OXIR ZAMON BELGILARI
Muallif: . .
Sana: 07.03.2023
2419

Bu dunyo qachonlardir paydo boʻlgani kabi, albatta bir kun tugaydi. Bu ajiyb sarguzashtlar uyi, gʻaroyibot makoni boʻlmish bu oʻtkinchi va imtihon hayot shubhasiz nihoyasiga yetadi. Uning oʻtkinchi va oxiri borligiga oʻzimizning tugab borayotganimiz, yoshlar qarib, chaqaloqlar kattarib, fasllar almashib, gulgun yuzlar burmashib borayotgani yaqqol dalildir.

Avvalo, hayotimizning tugashi va oʻlim sharbatini totib, oxiratga yoʻl olishimiz – biz uchun bu dunyoning nihoyasi hisoblanadi. Bu nisbiy tugash va buni har bir jon egasi koʻrishi aniq. Lekin dunyoning haqiqiy tugash vaqti ham bor. Unga oʻsha zamonda hayot boʻlgan insonlargina guvoh boʻlishadi.

Xoʻsh, u kun qachon keladi?

Bu savolning javobini Alloh taolo hech bir bandasiga ochiqlamadi. Chunki, imtihon haqiqiy boʻlishi uchun uni hech qanday kimsaga bildirmaslik kerak edi. Zero, boshiga sinov kelgan va bu sinovning qachon tugashini bilmaydigan inson, oʻsha sinovdan yorugʻ yuz bilan oʻtib olish uchun astoydil harakat qiladi.

Ammo, dunyo tugashi, qiyomat kunining boshlanishi yaqinlashganini his qilish uchun Paygʻambarimiz bizga baʼzi belgilarni aytib ketdilar. Bular oʻta muhim belgilar, alomatlardir. Har bir moʻmin-musulmon odam bunga alohida eʼtiborli boʻlishi kerak. Chunki, bizning oldimizda, “Yaratuvchiga yoʻliqish” bosqichi bor va oʻsha uchrashuvga goʻzal tayyorgarlik koʻrishimiz kerak.

Keling azizlar, Qiyomat yaqinlashganini bildiruvchi qanday belgilar borligini Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan soʻraylik va U zotning javoblarini jon qulogʻimiz bilan eshitaylik. Zora, aqlimiz kirib, solih amal yoʻliga oʻtsak!

Barakotli zot, olamlarga rahmat etib yuborilgan buyuk inson qiyomat alomatlari haqida aytgan baʼzi soʻzlarini eshiting!

"Vaqt yaqinlashadi". Yaʼni, vaqt barakasiz boʻlib qoladi. Odam biron ishiga ulgurmaydi. Ertalab turib u bu ishini bitiraman deguncha kech kiradi. Haftalar, oylar va yillarning oʻtishi tezlashib ketadi.

"Zino zohir boʻladi" yaʼni koʻpayadi. Bu haqda gapirmasak ham boʻladi. Ammo shuni aytib qoʻyish kerakki, bu razolat oldingi biror zamonda hozirgidek ommaviy tarqalmagan.

"Hali odamlarga shunday zamonlar keladiki, kishi topayotgan molini halolmi, harommi, eʼtibor ham bermay qoʻyadi“. Insof bilan ayting, shu davrlarni yashamayapmizmi? Kim hozir ishdan qaytgach ”bugun topgan pulim sof halolmidi yoki harom va shubhalar aralashdimi?" deya oʻziga savol beryapti? Kim farzandiga yedirayotgan harom rizqni uning tarbiyasi va kelajagini buzilishiga sabab ekanini anglayapti? Koʻpchilik nima qilib boʻlsa ham koʻproq pul topay, yaxshiroq uyda yashay, qimmatroq mashina minay, bashangroq kiyinay degan vasvasalar girdobiga tushib boʻlgani hech kimga sir emas.

