HANAFIY MAZHABIDA LUQOTA – topib olingan narsalarga doir shar’iy hukmlar bayoni
Muallif: . .
Sana: 16.11.2022
775

Islom shiorlaridan biri bu – poklik hisoblanadi. Alloh taolo o’z kalomida: Albatta Alloh o’ta poklanguvchilarni sevadi” deb marhamat qilgan. (Tavba surasi 108-oyat). Shunday ekan har bir musulmon inson biror bir kishining haqqiga xiyonat qilmasligi, haloldan rizq topib yeyishi lozim ish hisoblanadi. Xullas poklik rioyasi uchun juda ko’p narsalarga ahamiyat qaratishi kerak bo’ladi.

Quyida musulmon kishining haqlaridan biri bo’lganluqotaga doir hukmlar bayon qilinadi. Zero luqota hukmlarida ham islomiy poklikka doir go’zal ko’rsatmalar bor.

Luqota arabcha so’z bo’lib, topib olingan narsa, buyum ma’nosini anglatadi. Islom huquqida unga doir bir nechta hukmlar bor. Jumladan:

  • 1.Avvalo yo’qolgan narsani ko’rganda uni yerdan olish mandub, mustahab amaldir. Chunki insofli musumon uni olmasa, biror noinsof, xoinning qo’liga tushib qolish xavfi bor. Shuning uchun ishlom shariati odob-axloq qoidalariga binoan odamlar tushirib qoldirgan narsalar noloyiq odamlarning qo’liga tushib qolmaslik maqsadida topib olgan inson topilmani olib qoiyishi afzaldir. Hatto, topilmani nobud bo’lish, yo'qolib ketish xavfi bo’lsa, uni olib qo’yish vojibga aylanadi.
  • 2.Topib olingan narsalarga doir shar’iy hukmlardan biri shuki, topib oluvchi shaxs topib olgan narsasini egasiga qaytarib berish uchun olganiga guvoh keltirib qo’yishi lozim. Ya’ni buyumni topib olgan zahoti o’g’ri deb gumon qilinmasligi uchun, yon atrofdagilardan biror shaxsga “Hoy birodar, (yoki birodarlar) men falon narsani topib oldim. Men uni egasiga qaytarish uchun olyapman. Sizlar guvoh bo’lib qo’yinglar”, deydi. Guvohlarning huzurida “Kim yo’qolgan narsani so'rab yurgan bo’lsa, menga aytib yuboringlar”, deyish ham kifoya qiladi. Shundan keyingina qo’liga olgan buyum unda omonat bo’ladi. Yo’qsa buyumning asl egasi uni o’g’ri deb gumonlanishi mumkin.

Bu borada quyidagi hadis ham rivoyat qilingan: Ishoq ibn Rohavayh o’zining “Musnad” nomli kitobida Iyoz ibn Hammoddan rivoyat qiladi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim yo’qolgan narsani topib olsa, adolatli kishini guvoh qilsin. Keyin uni berkitmasdan, bir yilgacha e’lon qilsin. Agar egasi kelsa, keldi. Bo’lmasa, u Allohning moli bo’ladi va kimga xohlasa, o’shanga beradi”, dedilar”.

  • 3.Topib olingan narsani e’lon qilinadi. Ya’ni topib olingan omonatni “Endi egasi qidirib kelmaydi”, deb gumoni g’olib bo’lgunicha topilgan joyda, odamlar to’planadigan joylarda e’lon qilib turadi. Hozirgi kunda e’lon qilishda radio, gazeta va ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish ham mumkin bo’ladi.

Zayd ibn Xolid al-Juhaniy raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sallallohu alayhi vasallam: “Kim yo'qolgan narsani tanitmay o’ziniki qilib olsa, zalolatga ketuvchidir”, deganlar”. (Muslim va Ahmad ibn Hanbal rivoyati).

4. Topib olingan narsaning egasi qancha muddat kutiladi? Bu esa topib olingan narsaning holatiga bog’liq. Zero narsa-buyumlar, uzoq muddat saqlasa bo’ladigan yoki uzoq muddat saqlab bo’lmaydigan bo’ladi. Taom, meva va shunga o’xshash uzoq turmaydigan, tezda aynib qoladigan narsalar egasi ana shu mahsulotning yaroqlilik muddatiga qarab e’lon qilinadi, shuncha muddat egasi kelib qolishi kutiladi. Ammo uzoq muddat saqlanadigan, aynimaydigan narsa bo’lsa, qancha muddat e’lon qilinishi va egasi kutilishi haqida fuqaholarimizning ikki xil qarashlari bor:

1. Imom Muhammad, Molik, Shofeiy va Ahmad (r.h.)lar bunday mahsulotlar egasi bir yil kutiladi, deganlar va bunga quyidagi hadisni dalil qilib keltirganlar:

“Payg'ambar sollallohu alayhi vasallam topib olingan tillo yoki kumush haqida so’raldi. U zot: “Uning idishi va bog’ichini tanit. So’ngra bir yil kut. Agar egasini topmasang, uni ishlatib yuboraver. Bas, u sening huzuringda omonatga qo’yilgan narsadek bo’lib qolsin. Agar qachon bo'lsa ham bir kun talab qiluvchisi kelsa uni unga ado et”, dedilar”. (Muslim rivoyati).

