“AʼROF” JANNAT BILAN DO‘ZAX O‘RTASINI AJRATIB TURADIGAN DEVOR.
Muallif: . .
Sana: 08.11.2022
656

A’rof” so’zi arab tilida “balandlik”, “yuqori joy” ma’nolarini anglatadi. Arablar xo’rozning tojini ham “A’rof” deydilar. Qur’onda kelgan suralardan birining nomi ham “A’rof”dir.

Bu surada qiyomat kunidagi holat tasvirlanadi. U kuni kishilar uch toifaga boʻlinadilar:

  • 1.Hayotlarini iymon va yaxshi amallar bilan oʻtkazgan kishilar Ahli jannat;
  • 2.Kofirlik, oʻzi va oʻzgalarga yomonlik qilish bilan oʻtgan kimsalar Ahli do’zax;
  • 3.Qilgan yaxshiliklari bilan yomonliklari barobar kimsalar esa Ahli Aʼrofdir.

Shu toifalarning uchinchisi bo’lgan ahli A’rof Alloh ularni jannatga yoki doʻzaxga hukm qilishini kutib turadilar. O’sha odamlar “A’rof’’ deb nomlangan baland devorda turib, u yerdan jannat va do’zax ahllarini tanib, ular bilan suhbatlashadilar.

Bu haqida Alloh taolo A’rof surasida shunday marhamat qiladi:

Oralarida to’siq bor, u devorlar ustidagi kishilar hammalarini siymolaridan tanirlar. Ta’ma qilgan hollarida kirmay turgan jannat egalariga: ,,Sizga salom bo’lsin’’, - deb nido qilurlar. (A’rof surasi, 46- oyat.)

Bu oyati karimaning tafsirida bu devor juda baland bo’lib, do’zax ahli har qancha urinsalar ham, undan o’tib jannatga kira olmaydilar. Ba’zi rivoyatlarda o’sha devor ustida bog’lar unib, anhorlar oqib turadi, deyiladi. Demak uni qalinligi ham o’shanga yarasha bo’lar ekan.

Qachonki ko’zlari do’zax egalari tomon burilib qolsa: “Ey Robbimiz, bizni zolim qavmlar bilan birga qilmagin”, derlar. (A’rof surasi, 47-oyat.)

Shu payt A’rof egalari do’zaxning qarida azob chekayotganlar ichida bu dunyoda o’zlariga tanish bo’lgan kishilarni ko’rib qoladilar. Shunda:

A’rof egalari siymolaridan taniydigan kishilariga nido qilib: “To’plaganingiz va qilgan kibru havoingiz sizga asqotmabdi-ku!

Sizlar: Alloh ularga rahmat yetkazmas, deb qasam ichganingiz ana ularmi?! Ularga jannatga kiringlar! Sizga xavf yo’q va siz xafa ham bo’lmaysiz,deyildi-ku! – derlar”. (A’rof surasi, 48, 49- oyatlar.)

Ya’ni A’rof egalari, o’zlari tanigan do’zax ahllarigabu dunyodagi amallarini eslatib, ayni hollariga achinadilar va achchiq nido qiladilar.

Sizlar: Alloh ularga rahmat yetkazmas, deb qasam ichganingiz ana ularmi?!

Bu so’zni A’rof ahli bu dunyoda iymon keltirib bechorahol, zaif yashab o’tib, oqibat jannatga doxil bo’lgan kishilarga ishoratan do’zaxiylarga aytadilar.

Foydalanilgan manba va adabiyotlar:

1 Quroni Karim manolari tarjimasi. Shayh Mahammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari.

2 Quroni Karim manolari tarjimasi va sharhi ,,Tafsiri Hilol’’

Shayh Mahammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari.

3 ,,X oshiyatus Soviy’’. Ahmar Ibn Muhammad as-Soviy al-Molikiy al- Xolvaniy.

Tuzuvchi: RO’ZMUHAMMEDOV Sardor

Mir Arab Oliy madrasasi talabasi

. .