"Hali insonlarga aldamchi zamonlar keladi. Unda yolgʻonchi rostgoʻyga, rostgoʻy esa yolgʻonchiga chiqariladi. Xoinga ishoniladi, omonatdor esa xoinlikda ayblanadi. Unda pastkashlar soʻz sohibi boʻlishadi...“ Ijtimoiy tarmoq yoki ommaviy axborot vositalarida kim mashhur qilinsa, kimni toʻgʻri va haq deb koʻrsatilsa, odamlar oʻshani toʻgʻri deya ergashib ketayotganligi hammaga maʼlum. Qachonki inson nafsiga ergashib, dunyosidan boshqa gʻami qolmasa, yuqorida aytilganidek, toʻgʻri bilan xatoni farqiga bormay, dunyoda boʻlayotgan ishlarni toʻgʻri tahlil qilolmaydigan tobeʼ boʻlib qoladi. Internet va axborot kimni qoʻlida boʻlsa, odamlar oʻshalarga ergashib, ular haq deganni haq, ular notoʻgʻri deganni xato deb yurishaveradi. Haqiqat shu ekan deya, tarqatilayotgan xabarlarga aldanib kelajaklar qurilmoqda. Yoshlar bilan katta yoshlilar oʻrtasida tushgan sovuqlik, farzand oʻz ota-onasiga itoat qilmay, oʻz ajdodlari yoʻlini mensimay, uning miyasiga boshqalar tomonidan kiritilgan fikrlarni ”mutloq haqiqat va oʻzimning shaxsiy fikrim“ deya aldanib, baʼzilari esa yongʻoqqa ishongan afandidek oʻzi oʻylagan narsasiga ishonib qolib, tarmoqlarga chiqib odamlarga qanday yashashni oʻrgatishi – yuqoridagi gaplarning tasdigʻidir. Buni hammamiz koʻrib, bilib turibmiz. Ammo, haqni oʻrganmaganimiz kamlik qilganidek, haqni oʻrgatadiganlar tomonda ham turmaymiz, oʻzligimizni ushlab qolishga harakat ham qilmaymiz. Atlas koʻylak kiygan “yigit” ”Din maʼnaviyat boʻlolmaydi“ deganda ham, adras ishton kiygan “erkak” ”Bizga umuman maʼnaviyat kerakmas“ desa ham, ulardan ham pastkashrogʻi chiqib ”Ajdodlarimiz odamlarni boshqarish uchun dindan foydalangan, din asli yoʻq narsa“ desa ham jim turaveramiz. ”Bular qayerdan bunaqa darajada past saviyaga tushib qoldi? Axir bizning farzandlarimizku bular ham. Nega oʻzligini yoʻqotmoqda bular? Kelajak bunaqa farosatsizlarni qoʻlida qolsa vatan nima boʻladi, qadriyat, din va millat qay ahvolga tushadi? Bularni kim televizorga olib chiqyapti?" deb oʻylab ham oʻtirmaymiz...

"Qorongʻu tundek fitnalar kelishidan oldin amal qilib qolinglar! Oʻsha kunlarda inson moʻmin holatda tong ottiradiyu kechga borib kofir boʻladi. (Yoki) Kechasi moʻmin holdagi inson tongda dinsizga aylanadi. Oʻz dinini arzimas dunyo matosi evaziga sotadi".

Qadriyatga va oʻsha qadriyatlarimizning asosi boʻlgan dinimizga qarshi fikriy hujumlar ham juda avj olib borayotgan hozirgi davrimizda, baʼzi musulmonlar yoshlar oʻz dinini bilmagani uchun tarqatilayotgan xato fikrlar taʼsiriga tushib qolmoqda va natijada dinni tark etishyapti. Allohning dini hech kimga muhtojmas aslida. Faqat, inson insonligini saqlab qolishi uchun dinga muhtoj. Dinning haqligi, Alloh taoloning borligi, hech bir narsa oʻz-oʻzidan paydo boʻlmasligi, inson doimo ojiz ekani va mutloq qudrat sohibiga muhtojligini doimo his qilib turishi haqida gapirib oʻtirmayman. Birgina fikrni aytaman: Dinni inkor qilish - hozirgi erishilgan zamonaviy texnologiyalarning asosini ham inkor qilishdir. Chunki, bu moddiy taraqqiyotning asosini ixtiro qilgan olimlarning deyarli hammasi dindor boʻlishgan. Yo “Ularning aqli past boʻlgan” deya xumparligingni isbotlaysan, yoki, ularga ergashasan. Boshqa yoʻl yoʻq. Aslida, insoniyat tarixida dinni, Allohni inkor qilganlar deyarli boʻlmagan. Doimo odamlar dinga, Xudoga talpinib yashagan. Kimlardir bu yoʻlda haqni topgan, kimlardir adashgan. Ammo, Xudoni inkor qilishdek past saviya faqat yaqin asrlarda, aniqrogʻi, texnologiya rivojlana boshlagandan keyin paydo boʻldi. Xullas, bu haqda gapirsa gap koʻp. Dinni, oʻzlikni, qadriyatlarni bilmaslik, ularni mensimaslik oqibatida juda koʻp yomonliklar boshimizga keladi. Jamiyatda xiyonat koʻpayadi, adolat yoʻqoladi, gunoh avj oladi, ishlar oʻz egalariga topshirilmaydi. Soʻzimni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning yana bir gaplari bilan yakunlamoqchiman.

U zot: "Omonatlar zoye qilinganda qiyomatni kut“ dedilar. Shunda: ”Ular qanday zoye qilinadi?“ deyishdi. U zot: ”Ishlar oʻz egasidan boshqalarga topshirilsa qiyomatni kutaver" dedilar.

Robbim hammamizni qiyomatning dahshatidan asrasin! Oʻsha kunda yuzimizni yorugʻ qilsin!

Ustoz Ulugʻbek Buxoriy
Mir Arab oliy madrasasi oʻqituvchisi

. .