​Taraqqiyot omili
Muallif: . .
Sana: 15.05.2018
2332


Inson oldiga biron bir maqsad qo‘yadi va shu maqsadiga olib boradigan sabablarni qilib harakat qiladi. Natijada, maqsad qilgan narsasiga erishadi.

Oxirgi asrlardаgi musulmonlar o‘zlarini yuksaklikka olib chiqadigan sabablarni qilmay, "Yer yuzida aziz bo‘lishimizga musulmon bo‘lganimizning o‘zi kifoya", deb Alloh taologa iymon keltirishdi. Ammo, yuksaltiradigan sabablar- ilm va ta‘limni tark etdilar. Shu sabab dunyo maydonida ortda qolib ketdilar. Faqat iste‘molchi bo‘lib qoldik. Biron narsa ishlab chiqarmay, dunyo miqyosida bizni taraqqiy ettiradigan ilmlarni tashlab qo‘ydik. Qarabsizki, bugun qo‘limizda hech narsa yo‘q.

Iymonli bo‘lmagan va hattoki, hech bir ilohiy kitob ahlidan bo‘lmagan yaponlar ham o‘zib ketdi. Zero, ular o‘zlarini dunyo maydonida yuksaklikka olib chiqadigan sabablar - ilmlarni mahkam ushladilar.

"O‘qib nima bo‘larding. Pul topishni o‘rgan", "bor dalaga chiq! Molni boq", tanish manzara-a?!

Yoshlar maktablardegi ta‘limni zo‘r o‘qishlari, maktabni yaxshi bitirib chiqdimi , otalar farzandlarining qobilyatlarini ko‘mib yo‘q qilmasdan oliygohlar va jome‘alarga yo‘llasin, bolalar o‘qisin!

Xalqimizni, Vatanimizni yuksaltiradigan, dunyo maydonida o‘z so‘ziga ega qiladigan qanday ilm va kasb-hunarlar bor - zo‘r mutaxassis, mohir shifokor, tengsiz injener, beqiyos ixtirochi - o‘rgansinlar.

Demak, ushbu xalqni, musulmon ummatini yuksaltirmoqchi bo‘lsak, uning o‘z sabab-vositalari bor. Shulardan biri-ilmdir. Musulmon kishi o‘ziga taalluqli bo‘lgan sabablarni qilib so‘ngra Alloh taologa tavakkul qilishi kerak edi. Sabablarni beparvo tashlab qo‘yib xuddi "Hizr kutib yashayotgan insonlardek" birdaniga ishlarimiz rivojlanib ketishini kutishdan boshqa ish qilmay qo‘ydik. Natijada hozir o‘zimiz guvohi bo‘lib turgan ahvoldamiz.

Bugun har bir sohada peshqadam bo‘lgan xalqlarni ko‘rsak, ular shu ishning sabablarini amalga oshirganlarini shohidi bo‘lamiz. Qaraylik, ular nima uchun yuksaldi... yalqovlik qilgani uchunmi, televizor tagida "yotib olgani" uchunmi yo telefon-u kompyuter o‘yinlariga mukkasidan ketgani uchunmi yoki internetni o‘ziga "e‘tikof" qilib olgani uchunmi yoinki ota-bobosining yutuqlari bilan quruq faxrlanib yurgani uchunmi?!

Bugun biz yoshlar shunday o‘qib, shunday yashab mehnat qilaylikki otalarimiz biz bilan faxrlanib "falonchining otasiman" desinlar. Ota-bobolarimiz qadr-qimmati va obro‘-e‘tiborining "soyasi" bizniki emas. Ularning "soya"lari har qancha katta bo‘lsin, o‘zimizniki bo‘lmagan narsa bilan faxrlanib, boshqalarning kulgusiga, nafratiga qolamiz xolos. Qachon bir o‘zimiz mehnat qilib, ustozlarimiz olib chiqqan darajadan odimlab, izlanib mustaqil qadam tashlasak, ana shu yutuq o‘zimiznikidir.

Xalqimizni yuksaltiradigan ilmlarni o‘rganishimiz vojib. Alloh taolo yaxshilik va taqvo yo‘lida o‘zaro hamkorlik qilib, yaxshiliklarda musobaqa qiladigan Vatanga muhabbatli farzandlar bo‘lishimizni nasib etsin.

Mir Arab oliy madrasasi talabasi Solihov Dilshod

. .