ULAMOLARNING ABU HANIFA(ROHMATULLOHI ALAYH)NING VASFI HAQIDA AYTGAN GAPLARI
Muallif: . .
Sana: 28.12.2022
331

Abu Hanifa (rahimahulloh) o‘z davrining taniqli faqihlaridan biri bo‘lib, o‘sha paytda ham, keyingi vaqtlarda ham, ilmi, fiqhi, taqvosi va tafakkurining kengligi bilan e’tirof qilingan. Shunday e’tirofning eng mashhurlari quyidagilar:[1]

Sha’roniy: “U imomlarning ulug‘i, mazhab tuzishda eng peshqadam, Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam)ga sanad jihatdan eng yaqini bo‘lib, eng ulug’ tobeinlarning amallariga guvohdir”.

Abu Bakr Kosoniy: “Abu Hanifa sahih degan hadisga hech kim ta’na qila olmaydi”. “U zot hadis munaqqidlaridan bo‘lgan. Uning mazhabida hadis muqaddam qilinadi. Garchi ohod (bitta sanadli) hadis bo‘lsa ham qiyosdan ustun turadi”.

Yahyo ibn Ma’in: “Abu Hanifa hadis borasida ishonchli bo‘lib, yodlagan hadisinigina rivoyat qiladi, yodlamaganini aytmaydi”.

Fuzayl ibn Iyoz: “Abu Hanifa fiqhda taniqli, parhezda mashhur, ilmda buyuk edi”.

Zahabiy: “Bu imomga fiqh va uning eng nozik jihatlari ham taslimdir, bunga shak-shubha yo‘q!” “U millat faqihi, Iroq olimi bo‘lgan imomdir”. “U ijtihod imomlarining ulugʻlaridan, taniqli imomlardan. Fiqh borasida unga toʻxtalingan, odamlar bu borada unga boqimandadir”.

Mulla Aliy Qori: “Abu Hanifa haqidagi yaxshi gumon shuki, u sahih va zaif hadislarni to‘la egallagan edi”.

Yazid ibn Horun: “Odamlar ichida Abu Hanifadan ko’ra aqlliroq, parhezkorroq, afzalroq kimsani ko‘rmadim”. Ibn Hajar: “U mashhur imom, u taniqli faqih.....

Ibnul Asir Jazariy: “Abu Hanifa siymosi va uning islomdagi o‘rniga ortiqcha dalil shart emas”.

Ibn Taymiya: “Dindagi yo‘lboshchiligi bilan tanilgan islom imomlaridan biri Abu Hanifadir”. “Abu Hanifa va uning as’hobi ummat orasidagi olimlarning eng to‘g‘ri so‘zlisidir”.

Ibn Abdulhodiy Hanbaliy: “Abu Hanifa Iroq faqihidir”.

Yahyo Qatton: “Abu Hanifa gapiga ko‘ra yaxshi sanalgan narsani, albatta olamiz”.

Abu Dovud: “Abu Hanifa imom edi!”

Xalaf ibn Ayyub: “Ilm Allohdan Paygʻambar (sollallohu alayhi va sallam)ga, u zotdan sahobalarga, ulardan tobeinlarga, so’ng Abu Hanifa va uning as’hoblariga yetib keldi. Shunga xohlagan kimsa rozi boʻlsin, istamaganlar o‘zi biladi!”

Ibn Kasir: “Bu Abu Hanifa mu’tabar imomlardandir!” Ibn Main: “Vaki’ ibn Jarroh uning barcha hadislarini yod olgan edi. U Abu Hanifadan juda ko‘p hadis eshitgan boʻlib, uning ra’yiga koʻra fatvo berardi”.

Zamaxshariy: “Yerga baland togʻlar qoziq boʻlgani kabi musulmonchilikka Abu Hanifa ilmlari qoziqdir!”

Bayhaqiy: “Agar Abu Hanifa Ju’fiy (nisbali kimsa)ning hadis rivoyatidagi ishonchsiz (jarx)ligini tasdiqlamaganida, hadis rivoyatlarida yomon ishlar sodir bo‘lardi”.

