
Alloh taolo pok, U poklikni va pokdomonlikni yaxshi ko`radi. Zero Islom dinida buyurilgan barcha amallar poklikka asoslangan.
Tahorat, Allohtaolo tomonidan amr qilingan ibodatdir. Tahorat poklik demakdir. U insonni go'zal qiladi, sog'lom bo'lishinita'minlaydi va yana boshqa ko'plab foydalar keltiradi. Tahorat faqat badanni poklashdan iborat emas, balki tahoratning o'zi Allohga qurbat hosil qilishdir. Namozdekulug' ibodatga, Allohtaolo bilan bevosita muloqotga, munojotga jisman va ruhan poklanib, tayyorgarlik ko'rishdir.
Alloh taolo o`zining haq kalomida shunday marhamat qiladi:
يأيُّها الذين أمنوا إذا قمتم إلى الصلوة فاغسلوا وجوهكم و أيديكم إلى المرافق و امسحوا برؤسكم و أرجلكم إلى الكعبين……
“Ey iymon keltirganlar! Namoz (o`qish)ga turar ekansiz, albatta, yuzlaringizni, qo`llaringizni tirsakalari bilan yuving, boshingizga mash torting va oyoqlaringizni yuving……” Moida surasi 6-oyat.
Payg`ambarimiz sollallohu alayhi vasallam:
عن ابى مالك الاشعري رضي الله عنه قال :قال رسول الله صلى الله عليه وسلم : الطهور شطر الإيمان.
“Poklik iymonning yarmidir”, deganlar. Bu jumladagi poklikdan maqsad riyo, kibr, hasad kabi ma'naviy hamda barcha moddiy nopokliklardan saqlanishdir.
Tahorat, ya'ni poklik iymonning yarmi deyilishi - usiz ibodat qabul qilinmasligi va savobi behuda ketishidan, iymon bo'lmasa, ibodat umuman qabul qilinmasligi e'tiboridan kelib chiqib aytilmoqda.
Islomda iymonning qadr-qimmati qanchalik yuqori ekanini yaxshi bilamiz. Poklik iymonning yarmiga tenglashtirilganidan ham,Islom dini ozodalik, poklik va tozalikka qanchalar e'tibor berishini bilib olsak bo'laveradi.
Ibodat uchun tana a`zolari, kiyim, joy pokligi bilan bir qatorda, qalb pokligi ham muhimdir. Chunki qalb inson tanasining podshohi, qolgan a`zolar unga tobedir. Agar qalb pok bo`lsa, boshqa a`zolar ham poklikka intiladi, qalb nopok bo`lsa, barcha a`zolardan nopok amallar sodir bo`ladi.
Qalb pokligi haqida alloma, imom G`azzoliy rohmatullohi alayh: “Kishi zohiriy najosatlardan saqlanishi, undan uzoq yurishi lozim. Ammo, botiniy najosatlar ham borki, ulardan saqlanish undanda muhimroqdir. Chunki botiniy iflosliklar kishini nafaqat bu dunyoda halokatga boshlaydi, balki, oxiratda ham alamli a`zobga duchor bo`lishiga sabab bo`ladi. Poklikni saqlovchi qalb go`yo bir oshiyon, farishtalar qo`nadigan makondir. Gina, hasad, kibr, g`araz, g`azab kabi qalb kasalliklari jirkanch maxluqqa o`xshaydi. Farishtalar qanday qilib bunday makonda qo`nim topsinlar?!”- deganlar.
Shuningdek musulmon kishi o`zi yashab turgan go`shasini ham ozoda saqlashi lozim. Darhaqiqat, ozodalik, poklikka rioya qilish musulmonlik belgisidir. “Poklik iymonning yarmidir”- deb bayon qilingan hadisning mazmuni shu qadar keng ma`noni o`z ichiga olganki, bu mo`min kishining nafaqat ibodati, balki, yurish-turishi, kiyinishi, yeyish-ichishi, odobida ham dasturul amal bo`lmog`i lozim demakdir.
Bizlar ushbu eslatmalarga amal qilib, o`zimizni, atrof-muhitimizni moddiy va ma`naviy poklay olsak, olgan ilmimiz manfaatli, hayotimiz barokatli, ikki duyoyimiz saodatli bo`ladi, in shaa Allooh.
To`xtanazarov Muhammadjon
Mir Arab oliy madrasasi 3-bosqich talabasi
Eng ko'p o'qilgan Talaba minbari
