BAXTLI EKANLIGINGIZNI BILMAYSIZLAR!
Muallif: . .
Sana: 02.02.2023
461

Ey o’quvchilar: sizlar baxtlisizlar lekin buni bilmaysizlar foydalanayotgan ne’matlarning qadrini bilsangizlar baxtlidirsiz. O’z nafsingizni tanib zahiradagi kuchdan foydalana bilsangiz sizlar baxtlidirsiz…

Quvvatda teng boʻlgan ikki kishi bir xil yukni koʻtaradi birinchisi xuddiki o’sha yukni ikki baravarini ko’targandek shikoyat qiladi, ikkinchisi esa xuddi hech narsa ko’tarmagandek ko’taradi.

Jussasi bir xil boʻlgan ikki kishi bir xil kasallikka chalinishadi. Birini umidsizlik, qoʻrquv qamrab olib, o’limni xayol qila boshlaydi. Kasalligi bilan birga boʻlib undan tuzala olmaydi. Boshqasi esa kasallikni yaxshilik alomati deb qabul qilib, sogʻayib ketishni xayol qiladi. Shuning uchunsog’lik ham u tomon shoshiladi.

O’limga mahkum ikki kishi, biri jazavaga tushib vahima qila boshlaydi, oʻlimigacha ming marta o’ladi, ikkinchisi esa o’lmaslik uchun hiyla qidiradi. Birining vahimasi oʻldirmaganidek ikkinchisining hiylasi o’limdan qutqarolmaydi.

Qonxo’r, shafqatsiz, urush va tinchlik dahosi bo’lgan Bismarkpapirossizbir daqiqa ham sabr qila olmasdi. Kun bo’yi papiros ketidan papiros tutatardi. Uni yo’qotib qo’ysa fikrlari tarqoq bo’lib, boshqaruvi yomonlashardi.

Bir kuni urush paytida, bittagina papirosi qolgandi. boshqa topolmadi. Shunda, unga boʻlgan ehtiyoji kuchli boʻlgunigacha papirosni saqlab qoldi. Bir hafta toʻliq chekmadi. Birgina shu papirosga umid qilib turdi. Shu holatni yaxshilab fikr qilganidan so’ng, chekishni tashladi. Undan yuz oʻgirdi. Chunki, u oʻz baxtini bir oʻram tamakiga bog’lashdan bosh tortdi.

Tarixchi olim shayx Xudoriy ham umrlari oxirida, ichaklarida ilon bor deb vahimaga tushdilar. Shunda tabiblarga murojaat qildi va donishmandlardan so’radi. Ular shayxdan hayo qilganlari sababli kulgularini zo’rg’a boshqarishdi. Ichakda ilonmas balki qurt bo’ladi deyishdi. Shayx, psixologiyani tushunadigan mahoratli tabibga borgunigacha bu gaplarga ishonmadi. Tabib shayxning hikoyasini eshitdi va osonlik bilan muammoni hal etib shayxni tinchlantirdi. Tabib shayxning ustiga haqiqiy ilonni qo’ydi. Buni ko’rgan shayxning yuzlari oqarib, jismi harakatlanib sakrab ketdi. Hansirab qoldi, dod-voy soldi. Shayx shu voqeadan keyin hech kasal bo’lmadi.

Shayx, qornidagi ilonning tushganidan emas, balki, boshidagi ilon uchib ketganidan shifo topdi. Chunki shayx, uxlab yotgan nafsning kuchini uyg’otdi. Har bir insonning ichida yashirin kuch bo’ladi. Agar undan qanday foydalanishlikni bilsangizlar, sizlar uchun mo’jizalar yaratiladi.

Bu kuch uxlaydi. Uni faqat qo’rqinch yoki quvonch uyg’otadi. Kasal bo’lib tanangiz sust, irodangiz zaif, u yoqdan bu yoqqa aylana olmaysiz, to’satdan yaqinlashib kelayotgan ilonni ko’rib qolganingizda, uni daf etishlik uchun hech kimni topa olmasangiz, zaif va kasal bo’lmagandek to’shakdan sakrab ketmasmidingiz? Yoki kechki payt g’azablangan, och holida uyga qaytgan, bu ochlik va charchoq holdan toydirgan, o’tirishlik uchun faqat kursiga muhtoj kishi misolida: sevgan insonidan safardan o’sha kuni qaytayotganlik xabari yozilgan telegrammani o’qib qolsa, yoki martabasini ko’tarishlik haqida vazir tomonidan maktub olsa, darhol yengillik va to’qlikni his qiladi. Stansiyaga yoki vazir qarorgohiga yuguradi.

