Bizning moturudiya taʼlimotiga koʻra Alloh taoloning 99 ism va sifatlari bor boʻlib, ularning barchasi mukammal va nuqsonlardan xolidir. Mehribon, Rahmli, Saxiy, Qodir va hokazo. U zot biz bandalarni yaratar ekan oʻzining bu sifatlaridan bir qismini ato qilgan. Sababi shuki uning buyuk zot ekani, mukammal sifatlar egasi ekanligini u xususiyatlarning mazasini tatib koʻrgandan keyingina tasavvur qila olamiz, his eta olamiz. Alloh taoloning ana oʻsha buyuk sifatlaridan biri “mudabbirlik”dir. Bu sifat barcha maxluqotlarning ishlarini oldindan tadbir qilib turuvchi, uni tartib intizomga solib turuvchi va bu ishlarning nazoratida nuqsonga yoʻl qoʻymaydigan degan maʼnoni bildiradi.
Yuqorida aytganimizdek, Alloh oʻz sifatlaridan bandalariga ato qilgani kabi mudabbirlik (tadbirkorlik) sifatidan ham bizlarga nasib qilgan. Lekin bu xislat hammaga har xil taqsimlangan. Biriga koʻproq, biriga esa ozroq. Har bir inson bu xislatdan qanchalik oqilona foydalanishiga qarab, ishi shunchalik kamchilikdan holi boʻlib, mukammallashib boradi. Chunki insonga berilgan tadbirkorlik sifati noqis boʻlib, uni rivojlantirish har kimning oʻziga bogʻliq.
Tadbirkorlik deganda biz tor doiradagi savdo-sotiqnigina tushunmasligimiz kerak, balki, u keng qamrovli tushuncha boʻlib, har bir ishni oʻz oʻrniga qoʻyish tadbirlilik boʻlsa, bu ishni bajargan shaxs tadbirkor deyiladi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2018-yil “Yurtimizda faol tadbirkorlik va innovatsion gʻoyalar va texnologiyalarni qoʻllab quvvatlash”, 2019-yil esa ”Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish” yili deb eʼlon qilinishi ham aynan maqsadga muvofiq boʻldi. Chunki dinimizda ham barcha insonga tadbirkorlik xususiyati berilgani bayon qilinibgina qolmay, uni shariatga muvofiq tarzda amalga oshirish va rivojlantirib borishga targʻib qilingan. Misol uchun, tadbirkorlikning bir boʻlagi boʻlgan tijoratni oladigan boʻlsak. U haqida Alloh taolo “…Va Alloh bay (savdo)ni halol, ribo (sudxoʻrlik)ni harom qilib qoʻydi…”, (“Baqara” surasi, 275-oyat), degan boʻlsa, boshqa bir surada esa:
“Ey iymon keltirganlar! Bir-birlaringizning mollaringizni botil yoʻl bilan yemanglar. Magar oʻzaro rozilik ila tijorat boʻlsa, mayli…” (“Niso” surasi, 29-oyat), deya marhamat qiladi.
Paygʻambarimiz sollollohu alayhi vasallam esa: “Rostgoʻy, omonatdor tijoratchi paygʻambarlar, siddiqlar va shahidlar bilan birga boʻladi”, deganlar. (Imom Termiziy rivoyati).
Ushbu oyat va hadislar, bir tomondan, savdogarlik halol, fazilatli kasb ekanini anglatsa, boshqa bir tomondan, rostgoʻylik? omonatdorlik kabi masʼuliyatli ishlarni ham zimmaga yuklanganligini tushuntirmoqda.
Boshqa bir hadisda “Savdoda koʻp qasam ichishdan saqlaninglar, chunki qasam savdoni yurishtiradiyu, keyin barakani oʻchiradi”, deyilgan. (Imom Muslim rivoyati).
Haqiqatdan ham savdo-sotiq ishlarida tovarni bir amallab oʻtkizish uchun aldovlar, yolgʻon-yashiq gaplar, kezi kelsa, toʻgʻrimi notoʻgri qasam ichish holatlariga koʻp guvoh boʻlamiz. Bizningcha, shular bilan savdo yaxshi boʻladi, foyda keladi. Shunday boʻlishi mumkin, lekin Alloh uning barakasini oʻchirib qoʻyadi. Qayerdandir bugunmi erta savdodanmi yoki boshqasidan, oʻzimiz bilmagan holda qaytarib oladi. Shundan xulosa qilb aytishimiz mumkinki, hammamizda Alloh bergan tadbirkorlik xislati bor. Undan toʻgʻri yoʻlda foydalanib, bosqichma-bosqich rivojlantirib borsak, oilamiz, jamiyatimiz, eng muhimi, oxiratimiz obod boʻladi.
TOʻXTASINOV Roʻzimuhammad
Mir Arab oliy madrasasi oʻqituvchisi
Eng ko'p o'qilgan Mudarris minbari
