Ahli sunna val jamoa yo’nalishining fiqhiy mazhabboshilarining uchinchisi Imom Molik ibn Anas ibn Molik ibn Abu Omir rohmatullohi alayh hijriy 93-yilda Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hijrat qilgan yurt bo’lmish Madinai Munavvarada dunyoga keldilar.
Imom Molik rohmatullohi alayhning volidalari fozila va oqila ayol edilar. Imom Molik rohmatullohi alayh volidalarining ta’siri ostida yoshliklaridan ilmga qattiq berildilar.
U kishining zehnlari juda ham o’tkir edi. Tezda Qur’oni karimni to’liq yod oldilar. Imom Molik rohmatullohi alayh bir eshitishda o’ttizta hadisni yod olar edilar. U kishi o’z zamonasining ko’zga ko’ringan ulamolaridan dars oldilar. Ixlos va e’tiqod bilan qilingan harakatlar samarasi o’laroq, Imom Molik rohmatullohi alayh o’z davrlarining yetuk allomasi bo’lib yetishdilar va Imom Muhammad rohmatullohi alayh, Imom Avzoiy rohmatullohi alayh, Imom Shofe’iy rohmatullohi alayh, Yahyo ibn Sayid rohmatullohi alayh kabi allomalarga ustozlik qildilar.
Imom Molik rohmatullohi alayh Madinayi Munavaraning mashhur olimlaridan fiqhni o’rganib, ular qo’llaydigan ahli hadis uslubini qabul qildilar va o’z shogirdlarini ham ushbu uslubda tarbiyaladilar.
U Zot umuman oyat, Payg’ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning hadislari, sahoba roziyallohu anhumlar qovllari va ijmoga asoslanib hukm chiqarar edilar.
Madinayi Munvvara ahli ko’pchiligining kelishuvi (Madina shahri olimlari ijmosi) u zotning nazarlarida hukm chiqarish uchun bir hadisga teng edi. Negaki, Imom Molik rohmatullohi alayh ushbu shahar ahlini Payg’ambarimiz sollallohu alayhi vasallam va U zotning sahobalari yo’l-yo’riqlarini mukammal bilib olganlar va unga asoslanib amal qilib kelganlar, deb e’tibor berar edilar. Imom Molik rohmatullohi alayh Madinaiy Munavvaradan boshqa yoqqa chiqishni yoqtirmas edilar. Hatto xalifalar iltimos qilib, Iroqqa kelishlarini so’raganlarida ham rozi bo’lmaganlar. U zot Madinayi Munavvara ichida doimo piyoda yurar edilar. Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning jussalari ko’milgan shaharda ulov minmayman, der edilar.
Agar hadis aytmoqchi bo’lsalar, avval tahorat qilar, o’rindiqqa yaxshilab joylashib olib, soqollarini tartibga keltirar va viqoru haybat bilan o’tirib hadis aytishni boshlar edilar. U kishidan “Nima uchun bunday qilasiz?” deb so’rashsa, Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning hadislarini ulug’lashni yaxshi ko’raman, der edilar.
Ilmning qadriga yetgan va uni ulug’lagan imomni Alloh taolo ham ulug’likka yetkazdi, shar’iy ilm uning martabasini yuqori qildi, kishilar o’rtasida obro’sini orttirdi, viqorli va haybatli qildi. Bu haqda Sayid ibn Hind Andalusiy rohmatullohi alayh aytadilar: “Men xalifa Abdurrahmon ibn Muoviya rohmatullohi alayhdek haybatli odamni ko’rmagan edim. Imom Molik rohmatullohi alayhning oldilariga kirganimda, u kishining haybati oldida Ibn Muoviya rohmatullohi alayhning haybati hech narsa bo’lmay qoldi”.
Imom Molik rohmatullohi alayhdagi haybat va viqor ilmning haybati va viqori edi. Imom Shofe'iy rohmatullohi alayh yoshliklarida Imom Molik rohmatullohi alayhdan dars olmoqchi bo’lib, Makkai Mukarramaning voliyidan bu ishda yordam so’rab, Madinai Munvvaraning voliyiga xat olib borganlarida bo’lgan holni o’zlari hikoya qilib beradilar: “Makkai Mukarrama voliyi oldiga kirib, u zotdan Madinai Munvvara voliyiga va Imom Molik rohmatullohi alayhga maktub yozdirib oldim. Madinai Munvvaraga kelib, maktubni voliyga berdim. Voliy maktubni o’qib bo’lib: “Ey yigit, Madinai Munvvaradan Makkai Mukarramagacha yalangayoq yurib borganim men uchun Imom Molik ibn Anas rohmatullohi alayhni eshigiga borganimdan afzalroq”, dedilar.
Men: “Alloh taolo amirni isloh qilsin, agar odam yuborib chaqirtirsangiz, qandoq bo’lar ekan?” dedim.
U: “Nima deyapsan, men odamlarim bilan Aqiq tuprog’ini kechib borib, biror hojatimizni ravo qilsak, xursand bo’lar edim”, dedilar.
