FARISHTALAR OLAMI
Muallif: . .
Sana: 05.12.2022
8154

Allohning farishtalariga imon keltirish imonning asosiy shartlaridan biridir. Farishtalarga imon keltirar ekanmiz, nimalarni bilishimiz lozim. Imom Nasafiy oʻzining “al-aqoid an-Nasafiy” kitobida farishtalar haqida shunday deydi:

والملائكة عباد الله تعالى، عاملون بأمره، لا يوصفون بذكورة ولا أنوثة

Farishtalar Alloh taoloning qullari boʻlib, faqat Allohning buyruqlarini bajaradilar, erkaklik va ayollik sifati bilan sifatlanmaydilar.

Zamonamizning katta ulamolaridan biri Doktor Hamza al-Bakriy “al-aqoid an-Nasafiy” kitobiga yozgan “usus al-aqidat al-islamiyya” sharhida Farishtalarga shunday taʼrif beradi: Farishta turli xil chiroyli koʻrinishlarga kira oladigan, latif, jismlari nurdan yaratilgandir. Oziq-ovqat yemaydi ham, ichmaydi ham, oʻzidan nasl qoldirmaydi, ularda erkaklik va xotinlik ham yoʻqdir.

Farishtalar toat va maʼsiyat qilishda ixtiyorli emaslar, negaki ular faqat Alloh taologa doimo itoatda boʻladigan qilib yaratilganlar. Ulardan hech qachon gunoh sodir boʻlmaydi. Alloh taolo bu borada shunday deydi:

{ لَا یَعۡصُونَ ٱللَّهَ مَاۤ أَمَرَهُمۡ وَیَفۡعَلُونَ مَا یُؤۡمَرُونَ }

Ular Allohning amriga isyon qilmaslar va nimaga buyurilsalar, shuni qilurlar.(Tahrim surasi, 6-oyat)

Iblis esa Farishtalardan emas, balki u jinlar toifasidandir. Alloh taolo iblis haqida shunday deydi:

{ وَإِذۡ قُلۡنَا لِلۡمَلَـٰۤىِٕكَةِ ٱسۡجُدُوا۟ لِـَٔادَمَ فَسَجَدُوۤا۟ إِلَّاۤ إِبۡلِیسَ كَانَ مِنَ ٱلۡجِنِّ فَفَسَقَ عَنۡ أَمۡرِ رَبِّهِۦۤ }

Farishtalarga: “Odamga sajda qilinglar”, deganimizni esla. Bas, oʻshanda ular sajda qildilar. Magar Iblis qilmadi. U jindan boʻlgan edi. U oʻz Robbining amridan chiqdi. (Kahf surasi, 50-oyat)

Iblis koʻp ibodat va toatda boʻlgani sababli Alloh taolo uni farishtalarning darajasiga koʻtargan edi. Soʻngra Alloh ularga Odam alayhissalomga sajda qilishni buyurganida iblis bosh tortdi va Allohning rahmatidan, jannatidan quvildi.

Harut va Marutga kelsak, ular Farishtalardir. Ulardan kufr ham, gunohi kabira ham sodir boʻlmagan. Alloh taolo insonlarni sinash va imtihon qilish uchun Harut va Marutga insonlarga sehrni oʻrgatishni buyurdi. Alloh taolo bu haqida shunday deydi:

{ وَمَا یُعَلِّمَانِ مِنۡ أَحَدٍ حَتَّىٰ یَقُولَاۤ إِنَّمَا نَحۡنُ فِتۡنَةࣱ فَلَا تَكۡفُرۡ }

Ikkovlari hatto: “Biz fitna-sinov uchunmiz, kofir boʻlmagin”, demasdan oldin hech kimga oʻrgatmasdilar.(Baqara surasi, 102-oyat)

