Imom Buxoriyning “AL-JOMEʼ AS-SAHIH” kitobini yozishiga turtki boʻlgan sabablar
Muallif: . .
Sana: 08.11.2022
649

Nabiy sollahu alayhi vasallamning hadislari sahobalar va katta tobeinlar davrida jome kitoblariga yozilmagan va tartibga keltirilmagan. Bunga ikkita narsa sabab boʻlgan edi. Birinchidan, Sahihi Muslimda kelishicha, avvaliga sahobalar baʼzi hadislarning Qurʼoni Karimga aralashib ketishi xavfi borligi sababli bu narsadan qaytarilgan edilar. Ikkinchidan, ularning xotiralari kuchli va zehnlari oʻtkir bolgan. Yana bir sababi ularning koʻpchiligi yozishni bilmas edilar.

Soʻng oʻlkalarda ulamolar koʻpaygani, xavorijlar, rofizalar, muʼtazilalardan sodir boʻlayotgan bidʼatlar koʻpaygani sababli tobeinlar asrining oxirlarida Paygʻambarimiz sollallohu alayhi va sallamdan va sahobalardan rivoyat qilingan gaplarni kitob holiga keltirish hamda ularni boblarga ajratish paydo boʻla boshladi. Bu ishni birinchi boʻlib boshlagan kishi Robiʼ ibn Sobih, Saʼid ibn Abu Aruba va boshqalar boʻldi. Ular hadislarning har bir bobini alohida kitob holiga keltirar edilar. Bu narsa to uchinchi tabaqaning katta ulamolari hadislardan kelib chiqadigan hukmlarni kitob holiga keltirishlarigacha davom etdi. Jumladan, Imom Molik “Muvatto” kitobini yozdi, unda Hijoz ahli rivoyat qilgan kuchli hadislardan foydalandi va unga sahobalarning soʻzlarini, tobeinlar va ulardan keyingi ulamolarning fatvolarini qoʻshdi. Abu Muhammad Abdulmalik ibn Abdulaziz ibn Jurayj Makkada, Abu Umar, Abdurahmon ibn Umar va Avzoiylar Shomda, Sufyoni Savriy Kufada, Abu Salama Hammod ibn Salama ibn Diynor Basrada hadis boʻyicha kitoblar yozdilar. Keyinchalik ularga oʻzlarining koʻpchilik asrdoshlari bu narsada taqlid qildilar va bu to ulardan baʼzi imomlar Nabiy sollallohu alayhi va sallamning hadislarining oʻzini alohida kitob qilib yozib boshlagunlarigacha davom etdi. Bu voqealar hijriy 200-yil (milodiy 815-yil)ning boshlariga toʻgʻri keladi. Ubaydulloh ibn Muso al-Abasiy Kufiy, Musaddad ibn Musarhad Basriy, Asad ibn Muso Umaviy va Nuaym ibn Hammod Xuzoiylar bu borada musnad kitoblarini yozdilar.

Keyinchalik boshqa imomlar ham ularning izlaridan ergashdilar. Natijada, hofizlardan qaysiki imom boʻlmasin, Imom Ahmad ibn Hanbal, Isʼhoq ibn Rohavayh, Usmon ibn Abu Shayba kabilar va bulardan boshqalar hadislarni musnad holatida kitob qilib yozdilar.[1] Rosululloh sollallohu alayhi vasallamning hadisi shariflarini jamlash va kitob holiga keltirish ishlari rasmiy ravishda hijriy yuzinchi yil (milodiy 718-yil) atrofida xalifalik qilgan Umar ibn Abdulaziz davrida boʻlgani maʼlum va mashhur. Umar ibn Abdulaziz Ibn Shihob Zuhriy va boshqa muhaddislardan omma uchun hadis kitobi yozishni soʻraydi. Ibn Shihob Zuhriy esa sodda qilib bir kitob yozadi. Boshqalar ham bu ishda Ibn Shihob Zuhriyga ergashishdi. Hadis kitoblarini yozish rasmiy ravishda shu tariqa boshlandi.

Ushbu davrdagi hadis kitoblarini yozishdagi asosiy yoʻnalish kitob yozayotgan shaxsga yetib kelgan hadislarni shundayligicha qogʻozga tushirib, kitob shakliga keltirishdan iborat boʻlgan, desak, xato qilmagan boʻlamiz. Mazkur hadis kitoblarining hajmi tobora kattalashib borgan. Abdurrazzoq San’oniy kabi oʻsha vaqtning koʻzga koʻringan muhaddislari yozgan kitoblar oʻn yoki undan ortiq jild boʻlib ketgan. Bu kitoblarning asosiy maqsadi mavjud hadislarni jamlashdangina iborat boʻlgan. Tarix va tarjimai hollarga oid kitoblarga nazar solsak, shu narsa maʼlum boʻladiki, vaqti-soati kelib Rasululloh alayhis solatu vasallamning hadisi shariflari boʻyicha odamlarga ishonchli manba, hidoyat va foyda bulogʻi boʻlishi uchun muxtasar bir kitob yozish zarurati tugʻilgan edi.

Imom Buxoriy ushbu zaruratni birinchilardan boʻlib anglab yetdilar. U kishi mazkur kitobni yozishga bel bogʻladilar. Imom Buxoriy bu ishni amalga oshirishlariga turtki boʻlgan hodisalarni oʻzlari eslab, gapirib yurar edilar. Xatib Bagʻdodiy mashhur “Tarixi Bagʻdod” kitobida bu haqda Ibrohim ibn Maʼqal Nasafiydan quyidagi rivoyatni keltiradi: “Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoilning shunday deganini eshitdim: “Isʼhoq ibn Rohavayhning huzurida edim. As’hoblarimizdan biri: “Nabiyalayhis solatu vassalomning sunnatlari boʻyicha muxtasar bir kitob jamlasalaringiz-chi”, deb qoldi. Bu gap qalbimga oʻrnashib qoldi va ushbu kitobni jamlashni boshladim”.

Ibn Imod Hanbaliy ozining “Shazarotuz-zahab fii axbori man zahab” nomli kitobida Muhammad ibn Sulaymon ibn Forisdan quyidagi rivoyatni keltiradi: “Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil Buxoriyning shunday deganini eshitdim: “Nabiyalayhis salotu vassalomni tushimda koʻrdim. Men oldilarida turib, u zotni qoʻlimdagi yelpigʻich ila yelpiyotgan edim. Baʼzi shayxlarga tushimni aytsam, “Sen u zotdan yolgʻonlarni chetlatar ekansan”, deyishdi. Mana shu narsa “Sahih” (yaʼni, Sahihi Buxoriy)ni chiqarishimga turtki boʻldi”. Ushbu ikki rivoyatni jamlab: Imom Buxoriy Isʼhoq ibn Rohavayh rahmatullohi alayhning majlisidan keyin tush koʻrganlar va ikki hodisa mashhur kitoblarining yozilishiga turtki boʻlgan, deyishimiz mumkin.[2]

Tuzuvchi: ESHBOYEV Shohzod

Mir Arab Oliy madrasasi talabasi



[1]Hadyus Soriy muqaddimatu Fathul Boriy, 8-b.

[2]Oltin Silsila, 1-j. 80-81-b. “Hilol-Nashr” nashriyoti

. .