Asrga borishga kelishdik va ulovlarimizni minib jo’nadik. Amir aytganidek, tuproq kechdik. Bir odam oldinga chiqib, eshikni qoqdi. Bir qora joriya chiqdi.
Amir unga: “Xo’jangga mening eshik oldida turganimni ayt”, dedilar.
Qiz kirib, kechikib chiqdi va: “Xo’jam sizga salom aytdilar. Savolingiz bo’lsa, qog’ozga yozib bersangiz, javobi chiqar ekan. Gaplashmoqchi bo’lsangiz, majlis kunini o’zingiz bilasiz, o’sha kuni kelar ekansiz”, dedi.
Amir qizga: “Sen u kishiga menda Makkai Mukarrama voliyining muhim maktubi borligini aytgin”, dedilar.
Qiz kirib, qo’lida kursi bilan qaytib chiqdi va uni yerga qo’ydi. So’ngra Imom Molik rohmatullohi alayh viqor va haybat bilan chiqib keldilar. U kishi uzun bo’yli, xushqomat ekanlar. Yaxshilab joylashib o’tirdilar. Voliy maktubni uzatdi.
Imom Molik rohmatullohi alayh uni o’qib, bu odam undoq kishi, unga u qil, bu qil, degan joyiga kelganda maktubni irg’itib yubordilar va: “Subhanalloh, Rosululloh sollallohu alayhi vasallamning ilmlari ham vosita bilan olinadigan bo’ldimi?” dedilar.
Voliy tutilib gapira olmay qoldilar. Shunda men oldinga chiqib, o’z holim va hojatim haqida gapira boshladim. U kishi menga biroz qarab turdilar-da: “Isming nima?” dedilar. Men “Muhammad!” dedim.
U kishi, “Ey Muhammad! Allohga taqvo qil, gunohlardan chetda bo’l, sening sha’ning ulug’ bo’ladi”, dedilar”.
Albatta, Imom Molik rohmatullohi alayhning bunday holati u kishining Islom olamidagi shon-shuhrati o’sha davr hukumdorlarining tinchini buzar, hadiklarini oshirar edi. Buni yaxshi bilgan chaqimchi va ig’vogarlar turli bo’htonlar to’qishardi. Ular Imom Molik rohmatullohi alayh sizlarning mulkingizga norozi, shuning uchun falon undoq dedi, falon masalada bundoq dedi, deb u kishining diniy fatvolarini siyosatga yo’yishar edilar.
Shunday ig’volar oqibatida o’sha paytdagi xalifa Mansurning amakisi Ja’far ibn Sulaymon Imom Molik rohmatullohi alayhni jazolashga farmon berdi. U kishining kiyimlarini yechib, keyin qamchilab urishdi. Qo’llaridan tortib, kuraklarini chiqarishdi. Bu hodisa zudlik bilan Islom olamiga tarqaldi. Hamma norozi bo’ldi.
Afrikadagi diyorlar xalifalikka ochiq qarshi chiqdilar va Imom Molik rohmatullohi alayh mazhablarini rasman qabul qilganlarini e’lon qildilar. Vaziyat shu darajada o’zgardiki, o’sha paytda Abbosiylar hukmiga qarshi qurolli kurash olib borayotgan Muhammad Nafsuzakiya boshliq harakat hukumdorlar uchun Imom Molik rohmatullohi alayh xatarlari oldida hech narsa bo’lmay qoldi.
Buni yaxshi anglagan xalifa Mansur voliy Ja’far ibn Sulaymonni ishdan boshatdi va poytaxtga olib borib jazoladi.
Ulamolarga hurmatsizlik qilganlar doimo tezda jazoga giriftor bo’ldilar.
Ana shunday qahramonliklarga to’la ulug’ hayot nihoyasiga yetdi. Imom Molik rohmatullohi alayh 89 yoshlarida hijriy 179-yilda o’tkinchi dunyodan oxiratga rihlat qildilar. Imom Molik rohmatullohi alayning ham hadisda, ham fiqhda peshqadamliklarini Islom ummati, xususan, ulug’ ulamolar tan olganlar.
O’rta asrlarda molikiy mazhabining faoliyat markazi shimoli-g’arbiy Afrikaga ko’chishi bilan bu mazhab o’sha yerda rivojlandi.
Doktor Muhammad Yusuf Muso “Islom fiqhi tarixi” asarida shunday yozadilar: “Fransiya qonunchiligi o’zining birinchi bosqichlarida islom fiqhidan, ayniqsa, Imom Molik ibn Anas rohmatullohi alayh mazhablaridan ko’p narsalarni olgan edi “.
Molik ibn Anas rohmatullohi alayh o’z fiqhlarida boshqa imomlar ishlatgan barcha uslub va manba’alardan foydalanganlar. Ba’zi o’zlariga xosliklarni yuqorida zikr qildik.
Alloh taolo Imom Molik ibn Anasni rahmat aylasin, Islom va musulmonlar uchun qilgan mehnatlarining savobini ko’paytirib bersin.
ABDULHODIY ABDURAHMONOV
Mir Arab oliy madrasasi 4-kurs talabasi