Farishtalarning sanogʻiga kelsak, ularni qanchaligini bilishga bizning aqllarimiz yetmaydi. Ular juda ham koʻp adaddadir. Meʼroj qissasida bu haqida shunday rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam samoda bir baytni koʻradilar. Shunda Jibril alayhissalomdan u haqida soʻraydi. Jibril alayhissalom: “ Bu baytul maʼmurdir. Unda har kuni yetmish ming farishta namoz oʻqiydi. Ular bir kirib, chiqqanlaridan soʻng yana qaytib kira olmaydilar.” – dedi. Yan bir hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday deydilar:“ Osmon egildi va egilishga ham xaqli edi. Unda toʻrt enli joy borki, farishta u joyda Alloh taologa sajda qilib peshonasini qoʻygan edi”. Bu hadislardan ham farishtalar qanchalar koʻp ekanligini bilsak boʻladi. Demak, farishtalarga xuddi paygʻambarlarni adadini bilmasdan iymon keltirganimizdek, ularni adadini bilmasdan iymon keltirishimiz lozim ekan.

Farishtalar nima ishlarni qilishiga toʻxtalsak, ularning umumiy bir vazifasi bor. U ham boʻlsa, Alloh taoloni ulugʻlab, unga tasbeh aytib ibodat qilish hammalarining vazifasidir. Ammo, baʼzi farishtalarni bunga qoʻshimcha yana boshqa vazifalari bor.

Jibril alayhissalom farishtalarning eng afzalidir. Qurʼoni karimda uning zikri vorid boʻlgan.

{ وَإِن تَظَـٰهَرَا عَلَیۡهِ فَإِنَّ ٱللَّهَ هُوَ مَوۡلَىٰهُ وَجِبۡرِیلُ وَصَـٰلِحُ ٱلۡمُؤۡمِنِینَۖ وَٱلۡمَلَـٰۤىِٕكَةُ بَعۡدَ ذَ ٰ⁠لِكَ ظَهِیرٌ }

Agar unga qarshi chiqsangiz, bas, albatta, Alloh uning yordamchisidir va Jabroil ham, solih moʻminlar ham. Undan soʻng farishtalar ham unga suyanchiqdir. (Tahrim surasi, 4-oyat)

Jibril alayhissalomning vazifalari Alloh taolodan risolat va shariatni rasullarga yetkazish, ularga yordam berish va ularni yolgʻonga chiqarganlarni azoblashdir.

Mikoil alayhissalomning vazifasi bulutlarni haydab, yomgʻirlarni taqsimlashdir. Uning zikri ham Qurʼoni karimda kelgan.

{ مَن كَانَ عَدُوࣰّا لِّلَّهِ وَمَلَـٰۤىِٕكَتِهِۦ وَرُسُلِهِۦ وَجِبۡرِیلَ وَمِیكَىٰلَ فَإِنَّ ٱللَّهَ عَدُوࣱّ لِّلۡكَـٰفِرِینَ }

Kim Allohga, uning farishtalariga, Paygʻambarlariga, Jibroilga va Mikoilga dushman boʻlsa, albatta, Alloh kofirlarning dushmanidir. (Baqara surasi, 98-oyat)

Isrofil alayhissalomga kelsak, Qurʼoni karimda uning zikri ochiq kelmagan, lekin vazifalari qiyomat kunida surni puflash ekanligi aytilgan.

{ وَنُفِخَ فِی ٱلصُّورِ فَصَعِقَ مَن فِی ٱلسَّمَـٰوَ ٰ⁠تِ وَمَن فِی ٱلۡأَرۡضِ إِلَّا مَن شَاۤءَ ٱللَّهُۖ ثُمَّ نُفِخَ فِیهِ أُخۡرَىٰ فَإِذَا هُمۡ قِیَامࣱ یَنظُرُونَ }

Va surga puflandi. Osmonlaru yerda kim boʻlsa, qulab oʻldi. Magar Alloh xohlaganlargina qoldi. Soʻngra unga yana bir bor puflandi. Bas, toʻsatdan ular turib intizor boʻlurlar. (Zumar surasi, 68-oyat)

Malakul mavt yaʼni oʻlim farishtasi yana bir nomi Azroil boʻlib, bu nom na qurʼonda ,na hadislarda sobit boʻlmagan. Lekin Qurʼoni karimda Malakul mavt nomi zikr qilingan.

