TUSTARIYNING AQLGA OID QARASHLARI
Muallif: . .
Sana: 19.10.2026
16

Annotatsiya: Ushbu maqolada Sahl ibn Abdulloh Tustariyning aql va tafakkur borasidagi fikrlari, sog‘lom aql qanday bо‘lishi kerakligi, aqlning tо‘xtash chegarasi haqidagi qarashlari, hamda faylasuf olimlarning aql tо‘g‘risidagi fikrlari ham yoritilgan.

Kalit sо‘zlar:Tustariy, Suqrot, Platon, Gegel, aql, tafakkur, donishmandlik, haqiqat, borliq, his qilish, komillik, ilohiy qudrat.

Aql insoniyat tafakkuri dialektikasida markaziy о‘rinni egallab kelgan. Chunki tafakkur aql yordamida amalga oshiriladi. Aql va tafakkur borasida qadimgi yunon faylasuflaridan tortib, hozirgi davr mutafakkirlarigacha о‘z fikrlarini, nuqtai nazarlarini aytib kelishgan. Aql insoniyat borliqni anglashidagi asosiy mezondir. Antropologiya va gneosologiya ham aqlga tayanadi. Lekin aql hamma haqiqatni ochib berishga tо‘liq qodir emasligini Suqrot quyidagicha ifodalaydi:

“Haqiqatni bilish, haqiqiy bilim hammaga emas, balki ayrim kishilarga, ya’ni, donishmandlar yoki faylasuflargagina nasib etadi. Biroq ular ham bor haqiqatni bilolmaydilar. “Odam, - deydi Suqrot, — hamma narsada oqil, donishmand bо‘lolmaydi, demak, kim nimani bilsa, shu sohada oqil, donishmanddir”.

Suqrotga kо‘ra, inson hamma narsani bilishi va aqli yetishi imkonsizdir, lekin bir sohada mukammal ilm hosil qila oladi.

Kishining oqil, donishmandligi Xudoning donishmandligiga teng emas, kishi ilohiy donishmandlikni tо‘la idrok etishga qodir emas. Umuman, kishining oqilligi ilohiy kuch oqilligi oldida deyarli hech narsadir. [1, 68]

Suqrot ham bandaning donishmandligi Xudoning donishmandligiga teng kela olmasligini e’tirof etmoqda va bandaning aqli Xudoning oqilligi oldida hech narsaligini ta’kidlamoqda.

Aqliy bilish hissiy idrokdan xoli bulib, u aqlning о‘zi uchun amalga oshiriladigan intellektual faoliyat turidir. Ushbu bilish turi Aristotelda “fikrlash haqida fikrlash”, Gegelda “sof fikr”, deb ataladi. Tafakkuriy bilish jarayonida aql, idrok qatnashadi, birok u aqliy bilishdek aql uchun emas, balki hissiy narsalarni, obrazlarni, borliqni anglashdir. U hissiy bilish emas, balki aql yordamidagi man-tiqiy, diskursiv bilishdir.

Bu о‘rinda aqliy bilish bilan tafakkuriy bilishning farqi bayon qilinmoqda, lekin ikkalasida ham aql ishtirok etadi.

Tafakkuriy bilish, Platon talqiniga kо‘ra, aqlu idrok bilan fikrlar о‘rtasida rо‘y beradi. Demak, u aklu idrok ham emas, ular oralig‘ida, aqldan quyida, sezgilardan yuqorida turadi. Ushbu bilishda kishi ma’lum bir aqliy tо‘g‘ri fikrlarga kelsada, ular taxminlar doirasidan chiqolmaydi.[1, 103]

Pluton tafakkuriy bilishni taxmin doirasidan chiqa olmasligini ta’kidlaydi.

