
Soʻnggi yillarda Malayziya va Oʻzbekiston munosabatlari tobora mustahkamlanib, oʻzaro aloqalar koʻlami kengayib bormoqda. Yaqinda Samarqanda viloyati delegatsiyasining ushbu mamlakatga boʻlgan tashrifi ham ana shu hamkorlikni yanada yaxshilashga xizmat qildi.
Shu kunlarda Samarqand viloyati delegatsiyasi Malayziya davlatida xizmat safarida boʻlib, mamlakatimizning turizm salohiyatini yanada oshirish, “Samarqand” brendini keng targʻib qilish, ziyorat turizmi masalalarini muhokama etish maqsadida Malayziyaning bir qator shtat maʼmuriyati rahbarlari bilan muloqotlar oʻtkazmoqda. Shuningdek, diniy soha va oliy taʼlim muassasalari masʼullari bilan tajriba almashib, oʻzaro aloqalarni rivojlantirish boʻyicha kelishuvlarga erishilmoqda.
Xususan, tashrif davomida Zayniddin domla Eshonqulov hamda Hadis ilmi oliy maktabi rektori Olimxon domla Yusupovlar Malayziyaning Perlis shtatiga tashrif buyurib, ushbu viloyat diniy idorasi xodimlari va imom-xatiblari bilan uchrashdilar.
Oʻzaro muloqotda taʼlim muassasalari faoliyati va diniy soha doirasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida soʻz yuritildi. Jumladan, Malayziya tomoni Oʻzbekistonda barcha sohalarda boʻlayotgan yangilanishlarni ijobiy baholab, ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish manfaatli boʻlishini qayd etishdi. Shuningdek, ziyorat turizmi masalalari ham alohida muhokama etildi.
Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Manba muslim.uz
Eng ko'p o'qilgan Yangiliklar
