ILMIY MEROSINING UNUTILGAN QIRRALARI
Muallif: . .
Sana: 22.09.2026
16

Islom ilm-fani tarixida hadis ilmining rivojlanishi va uning keyingi avlodlarga yetkazilishida muhaddislarning alohida o‘rni mavjud. Ayniqsa, hijriy III asr hadis ilmining shakllanishi, rivoyatlarni jamlash va tasniflash hamda hadis bilan bog‘liq turli ilmiy yo‘nalishlarning rivoj topishida muhim davrlardan biri hisoblanadi. Ana shu davrda yashab ijod qilgan yirik muhaddis va hofizlardan biri Ibn Abu ad-Dunyo bo‘lib, u o‘zining ko‘p qirrali ilmiy faoliyati hamda axloqiy-tarbiyaviy mazmundagi asarlari bilan islomiy ilmiy merosda muhim o‘rin egallaydi.

Manbalarda uning to‘liq ismi Abdulloh ibn Muhammad ibn Ubayd ibn Sufyon ibn Qays al-Qurashiy, Abu Bakr ibn Abu ad-Dunyo al-Bag‘dodiy sifatida keltiriladi. U Banu Umayya mavlolaridan bo‘lgan va Bag‘dodda tavallud topgan.

Ibn Abu ad-Dunyoning ilmiy merosini o‘rganish, avvalo, uning yashagan ilmiy muhitini, ustozlari va shogirdlari doirasini, hadis ilmidagi mavqeini hamda yaratgan asarlarining mazmuniy yo‘nalishlarini tadqiq etishni talab qiladi. Chunki u faqat hadis rivoyat qiluvchi muhaddis sifatida emas, balki axloq, zuhd, taqvo, qalb tarbiyasi va insoniy fazilatlarni targ‘ib qiluvchi ko‘plab asarlar muallifi sifatida ham tanilgan.

Ibn Abu ad-Dunyoning hayoti va ilmiy muhitda shakllanishi: Ibn Abu ad-Dunyo hijriy 208-yilda Bag‘dod shahrida tug‘ilgan. Uning otasi Muhammad ibn Ubayd hadis ilmi bilimdoni muhaddis bo‘lgan. Shu sababli Ibn Abu ad-Dunyo yoshligidanoq ilmiy muhitda tarbiya topgan. Manbalarda uning hali o‘n yoshga to‘lmasidan hadis hofizlaridan ilm eshita boshlagani va ikki yuzdan ortiq ustozlardan ta’lim olgani qayd etiladi.

Uning Bag‘dodda voyaga yetgani ham ilmiy shakllanishida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan. Chunki o‘sha davrda Bag‘dod islom olamining yirik ilmiy markazlaridan biri bo‘lib, turli hududlardan ko‘plab olimlar bu shaharga tashrif buyurganlar. Ibn Abu ad-Dunyo esa umrining asosiy qismini shu shaharda o‘tkazgan va uni kam sonli safarlar bilangina tark etgan.

Ibn Abu ad-Dunyo ilmiy faoliyat bilan bir qatorda ta’lim-tarbiya ishlari bilan ham shug‘ullangan. U xalifalarning ayrim farzandlariga muallimlik qilgani manbalarda qayd etiladi.

Bu holat Ibn Abu ad-Dunyoning nafaqat ilmiy, balki tarbiyaviy faoliyatga ham katta e’tibor berganini ko‘rsatadi. Uning axloq, zuhd va qalbni yumshatuvchi amallarga bag‘ishlangan asarlari ham aynan shu tarbiyaviy yo‘nalish bilan chambarchas bog‘liqdir.

Ibn Abu ad-Dunyoning ilmiy va adabiy salohiyati: Ibn Abu ad-Dunyoning ilmiy faoliyatida hadis ilmi bilan bir qatorda va’z, nasihat va adabiy-badiiy ifoda mahorati ham muhim o‘rin tutgan. Az-Zirikliy uning inson tabiati va nutq uslublarini yaxshi bilgan orif voizlardan biri bo‘lganini qayd etadi.

Ibn Abu ad-Dunyoning va’z va nasihatdagi mahoratini uning xalifalar huzuridagi faoliyati haqidagi rivoyatlar ham ko‘rsatadi. U turli tarixiy xabarlar va va’zlarni o‘qib, tinglovchilarga kuchli ruhiy ta’sir ko‘rsatgan. Shu bilan birga, o‘rinli latifalar va hikoyalar orqali suhbat muhitini jonlantira olgan.

