
Yaqinda tahririyatimizga Jizzax viloyati Paxtakor tumanidan quyidagi savol kelib tushdi. Unda bunday deyiladi:
«Qishlogʻimizda “qora qozon” degan odat bor. Unda biror kishi azali boʻlib qolsa, hamqishloqlar yordam tarzida pul berishadi. Bir qaraganda, bu xayrli urfdek. Biroq oʻsha pulni oʻrni kelganda qaytarish lozim, xuddi toʻyonadek.
Yana bir muhim masala bu – “Xudoyi qilish”, yaʼni azadorlar uch kun ichida xalqqa osh yoki shoʻrva qilib tarqatishi kerak. Bunga kimningdir qurbi yetadi, kimniki esa yoʻq. Biroq azali xonadon buni qilishga majbur. Shu toʻgʻrimi?»
Ushbu murojaat boʻyicha Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi mutaxassisi Yorqin domla Jumaboyev bunday deydi:
– Albatta, bu savol bugungi kunning dolzarb masalalaridan. Chunki markazimizga ham bunday savollar koʻp keladi.
Alloh taolo insonni baʼzi musibatlar bilan sinab, sabr qilgan bandaga ulkan ajrlar beradi. Ammo biz insonlar musibatzada kishining dardini yengillashtirish oʻrniga uni yanada ogʻir ahvolga solib, falon-falon marosimlarni zimmasiga qoʻyishimiz mutlaqo notoʻgʻri. Bundan-da achinarlisi, mana shu ishlarni “dindan” (yaʼni mayyit chiqqan xonadon egalari shu marosimlarni qilishlari shart) deb bilish, “shunday ishlar bajarilmasa, mayyit qabrda qiynaladi”, deb eʼtiqod qilishdir. Bordi-yu, mayyit egalari oʻrtahol oila boʻlib, bu marosimlar kimdandir qarz olish evaziga yoki koʻpchilik tomonidan qarz sifatida pul yigʻilib oʻtkaziladigan boʻlsa, bu ishlarning oqibati yanada xunukroq boʻladi. Chunki inson bir yaqinidan ayrilib, qalbiga yetgan jarohati bitib ulgurmasidan qarz toʻlash tashvishiga tushishi musibat ustiga musibatdir. Aksincha, bunday oilaga taʼziya bildirish, dalda berish orqali maʼnaviy yordam qilish, dafn marosimlarida ishtirok etish orqali jismoniy koʻmaklashish, qarz sifatida emas, balki begʻaraz, har kim imkoni yetgancha moddiy yordam koʻrsatish kabi amallar margʻub ishlardan hisoblanadi. Lekin buni urf yoki majburiyat sifatida qabul qilmaslik kerak.
Abdulloh ibn Jaʼfar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Jaʼfarning oʻlimi xabari kelganda Paygʻambarimiz sollallohu alayhi va sallam: “Jaʼfarning ahliga taom qilib beringlar. Ularni mashgʻul qiladigan narsa kelib qoldi”, dedilar» (Imom Termiziy rivoyati).
Demak, musibatxonaga uch kungacha taom chiqarish, kambagʻal oila boʻlsa, ularga moddiy yordam berish, musibat yetgan kishilar boy boʻlsa, uch kundan soʻng ixtiyoriy ravishda muhtojlarga yordam berish, taom tarqatish, ehson dasturxonini yozib, savobini mayyitga yetishini umid qilish joiz. Ammo bu ishlar omma uchun majburiyatga aylanib ketishi, qilmasa oʻzlarini aybdor his etish darajasigacha yetmasligi kerak. Bu har kimning sharoiti va xohishiga qarab belgilanishi zarur. Shuningdek, mazkur ehsonlar mayyitning meros molidan merosxoʻrlarning roziligisiz amalga oshirilishi ham oʻzganing haqqiga eʼtiborsizlik sanaladi.
Afsuski, hozirgi kunda xalqimiz orasida dafnga doir koʻplab marosimlar urfga aylangan. Bu marosimlar bir qarashda yaxshilik, savob amalga oʻxshasa-da, uni tashkil qilishda bir muncha bidʼat-xurofotlar, xatoliklar mavjud.
Xususan, yuqorida aytilgan “qora qozon” marosimida ham koʻpchilik qarz sifatida pul beradi. Oqibatda insonlarning haqlari bir-biriga aralashib ketishi, bu orada kimdir shu haqlarni ado etishga ulgurolmay qolishi holatlari yuzaga keladi. Qolaversa, shu “yigʻin” ortidan musibat yetgan xonadonga biror sharʼiy asosga ega boʻlmagan bir muncha majburiyatlar yuklanishi va shu marosimlarni bajarmasa, malomatga qolish holatlari achinarlidir. Bunday odatlardan esa dinimiz qaytaradi.
Shunday ekan, haqiqiy musulmon har bir ishni sharʼiy mezonlarga koʻra bajarishi, ayniqsa, vafot etib ketgan yaqinlari uchun savob ulashish maqsadida qilayotgan amallarida toʻgʻri yoʻlni tutishi, savob qilaman deb zimmasida oʻzgalar haqqi qolib ketmasligini taʼminlashi zarur.
Oʻzbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi (78) 150-33-44
“Hidoyat” jurnalining 2023-yil 1-sonidan olindi
Manba muslimuz
Eng ko'p o'qilgan Yangiliklar