Bu kabi kuchlar baxtning manbai hisoblanib xuddi toshdan oqadigan musaffo, shirin suv kabidir. Sizlar esa bu toza suvni tark qilib ko’lmakdagi suvlardan va oqayotgan loyqalardan olyapsizlar.

Ey o’quvchilar: sizlar boysizlar lekin qancha boyligingiz borligini bilmaysiz, uni mensimasdan undan yuz o’girib ketayapsiz.

Birortangizning boshi, qorni yoki tishi og’rib qolsa, dunyoni qorong’u ko’radi. Nima uchun sog’ bo’lgan holida dunyoning yorqinligiga shukr qilmaydi? Ma’lum bir taomlar man qilingan kishi bir luqma non va bir parcha go’sht bilan taomlanishni xohlaydi. Uni iste’mol qiladigan kishilarga nisbatan hasad qiladi. Nimaga kasal bo’lishidan oldin uning lazzatiga shukr qilmaydi?

Nima uchun sizlar ne’matni yoqotganingizdan keyin qadrlaysizlar?

Nimaga qari kishi o’tib ketgan yoshligidan yig’laydi? Nimaga yigit yoshligidan kulmaydi?

Nimaga biz baxtni uzoqlashgandagina ko’ramiz? Nimaga uni o’tmish zulmatiga botgan va kelajak tumaniga kiyingan holda ko’ramiz?

Har bir inson o’tmishi haqida yig’laydi, unga intiladi, nimaga biz moziyga aylanib borayotgan hozirimiz haqida fikr qilmaymiz?

Xonimlar va janoblar: biz boylikni pul bilan deb hisoblaymiz. Pul o’zi nima? Kasal podshohning qissasini bilmaysizlarmi? Unga eng yaxshi taomlar olib kelinardi, lekin podshoh ularni tanavvul qilishdan ojiz edi. Bir kuni derazasidan bog’bonga qaradi. U qora zaytunli jigar non tanavvul qilayotgandi. Birin-ketin non bo’laklarini og’ziga solardi. Shunda podshoh bog’bon bo’lishni va uning kabi ishtahali bo’lishni juda xohladi.

Nega sog’likning qadriga yetmaysizlar? Sog’likning ham narxi bormi?

Ko’z oldingizda yuz ming dollar paydo bo’lib uni olishlikni qaysi biringiz xohlardingiz?

Sahroda adashib qolgan, ochlikdan, chanqoqlikdan halok bo’lishiga sal qolgan kishining qissasini bilmaysizlarmi? Yo’lida ariq chiqadi yonida teridan bo’lgan hamyonni ko’rib qolganida borib ariqning suvidan darhol ichadiyu va juda istaydiki hamyon ichidan xurmo yoki quruq non topishlikni. Lekin ichini ochib qaraganda umidi so’nadi. Hamyon oltin bilan to’laligini ko’rib charchoq bosadi.

Bu xuddi qadr kechasini topgan kishiga o’xshaydi. Aytadilarki u Robbisidan qo’li nimagaiki tegsa oltinga aylanishini so’ragan, deb. Toshga tekkandi oltinga aylandi. Xursandligidan jinni bo’lay dedi. Duosi ijobat bo’lganligi sabab dunyo keng qilib qo’ygan uyiga bordi. Taomlanishlik uchun qo’lini uzatgan edi, taom ham oltinga aylandi va u ochligicha qoldi. Qizi uni yupatishligi uchun quchoqladi, u ham qizini quchoqlaganida qizi ham oltinga aylanib qoldi, o’tirib yig’ladi. Robbisidan qizini va dasturxonini qaytarishini va oltinni undan uzoq bo’lishini so’radi. Bu Rotshildga ham o’xshaydi. U ulkan mulk xazinasiga kirganida, uning eshigi taraqlab yopilgandi va u oltin dengiziga g’arq bo’lib o’ldi.

