TAVASSUL NIMA VA UNING MOHIYATI
Muallif: . .
Sana: 23.02.2023
554

Tavassul arabcha “kimgadir yoki nimagadir yaqin bo‘lish” degan ma’noni anglatadi. Shariat istilohida esa “Duo ijobat bo’lishi uchun Alloh taologa uning huzurida qadrli ekani bilingan narsani aytib duo qilish, tavassul deb ataladi”. Tavassulning joiz ekaniga islom ulamolari ijmo bog‘laganlar. Zero, bu borada ko‘plab dalillar bordir. Shulardan biri Alloh taoloning: “Ey iymon keltirganlar, Allohga taqvo qilinglar va unga vasila talab qilinglar”, degan ma’nodagi oyatidir. (Moida surasi 35-oyat).

Shuning uchun sahobalarning davridan to hozirgi kunimizga qadar musulmonlar o‘z duolarida vasila qiladilar. Vasilaning bir nechta turi bor bo‘lib, ularning har birining joiz yoki joiz emasligi borasida dalillar mavjud. Quyida shular haqida qisqacha to‘xtalamiz.

1. Alloh taoloning go‘zal ism va sifatlarini vasila qilish. Ya’ni duo ijobati maqsadida Allohning ism va sifatlarini yodga olib, duo qilinadi. Ushbu vasila joiz hisoblanadi. Zero, Alloh taolo Qur’oni karimda “Allohning go‘zal ismlari bor. Bas ular bilan duo qilinglar”, degan.

2. Solih amallarni vasila qilish. Vasilaning bu turning ham joiz ekaniga bir qancha dalillar bo‘lib, shularning biri Imom Buxoriy va Muslimlarning Sahihlarida zikr qilingan. Unga ko‘ra g‘or sohiblari o‘zlarining solih amallarini vasila qilib, Alloh taolodan najot so‘raganlar. So‘ng Alloh taolo ularga najot bergan. Agar solih amalni vasila qilish joiz bo’lmaganda ularga najot berilmagan bo‘lar edi.

3. Solih kishining duosi bilan vasila qilish. Juda ko‘plab hadislarda sahobalarning Rosululloh alayhissalomdan duo talab qilishlari vasilaning ushbu turining ham joiz ekanini ifodalaydi. Zero, bu amal joiz bo‘lmaganda Rosululloh alayhissalom duo so‘rab kelganlarga mendan duo qilishni so‘ramay to‘g‘ridan to‘g‘ri Alloh taologa duo qilinglar, degan bo‘lar edilar.

4. Payg‘ambarlar, avliyolar hamda solih insonlarni vasila qilish. Ahli sunna val jamoa e‘tiqodiga ko‘ra vasilaning bu turi ham joiz. Shunga ko‘ra Nabiy alayhissalomni hamda boshqa solih insonlarni ularning tirikligida ham vafot etgandan keyin ham duoda vasila qilish mumkin bo‘ladi. Hozirgi kundagi bemazhab, salafiylar Rosululloh alayhissalom va boshqa solih insonlarni tiriklik vaqtida vasila qilib duo qilsa bo‘ladi. Ammo vafot etgach, duoda ularni vasila qilib bo‘lmaydi, harom bo‘ladi deydilar. Hatto bu ishni shirk amal ham deyishadi. Ushbu gap aslini olganda bundan yetti asr oldin yashab o‘tgan Ibn Taymiya r.h. tomonidan aytilgan. Uning davrigacha vasilaning ushbu turini joiz emas degan olim bo‘lmagan. Islom ulamolari o‘sha vaqtning o‘zidayoq Ibn Taymiyaga keskin raddiyalar berib, ushbu masalada bahs munozaralar qilganlar. Shunday ekan, Rosululloh alayhissalomning vafotlaridan keyin ham vasila qilish joiz ekaniga ko‘plab dalillar bor. Quyida esa ana shu dalillardan birini zikr qilish bilan kifoyalanamiz. Alloh taolo Qur’oni karimda: “Ular o‘zlariga zulm qilgan vaqtlarida sizning huzuringizga kelib Allohdan kechirim so‘raganlarida va Rosululloh ham ular uchun istig‘for so‘raganida edi Allohni tavbani qabul qiluvchi rahmli zot sifatida topar edilar” deya marhamat qiladi (Niso surasi, 64-oyat). Ushbu oyatga ko‘ra gunohlari kechirilishi uchun Rosululloh alayhissalomning huzurlariga kelib, Allohdan kechirim so‘rashlari hamda Rosululloh alayhissalom ham ular uchun kechirim so‘rashlari kerak ekan. Bu esa aynan biz aytgan vasiladir. Zero, aslida kechirimni to‘g‘ridan to‘g‘ri Allohdan so‘raladi. Ammo duo yanada ijobatga yaqin bo‘lish uchun Rosululloh alayhissalomni duoda vasila qilish tavsiya qilinmoqda. Demak, bu oyati karima umuman olganda vasilaning joiz ekaniga dalil bo‘ladi. Undan tashqari Allohning tavbani qabul qiluvchi zot ekanini bilish Rosululloh alayhissalomning huzurlariga kelish shartiga bog‘lab qo‘yilmoqda. Arab tili grammatikasi bo‘yicha shartga bog’langan har qanday fe’l umumiylikni ifoda qiladi. Shunga ko’ra Rosululloh alayhissalomning huzurlariga kelib, duo so‘rash, U zotning tirikliklariga xos emas, balki, vafot etgandan keyingi holatga ham umumiy bo‘ladi. Bu ma’noni hatto salafiy qarash vakillaridan biri imom Shavkoniy ham zikr qilgan va aytganki: “Umumiylikda eng yuqori darajadagi fe’l bu shartga bog‘langan fe’ldir”.

5. Allohning huzurida shafoat qiladi, degan bahona bilan, Allohdan boshqaga ibodat qilish. Vasilaning ushbu shakli johiliyat davrida mavjud bo‘lib, islom shariati kelgach bu ishdan qaytargan va uning shirk amal ekanini aytgan. Zero, johiliyat mushriklari but va sanamlarga ibodat qilar edi hamda bular bizlarni Allohning huzurida shafoat qiladi, deyishgan. Ushbu amal ibodatda Allohga shirk keltirish hisoblanadi. “Va zarar bermaydigan va foyda ham qilmaydigan Allohdan boshqa (but-sanam)larga ibodat qiladilar. Bular Allohning huzurida bizning shafoatchimiz bo‘ladi deyishadi. “Allohga yer-u osmonda u bilmaydigan narsani xabarini beryapsizlarmi? Alloh undan pok, ular keltirayotgan shirkdan oliy zot”, deb ayting”.

Demak, vasila degani Allohdan boshqaga ibodat qilish degani emas. Allohdan boshqaga ibodat qilib, uni vasila deb nomlangani bilan, u joiz vasila bo‘lib qolmaydi. Joiz vasiladan maqsad Allohga yaqin bo‘lishdir. Buning uchun duoda yaqin bo‘lishga yordam beradigan narsalar zikr qilinadi. Allohdan boshqa narsalarga ibodat qilinmaydi. Mushriklarning ishi esa Allohdan boshqaga ibodat qilish bo‘lib qoldi. Shuning uchun vasila deb nomlash bilan qilingan ishni oqlab bo‘lmaydi. Shunga ko‘ra ahli sunna val jamoa ulamolari vasilaning bu turini joiz emas deganlar.

RAHMONQUL ALIQULOV

Mir Arab oliy madrasasi o‘qituvchisi


. .