TANAMIZDAGI MOʻJIZALAR HAQIDA BILAMIZMI?
Muallif: . .
Sana: 24.01.2023
257

Inson jismidagi moʻjizaviy aʼzolardan biri yurak boʻlib, u ishlamasa va faoliyatdan toʻxtasa, inson halok boʻladi. Insonning yuragi bir kunda 100 000 bora uradi. Bir yilda oʻrtacha oʻttiz besh million marta, oʻrtacha umri davomida esa ikki yarim milliard marotaba uradi.

Oʻrtacha yoshdagi insonning bosh terisida 100 000 soch tolasi boʻladi. Jigar inson tanasida 500 dan ortiq funksiyalarni bajaradi. Ammo uning asosiy vazifasi qonni tozalash va yogʻlarni parchalashda asosiy rol oʻynovchi sariq suyuqlik ishlab chikarishdir.
Ingichka ichak oshqozon tizimining eng muhim qismi boʻlib, ovqatni parchalash va badanning turli qismlariga tarqatish uchun yuboriladigan ozuqa moddalarini chiqaradi.

Qiziloʻngachdan taom doimo oshqozonga yoʻnaladi. Agar inson boshini pastga osiltirib turib yeb-ichsa ham uning yordamchi paylari sababli teskari harakatda oshqozon tarafga yoʻnalaveradi.
Tananing eng mustahkam aʼzosi tish emali hisoblanadi.
Buyraklar bir kunda organizmdagi qonni 300-marta yuvadi.
Qizil qon hujayralari (eritrotsitlar) suyak iligida shakllanib, toʻrt oy yashaydi. Ushbu toʻrt oylik umri mobaynida tananing barcha 60 trillion hujayrasida oziqlanadi. Shu sababli inson tanasida qariyb 250 000-marta aylanadi.
Alloh taolo Qurʼoni Karimda shunday marhamat qiladi:


لَقَدْ خَلَقْنَا الْإِنسَانَ فِي أَحْسَنِ تَقْوِيمٍ

“Batahqiq, Biz insonni eng goʻzal tuzilishda yaratdik” (Tiyn surasi, 4-oyat).
Alloh taolo insonning jasadini ham, aqlini ham, ruhini ham eng yaxshi holatda yaratgani hammaga maʼlum.
Mana bu oyatda esa Alloh taolo:


أَلَمْ تَرَ إِلَى الَّذِينَ خَرَجُواْ مِن دِيَارِهِمْ وَهُمْ أُلُوفٌ حَذَرَ الْمَوْتِ فَقَالَ لَهُمُ اللّهُ مُوتُواْ ثُمَّ أَحْيَاهُمْ إِنَّ اللّهَ لَذُو فَضْلٍ عَلَى النَّاسِ وَلَكِنَّ أَكْثَرَ النَّاسِ لاَ يَشْكُرُونَ

«... Alloh odamlarga fazlu marhamatlidir. Lekin odamlarning koʻplari shukr qilmaslar» (Baqara surasi, 243-oyat), deb marhamat qilgan.
Hayot berib, tiriltirish ham Allohning bandalariga bergan fazlidir. Jonni olib, oʻldirish ham Allohning fazlidir. Ikkovida ham odamlarga foyda bor. Lekin koʻp odam buni tushunmaydi va shukr qilmaydi.
Boshqa bir oyatda:


وَآتَاكُم مِّن كُلِّ مَا سَأَلْتُمُوهُ وَإِن تَعُدُّواْ نِعْمَتَ اللّهِ لاَ تُحْصُوهَا إِنَّ الإِنسَانَ لَظَلُومٌ كَفَّارٌ

«Va U sizga barcha soʻragan narsalaringizdan berdi. Agar Allohning neʼmatlarini sanasangiz, sanogʻiga yeta olmassizlar. Albatta, inson oʻta zolim va oʻta noshukrdir» (Ibrohim surasi, 34-oyat).

Alloh taolo bandalariga ular soʻragan mol-dunyo, farzand, sihat-salomatlik, rohat-farogʻat kabi koʻplab neʼmatlardan beradi.
Xulosa shuki, Alloh taoloning insonlarga ato etgan neʼmatlarini zamon ham, makon ham, sanoq ham qamrab ola bilmaydi. Xoʻsh, maʼlum zamonda, maʼlum makonda yashaydigan, maʼlum ilmga ega odamlar qanday qilib ularni sanay oladi? Shunday boʻlgach, barcha insonlar bu behisob neʼmatlar uchun har doim hisobsiz shukrlar aytishlari lozim.

Shuncha ojiz jismga mukammal aʼzolar joylashtirib qoʻygan Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar boʻlsin.

Foydalanilgan manbalar:
“Tafsiri Hilol” kitobi
“Neʼmat egasini unutma” kitobi


manba muslim.uz

. .