Ustozlari va ilmiy shakllanishi: Ibn Abu ad-Dunyo ko‘plab mashhur muhaddis va olimlardan ta’lim olgan. Manbalarda uning ustozlari orasida otasi Muhammad ibn Ubayd, Muhammad ibn al-Husayn al-Burjuloniy, Ahmad ibn Hanbal, Abu Ubayd al-Qosim ibn Sallom, Said ibn Sulaymon, Ibn Sa’d, Ali ibn al-Ja’d, Abu Xaysama Zuhayr ibn Harb, Ahmad ibn Ibrohim ad-Davroqiy, Qutayba ibn Sa’id, Ibn Abu Shayba va boshqa ko‘plab muhaddislar zikr qilinadi. Ikkinchi manbada esa uning ilm olgan mashhur allomalari qatorida Said ibn Sulaymon, Ali ibn al-Ja’d, Is’hoq ibn Rohavayh, al-Qosim ibn Sallom, Ibn Sa’d, al-Buxoriy, Abu Dovud, Abu Hotim ar-Roziy va boshqa olimlar ham sanab o‘tiladi. Ushbu ma’lumotlar Ibn Abu ad-Dunyoning ilmiy shakllanishi keng va rang-barang ilmiy muhitda kechganini ko‘rsatadi. Ayniqsa, hadis ilmining yirik namoyandalari bilan ilmiy aloqada bo‘lish uning keyingi faoliyatiga katta ta’sir ko‘rsatgan.

Shogirdlari va ilmiy ta’sir doirasi: Ibn Abu ad-Dunyo o‘z navbatida ko‘plab olimlarga ustozlik qilgan. Uning shogirdlari orasida keyinchalik ilm-fanning turli sohalarida mashhur bo‘lgan kishilar mavjud. Jumladan, Abu Ali al-Husayn ibn Safvon, Qosim ibn Asbag‘, Abdurahmon ibn Abu Hotim, Ahmad ibn Salmon an-Najjod va boshqa olimlar undan ilm olganlar.

Qiziqarli jihatlardan biri shundaki, uning ayrim ustozlari keyinchalik undan ham ta’lim olgan. Xususan, al-Horis ibn Abu Usoma Ibn Abu ad-Dunyoning ustozlaridan bo‘lgan bo‘lsa-da, keyinchalik undan rivoyat qilgan va ta’lim olgan shaxs sifatida ko‘rsatiladi. Ba’zi manbalarda Ibn Moja, Ibn Abu Hotim, Abu Bakr ash-Shofe’iy, Abu Ali ibn Xuzayma va boshqa olimlarning ham undan ta’lim olgani qayd etilgan.

Demak, Ibn Abu ad-Dunyoning ilmiy faoliyatini faqat uning o‘z asarlari bilan cheklab bo‘lmaydi. Uning ilmiy ta’siri shogirdlari orqali keyingi avlodlarga ham yetib borgan.

Ulamolarning Ibn Abu ad-Dunyo ilmiy maqomiga bergan baholari: Ibn Abu ad-Dunyoning ilmiy mavqei uning zamondoshlari va undan keyingi avlod olimlari tomonidan yuqori baholangan. Abu Hotim undan so‘ralganda, uni Bag‘dodlik, rostgo‘y va ishonchli roviy sifatida ta’riflagan. Hofiz Solih ham uni sodiqlik bilan tavsiflagan.

Ibn Abu ad-Dunyoning vafoti xabari Ismoil al-Qoziyga yetganda, u bilan birga juda ko‘p ilm ketganini ta’kidlagan. Xatib al-Bag‘dodiy esa uni zuhd va raqoiq masalalarida ko‘plab asarlar tasnif qilgan olim sifatida tavsiflaydi. Ibn an-Nadim esa uning taqvodor, zohid va rivoyatlar ilmini chuqur bilgan olim bo‘lganini qayd etadi.

Ibn Hajar al-Asqaloniy ham uni ishonchli hofiz va ko‘plab asarlar muallifi sifatida e’tirof etgan.

Shunday qilib, turli davrlarda yashagan olimlarning baholari Ibn Abu ad-Dunyoning hadis ilmidagi ishonchliligi bilan bir qatorda uning axloqiy-tarbiyaviy mavzularni tadqiq etishdagi salohiyatini ham tasdiqlaydi.

