ZULM ZULMATDIR
Muallif: . .
Sana: 13.06.2023
587

Zulm soʻzi arab tilidagi ظلم(zolama)so‘zidan olingan bo‘lib lug‘atda “adolatsizlik qilish, jabr qilish, zo‘ravonlik qilish”, ma’nosini ifodalasa, istelohda “har bir narsani o‘z o‘rnidan boshqa o‘ringa qo‘yish”, degan ma’noni anglatadi. Shariatda zulm qilish qilish o‘ta qabih va harom qilingan amal bo‘lib, bu borada Imom Muslim Abu Zarr roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisida Payg‘ambar Muhammad sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Parvardigor azza va jalla aytadi: “Ey bandalarim, Men O‘zimga zulmni harom qildim va uni sizlarning orangizda ham harom qildim. Bas, bir-biringizga zulm qilmanglar”.

Ulamolar zulmni uch qismga taqsimlashgan:

Banda Robbisiga taalluqli bo‘lgan narsada zulm qilishi.

Kishi o‘ziga o‘zi zulm qilishi.

Atrofdagi kishilarga zulm qilishi.

Banda Robbisiga taalluqli bo‘lgan narsada zulm qilishi.

Alloh taolo Luqmon alayhissalomni o‘g‘liga qilgan vasiya haqida xabar berib aytadi: Ma’nosi: Eslang, Luqmon oʻgʻliga nasihat qilib, degan edi: “Ey oʻgʻilcham! Allohga shirk keltirmagin! Chunki shirk ulkan zulmdir”.

Ma’lumki, kishi farzandi uchun vasiyat qilar ekan, doimo uning har ikki dunyodagi saodatini o‘ylaydi. Alloh taolo ushbu oyatda Luqmon alayhissalomning o‘g‘liga qilgan nasihatini keltirish ila uning gaplarini haqiqat ekanligini tasdiqlamoqda. Oyatdan ma’lum b‘ldiki, kishi Robbisiga shirk keltirishi zulmning eng yuqori darajasi hisoblanar ekan. Zulmning ta’rifi borasida “har bir narsani o‘z o‘rnidan boshqa o‘ringa qo‘yish”, deb keltirdik. Shunga binoan kishi Alloh taoloni yakka bo‘lgan holatida unga boshqa narsalarni sherik qilishi bu ayni zulmning ta’rifiga muvofiq bo‘lib, kishi bu qabih ishi bilan zolimga aylanadi.

Kishi o‘ziga zulm qilishi.

Alloh taolo “Taloq” surasining 1-oyatida aytadi:

Ma’nosi: Kimki Alloh chegaralaridan tajovuz qilib oʻtsa, demak, u oʻziga zulm qilibdi. Kishi Alloh taoloning chegaralaridan tajovuz qilib o‘tsa gunohkor bo‘lib, o‘zini azobga duchor qilgan bo‘ladi. Ya’ni, gunoh qilgan inson faqat va faqat o‘ziga zulm qilgan bo‘lib, uning qilgan ishi bilan Alloh taologa zarracha foyda ham ziyon ham yetkaza olmaydi.

Atrofdagi kishilarga zulm qilishi. Boshqalarning haqlarini nohaqdan yeydigan kimsalar haqida ko‘plab hadislar vorid bo‘lgan. Jumladan, Imom Buxoriy va Imom Muslim Oisha onamiz roziyallohu anhodan rivoyat qilgan hadisda Nabiy alayhissalom aytdilar: “Kimda-kim qarich yer ustida zulm qilsa (o‘ziniki qilib olsa), o‘sha yerning yetti qavati uning bo‘yniga (qiyomat kunida) osib qo‘yiladi”.

Imom Buxoriy Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Kimki bir birodarining nomusi yoki boshqa narsasiga zulm qilgan bo‘lsa, dinoru dirham bo‘lmaydigan (kundan) ilgari qutulib olsin. Aks holda, uning yaxshi amallaridan zulmiga yarashasi mazlumga olib beriladi. Bordi-yu, yaxshiliklari bo‘lmasa, mazlumning yomonliklaridan olinib, unga yuklanadi”.

Imom Buxoriy Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda esa Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Zulmdan saqlaninglar. Zero, zulm qiyomat kuni zulmat bo‘lur”, deb aytganlar.

Ushbu hadisning sharhida Ibn Javziy rohimahulloh aytadi: “Zulm ikki ma’siyatni o‘z ichiga oladi; biri o‘zganing molini haqsiz olish bo‘lsa, keyingisi adolat bilan hukm chiqarishga buyurilgan kishi hukmda xiyonat qilmoqligidir. Bu o‘rindagi zulm Allohdan boshqa yordamchisi bo‘lmagan zaif kishilarga bo‘lgani bois avvalgisidan gunohi og‘irroq bo‘ladi. Kishi zulmga qo‘l urishi qalbining zulmati va qorong‘uligidan paydo bo‘ladi. Chunki agar u hidoyat nuri bilan qalbi yorishgan bo‘lganida edi albatta qilgan ishining oqibatini o‘ylab, bu ishidan qaytgan bo‘lar edi”. Muhallab aytadi: “Zulmning qiyomat kunida zulmat bo‘lishi zolim kimsalarning ko‘zlaridagi qorong‘ulik bo‘lib, unday kimsa najot yo‘lini topa olmagay. Zero Alloh taolo “Hadid” surasi 12-oyatida mo‘minlar haqida zikr qilib aytadi “Moʻmin va moʻminalarning oldilari va oʻng tomonlarida nurlari yurganini koʻradigan kunni (eslang)!”.