Ey azizlar: ko’plab oltin egasi bo’laturib nima uchun oltin talab qilaverasilar? Ko’rishlik, sog’lik, vaqt oltin emasmi? Nima uchun biz vaqtimizdan unumli foydalana olmaymiz? Nima uchun biz hayotning qiymatini bilmaymiz?

Bir oydan beri jurnaldagi bu bobni yakunlay olmayapman. Uni kechiktirishda bardavomman. Vaqt esa o’tyapti, kunlari soatlardek, soatlari daqiqalardek. O’tganini sezmayapman ulardan foydalana olmayapman. Ular xuddi katta bo’m-bo’sh sandiq kabidir. Va’da qilingan kun yaqinlashib bir kun qolganida, vaqtga yuzlanib uning har bir lahzasini qadrlay boshlayman. Shunda daqiqalar soatlardek, soatlar esa kunlardek o’tadi. Bu xuddi oltin va qimmatbaho toshlar bilan to’lgan kichik qutichaga o’xshaydi. Har bir lahzadan foydalanib, yo’lovchilar tiqilinch bo’lgan paytda tramvay kutib “Babul huq” bekatida ko’p qismini yozdim o’sha kunlarning har bir lahzasi men uchun barakali bo’ldi. Shunda o’tib ketgan boshqa kunlarga nadomat qildim. Har bir tramvayni kutish paytida — men esa bir soatdan ko’p kutaman — yozganimda ko’p narsaga erishgan bo’lardim.

Hurmatli do’st, ustoz, shayx Bahjat al-Bitor Damashq va Bayrut o’rtasida tez-tez bo’lib, qizlar litseyida va “Al-maqosiyd” nomli tibbiy ta’lim shifoxonasida ta’lim bergan. U kishi faqat poyezdda Imom Qosimiyning “Qovaidut tahdis” (yangilanish qoidalari) kitobini o’qishlik bilan zavqlanardi. Ushbu kitob u kishining tuzatmalari va sharhlari bilan birga chop etilgan.

Alloma Ibn Obidiyn doim kitob mutolaa qilardilar, hattoinki, tahoratga chiqganlarida yoki ovqatlanayotganlarida bir kishini ilm o’qib berishlikka buyurardilar. Shu tarzda “Hoshiya” kitobini ta’lif etdilar.

Imom Saraxsiy ham quduqda qamalganlarida dunyodagi eng ulug’ fiqh kitobi sanalmish “Al-mabsut” kitobini yozdilar.

Vaqt ziqligidan shikoyat qiladigan kishi meni ajablantiradi. Vaqtni faqat g’aflat va tartibsizlik toraytiradi. Endi imtihon kechasida o’qiyotgan talabani eslang! Agar talaba har kun emas balki haftada bir marta imtihon kechasida o’qiganidek o’qisa, allomai zamon bo’lardi. Endi yuzlab kitoblarni ta’lif qilganlarni eslang: Ibn Javziy, Suyutiy, Tobariy, Al-Jahiz… shularning kitoblaridan bittasini olib qarangchi “nihoyatul arab” yoki “lisanul arab” kitobi bo’lsin, shuni hammasini o’qib chiqishga, ular ta’lif qilgandek nusxalashga sabrimiz yetarmikin?

Insoniyat zehni boylik emasmi? Uning narxi bormi? Nimaga unda aqldan ozish bilan o’zimizni qiynaymiz, aqlimiz borligidan xursand bo’lmaymiz? Nima uchun zehnimizning ishlashiga imkon bermaymiz? Agar ishlatsak u o’zining ajoyibotlarini ko’rsatadi.

Sizlarga falsafa va ixtirochilikni emas, sizlarga yaqin va oson bo’lgan hifzni eslatmoqchiman. Yuzta hadis bilan imtihonlangan Imom Buxoriyning qissasini eshitmaganmisizlar. Ular yuzta hadisning sanadlarini matnlari bilan aralashtirib qo’ydilar. Shunda Imom Buxoriy hammasini eshitganlaridan keyin, birinchi xatosini, ketidan to’g’risini birma-bir aytib chiqdilar.

