
Islom – Somalining davlat dini. Turli manbalarda keltirilishicha, mamlakat aholisining 99 foizdan oshiqrogʻi Islom diniga eʼtiqod qiladi. Musulmonlarning aksari sunniylar. Mamlakatning 2012-yilda qabul qilingan muvaqqat konstitutsiyasida Islom Somali Federativ Respublikasining davlat dini va Islom shariati milliy qonunchilikning asosiy manbai sifatida belgilangan.
Shuningdek, muvaqqat konstitutsiyada shariat ahkomlariga muvofiq kelmaydigan har qanday qonun loyihasi qabul qilinmasligi belgilab qoʻyilgan.
Islom Afrikaning mazkur mamlakatiga VII asrda kirib kela boshlagan. Oʻshanda dastlabki musulmonlar bu yerga Arabiston yarimorolidan kelishgan edi.
Ushbu makonda Islomning tarqalishi va mustahkamlanishida maʼnaviy rahnamolar – Shayx Madaru, Abdurahmon az-Zayliy, Avays al-Baraviy, Muhammad Gulidu va boshqa ustozlarning roli katta boʻlgan.
Somali tarixi Islom kirib kelganidan soʻng yangi, aniq belgilangan yoʻnalishga tushib oldi. Bir necha asrlar davomida ushbu zaminda bir necha etnik guruhlar yashagan hamda ularni umumiy til va madaniyat bogʻlab turgan. Ular xushboʻy (attorlik) ishlab chiqaruvchi edilar va qadimiy misrliklar hamda Rim imperiyasi bilan savdo aloqalarini rivojlantirganlar. Biroq ularning qadimiy aqidalari asta-sekin Islomga oʻrnini boʻshatib berdi va XIII yuzyillikka kelib yurt aholisining hammasi musulmon boʻldi.
Somaliliklar Islomga kirganlaridan keyin yangi siyosiy tuzilma – Ifat davlatini tashkil qildi. U Efiopiya bilan qaramlik munosabatlarini uzib, Adal sultonligiga aylandi va yangi sultonlik Afrikaning sharqiy qirgʻoqlari boʻylab Islom davlatlari bilan savdo aloqalari oʻrnatish orqali gullab-yashnadi. Ammo Adal sultonligi 1541-yili Portugaliya Efiopiya bilan ittifoq tuzib, Somalining qirgʻoqlardagi shaharlariga hujum qilib, ularni vayron qilganidan soʻng quladi. Hududda portugallarning mavjudligi sultonlikning qayta tiklanishiga toʻsqinlik qildi va Adal koʻplab mayda sultonliklarga parchalanib ketdi.
XVII asrga kelib portugallar mintaqadan surib chiqarilganidan soʻng usmoniylar Somalining shimoliy qismida hukmronligini oʻrnatdi. Bu vaqtda janubdagi sultonlik Zanzibar sultoni bilan munosabat oʻrnatishga harakat qilayotgan edi.
Somalining oʻsha davrlarda usmoniylar imperiyasi hukmronligi ostida boʻlgan qismi aholisi hanafiylik mazhabiga amal qiladi. Zanzibar bilan munosabat oʻrnatgan qismi aholisi esa shofeiylik mazhabidadir. Yana unchalik koʻp boʻlmagan, kelib chiqishi asosan pokistonlik boʻlgan shialar ham bor. Shuningdek, aholi orasida qodiriya va shoziliya tariqatlari keng yoyilgan.
Mamlakat poytaxti Mogadishoda Butun jahon musulmonlari kongressining Sharqiy Afrikadagi mintaqaviy boʻlimi joylashgan.
Damin JUMAQUL tayyorladi.
Manba muslimuz
Eng ko'p o'qilgan Yangiliklar