Ibn Abu ad-Dunyoning asarlari va ilmiy merosi: Ibn Abu ad-Dunyoning ilmiy merosining eng muhim jihatlaridan biri uning nihoyatda ko‘p asarlar yaratganidir. Manbalarda uning asarlari soni yuzdan ortiq ekani, ayrim ma’lumotlarda esa uch yuzga yaqin asar yozgani qayd etiladi.

Az-Zahabiy “Siyar a’lom an-nubalo” asarida uning 164 ta asarini alifbo tartibida sanab o‘tgan. Ibn an-Nadimning “Al-Fihrist” asarida ham uning asarlarining ma’lum qismi keltirilgan.

Uning asarlari mavzu jihatidan ham keng qamrovli bo‘lgan. Ayniqsa, zuhd, axloq, taqvo, raqoiq, qalb tarbiyasi va insonning ma’naviy kamolotiga oid masalalar uning ijodida muhim o‘rin egallagan.

Bu holat Ibn Abu ad-Dunyo ilmiy merosining katta qismi hali to‘liq tadqiq etilmaganini ko‘rsatadi. Ayniqsa, qo‘lyozma asarlarning ilmiy muomalaga kiritilishi uning ilmiy qarashlarini yanada chuqurroq o‘rganish imkonini beradi.

Ibn Abu ad-Dunyoning ilmiy merosining ahamiyati: Uning va’z va nasihatdagi mahorati esa ilmiy bilimni inson ruhiyatiga ta’sir qiluvchi uslubda yetkazish qobiliyatini namoyon etadi.

Ibn Abu ad-Dunyoning asarlari sonining ko‘pligi uning o‘z davridagi ilmiy ehtiyojlarni chuqur anglaganidan dalolat beradi. Ayniqsa, uning axloq va zuhdga oid asarlari islomiy tarbiya tarixini o‘rganishda muhim manba bo‘lib xizmat qiladi.

Xulosa o’rnida shuni aytish mumkinki, Ibn Abu ad-Dunyo hijriy III asr islom ilm-fani tarixida muhim o‘rin tutgan muhaddis va hofizlardan biridir. U hijriy 208-yilda Bag‘dodda ilmiy muhitda tavallud topib, yoshligidan hadis ilmini egallagan va ko‘plab mashhur olimlardan ta’lim olgan. Uning ilmiy shakllanishida Bag‘dodning o‘sha davrdagi yirik ilmiy markaz sifatidagi mavqei muhim omil bo‘lgan.

Ibn Abu ad-Dunyoning ilmiy faoliyati hadis ilmi bilan cheklanib qolmagan. U axloq, zuhd, taqvo, raqoiq va ma’naviy tarbiya masalalariga oid ko‘plab asarlar yaratgan. Shu jihatdan uning ilmiy merosi hadis ilmi bilan bir qatorda islom axloqi va tarbiya tarixini o‘rganish uchun ham muhim ahamiyatga ega.

Uning ilmiy maqomi ko‘plab yirik olimlar tomonidan yuqori baholangan. Ayniqsa, Abu Hotim, az-Zahabiy, Ibn Kasir, Ibn Hajar va boshqa olimlarning bergan baholari Ibn Abu ad-Dunyoning ilmiy va axloqiy mavqeini yoritishda muhim dalil hisoblanadi.

Ibn Abu ad-Dunyoning asarlari soni yuzdan ortiq bo‘lib, ayrim manbalarda uch yuzga yaqin asar unga nisbat beriladi. Az-Zahabiy tomonidan 164 ta asarining qayd etilgani uning ilmiy merosi naqadar keng bo‘lganini ko‘rsatadi. Shu bilan birga, asarlarining katta qismi qo‘lyozma holida saqlanayotgani uning merosini ilmiy jihatdan yanada chuqur tadqiq etish zarurligini ko‘rsatadi.

Umuman olganda, Ibn Abu ad-Dunyo merosi hadis ilmi, axloq, ma’naviy tarbiya va islomiy adabiyot tarixini o‘rganishda katta ilmiy qiymatga ega. Uning asarlarini qo‘lyozma manbalar asosida tadqiq qilish, nashr etilmagan asarlarini ilmiy muomalaga kiritish hamda uning hadis rivoyatlari va axloqiy qarashlarini alohida tadqiqotlar doirasida o‘rganish istiqbolli ilmiy yo‘nalishlardan biridir.

Abdulhodiy Abdurahmonov
Mir Arab oliy madrasasi
o‘qituvchisi

. .