Yoki imom Molikning darslarini siyohi tugagan qalam bilan kaftiga yozgan Shofe’iy rohimahullohni eshitmaganmisizlar? Shunda u kishi yozganlarini yoddan aytib berganlar. Yoki ikki armanning o’z tilida hisoblashayotganini eshitgan Muarriy kelib ularning gaplarini tushunmagan holda birma-bir qaytarganligini bilasizlarmi? Asma’iy va Hammodning she’rlar va xabarlarni yodlashliklarinichi? Hadis va osorlarni va ular kabilarni rivoyat qiladigan Ahmad va Ibn Ma’innichi? Ajablanasizlara! Agar, fikr yuritsangiz, shu ishlarga qodir ekanligingizni bilasiz, lekin afsuski shu ishni qilmaysiz.

Qarang! Sizlar odamlar ismini, davlatlar, gazeta va jurnallarni, qo’shiqlarni, hazillarni, taomlarni, ichimliklarni qanchalik yoddan bilasiz. Odamlar va tarix haqida qancha-qancha hikoyalarni bilasizlar. Kunlik qancha-qancha eshitgan, ko’rgan va o’qigan narsalar bilan zehninggizni band qilasizlar. Agar mana shu botil narsalar o’rniga xolis ilmni qo’ysangiz men aytgan kishilardek bo’lasiz.

Men yigirma yil oldin Levantdagi bir kafe(Foruq kafesi)da bo’lganman. U yerdagi bir xodimni bilaman. Uning ismi Hilmi. U yuzlab qahva shinavandalarni aylanib, nima xohlashliklarini so’raydi: qahva yoki choy yoki hazmi taom (gazli suv yoki limon). Qahva shirin yoki nordon, choy ko’k yoki qora, gazli suv esa turlichadir. So’ngra qahvaxonaning o’rtasida turib oladi-yu buyurtmalarni ovoz chiqarib takrorlaydi, so’ng ularning birortasini adashtirmay olib keladi.

Janoblar: sog’lik, vaqt, aql bularning barchasi boylikdir. Baxtli bo’lishni istagan kishilar uchun bularning har biri saodatga eltuvchi sabablardir.

Barcha ishlarning muhim qismi, boshi — iymondir. Iymon och kishini to’yg’izadi, sovuqlikni daf etadi, faqirni boy qiladi, mahzun kishiga tasalli beradi, zaif kishini quvvatlantiradi, baxilni saxiy qiladi, insonlarni yolg’izlikdan do’st qiladi, muvaffaqiyatsizlikdan najotga olib boradi. Agar sendan past bo’lgan kishilarga nazar tashlasang, garchi maoshing kam va holing yomon bo’lsa ham, nasl-nasabda, aql-idrokda, fahm-farosotda sendan kam bo’lmagan minglab bashardan yaxshisan.

Abdulmalik ibn Marvon va Harun Ar-Roshid hayotlaridan sening bu hayoting yaxshiroqdir. Ular yerning podshohlari bo’lishgan. Abdulmalikning bir tishi chirigan edi. Kechasi uxlagunigacha og’ritardi. Uning joyini to’ldirib, tilla kiygizadigan tabib topa olmadi. Sening tishing esa tabibga borguningacha og’riydi xolos.

Roshid shamlar bilan tun o’tqazardi va chorpolarga minardi, sen esa chiroq bilan tun o’tqazasan, mashinani minasan. Ular Damashqdan Makkaga bir oyda safar qilishardi, sen esa bir necha kunda yoki bir necha soatlarda safar qilasan.

Ey o’quvchilar: sizlar baxtlisizlar lekin buni bilmaysizlar foydalanayotgan ne’matlarning qadrini bilsangizlar baxtlidirsiz. O’z nafsingizni tanib zahiradagi kuchdan foydalana bilsangiz sizlar baxtlidirsiz… saodatni boshqalardan emas balki o’zingizdan talab qilsangiz siz baxtlisiz, agar fikrlaringiz doimo Alloh bilan bo’lsa, barcha ne’matga shukr, musibatlarga sabr qilsangiz baxtlisiz. Shundoq qilsangiz bu ikki holatda foyda, ikki hayotda ham najot topasiz.

Mashhur taniqli adib Ali Tantoviy rohimahulloh

Tarjimon: Mir Arab Oliy madrasasi 3-bosqich talabasi Kasimov Farrux

. .