Molik ibn Anas (713-795). Hanafiylik qarashlariga eng yaqin mazhab molikiydir. Chunki bu mazhab asoschisi Molik ibn Anas (rahimahulloh) hanafiylardan koʻp istifoda qilgan. Bundan tashqari u zotning Abu Hanifa (rahimahulloh)ga ixlosi juda yuqori boʻlgan. Abu Ja’far Tahoviy (853-933) ta’kidlashicha, oltmish mingga yaqin masalada hanafiylik bilan molikiylik oʻrtasida uyg‘unlik mavjud. Hofiziddin Abul Barakot Nasafiy (1232-1310) aytishicha, hanafiylikda zarurat o‘rinlarida koʻprok molikiylikka murojaat qilinadi.[2] Molik ibn Anasdan odamlar: “Abu Hanifani ko’rganmisiz?” deb so‘rashganda, u “Ha, agar u ushbu ustunni tilla demoqchi bo‘lsa, unga hujjat topa oladigan darajada ekanini koʻrdim”, degan.[3]

Muhammad ibn Idris Shofe’iy (767-820). U 184/800 yili Iroqqa safar qilganida, Abu Hanifa (rahimahulloh)ning shogirdi Muhammad ibn Hasan Shayboniyga shogird tushgan. Ilk tashrifi chog‘idayoq u Shayboniydan kitoblarini so‘rab oladi va unga ilm ahli uchun kitoblar sovg‘a qilish yaxshiligi haqida she’r yozib yuboradi. Muhammad ibn Hasan Shayboniy darhol unga jami kitoblarini hadya qilganini e’lon bildiradi.[4] Abdulkarim Sam’oniy (1113-1167) naql qilishicha, Muhammad ibn Idris Shofe’iy bunday degan: “Menga ikki kishining – hadisda Ibn Uyaynaning, fiqhda esa Muhammad Shayboniyning yordami tegdi. Ilm va mol-mulk borasida Imom Muhammadchalik hech kimdan minnatdor boʻlgan emasman!” Shofe’iy yana bunday degan: “Agar fiqhda Muhammad ibn Hasan, nahvda Kisoiy, she’rda Asma’iyning tillarini bilmaganimizda, ularni farishta deb oʻylar edik”.[5] Zahabiy (1274-1348) esa Shofe’iyning (767-820) bunday deganini yozgan: “Qurʼon Muhammad Shayboniyning tilida nozil qilingan desam, uning fasohati sababli aytgan bo‘laman. Men undan bir tuyaga yuk bo‘lgudek kitob olganman”.[6] Shunga ko‘ra, “Odobul muftiyyin val mustaftiyyin” (Fatvo beruvchi va so‘rovchilar odobi) asarida fatvo berishda hanafiylikka eng yaqin mazhab shofe’iylik ekani e’tirof qilingan.[7]

Ahmad ibn Hanbal (780-855). U yoshlik paytida Abu Yusufdan uch yilcha saboq olgan, hadis eshitgan va u zotdan uch javon to‘lgudek ma’lumotlar yozib olgan.[8] Xatib Bag‘dodiy naql qilishicha, Ahmad ibn Hanbaldan shogirdlari: “Bu ajoyib (daqiq) masalalarni qayerdan odingiz?” deb so‘rashganida: “Muhammad ibn Hasan kitoblaridan”, deya u zotning asarlarini ko‘p o‘qiganidan faxrlangan ekan.[9] Abdulkarim Sam’oniy (1113-1167) esa Ahmad ibn Hanbalning bunday deganini naql qilgan: “Bir masalada bu uch odamning ittifoqi bo‘lsa, uning xilofiga quloq solinmasin. Ular: Abu Hanifa, Abu Yusuf va Muhammad ibn Hasan. Abu Hanifa ularning ichida qiyosga eng o‘tkiri, Abu Yusuf odamlar orasida asar (hadis)larga eng peshqadami, Muhammad esa arab tiliga eng kuchlisidir”.[10]

Mir Arab oliy madrasasi talabasi
Eshboyev SHAXZOD



[1] Muhammad Abdurrashid Nu’moniy. Makonatul Imom Abu Hanifa fil hadis. Bayrut: “Shirkatu doril bashoiril islomiya”, 1428. 216-b.

[2] Hofiziddin Nasafiy. Al-Mustasfo sharhi Manzumat an-Nasafiy. 4-b.

[3] Ibn Javziy. Muntazam. Al-Maktabat ash-shomila, 2006. 8/102

[4] Ibn Javziy. Muntazam. Al-Maktabat ash-shomila, 2006. 9/98

[5] Sam’oniy. Al-Ansob. Al-Maktabat ash-shomila, 2006. 3/484

[6] Zahabiy. Tarixul Islom. Al-Maktabat ash-shomila, 2006. 3/406

[7] Odobul Muftiyyin val mustaftiyyin.400-b.

[8] Zafar Ahmad Usmoniy Tahonaviy. Favoid fiy ulumil fiqh//E’lo as-sunan. 19-juz. Bayrut: “Dorul fikr”, 2001. -B. 9364

[9] Xatib Bag’dodiy. Tarixi Bag’dod//Al-Maktabat ash-shomila, 2006. 11/183-184

[10] Sam’oniy. Al-Ansob// Al-Maktabat ash-shomila, 2006. 3/484

. .