Qizig‘i shundaki, aql “ayyorligi” oddiy kishilarni ham, buyuk shaxs larni ham chetlab о‘tmaydi. Shu tarzda Gegel tarixda buyuk shaxslarning roli muammosiga tо‘xtaladi. Uning fikricha, buyuk shaxslar orqali dunyoviy ruh “hozirgi zamon eshigini taqillatadi”. Tarixiy shaxslar va xalq ommasi bu jarayonda muayyan murakkab munosabatlarni boshdan kechiradi. Ijtimoiy taraqqiyot uchun bu munosabatlarda xalq ommasining faoliyati muhim rol о‘ynaydi. [1, 498]

Gegelning fikricha ham aql “ayyor” deb nomlanmoqda va u buyuk shaxslarni ham aldashi mumkinligi keltilgan.

Aql va tafakkur borliqni anglashda asosiy rol о‘ynasa ham, borliqning haqiqatiga yetishga ojizlik qiladi. Shu sababdan bir faylasuf bir fikrni olg‘a sursa, ikkinchisi boshqacha gapni aytadi. Demak, aql rivojlanishda va tafakkur mahsulini taqdim etishda davom etadi. Ammo irfoniy tafakkurda aql о‘zgarmas asoslarga quriladi va shu asoslar atrofida tafakkur qiladi. Chunki ilohiy xabarlarni aql о‘zicha kashf qila olmaydi. Sharq mutasavviflarining fikrlari ilohiy masalalarda kо‘p farq qilmaydi, bunga sabab esa ular Qur’on va hadisga asoslanadi. IX asr mutasavviflaridan biri Sahl ibn Abdulloh Tustariy ham aql masalasida о‘z ta’limotlarini qoldirgan.

Sahl aytdi: “kim о‘z aqlini tanishni xohlasa, (aqli) qiziqqan joyda tо‘xtasin”.

Tustariyga kо‘ra, aqlni qо‘yib yubormay, qiziqishni boshlagan chegarasida tо‘xtatish zarurligi tushuniladi. Chunki aqlning imkoniyati cheklangan va hamma narsani idrok qila olmaydi. Natijada esa adashadi.

Sahl aytdi: “aqllaringiz aralashib ketishidan ehtiyot bо‘ling. Albatta,kimni aqli aralashib (chalkashib) ketsa, siddiqlar maqomidan hech narsaga erisha olmaydi”.

Ilohiy qudratni tafakkur qilishda sog‘lom va о‘tkir aql zarur bо‘ladi, noqis aql bilan ilohiy qudratni anglash mumkin emas. Demak siddiqlar eng komil aqlga ega insonlardir.

Sahl aytdi: “aqlning avvali ilm, о‘rtasi sunnat va oxiri ixlosdir”.

Tustariyga kо‘ra aql ilm, sunnat va ixlos bilan birga bо‘lsagina о‘z mohiyatini namoyish eta oladi, aks holda boshqa о‘zanga kirib ketishi mumkin.

Sahl aytdi: “aql – inson о‘zi kirishayotgan ishning oxiri borasida yaxshi gumonda bо‘lishdir”.

Agar inson bir ishni boshlayotgan bо‘lsa, albatta yaxshi gumonda bо‘ladi, aks holda uni tushkunlik va umidsizlik egallaydi. Yaxshi gumon esa motivatsiya beradi.

Sahl aytdi: “aql ismlarining avvalgisi – ruhdir. Nafsning ming ismi bor va aqlning ham ming ismi bor. Undan: “aql nima?”, deb sо‘radilar. Sahl: “uning oldida barcha narsadan behojat bо‘linadigan narsadir”, dedi.

Tustariy aqlni nomi kо‘p ekanini va ruh ham aql ismlaridan biri ekanini xabar bermoqda. Aql mukammal bо‘lganda insonga tо‘g‘ri yо‘lni kо‘rsatadi va inson boshqa barcha narsadan behojat bо‘ladi.

Sahl aytdi: “ilm va amalni ijobat (qabul) qilish bilan aql ziyoda bо‘ladi. Sahldan: “aql nima?”, deb sо‘radilar. Sahl: “aql bu – ofiyatdir. Bildimki, agar aql bandani Allohning zotiga burmasa, u ertaga Allohning dushmaniga aylanadi”.

