchun ham baʼzi odamlar telefon kamerasidan ajralmaydilar va Tvitter, Instagram yoki Facebookdagi izdoshlari uchun isteʼmol mahsuloti kabi yashaydi. Bunday sevimli mashgʻulot allaqachon kasallikka aylanib ulgurgan.

Bu borada tadqiqot oʻtkazgan mutaxasissislar fikricha, koʻplab ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari va selfi ixlosmandlari ruhiy kasallikdan aziyat chekayotganlarini oʻzlari ham tushunmaydilar. Unga berilish xulq-atvorga salbiy taʼsir etishi mumkinligini tadqiqotchilar alohida taʼkidlashmoqda.

Xoʻsh, Islom olamida selfiga boʻlgan munosabat qanday?

Umra va haj ziyoratiga borganlarning aksariyati ziyoratdan xotira sifatida qolish uchun Kaʼba fonida oʻzlarini suratga oladi. Bunda bir qaraganda hech qanday salbiy illat yoʻqdek. Ammo inson oʻzini qanchalik ishontirmasin, uning oqibatlarida oz boʻlsa-da beʼmanilik bor.

Misol uchun, siz Madinayu Makkada ibodatlarni amalga oshirayotganingizda yoki Allohga astoydil duo qilayotganingizda yoningizga bir kishi kelib selfi olish bilan ovora boʻladi. Bu sizga ogʻir botishi tayin. Agar bu ishni siz qilgan boʻlsangiz bilingki, siz kimlarningdir gʻashiga tekib, uning ibodatiga halaqit bergan boʻlishingiz mumkin.

Ayniqsa, Makkada Kaʼba atrofida tavof amalining oʻrtasida selfi olish uchun odamlar toʻxtab qolsa, bu tiqilinchlik hosil boʻlishiga olib keladi va koʻplab odamlarga muammo tugʻdiradi. Bu haqda Masjidul Haromda xizmat qiluvchi xodimlardan bir bunday deydi:

"Keyingi yillarda ziyoratchilar orasida selfiga tushish odam tusiga kirib bormoqda. Bu albatta, kimlar uchundir maʼqul ishdir. Ammo yonidagi kishilar ozor bermagan holda suratga olsa zarari yoʻq. Biroq bugun ayrim insonlar juma kunlari juma namozi paytida imomni tinglash oʻrniga, ibodat qiluvchilarni suratga olishni yoki selfi qilishni afzal koʻradi. Ular bu harakati bilan oʻzgalarning gʻashiga tegayotganini yoki ibodatlariga ozor berayotganini tushunmaydilar”.

Bu borada ziyoratchilarning oʻzi nima deydi?:

“Men Kaʼbani koʻrish va umra amalini ado etishni uzoq yillar davomida kutdim”, – dedi pokistonlik Abdul Rahmon Yasin. – Shuning uchun bu safarim abadiy yodimda qolishini istayman. Selfiga tushishimning sababi ham shu. Bu mening mobil telefonimdagi eng yaxshi fotosurat boʻladi."

Quvaytlik yana bir ziyoratchi Xolid Al-Shimran: “Kaʼbaning koʻrinishi haqiqatan ham ajoyib va hayajonli. Men buni doʻstlarim va izdoshlarim bilan ijtimoiy tarmoqlarda baham koʻrmoqchiman.”

Ziyoratchilarning selfiga tushishining sababi tushunarli, lekin har bir insonning qalbida qolishi kerak boʻlgan hayajonli daqiqalarning oʻzi ular uchun yetarli emasmi? Selfi baxt va quvonch tuygʻusini yetkaza olmaydi, u faqat yuzdagi hissiyotni aks ettirishi mumkin, xolos. Makka kabi muqaddas joyda bebaho onlarni shu kabi ishlar bilan oʻtkazishga arziydimi? Yoki Kaʼba selfi olish uchun koʻngilochar markazga oʻxshaydimi? Yo selfi alohida dunyoga choʻmib, Allohga yaqinlashganingizda oʻsha noyob daqiqani qayta tiklashga yordam beradimi? Bu harakatimiz bilan ibodatimizni riyoga almashtirib qoʻymayapmizmi?

Eʼtibor qaratsak, hayotimizning har bir sohasiga ijtimoiy tarmoqlarning kirib borishi, eng nozik daqiqalarning yaratuvchisi – Alloh bilan yolgʻiz qolishdek muborak ibodatimizni barchaga fosh etib, ibodatlarimizga ham taʼsir etmoqda.

Bugun haj va umra ibodatlarini bajarish paytida har qadamda telefonidan qoʻrslik bilan suratga tushayotgan odamlarni koʻrasiz. Aftidan, agar ular suratga tushmasalar, hech kim ularga ishonmaydi.

Agar fotosuratlarimizdan birini tarmoqqa joylash biz uchun ibodat qilishdan koʻra muhimroq boʻlsa, qanday qilib haj yo umra qilganimiz uchun mukofot olishimiz mumkin? Agar siz Facebookdagi Kaʼba fonida sizning suratingiz ostidagi “layklar” sonini doimiy ravishda tekshirib tursangiz, haj ruhini his qilish mumkinmi?

Bir mulohaza qiling, biz ibodatning eng qizgʻin lahzalarida fikru-xayolimiz faqat Alloh taologa qaratilgan boʻlsa, nega selfi olish orqali xushumizni yoʻq qilishimiz kerak?!

Qisqasini aytganda, har bir insonda tan olinish va qadrlanish istagi bor. Ammo bunga fotosuratlar yoki selfi orqali erishilmaydi. Chin moʻmin uchun Yaratuvchining roziligi qiziqtiradi, oʻzgalarning nechta layk bosgani emas.

Abdulla Muslimov

Manba muslim.uz

. .