
Shu yil 9-fevral kuni Oʻzbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi “Vaqf” hayriya jamoat fondi tashabbusi bilan turk xalqi boshiga tushgan kulfatda koʻmak berish uchun himmatlilarni jalb etgan holda eng zarur narsalarni Turkiyaga gumanitar yordam toʻplash markaziga topshirdi.
Maʼlumki, mamlakatimiz birinchilardan boʻlib talafot koʻrgan elga yordam qoʻlini choʻzdi va 200 ga yaqin qutqaruvchilarimiz vayronalar ostida qolganlarni qutqarish uchun tunu kun ishlamoqda.
Shunday qish-qirovli kunlarda boshpanasiz qolgan qardoshlarimizga zarur buyumlarni yigʻish kampaniyasi ham boshlangani ayni muddao boʻldi. Maʼlumotlarga koʻra, 2-3 kun ichida turk xalqi uchun Toshkent shahrida 80 tonnadan ortiq yordam yigʻilgan.
“Vaqf” xayriya jamoat fondi ham bu borada faol boʻlib, 4 ta yuk mashinaga ortilgan 30 turdagi 10 mingga yaqin ust-bosh va zarur jihozlarni homiylar koʻmagida jamlab, poytaxtdagi yordam yigʻish markaziga topshirdi. Mazkur yordam tarkibida asosan qishki kiyimlar, yotoq ashyolari va isitish moslamalari mavjud.
Mazkur insonparvarlik yuklari ortilgan birinchi reys 10-fevral kuni Turkiyaga uchib ketishi kutilmoqda.
Musibat tushgan dindoshining koʻnglini olish, tasalli berish va yordam qoʻlini choʻzish – chin moʻminlik belgisidir.
“Vaqf” xayriya jamoat fondi matbuot xizmati
Manba www.muslimuz
Eng ko'p o'qilgan Yangiliklar
