IMOM BUXORIYNING “AL-ADAB Al- MUFRAD” ASARINING MOHIYATI
Muallif: . .
Sana: 05.08.2023
1868

Muhammad ibn Ismoil Buxoriy hadis ilmidagi tengsiz xizmatlari uchun “Imomud dunyo” – “Dunyo imomi”, “Hofizul kabir” – “Ulug‘ hofiz”, “Amirul mo‘minin fil hadis” – “Hadis ilmida mo‘minlarning amiri” nomlariga sazovor bo‘lgan zotdir. Ushbu buyuk muhaddis olimdan bizgacha boy ilmiy meros qolgan. Asarlarining aksariyati bizgacha yetib kelgan. Manbalarda u kishining 24 ta asarlari borligi qayd etilgan. “Al-Jome as-sahih”, “Al-adab al-mufrad”, “Tarixul kabir”, “Tarixul avsat”, “Tarixus sag‘ir”, “Kitobuz zuafo”, “Kitobus sunan fil fiqh” shular jumlasidandir.

U kishining shoh asari “Al-Jome as-sahih” bo‘lib, Qur’oni karimdan keyingi eng buyuk kitob deya e’tirof etilgan. Shuning uchun ham ushbu kitobga muhaddislar tomonidan o‘sha vaqtdan to hozirgacha juda ko‘plab sharhlar bitilgan. Biz ushbu maqolada imom Buxoriyning yana bir muhim asari “Al-adab al-mufrad” haqida qisqacha ma’lumot ulashmoqchimiz.

Imom Buxoriyning “Jomius sahih” asarida ham “Kitobul adab” degan qism mavjud bo‘lib, muallif unda odob-axloqqa doir bir yuz yigirma sakkiz bobda uch yuzdan ortiq hadislarni zikr qiladi. Lekin odob-axloq borasida zikr qilingan hadislarni yetarli emas deb hisoblab, “Jomeus sahih”da kelgan hadislarga ustozlaridan eshitgan boshqa hadislarni ham qo‘shib, “Al-Adab al-mufrad” nomli kitobni yozganlar. Bunga odob haqida har qancha kitob yozsa oz, degan fikrda ekanliklari sabab bo‘lgan bo‘lsa kerak.

Ko‘rinib turibdiki, kitob o‘z nomi bilan odob haqidadir. “Odob” so‘zi aslida arabcha bo‘lib “ma’duba” o‘zagidan olingan. “Ma’duba” esa “odamlar taklif qilingan ziyofat” ma’nosini anglatadi. “Odob” so‘zi bilan bu so‘zning bog’liqligi shundaki, odob ham kishilar taklif qilingan ma’naviy ziyofatdir.

Bu haqida Abu Muhammad o‘zining “Voiy” kitobida bunday deydi: “Odob kishilarni maqtalgan narsalarga chaqirgani uchun “odob” deb nomlangan”.

Odobga ulamolar tomonidan juda ko‘p ta’riflar berilgan. Jumladan Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf (rohmatullohi alayh) adabul mufradga yozgan sharhlari “Odoblar xazinasi” asarida odobga berilgan quyidagi ta’riflarni keltiradi:

“Maqtovga sazovor so‘z va amalni bajarish odobdir”;

“Karamli axloqlarni ushlash odobdir”;

“O‘zingdan kattani ulug’lab, o‘zingdan kichikka mehr ko‘rsatishing odobdir”.

Shu va boshqa ta’riflar jamlanmasi haqiqiy Islom shariati qanday ekanini ifodalaydi. Odobni hozirgi kunda g’arbga tobe o‘laroq madaniyat deyish ommalashgan. Masalan, “salomlashish odobi” deyish o‘rniga “salomlashish madaniyati” deyiladi.

Imom Buxoriyning “Adabul mufrad” kitobi mana shunday muhim bir mavzuni bayon qilishni ko‘zlagan kitoblardan biridir. Kitob nomidagi “mufrad” so‘zi “fard” o‘zagidan olingan bo‘lib, “yolg’iz” degan ma’noni anglatadi. Bir so‘z bilan aytganda, “Al-Adab al-mufrad”ni “yolg’zigina odob mavzusiga bag’ishlangan kitob” deyish mumkin yoki Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarining so‘zi bilan aytganda, “boshqa joyda topilmaydigan (yagona) odoblar” ham deyish mumkin.

Hadis ilmi ustozi doktor Muhammad Fuod tahqiqiga ko‘ra “Al-Adab al-mufrad” asari 644 bobga ajratilib, ularga odob-axloq va ijtimoiy masalalarga oid 1322 hadislar kiritilgan.

