PAYGʻAMBAR SOLLOLLOHU ALAYHI VA SALLAM SAVDO QILGAN BOZOR XAROBALARI TOPILDI
Muallif: . .
Sana: 13.02.2023
379

Saudiya olimlari jamoasi Islomgacha va uning ilk davrida Arabiston yarim orolidagi eng yirik yarmarka boʻlib xizmat qilgan Makka viloyatidagi qadimiy bozor xarobalarini topdi, deya xabar beradi Arab News.

Habash bozori mavsumiy savdo maydonchasi boʻlgan. Unda savdo Rajab oyining birinchi kunida boshlangan va sakkiz kun davomida oʻtkazilgan. Yarmarka har yili eramizning 813-yiligacha oʻtkazilgan.

Qirol Abdulaziz nomidagi Tadqiqot va arxiv fondi Bosh kotibi Fahd Al-Samariyning soʻzlariga koʻra, hozirda Habash bozori tilga olingan tarixiy manbalarni izlash boʻyicha ishlar olib borilmoqda.

Antiqa yarmarka xarobalarini qidirish boʻyicha ekspeditsiya aʼzosi Abdulloh Al-Zahraniyning soʻzlariga koʻra, olimlar 40 yil davomida uning joylashgan joyini aniqlashga harakat qilishgan va endigina muvaffaqiyatga erishgan. Buning uchun ular arxivlarni koʻtarib, oʻsha davrdagi karvon yoʻllarini tiklashlari va keyin oʻzlari shu yoʻllar boʻylab borishlari kerak edi.

Tarixchilarning fikriga koʻra, Habash bozori Paygʻambarimiz Muhammad alayhissalomning tarjimayi hollarida qayd etilgan, ular bu yerda vahiy kelmasdan ilgari savdo qilganlar.

Yarmarka savdo pavilyonlarining juda yaxshi saqlanib qolgan xarobalarining topilishi olimlarga Paygʻambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning davrlari iqtisodiyoti, adabiyoti va madaniyatini oʻrganish uchun noyob imkoniyat beradi.

Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

Manba muslimuz

. .