IBN MASʼUDDEK ZOT HAVAS QILGAN “IKKI MATOLI” ABDULLOH
Muallif: . .
Sana: 10.01.2023
345

Bismillahir Rohmanir Rohiym.

Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar boʻlsin.
Paygʻambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar boʻlsin.

Biz soʻz yuritmoqchi boʻlgan sahobaning ismlari Abdulloh ibn Abdunahm al Muzaniy boʻlib, johiliyat paytida ismlari Abduluzzo edi. Madinaga kelganlarida Nabiy sollallohu alayhi vasallam u kishining ismlarini Abdulloh deb oʻzgartirdilar. Bu sahobiy yana bir ulugʻ sahobiy Abdulloh ibn Mugʻaffal roziyallohu anhuning amakilari hisoblanadilar.

Ibn Kasir rohimahulloh oʻzlarining “Al bidoya van nihoya” asarlarida Ibn Hishom rohimahullohdan naql qilib keltiradilar:

“Abdullohning «Zulbijodayn”, deb nomlanishiga sabab shuki, u Islom diniga kirishni istar, ammo qavmi uni bu ishdan toʻsib, unga turli tazyiqlar oʻtkazishardi. Oxir-oqibat Abdulloh ustidagi birgina dagʻal matosi bilan qavmini tashlab chiqib ketdi. U yoʻlda borar ekan, matoni ikkiga boʻlib, yarmini beldan pastga izor, yarmini esa beldan yuqorisiga rido qilib oldi. Keyin shu holda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga bordi. Shunda u zot alayhissalom Abdullohni “Zulbijodayn” (ikki matoli), deb nomladilar».

Abdulloh Zulbijodayn roziyallohu anhu hijratning toʻqqizinchi yilida Tabuk gʻazotida vafot etdilar. U sahoba Alloh taolo ulkan neʼmat ato qilgan zotlardan biri edilar.

Ibn Hajar rohimahulloh oʻzlarining “Al Isoba fiy tamyizis sahoba” nomli asarlarida quyidagi qissani keltiradilar:

«Ibn Masʼud roziyallohu anhu hikoya qiladilar:

“Tabuk gʻazotida kechasi oʻrnimdan turdim va askarlar qoʻnim topgan vodiyning bir tomonida olov shuʼlasini koʻrdim. Nima ekanligini bilish uchun oʻsha tomonga bordim. Qarasam, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam, Abu Bakr va Umar roziyallohu anhumolar oʻsha yerda turishgan ekan. Abdulloh Zulbijodayn shu kuni vafot etgan ekanlar. Ular Abdullohga qabr qazishgan ekan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uni qabriga oʻz qoʻllari bilan qoʻydilar va «Ey Alloh, men bundan roziman, Sen ham undan rozi boʻlgin dedilar”.

Muhammad ibn Kaʼb Quroziy aytadilar:

“Abdulloh Zulbijodayn Muzayna qabilasining bir vakili edi. Qalbiga Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hamda iymonning muhabbati tushib qoldi. U kishi Makkadan kelgan muhojir sahobalar bilan koʻrishib, ulardan Qurʼonni oʻrganar edi. Islomni qabul qilib, musulmon boʻlganini maxfiy tutdi. Abdulloh oʻzini kafillikka olgan va moddiy taʼminotini qilib turgan amakisining ham musulmon boʻlishini qattiq xohlar edi. Abdulloh otadan yetim qolib, hech qanday merosga ham ega chiqmagan edi. Uni qaramogʻiga olgan, biroz boylikka ega boʻlishiga sababchi boʻlgan amakisi edi. Shunday qilib, Abdullohning tuyasi, qoʻyi va quli bor edi. Rasululloh solllallohu alayhi vasallam Madinaga kelganlarida Abdullohning koʻngli Islomga intildi. Amakisi tufayli Madinaga bora olmadi. Oradan yillar oʻtdi. Bir kuni Abdulloh amakisiga: «Amakijon, Islomga kirishingizni rosa kutdim. Qarasam, Muhammad sollallohu alayhi vasallamni xohlamaydigan koʻrinasiz. Shunday ekan, endi mening Islomga kirishimga izn bering”, dedi. Shunda amakisi “Allohga qasamki, agar Muhammadga ergashadigan boʻlsang, senga bergan hamma narsamni tortib olaman, hatto ustingdagi kiyimingni ham”, deb tahdid qildi. Bu gapni eshitgan Abdulloh “Allohga qasamki, men Muhammad sollallohu alayhi vasallamga ergashaman, musulmon boʻlaman, tosh va butlarga ibodat qilishni tark etaman, bergan narsalaringizni hammasi qoʻlimda turibdi, oling”, dedi. Amakisi bergan hamma narsasini tortib oldi. Hatto uni izoridan ham mahrum qildi. Soʻngra Abdulloh onasining huzuriga bordi. Onasi unga bir matoni ikkiga boʻlib berdi. Abdulloh matoning yarmini beldan pastga, yarmini esa beldan yuqoriga tutib oldi. Shu holda Madina sari yoʻlga chiqib, u yerga yetib bordi. Sahar payti masjidda yon boshladi. Keyin Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bomdod namozini oʻqidilar. Namozdan soʻng odatlariga koʻra, odamlar bilan salomlashdilar. Abdullohga qarab, undan: “Sen kimsan”, deb soʻradilar. Oʻsha paytda uning ismi Abduluzzo edi. U zot alayhissalom: “Yoʻq, sen Abdulloh Zulbijodaynsan”, dedilar. Soʻng yana unga: “Menga yaqinroq joyda istiqomat qilgin” dedilar. Shunday qilib, Abdulloh u zot alayhissalomning mehmonlari boʻldi. Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam unga Qurʼondan taʼlim berar edilar».

