Tejamkorlik – musulmon ko’rki
Muallif: . .
Sana: 20.02.2021
581

Islom yaxshilik dinidir. U doimo kishilarni yaxshilikka chorlab, yomonlikdan qaytaradi. Kishilarni insoniylikka chaqiradi. Odob-axloq, ruhiy-ma’naviy poklik va ravnaqqa chorlaydi. Shuningdek, islom halol ishlashga, hayotni go‘zal o‘tkazishga undaydigan dindir.

Bilamizki, marosimlar haqida turli davrlarda har xil gaplar aytilgan. Chunki, har bir davrning o‘z toshu tarozisi bor.

O‘zbekiston musulmonlari idorasining «To‘y, marosim va ma’rakalarni me’yorida o‘tkazish haqida»gi fatvosida ta’kidlanishicha, katta-katta xarajatlar evaziga amalga oshiriladigan ma’rakalar o‘rniga, marhumlar ruhini shod etish uchun muhtoj va nochor oilalarga, yetimxona va mehribonlik uylariga yoki obodonchilik ishlariga yordam ko‘rsatish afzaldir.

Xayr-ehsonlar qilish mustahab amal, uni shariat ta’limotlariga muvofiq holda o‘tkazish kerak. Aks holda, savobdan mahrum bo‘linadi. Ammo, oila ahllariga nafaqa farz amallardan hisoblanadi.

Shariatimiz musulmonlarga hargiz og‘irlikni ravo ko‘rmaydi. Qur’oni Karimda:

لَا يُكَلِّفُ اللَّهُ نَفْسًا إِلَّا وُسْعَهَا ۚ

“Alloh taolo hech bir bandaga qo‘lidan kelmaydigan ishlarni buyurmaydi”, deya marhamat qilinadi. (Baqara surasi, 286-oyat). Bu kabi oyatlar musulmonlarning marosim qilishlari uchun aytilgan ilohiy bir qonundir.

Isrofgarchilik, dabdababozlik va shuhratparastlik haqida muborak kitobimiz Qur’oni Karimda aniq-ravshan qilib yana bunday yozib qo‘yilgan:

لَئِن شَكَرْتُمْ لَأَزِيدَنَّكُمْ ۖ وَلَئِن كَفَرْتُمْ إِنَّ عَذَابِي لَشَدِيدٌ

“Agar shukr qilsangizlar, (ato etgan ne’matlarimni yanada) ziyoda qilurman. Bordiyu noshukrlik qilsangizlar, azobim juda qattiqdir”. (Ibrohim surasi,7-oyat)

Yana bir oyati karimada:

وَكُلُوا وَاشْرَبُوا وَلَا تُسْرِفُوا ۚ إِنَّهُ لَا يُحِبُّ الْمُسْرِفِينَ

«Yenglar, ichinglar, lekin isrof qilmanglar! Alloh taolo isrofgarlarni sevmas”, deyilgan (A’rof surasi, 31-oyat).

Bu borada Janobi Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom bir muborak hadislarida shunday marhamat qilganlar:

- عن عمرو بن شعيب، عن أبيه، عن جده، قال: قال رسول الله صلى الله عليه وسلم: (كلوا واشربوا وتصدقوا والبسوا ما لم يخالطه إسراف، أو مخيلة)

“Ey ummatlarim, yenglar, ichinglar, sadaqa-ehson qilinglar, lekin, bu ishlarga isrof va takabburlik aralashmasin”.

Biz o‘zimizni Allohning bandalari va Muhammad alayhissalomning ummatlari deb bilsak, mazkur oyat va hadislarga amal qilgan holda hayotimizda isrofning barcha turiga chek qo‘yishimiz lozim.

Payg‘ambarimiz alayhissalom muborak hadislarida: „Xoh boylikda, xoh faqirlikda, xoh ibodatda bo‘lsin, o‘rtahol bo‘lish qanday ham chiroyli”; “Tadbirkorlik tirikchilikning yarim ilmiga tengdir”, deganlar.

Tadbir – aql-idrok, bilim va tajribaga suyangan holda to‘g‘ri, oqilona ish yuritish demakdir. Inson tadbir ila o‘zi, oilasi va qarindoshlarining, hatto jamiyatining kelgusi hayotiy rejalarini puxta belgilashi mumkin. Iqtisodiy sohada esa tadbir behuda isrofdan saqlanish, sarf-xarajatlarni kamaytirib, tejamkorlik qoidalariga rioya etishdir.

Toʻymurod Sayliyev

Mir Arab oliy madrasasi oʻqituvchisi

. .