O‘zbek adabiyotshunosligiga yangi davr nafasi kirib kelishi yillar, uzoq davrlar chegaralagan buyuk ma’naviy boyliklarni qayta kashf qilish imkoniyatini berdi. Mamlakatimizning mustaqillikka erishuvi nafaqat milliy mumtoz adabiyotimizning haqqoniy baholanishiga yo‘l ochdi, balki zamonaviy o‘zbek adabiyotining mumtoz irmoqlardan suv ichib yangi va sog‘lom o‘zanlarda rivojlanishi uchun katta imkoniyat eshigini ochdi. Bu jarayon ma’rifiy va adabiy-g‘oyaviy ehtiyojlar mahsuli bo‘lib, u, xususan, adabiyotimiz tarixini yanada mukammal o‘rganish, beqiyos ma’naviy mulkimiz hisoblanmish badiiy durdonalarning g‘oyaviy, badiiy va janriy xususiyatlarini to‘laroq ochish, yillar davomida nazardan chetda qolgan, ta’qiqlangan qoralangan ijodkorlar merosini xolisona baholash ruhida amalga oshirilib kelinmoqda.
O‘zbek adabiyoti tarixida diniy-ma’rifiy g‘oyalarini Ahmad Yassaviy va Sulaymon Boqirg‘oniydan so‘ng ko‘plab ijodkorlar, jumladan, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Ubaydiy, Mashrab va boshqalar kengroq ta’riflashga erishdilar. So‘fi Olloyorning o‘ziga xos xizmati shundaki, ilmiy-ma’rifiy, diniy tasavvufiy fikrlarni turkiy sodda uslubda, xalq onmmasiga yaqin adabiy-badiiy shakllarda ifodaladi. Agar Ahmad Yassaviy va Sulaymon Boqirg‘oniy o‘z fikrlarini badiiy adabiyotning g‘azal, muxammas, shuningdek, “hikmatlar” shaklidagi she’rlar orqali ifodalashga erishgan va ayrim masnaviy she’rlarini yaratgan bo‘lsalar, So‘fi Olloyor lirik she’riy shakllardan keng foydalangan holda, bu ta’limotni targ‘ib qiluvchi to‘rt yirik masnaviy – “Masalakul-muttaqiyn” (taqvolilar maslagi), “Murodul-orifin” (Oriflar murodi), “Maxzanul-mute’in” (Mute’lar xazinasi), “Sabotul-ojizin” (Ojizlar saboti)ni yaratdi. So‘fi Olloyor hayoti va ijodiga oid tadqiqotlar olib borgan olim Sh.Sirojiddinov ijodkor asarlari u yashagan davr va muhit hayoti bilan bog‘liq holda o‘rganilishini ta’kidlaydi, shuningdek, So‘fi Olloyor asarlarida bo‘rtib ko‘rinuvchi ilohiyot bilan bog‘liq qarashlarni bugungi ta’lim – tarbiya jarayoni uchun naqadar qimmatli ekanligiga alohida e’tibor qaratadi. Matnshunos olim Rashid Zohidovning ta’kidlashicha, “Sabotul-ojizin” yaratilgan davr o‘zbek tili tarixida ham alohida xususiyatga ega. XIV-XVII asrlarga oid manbalarda (Xorazmiy, Sakkokiy, Atoiy, Lutfiy, Navoiy, Fuzuliy, Muhammad Solih, Bobur asarlarida) eski o‘zbek tilining leksik-grammatik va uslubiy imkoniyatlari nihoyatda kengligi va rang-barangligi bilan to‘laligicha namoyon bo‘ladi. XVII asrdan keyingi o‘zbek tilida yaratilgan asarlarda ma’lum sabablarga ko‘ra, yuqorida ba’zi til imkoniyatlari yuqori darajada aks etmagan. “Sabot ul-ojizin” til tarixining biz shartli ravishda ajratgan mana shu ikki muhim davrning tutash joyida yaratilgan asardir.Olimning fikricha, asarni ilmiy-ma’rifiy asar sifatidagi qiymatini aniqlashda uni faqat bir fan tarmog‘i doirasida qaramaslik lozim. Ya’ni biz “Sabotul-ojizin” asarini ham adabiyotshunoslik nazariyasi nuqtayi nazaridan, ham tilshunoslik nuqtayi nazaridan, ham aqoid ilmi nuqtayi nazaridan ilmiy-nazariy o‘rganishimiz mumkin. Asar har bir fan tarmog‘i uchun bir butun ilmiy manbadir. Shu jihatdan u ilmiy asardir. “Ma’rifiy” asar