INSONIY FAZILATLAR
Muallif: . .
Sana: 20.02.2021
11

Insoniy fazilatlar va goʻzal xulqlardan biri qanoatdir. Ulamolar uni shunday taʼriflaydilar: qanoat – oʻzidagi neʼmatga shukr qilish, boshiga tushgan musibat, qashshoqlik va qiyinchiliklarga sabr-bardoshli boʻlish. Qanoat Alloh taoloning taqdiroti va taqsimotiga rozilikdan paydo boʻluvchi koʻngil boyligi boʻlib, u hasad, tama, ochkoʻzlik, adovat, baxillik kabi illatlarning shifosidir. Abdulla Avloniy aytadi: “Janobi Haqning amriga itoat qanday saodat esa, taqdiriga qanoat ziyoda baxtiyorlikdur”. Demak, qanoat komil moʻminlikning belgilaridan ekan.

قال رسول الله صلى الله عليه وسلم : “ عليكم بالقناعة ، فإنَّ القناعة مال لاينفد ” . [الجامع الصغير : ج2/ص 94] .

Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): “Sizlar qanoatni oʻzingizga lozim tuting. Chunki, qanoat tuganmas boylikdir”, dedilar. (Jaloliddin Suyutiy, Al-Jomiʼ as-sagʻir: 2-jild, 94-bet).

و قال رسول الله صلى الله عليه وسلم : “ ليس الغِنى عن كثرة العَرَض ، ولكن الغنى غنى النفس ” . [الؤلؤ والمرجان : ج1/ص251] .

Boshqa muborak hadisda esa bunday deyilgan: “Boylik mol-dunyoning koʻpligida emas, balki, (haqiqiy) boylik koʻngil boyligidir”. (Muhammad Fuad Abdulboqiy, “Al-luʼluʼu val-marjan”, 1-jild, 251-bet).

Muhammad Husayn aytadi: “Qanoat aqlli odamlarning fazilatidir. Ammo qanoat rizq qidirish va kasb bilan shugʻullanishdan tiyilish degani emas. Balki, kasb tufayli topgan narsasiga shukr qilish va ortiqchasiga intilmaslikdir”. Buning boisini anglash uchun ulugʻ sahobiy Abdulloh

ibn Masʼud (roziyallohu anhu)ning ushbu soʻzlariga quloq tutishimiz lozim:

و قال ابن مسعود رضي الله عنه : “ ما من يومٍ إلاّ و ملَك ينادي : يا ابن آدم ، قليل يكفيك خير من كثير يُطْغيك ” . [مكاشفة القلوب المقرِّب إلى حضرة علام الغيوب ، في فضل القناعة : ص169-170] .

“Biror kun yoʻqki, bir farishta: “Ey Odam bolasi, senga kifoya qiladigan oz narsa seni tugʻyonga ketkazadigan koʻp narsadan yaxshiroqdir”,

deya nido qilmasa”. (Imom Gʻazzoliy, “Mukoshafatul-qulub al-muqarrib

ila hazrati allomil-gʻuyub, fi fazlil-qonaʼati”, 169-170-betlar).

Qanoatli inson umri mobaynida doimo baxtiyorlikni his etib yashaydi. Shu bilan birga, boshqalarga ham yaxshi muomalada boʻladi, ularni ham oʻzi kabi shodlik sari yetaklaydi.

Shuning uchun qanoatli kishini barcha hurmat qiladi.

و قال بعض الحكماء : “ وجدتُ أطول الناس غمًّا الحسود و أهنأهم عَيْشًا القَنُوعَ ...” . [مكاشفة القلوب المقرِّب إلى حضرة علام الغيوب ، في فضل القناعة : ص170] .

Hakimlardan biri aytdi: “Odamlar ichida eng uzoq gʻam-anduh chekuvchi kimsa hasadchi ekanini, hayoti eng baxtiyor kechuvchi kishi esa qanoatli inson ekanini koʻrdim”. (Imom Gʻazzoliy, “Mukoshafatul-qulub al-muqarrib

ila hazrati allomil-gʻuyub, fi fazlil-qonaʼati”, 170-bet).

Muhammad Zehniy shunday yozadi: “Qanoat nima?” deb soʻradilar. Javob berib aytildi: “Birovlarning qoʻlidagi narsani koʻrib, mayus boʻlmaslik va tamagirlikdan qochish. Chunki, tamagirlik, albatta, kambagʻallik sari yetaklaydi” .

Xulosa oʻrnida shuni taʼkidlash lozimki, yurtimiz tinch, hayotimiz osuda va farovon boʻlishiga qaramasdan, bugungi kunda jamiyatimizda turli huquqbuzarliklarning sodir boʻlishi, yoshlar orasida jinoyatchilikning ortib borishi, shuningdek, oilaviy kelishmovchiliklar va ajrimlarning koʻpayishi, aksar hollarda, qanoatsizlikdan kelib chiqayotgani bor haqiqat. Demak, ana shunday noxushliklarning muolajasi va oldini olish chorasini qanoat deb atalmish koʻngil boyligini hosil qilishdan izlashimiz zarur.

TOʻYMUROD SAYLIYEV

Mir Arab oliy madrasasi oʻqituvchisi

. .