Asarning yozilish uslubi muallifning shoh asari “Jomeus sahih”ga o‘xshab ketadi. Shuning uchun ba’zi o‘rinlarda Qur’oni karim oyatlari va sahobalarning so‘zlaridan ham iqtibos keltiradilar.

Yana shuni aytish kerakki, “Al-Adab al-mufrad” kitobidagi hadislar “Sahihi Buxoriy” kitobidagi hadislar darajasida emas. Alloma Yusuf Bannuriy ushbu kitobdagi hadislarning yarmi “Sahihi Buxoriy” kitobidagi hadislar darajasi bilan teng, degan bo‘lsa, qolgan yarmini “Sahihi Muslim” dan keyin to‘rt “Sunan” kitoblari (Sunani Termiziy, Abu Dovud, Nasoiy va Ibn Moja)dan yuqori turishini ta’kidlagan.

“Al-Adab al-mufrad” kitobining e’tiborli jihatlaridan yana biri imom Buxoriy “Sahihi Buxoriy” kitobidagi ba’zi muallaq hadislarning to‘liq sanadini ushbu kitobda zikr qilib ketgan. Ya’ni, ushbu kitob “Sahihi Buxoriy”ni to‘ldiruvchisi deyish mumkin. Bu bilan imom Buxoriyning sanad ilmida tengsiz ekanining guvohi bo‘ladi kishi.

Darhaqiqat, bu kitob Rosululloh alayhissalomning odoblarini o‘zida jamlagan, islomiy odob axloqlarni keng targ’ib qilgan kitobdir.

U kishining Sahihi Buxoriy kitoblarini shogirdlari imom Firabriy rivoyat qilgan bo‘lsalar, “Al-Adab al-mufrad” kitobini Ahmad ibn Muhammad Bazzor rivoyat qilganlar.

Olimning ushbu asari dunyoning turli davlatlarida bir necha bor, jumladan, 1306-yilda Hindistonning Ora, 1309-yilda Konstantiniya, 1349-yilda Qohira kabi shaharlarda nashr qilingan. Jumladan, 1970-yilda Toshkentda ham nashr etilgan. Tadqiqotchilar fikriga ko‘ra ushbu nashrlar ichida hind nashri ishonchliroq sanaladi. Asar yurtdoshimiz Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf tomonidan o‘zbek tiliga tarjima va sharh qilingan hamda unga “Odoblar xazinasi” degan nom berilgan.

Ushbu asar juda kam muhaddislar tomonidan sharhlangan bo‘lib, jumladan, Muhibbiddin Xatibning sharh bitgani haqida manbalarda ma’lumotlar bor. Shuningdek, Sayyid Fazlulloh Jiyloniy rohmatullohi alayhi ham sharh qilgan bo‘lib, uning nomi “Fazlullohis Somad fiy tavziyhi “Al-Adabal-mufrad”dir. Ammo, u ham to‘laqonli sharh emas edi. Balki, shorih roviylarning tarjimayi holi, ba’zi tushunarsiz hadislarning izohlarini keltirish bilan kifoyalangan. Shuning uchun ushbu kitob ahli ilmlarga qo‘llanma sifatida foyda beradi. Ammo, avom xalq uchun mo‘ljallanmagan. Muallif sharh asnosida asarning asl nusxalarini topishda qiylanganini aytadi.

Shuning uchun ham Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari “Odoblar xazinasi” nomli “Al-Adab al-mufrad”ning sharhi muqaddimasida: “Bizning sharhimiz keng musulmonlar ommasiga atalgan birinchi sharh, desak mubolag’a qilmagan bo‘lamiz”, deydilar.

Xulosa o‘rnida shuni aytish kerakki, imom Buxoriyning “Al-Adab al-mufrad” asari musulmon kishi xulqlanishi kerak bo‘lgan barcha odob-axloqlar jamlanmasidan iborat kitobdir. Shunday ekan, har bir mo‘min-musulmon kishi ushbu kitobni nafaqat mutolaa qilishi, balki, uni o‘zlashtirib, hayotiga tatbiq qilishi kerak bo‘ladi. Alloh taolo imom Buxoriy rohmatullohi alayhining islom olamiga qilgan xizmatlarini O‘z dargohida qabul qilsin. Bizlarga ham ularning yo‘lini tutishni nasib qilsin. Barchaga go‘zal xulq, odob-axloq bilan namuna bo‘lishga sazovor qilsin.


JOBIR ELOV

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Buxoro viloyati vakili, Mir Arab oliy madrasasi rektori
. .