deyilishini ham olim juda asosli ravishda tushuntirishga harakat qiladi, “Sarlavhadagi “maʼrifiy” soʼziga beriladigan taʼrif esa “maʼrifat” tushunchasining asl maʼnosini anglashga bogʼliq. “Maʼrifat” soʼzi lugʼatda tanimoq, bilmoq maʼnolarini anglatadi. Аmmo ilm soʼzi anglatgan bilish bilan maʼrifat soʼzi anglatgan bilish oʼrtasida farq bor. Maʼrifat deganda narsaning belgilarini (sifatlarni) idrok qilish tushunilsa, ilm orqali bilishda narsaning oʼzini (zotni) idrok qilish tushuniladi. Boshqacharoq aytilsa, ilgari xabardor boʼlmagan narsani keyin bilish maʼrifatdir. Shuning uchun “maʼrifat” soʼziga oʼzakdosh orif sifatini Ollohga nisbatan qoʼllab boʼlmaydi. Chunki bexabarlikdan soʼng bilim hosil boʼlishi Yaratuvchiga emas, yaratilganlarga xos sifatdir. Qadim manbalarda, xususan mumtoz adabiyotimizda maʼrifat lafzi orqali Haqni tanish tushunchasi ifodalangan. Keyinchalik tilimizda “maʼrifat” soʼzining maʼno doirasi yanada kengaydi. Аsl taqozo qiladigan sifatlar aslning oʼrnida isteʼmol qilina boshladi. Masalan, “maʼrifatli kishi” degan soʼzdan endi bevosita Haqni ongli ravishda anglash sifati tushunilmaydi. Balki, “zamonamiz kishisining maʼrifati – koʼp maʼlumotlardan xabardorlik, rasmiy odob etiketlarini oʼzlashtirganlik bilan belgilanadi” degan qarash bugun meʼyorga aylangan.[1]”
Diniy-ma’rifiy adabiyotni milliy madaniyat boyliklaridan ajratib bo‘lmaydi. Chunki har bir diniy obraz va tushuncha zaminida insonni tarbiyalash va uni kamolga yetkazish vazifasi turadi. Shu jihatdan qaraganda, So‘fi Olloyor va Alisher Navoiy ijodida qayta sayqallangan ko‘plab diniy timsollarning o‘ziga xos tarbiyaviy ahamiyati borligi, o‘z o‘quvchisini qayta topganligining boisi ham shundadir.
Diniy-ilmiy she’riyat ikki jihati bilan amaliy ahamiyatga ega. Birinchidan, u diniy-tasavvufiy ta’limotni targ‘ib qiladi, haqtalab kishilarning Ollohga bo‘lgan e’tiqodini kuchaytiradi, dinning amaliy shartlarini o‘rganishga ko‘mak beradi. Ikkinchidan, mazkur she’riyat badiiy ijod maxsuli bo‘lib, u shoirning katta iste’dodidan, yuksak badiiy mahoratidan darak beradi. Demak, ilmiy-ma’rifiy asarlar kishiga islomiy ta’limotdan saboq berishi bilan birga kishilarda estetik didni shakllantiradi, tarbiyalaydi. So‘fi Olloyor va Alisher Navoiy adabiy merosining salmoqdor bo‘lishi unda islomiy ta’limot doirasidagi masalalarning xilma-xil va rang-barang qamrab olinishi bilan belgilanadi.
“Sabotul ojizin”da mavjudotlar ichra eng mukarram va mukammal qilib yaratilgan insonning mohiyati, uning hayotdagi o‘rni, ilohiy tartib asosiga qurilgan borliq bilan insonning o‘zaro munosabati singari umumbashariy masalalar islomiy nuqtayi nazardan atrofilcha talqin qilingan.“Sabotul-ojizin” axloqiy-ta’limiy fikrlar bayon etilgan yetuk asar hisoblansa-da, bunday g‘oyani ifoda qilish usuli ko‘pchilik asarlardan farq qiladi. Masalan, o‘zbek adabiyotining ilk davrlarida yaratilgan asarlar, chunonchi, Yusuf Xos Hojibning “Qutadg‘u bilig”, Sayfi Saroyining “Gulistoni bit-turkiy”, Nizomiy Ganjaviyning “Maxzan ul-asror”, Alisher Navoiyning “Hayrat ul-abror” kabi dostonlarida axloqiy-ta’limiy fikrlar diniy hamda dunyoviy manzaralar (majoziy tasvirlar), kechinmalar orqali berilgan.
