TEXNOLOGIYA VA SHAXS
Muallif: . .
Sana: 26.09.2026
10

Bir xonadagi begonalar: Ekran ortidagi hayot va unutilgan muloqot.

Kechki payt ish va oʻqishdan soʻng odatiy bir oʻzbek oilasining mehmonxonasiga razm soling. Hamma bir xonada, bir dasturxon atrofida yigʻilgan. Tashqaridan qaraganda — tinchlik va ahillik. Lekin diqqat bilan qarasangiz, daxshatli bir manzarani koʻrasiz: xonadagilarning hech biri bir-biri bilan gaplashmayapti. Ota kunlik yangiliklar lentasini varaqlaydi, ona qisqa videolarni tomosha qiladi, farzandlar esa qulogʻiga quloqchin (naushnik) taqib, onlayn oʻyinlar olamiga shoʻngʻigan. Ular bir tom ostida va bir xonada yashashadi, ammo aslida mutlaqo begona va uzoq insonlarga aylanib boʻlishgan.

Bugun smartfonlar va ijtimoiy tarmoqlar dunyoning nariroq chekkasidagi insonlar bilan bogʻlanishni osonlashtirgani rost, ammo ular yonimizdagi eng yaqin insonlarni bir-birimizdan uzoqlashtirib qoʻydi. Biz ijtimoiy tarmoqlarda mutlaqo notanish odamlarning rasmlariga "layk" bosamiz, ularning soxta hayotini soatlab kuzatamiz, lekin yonimizda oʻtirgan ota-onamizning, turmush oʻrtogʻimizning yoki jigarimizning dardi va oʻy-xayollari bilan qiziqmaymiz. Farzandning oʻz ota-onasiga aytmoqchi boʻlgan samimiy gaplari va quvonchlari e’tiborsizlik hamda "shoshma, muhim ish qilyapman" degan javoblar sababli ichida qolib ketmoqda.
Ushbu ruhiy uzoqlashuv va jonli muloqotning yoʻqolishi oila degan muqaddas tushunchaning tub ildiziga bolta urmoqda. Qur’oni Karimda oilaviy munosabatlarning asl maqsadi va mohiyati haqida shunday deyiladi: «U sizlar xotirjam boʻlishingiz uchun oʻzingizdan juftlar yaratdi va oʻrtangizda mavaddat (sevgi) va rahmat (mehr) paydo qildi» (Rum surasi, 21-oyat). Xoʻsh, har kim oʻz telefonining sovuq ekraniga koʻmilib oʻtirgan xonadonda oʻsha ilohiy "sakinat", "sevgi" va "mehr" qayerdan paydo boʻladi? Jonli muloqot boʻlmagan joyda tushunmovchilik, e’tiborsizlik va oxir-oqibat ajrimlar kelib chiqishi tabiiy holga aylanib qoladi.

Rasululloh sallallohu alayhi vasallam oila aʼzolari, sahobalar va hatto yosh bolalar bilan suhbatlashganlarida, butun gavdalari bilan ularga burilib qarar, ularning gapini boʻlmay diqqat bilan tinglar va hech qachon suhbatdoshidan birinchi boʻlib yuz burmas edilar. Bu bugungi zamonaviy psixologiyada "toʻliq emotsional diqqat" deb ataladigan va insoniy munosabatlarni mustahkamlaydigan eng oltin qoidadir. Imom al-Gʻazoliy oʻzlarining "Ihyou ulumid-din" asarida ta’kidlaydilarki, yaqinlariga vaqt ajratmaslik, ularning ruhiy ehtiyojlariga va kechinmalariga beparvo boʻlish — qalbdagi bagʻritoshlik hamda kibrning eng aniq belgisidir.
Raqamli qaramlik nafaqat jonli muloqotni yoʻqotmoqda, balki jamiyatda va oʻsib kelayotgan yosh avlodda emotsional sovuqlik va shafqatsizlikni shakllantirmoqda. Haqiqiy tuygʻular, nigohlardagi samimiyat, qoʻl berib koʻrishish va bir ogʻiz dalda beruvchi tasalli oʻrnini quruq emojilar hamda tayyor stikerlar egalladi. Biz jonli suhbat qurishni, bir-birimizni tinglashni va his qilishni unutib qoʻymoqdamiz.


Texnologiyadan va zamonaviy imkoniyatlardan mutlaqo voz kechishning iloji yoʻq va buning hojati ham yoʻq. Lekin uning quliga aylanish ham shart emas. Har kuni kechki payt kamida bir soat telefon va televizorlarni bir chetga surib, ota-ona, farzand yoki turmush oʻrtogʻimiz bilan shunchaki samimiy suhbatlashish, ularning holidan xabar olish — ham sunnatga amal qilish, ham oilaviy baxt va ruhiy xotirjamlikni saqlab qolishning yagona chora-tadbiri hisoblanadi.

Sayfullayeva O‘g‘iloy Abdullo qizi
Mir Arab oliy madrasasi 4-bosqich talabasi

. .