2. Imom Abu Hanifa (r.h.) kutish muddati yo’qolgan narsaning miqdoriga qarab turlicha bo’ladi, deganlar. Masalan bir dirhamni bir kun, uch dirhamni bir hafta, o’n dirhamni bir oy, undan ko’p bo’lsa, bir yil kutiladi, deganlar.

5. Yo’qolgan narsani saqlab turish xarajati qanday qoplanadi? Topib olingan narsa foydalansa bo’ladigan narsa bo’lsa, qozining buyrug’i bilan ijarga beriladi hamda ijara pulidan, topib olingan buyumning saqlab turish xarajati qoplanadi. Ammo ijaraga berishga arziydigan manfaati bo’lmasa, topib olingan narsa qanchalik muhim yoki arzimas narsa ekaniga e’tibor qilinadi.Agar u biror nimaga arziydigan, kerakli buyum bo’lsa qozi topib olgan odamga” “Xarajatni yoningdan sarflab tur, egasi kelganda olib beraman”, deydi. Agar u foydali bo’lmasa, xarajat qilib ushlab turilgani bilan egasiga arzirli bo’lmasa qozi topub olingan narsani sotib yuborib, uni pulini omonat sifatida ushlab turishga va egasi kelganda qaytarishga buyuradi.

6. Egasi kelgach, topib olgan odam saqlab turish uchun qilgan xarajatlarni to’laydi. U xarajatni to’lamagunicha buyumni bermaslikka haqqi bor. Hatto shu muddat ichida buyum halok bo’lib qolsa, topib olingan narsa to’lab berilmaydi. Ammo Buyumning egasi topib olingan narsa uchun berishi kerak bo’lgan xarajat puli ham soqit bo’lib ketadi

7. Topib olingan narsa uchun kimdir egalik da’vosi bilan chiqsa, buyumni topib olgan shaxs berib yuborishdan avval uning alomatlarini so’raydi. Alomatlarini to’g’ri aytsa berib yuborishi mumkin bo’ladi, ammo vojib emas. Chunki qaytarib berish da’vogar hujjat keltirgandagina vojib bo’ladi. Alomatlarini aytib berish hujjat keltirish hisoblanmaydi.

8. Topib oluvchi shaxs topib olgan narsaga ega bo’lmaydi. Garchi belgilangan muddat miqdoricha egasi kelishini kutsa ham.

9. Belgilangan muddat o’tib ketdi. Egasi hali ham kelmadi. Bunday holda topib oluvchi shaxs nima qiladi? Bunday hollarda topib oluvchi sahxsning holatiga qaraladi. Topib olgan kishi faqir, kambag’al bo’lsa, topilgan narsadan o’zi foydalanishi joiz. Boy bo’lsa, faqir ota-onasiga, bola-chaqasiga, kuyov-kelini yoki boshqalarga sadaqa qilishi mumkin. Sadaqa qilganda buyum egasining nomidan deb niyat qilinadi. Buyum egasi kelgach, ushbu sadaqaga rozi bo’lsa, yaxshi. Ammo rozi bo’lmasa, haligi sadaqa qilib yuborgan boy to’lab berishi kerak bo’ladi.

Xulosa o’rnida shuni aytish mumkinki, yo’qotilgan narsalar borasida islomiy qonun qoidalarga rioya qilish, har bir shaxs, jamiyat islohiga, pokligiga sababchi bo’luvchi omillardan biridir. Shunday ekan har bir musulmon shaxs bunday xislatlarni ijrosiga mahkam bo’lishi, islomiy jamiyat rivojiga hissa qo’shishi darkor.

Foydalanilgan adabiyotlar:

  • 1)Mulla Ali Qori rohimahullohning Fathu bobil inoya kitobi
  • 2)Ubaydulloh ibnu Mas’ud sodrush shari’a rohimahullohning Sharhil Viqoya
  • 3) Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahullohning Kifoya kitoblaridan foydalanildi

Mir Arab oliy madrasasi talabasi

SHAMSIDDINOV Iskandar

. .