DUO QILAYOTGANDA QOʻLLARNI KOʻTARISH
Muallif: . .
Sana: 24.02.2023
256

Muqaddas dinimizda barcha ibodatlarning, katta-yu kichik amallarni bajarishning oʻz qonun-qoidasi bor. Duo ham ana shunday ibodatlar sirasiga kiradi. Duo ibodatlar magʻzi deya taʼriflanadi.

Paygʻambarlar otasi nomini olgan Ibrohim alayhissalom oʻz yurti haqqiga qanday duo qilgan edilar:

وَإِذْ قَالَ إِبْرَاهِيمُ رَبِّ اجْعَلْ هَذَا بَلَداً آمِناً وَارْزُقْ أَهْلَهُ مِنْ الثَّمَرَاتِ

“Ibrohimning: “Robbim, buni omonlik yurti qilgin va ahlidan Allohga va qiyomat kuniga imon keltirganlarini mevalar ila rizqlantirgin”, deganini esla”. (Baqara surasi, 126-oyat).

Duo – koʻngildagi yashirin sirlardan xabar beruvchi, yolgʻon aralashmaydigan, haqiqiy, chin yurakdan sizib chiquvchi bir tuygʻu hisoblanadi. U Alloh bilan bevosita bogʻlanishdir. Bu bogʻlanishda eng samimiy tilaklar, eng katta orzular roʻyobi soʻraladi.

Duoning mazmuniga eʼtibor qarating. Unda jamiyatning farovonligi va turmush tarzini yaxshilashga xizmat qiluvchi ikki omil aytilmoqda. Biri tinchlik-omonlik, ikkinchisi rizq-roʻz. Haqiqatda mana shu ikki narsa birgalikda turar ekan hayot bir maromda davom etadi. Har ikkisi yoki biri yoʻq boʻlganda, hayotda qiyinchilik va mashaqqatlar boʻy koʻrsata boshlaydi.

عَنْ أَبِى هُرَيْرَةَ أَنَّ رَسُولَ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ كَانَ يُؤْتَى بِأَوَّلِ الثَّمَرِ فَيَقُولُ “اللَّهُمَّ بَارِكْ لَنَا فِى مَدِينَتِنَا وَفِى ثِمَارِنَا وَفِى مُدِّنَا وَفِى صَاعِنَا بَرَكَةً مَعَ بَرَكَةٍ”. ثُمَّ يُعْطِيهِ أَصْغَرَ مَنْ يَحْضُرُهُ مِنَ الْوِلْدَانِ. رَوَاهُ مُسْلِمٌ

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

“Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga mevaning avvali keltirilar edi. Shunda u zot: “Allohumma barik lana fi madinatina va fi samarina va fi muddina va fi soʼina barokatan maʼa baroka” duosini aytardilar. Soʻngra uni hozir boʻlgan bolalarning eng yoshiga berardilar”.

Muslim rivoyat qilgan.

Duoning tarjimasi: Ey Allohim! Bizning shahrimizga, mevamizga, muddimizga va soʼimizga baraka ustiga baraka ber.

Mud va soʼ – hajm oʻlchov birliklari.

Yuqoridagi oyat va hadisdan kishining oʻz yurti, millati haqqiga duo qilishi sharʼiy amal ekani kelib chiqadi.

Demak, ulamolarning taʼkidlashlaricha, vatanni sevish va uning haqiga duo qilish shariatda bor ish ekan. Shuningdek, vatanni sevish sharʼan joiz, hatto musulmon kishini Robbiga yaqin qiladigan ibodatlardan ekan.

حَتَّى إِذَا أَتَوْا عَلَى وَادِي النَّمْلِ قَالَتْ نَمْلَةٌ يَا أَيُّهَا النَّمْلُ ادْخُلُوا مَسَاكِنَكُمْ لا يَحْطِمَنَّكُمْ سُلَيْمَانُ وَجُنُودُهُ وَهُمْ لا يَشْعُرُونَ

“Toki ular chumolilar vodiysiga kelganlarida, bir chumoli: “Ey chumolilar, maskanlaringga kiringlar, Sulaymon va uning askarlari sizlarni bilmasdan ezib yubormasinlar”, dedi. (Naml surasi, 18-oyat).

Dinimiz koʻrsatmalariga koʻra duo qilayotgan insonning qoʻllarini koʻtarishi va yuziga surtishi sunnat amallardan sanaladi. Mazkur amal Hazrati Umar (r.a.) rivoyat qilgan hadisda rivoyat qilingan. Hanafiy mazhabining moʻtabar manbalaridan boʻlmish “Durrul-muxtor”da alloma Haskafiy duoda qoʻllarni koʻtarish, kaftlarni birlashtirish hamda yuzga tortish sunnat amallardan ekanini taʼkidlagan.

Xulosa oʻrnida taʼkidlash joizki, hozirgi kunda moʻmin-musulmonlar, xususan, yoshlar orasida internet tarmogʻidan olingan maʼlumotlar asosida bir-birini adashganlikda ayblash holatlari, afsuski, uchrab turibdi. Mazkur amal borasida ham mazhabimiz ulamolari tutgan yoʻldan ogʻishmasak bunday ixtiloflar oʻz-oʻzidan barham topadi. Yaratgan barchamizni toʻgʻri yoʻldan adashtirmasin.

Aʼzamjon Toshboyev

Mir Arab oliy madrasasi oʻqituvchisi

. .