Tustariyga kо‘ra, sog‘lom aqlning о‘z trayektoriyasi mavjud bо‘lib, u insonni Alloh tomonga burishi shartdir. Boshqa tomonga burilgan aqllar Allohga dushman bо‘lib qolar ekan.

Sahl aytdi: “aqlning avvali – ilhomdir”.

Tustariy bu о‘rinda aqlning boshlang‘ich bosqichida masalan, yosh bola qorni och qolsa yig‘lashga undashini nazarda tutgan. Yosh bola nima uchun yig‘layotganini idrok qilmasa ham, aql uni yig‘lashga ilhomlantiradi.

Sahl dunyoni oz hisoblayligan, yо‘qsil, qorinlarini tо‘ydirmaydigan mutasavviflarga aytdi: “aqllaringizni asrang, chunki Allohning birorta ham aqli noqis avliyosi yо‘qdir”.

Aqli noqis banda Alloh huzurida turib ilohiy ishoralarni fahmlashga qodir bо‘la olmaydi. Shuning uchun Alloh avliyolarini komil aqlga ega insonlardan tanlab oladi.

Sahl aytdi: “oqil – о‘z gunohini tanib, о‘zgalar gunohi uchun hasrat chekadi. О‘z huzuridagi (mol)dan sahiylik qiladi va boshqalarni molidan tarki dunyo qiladi. О‘zi ozor beraydi, lekin boshqalarni ozorini kо‘taradi. Saxiy – sо‘rashdan oldin (mol) beradigan kishidir, sо‘ragandan keyin qanday qilib bermasin? Uzr sо‘rashdan oldin ma’zur tutadigan kishi uzr sо‘ralgandan keyin qanday qilib gina kudrat saqlasin?”.[2, 154]

Tustariy bu о‘rinda oqil banda faqat о‘zini о‘ylamaydi, balki, doimo boshqalarni g‘amida bо‘lishini, hamda ularga imkoni yetganicha yordam berishini ta’kidlaydi. Chunki, sog‘lom aql shuni taqozo qiladi.

Sahl aytdi: “aqlning о‘rni dimog‘dir. Ilmning о‘rni esa miyadir”. Abdurahmon Saqaliy aytdi: “Tustariy bu yerda о‘xshatish qildi. Manfaatli ilm va о‘tkir aqlning о‘rni qalbdir”. [3, 116]

Tustariyning fikricha dimog‘ va miya aql va ilm о‘rni deyilmoqda. Bu bilan Tustariy tafakkur miya orqali amalga oshirilishini bildirmoqda. Ammo Saqaliy barcha yaxshi sifatlar va shuningdek aql va ilm ham qalbda bо‘ladi, deydi. Ikkala fikrga ham haqiqat bordir.

Aql borasida faylasuf va hikmat egalari о‘z fikrlarini bildirganlar. Lekin, Tustariyning ta’riflari о‘ziga xosdir. Tustariy ta’limotidagi aqlga nazar solinsa, aql birinchi navbatda Allohga yо‘l boshlaydi, barcha ishlarini Alloh rizosi uchun qilishga undaydi. Jamiyat islohi uchun harakat qildiruvchi ham sog‘lom aqldir. Ilm va amalni oshirib boruvchi va Alloh rizosiga yetkazuvchi ham sog‘lom aqldir.

Raximov Xolmurod Majitovich
Mir Arab oliy madrasasi o‘qituvchisi
Buxoro davlat universiteti tayanch doktoranti

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO‘YXATI:

  • 1.Қ. Назаров. Ғарб фалсафаси. – Т.: Шарқ, 2004. 103-б.
  • 2.كوبريلي زاده نعمان باشا. تهذيب كلمات سهل بن عبد الله التستري و كراماته. الاردونية الهاشمية, دار الرياحين 1444ه-2023م. ص. 154
  • 3.سهل بن عبد الله التستري. المعارضة و الرد على اهل الفرق و اهل الدعاوى في الاحوال.تحقيق الدكتور محمد كمال جعفر. القاهرة, دار الانسان. ه1400- م1980. ص 116
. .