Akademik B.Valixo‘jayev asar haqida, “So‘fi Ollohyorning asarlari, xususan “Sabotul-ojizin”i Sharq adabiyotining mumtoz vakillari bo‘lmish Nizomiy Ganjaviy, Xusrav Dehlaviy, Abdurahmon Jomiy va Alisher Navoiy ijodiyotlaridagi “Maxzan ul-asror”, “Matla ul-anvor”, “Tuxfat ul-axror”, “Hayrat ul-abror” dostonlaridan ilhomlanish natijasida maydonga kelib, uning tuzilishida (maqolot va hikoyat, masallar) ham, ijtimoiy va axloqiy muammolarning o‘rtaga qo‘yilishida ham umumiylik ko‘zga tashlanadi”[2]. Bunday qarashlar I.Suvonqulov va I. Salohiddinovning kuzatishlarida ham ta’kidlanadi: “So‘fi Ollohyor o‘z ijodiy faoliyati bilan Yusuf, Xos Hojib, Jaloliddin Rumiy, Haydar Xorazmiy, Alisher Navoiy kabilarning falsafiy dostonchilikdagi an’analarini XVII asrning ikkinchi yarmi va XVIII asrning boshlarida o‘ziga xos usulda davom ettirgan mutafakkir shoirdir. Darvoqe, u ilg‘or fikrli shoir sifatida mehnatkash va halol inson manfaatlarini Boborahim Mashrab va Turdi Farog‘iy darajasida himoya qila oldi”[3]. B.Valixo‘jayev mazkur maqolasida “Sabotul-ojizin”ning mumtoz shoirlar dostonlaridagi ijtimoiy va axloqiy muammolarning o‘rtaga qo‘yilishida umumiylik borligi, ammo bu asarning bajarishi lozim bo‘lgan vazifasi nutayi nazaridan o‘ziga xoslik tomonlari mavjudligini ham kuzatadi. “Sabotul-ojizin”ning I.Suvonqulov ta’kidlagan shoirlarning dostonlari bilan ham umumiy o‘xshashlik tomonlari mavjud. Umumiylik tomoni shundaki, tilga olingan dostonlarda shoirlarning ijodidagi asosiy mushtaraklik axloqiy-ta’limiy fikrlarni ifodalashda, komil insonni tarbiyalashni bosh vazifa sifatida qarashda namoyon bo‘ladi. Bajarilishi lozim bo‘lgan vazifasi shundan iboratki, “Sabotul-ojizin”da “Hazrat So‘fi Ollohyor ilmi kalom va ilmi fiqhda zikr etilgan masalalarni tushunarli tarzda bayon etib, insonlarning e’tiqodi, imoni, diyonatini mustahkamlashni, ularning o‘zligini va Xoliqni tanishlari bilan bog‘liq masalalardan so‘z yuritishni maqsad qilib qo‘yganlar va bu maqsadni muvaffaqiyat bilan amalga oshirganlar”[4].
Xulosa qilib aytish mumkinki, ilmiy-ma’rifiy asarlar kishiga islomiy ta’limotdan saboq berishi bilan birga kishilarda estetik didni shakllantiradi, tarbiyalaydi. So‘fi Olloyor adabiy merosining salmoqdor bo‘lishi unda islomiy ta’limot doirasidagi masalalarning xilma-xil va rang-barang qamrab olinishi bilan belgilanadi.
Mir Arab oliy madrasasi o’qituvchisi
Vahobiddin BOZOROV tayyorladi
Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati:
1.Zohidov R. “Sаbotul ojizin” аsаrining mаnbаlаri, shаrhlаri vа ilmiy-tаnqidiy mаtninikompleks o‘rgаnish muаmmolаri. F. f. d. diss. – Toshkent., 2018
- 2.Valixo‘jayev B. Miyonqol adabiy muhitida So‘fi Olloyorning mavqeyi. // “Muloqot” jurnali, 1996, 3-son.
- 3.Ziyouz.com kutubxonasi
[1] Zohidov R. “Sаbotul ojizin” аsаrining mаnbаlаri, shаrhlаri vа ilmiy-tаnqidiy mаtnini kompleks o‘rgаnish muаmmolаri. F. f. d. diss. – Toshkent., 2018
[2] Valixo‘jayev B. Miyonqol adabiy muhitida So‘fi Olloyorning mavqeyi. // “Muloqot” jurnali, 1996, 3-son.
[3] Ziyouz.com kutubxonasi
[4] Ulug‘ olim va mutasavvuf shoir. – Samarqand: Zarafshon, 2000