Oyatning tafsirida: “Moʻmin va moʻminalarning nomai aʼmollari old tomon va oʻng tomonidan berilganda imon va solih amallarining ramzi sifatida nurlar ham xuddi shu tomonlarida yogʻdu sochgan holda jannatgacha ularga hamroh boʻlib boradi. Farishtalar ularni jannatdagi noz-neʼmatlardan boxabar qilgan holda kutib oladilar”, deb aytilgan. Ushbu suraning 13-oytida munofiqlar haqida Alloh taolo zikr qilib aytadi: “U kunda munofiq va munofiqalar imon keltirgan zotlarga: “Bizga qarangiz! Biz ham sizlarning nuringizdan ozgina olib foydalanaylik”, – desalar, (ularga:) “Ortingizga qaytib nur istangiz!” – deyilur”.”.Alloh taolo u kunda mo‘min kishilarning iymon nurlarini ularga mukofot o‘laroq ato qilur. Ular ushbu nurlari ila Robbilariga nazar solib lazzat oladilar.

Munofiq va kofir kimsalarga zulmatni paydo qilur. Ular hech narsani ko‘rishga qodir bo‘lmaslar. Hamda Alloh taoloni ko‘rish lazzatidan mahrum qilinajaklar”.

Imom Tabaroniy Huzayma ibn Sobit roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Mazlumning duosidan saqlaninglar. Zero, u bulutga ko‘tariladi. Shunda Alloh taolo: “Izzatim va ulug‘ligimga qasamki, garchi ozginadan keyin bo‘lsa-da, senga, albatta, yordam beraman”, deydi”. Boshqa hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Muoz roziyallohu anhuni Yamanga yuborayotganlarida: “Mazlumning duosidan ehtiyot bo‘l, zero, uning duosi bilan Allohning orasida parda-to‘siq yo‘qdir”, degan edilar”. Ba’zi insonlar boshqalar ular qilayotgan zulmlardan bexabar bo‘lgani bois qilgan ishlarining jazolarini totmaymiz deb hotirjam bo‘lishadi. Huddi shu kabi o‘ylovchi kishilarga tahdid o‘laroq Alloh taolo “Zalzala” surasi 8-oyatidagi:

Ma’nosi: “Kimki zarra miqdorida yomonlik qilgan boʻlsa ham, uni koʻrar”, degan so‘zi ogoh bo‘lishlari uchun kifoya qilur. Yana ba’zi insonlar zulmlarining jazolari kechikib turganidan hotirjam bo‘lib go‘yo hech qanday jazosiz qolajaklarini o‘ylab yanada zulmlariga sho‘ng‘ib ketadilar. Bunday kimsalar haqida Alloh taolo Payg‘ambar alayhissalomga xitob qilib “Ibrohim” surasida aytadi: Ma’nosi: (Ey Muhammad!) Siz zinhor zolim kimsalarning qilayotgan ishlaridan Allohni gʻofil, deb hisoblamang! Faqat Alloh ularni (jazolashni) koʻzlar (dahshatdan) qotib qoladigan kunga (qiyomatga) qoldirmoqda, xolos.

Xulosa qilib aytadigan boʻlsak, kishi hayotining har bir jabhasida zulm qilishdan tiyilishi, doimo Allohning nazorati ostida ekanligini his qilib yashashi loaqal insofli boʻlmogʻi lozimdir. Shu oʻrinda insof soʻzi haqida toʻxtalib soʻzimizni yakunlaymiz. Insof so’zi arabcha (nisf) so’zidan olingan boʻlib ‘teng yarmi, oʻrtasi”, degan ma’noni anglatadi. Shunga koʻra insonlar uch turga boʻlinadi. boshqalarga yaxshilik qilib, ularga hargiz zulm qilmaydigan kishi.

boshqalarga yaxshilik qilmaydigan hamda ularga zulm ham qilmaydigan kishi.

boshqalarga yaxshilik qilmaydigan, balki ularga zulm qiladigan kishi.

Birinchisi komil insonning ta’rifi, ikkinchisi insofli ya’ni oʻrtadagi kishining ta’rifi, oxirgisi esa insoniylik faqat uning jismida qolgan ammo ruhiy tomondan insonlik darajasidan batamom tushgan kishining ta’rifidir. Alloh taolo barchamizni komil insonlardan qilishini soʻraymiz.

Mir Arab oliy madrasasi oʻqituvchisi
Azizbek Boqiyev

. .