{ قُلۡ یَتَوَفَّىٰكُم مَّلَكُ ٱلۡمَوۡتِ ٱلَّذِی وُكِّلَ بِكُمۡ }

Ayt: “Sizlarga vakil qilingan oʻlim farishtasi joningizni oladir.” (Sajda surasi, 11-oyat)

Oyati karimadan koʻrinib turibdiki, Malakul mavtning vazifasi inson va boshqa jonzotlarning jonini olish, qabzi ruh qilishdir.

Rizvon alayhissalom Jannatning bosh farishtasi, Jannat qo‘riqchisidir. Oʻz yordamchilari bilan Jannat va uning ishlarini tadbir qiladilar.

Molik alayhissalom Do‘zaxning bosh farishtasidir. U ham yordamchilari bilan Doʻzax ishlarini tadbir qiladilar. Qurʼoni karimda shunday deyilgan.

{ وَنَادَوۡا۟ یَـٰمَـٰلِكُ لِیَقۡضِ عَلَیۡنَا رَبُّكَۖ قَالَ إِنَّكُم مَّـٰكِثُونَ }

Ular: “Ey Molik! Robbing bizni bitirsin!” deb nido qildilar. U: “Albatta, siz turib qolguvchisiz”, dedi. (Zuhruf surasi, 77-oyat)

Kiroman Kotibin farishtalari yana bir nomi Hafazo boʻlib, ularning vazifalari insonning yaxshi va yomon amallarini yozib borishdir. Qurʼoni Karimda shunday deyiladi.

{ وَإِنَّ عَلَیۡكُمۡ لَحَـٰفِظِینَ (10) كِرَامࣰا كَـٰتِبِینَ (11) }

Holbuki, ustingizdan kuzatib turuvchilar bordir. Ular hurmatli yozib turuvchidirlar. (Infitor surasi, 10-11-oyat)

Xamalatul Arsh yaʼni Arshni koʻtarib turuvchi farishtalar oʻz nomidan bilinib turibdiki, ularning vazifalari Arshni ko‘tarib turish va yana shunga qoʻshimcha moʻminlar haqqiga istigʻfor aytishdir. Bu haqida Qurʼoni karimda shunday deyilgan.

{ ٱلَّذِینَ یَحۡمِلُونَ ٱلۡعَرۡشَ وَمَنۡ حَوۡلَهُۥ یُسَبِّحُونَ بِحَمۡدِ رَبِّهِمۡ وَیُؤۡمِنُونَ بِهِۦ وَیَسۡتَغۡفِرُونَ لِلَّذِینَ ءَامَنُوا }

Arshni koʻtarib turadigan va uning atrofidagi (farishtalar) Parvardigorlariga hamdu sano aytish bilan (U zotni barcha aybu nuqsonlardan) poklab-tasbeh ayturlar va U zotga iymon keltirurlar, hamda iymon keltirgan kishilarni magʻfirat qilishini soʻrarlar.(Gʻofir surasi, 7-oyat)

Muaqqibat farishtalar yaʼni taʼqib qiluvchi farishtalarning vazifalari insonlarni oldidan, orqasida, o‘ngidan, chapidan (Allohning izni bilan) himoya qilishdir. Qurʼoni Karimda shunday deyilgan.

{ لَهُۥ مُعَقِّبَـٰتࣱ مِّنۢ بَیۡنِ یَدَیۡهِ وَمِنۡ خَلۡفِهِۦ یَحۡفَظُونَهُۥ مِنۡ أَمۡرِ ٱللَّهِ }

Uning oldida ham, ortida ham taʼqib qilguvchilar bor. Ular uni Allohning amri ila hifz qilib tururlar. [Raʼd surasi: 11]

Munkar va Nakir farishtalarining vazifalari inson qazo qilib, qabrga qo‘yilganida savol-javob o‘tkazishdir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:“ Banda qabrga qoʻyilib, yaqinlari uni tashlab ketarkan, albatta ularni kovushlarining tovushini eshitadi. Ikki farishta kelib, uni oʻtirgizib soʻraydilar:“ Robbing kim, dining nima, bu kishi ( Muhammad alayhissalom) haqida nima deysan”- deb aytadilar.

Mir Arab oliy madrasasi talabasi Olimjonov Husanjon


. .