Tabukda Abdulloh Zulbijodayn vafot etganda Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam va Abu Bakr, Umar roziyallohu anhumolar unga qabr kavlashganini aytib oʻtgan edik. Soʻng Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam ikki ulugʻ sahobalarga: “Birodaringizni menga uzatinglar”, deb Abdullohni lahadga qoʻyganlarida: “Ey Alloh, men undan roziman, Sen ham undan rozi boʻlgin!”, dedilar. Oʻsha yerda turgan va bu gapni eshitgan Ibn Masʼud roziyallohu anhu “Qaniydi shu qabr sohibi men boʻlib qolsam” dedilar.

Alloh taolo Qurʼoni Karimda shunday marhamat qiladi:

مِنَ الْمُؤْمِنِينَ رِجَالٌ صَدَقُوا مَا عَاهَدُوا اللَّهَ عَلَيْهِ فَمِنْهُم مَّن قَضَى نَحْبَهُ وَمِنْهُم مَّن يَنتَظِرُ وَمَا بَدَّلُوا تَبْدِيلًا

“Moʻminlardan Allohga bergan vaʼdalariga sodiq qolgan kishilar bordir. Bas, ulardan nazriga vafo qilgani bor. Ulardan intizor boʻlib turganlari bor. Ular biror narsani almashtirmadilar”. (Ahzob surasi, 23-oyat).

Ogʻir paytlarda sabr qila olmagan munofiqlar va iymoni zaiflardan farqli oʻlaroq,

“Moʻminlardan Allohga bergan vaʼdalariga sodiq qolgan kishilar bordir”.

Yaʼni, moʻminlar ichida Alloh taoloning yoʻlida jonini fido qilishga ahdu paymon bergan kishilar bor. Ular munofiq va iymoni zaiflar kabi, qoʻrqoqlik qilmaydilar.

“Bas, ulardan nazriga vafo qilgani bor”.

Anas ibn Nazr roziyallohu anhuga oʻxshab, shahidi aʼlo boʻldi. Orzusiga erishdi. Oʻzi koʻzlagan oliy maqomga yetishdi.

“Ulardan intizor boʻlib turganlari bor”.

Ajallari yetmaganlari shahid boʻlishga, Allohga bergan ahdni amalga oshirishga zoru intizor turibdi.

“Ular biror narsani almashtirmadilar”.

Bu moʻminlar Allohga bergan ahdu paymonlarini hech narsaga almashtirmadilar.

Abdulloh Zulbijodayn roziyallohu anhu amakisidan kelayotgan moddiy taʼminotdan, dunyo matosidan iymonini ustun qoʻydi. Bir parcha mato bilan qolsa ham iymonida sobit turdi va Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tomonlaridan unga qabr kavlanadigan, qabrga qoʻyiladigan maqomni topdi.

Bundan tashqari Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam undan roziliklarini eʼlon qilib, Alloh taologa undan rozi boʻlishini tilab duo qildilar.

Ummatning faqihi, qorisi, olimi boʻlgan Ibn Masʼud roziyallohu anhudek zotlar voqeamiz qahramonining oʻrnida boʻlib qolishni orzu qildilar.

Darhaqiqat, Abdulloh Zulbijodayn roziyallohu anhuning maqomi barchamiz orzu qiladigan darajadadir.

Alloh taolo barcha sodiq sahobalardan, jumladan, Abdulloh Zulbijodayndan rozi boʻlsin!

Nozimjon Hoshimjon tarjimasi

Xurshid Maʼruf tayyorladi

Manba islom.uz

. .