ILM YO‘LIDA TOBLANGAN UMRLAR
Muallif: . .
Sana: 10.09.2026
130

Insonga tafakkur ne’matini ato etgan, bilmaganini o‘rgatgan, ilm bilan qalblarni yoritib, bandalariga hidoyat yo‘lini ochgan Alloh taologa hamdu sanolar bo‘lsin. Ummatiga ilm va hikmat ta’limini bergan, insonlarni ezgulikka yetaklagan Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamga, u zotning ahli baytlari, sahobalari hamda ilm va amal yo‘lini tutgan izdoshlariga salavotu salomlar bo‘lsin.

Qo‘limizga kitob olib, uning bir sahifasini ochamiz. Satrlar ravon, masalalar tartibli, rivoyatlar o‘z o‘rnida. Bizga kerakli ma’lumot shu qadar tayyor holda taqdim etilganki, ba’zan uning ortidagi mehnatni tasavvur qilishga ham ehtiyoj sezmaymiz. Holbuki, qog‘oz yuzidagi shu osoyishta satrlar uzoq izlanishlarning hosilasidir. Ularning ortida tug‘ilgan yurtidan olisga ketgan talabgor, ustoz eshigiga yetishni orzu qilgan musofir, birgina xabarning to‘g‘riligini aniqlash uchun safarini davom ettirgan olimning hayoti turadi. Biz bir necha daqiqada o‘qib chiqadigan rivoyatni ishonchli ravishda naql qilish uchun kimdir umrining qimmatli kunlarini sarflagan. Bugun bir sahifada yonma-yon turgan ikki ism orasidagi bog‘liqlikni aniqlash maqsadida bir zamonlar shaharlar oralangan. Bizga tanish bir ilmiy xulosa ortida esa javobi kechikkan savollar, qayta tekshirilgan ma’lumotlar, sabr bilan davom ettirilgan mehnat bo‘lishi mumkin. Kitobga ana shu nigoh bilan qaragan inson uning sahifalarida avlodlarning bir-biriga topshirgan omonatini ham ko‘ra boshlaydi. Ilmga bag‘ishlangan umrning barakasi shundaki, uning foydasi egasining hayotidan ham uzoqqa yetib boradi. Ilm inson hayotiga kirgan sari uning dunyoga qarashi teranlashadi. U o‘z so‘zining mas’uliyatini, qilayotgan ishining oqibatini, zimmasidagi vazifaning qadrini yaxshiroq anglaydi. Bilmaganini bilishga intilish uni izlanishga undasa, o‘rganganining haqqini ado etish istagi amal sari yetaklaydi. Shu ma’noda ilm tahsili insonning o‘zini ham tarbiyalaydigan uzoq yo‘ldir. Bu yo‘lda fahm charxlanadi, sabr toblanadi, niyat qayta-qayta sinovdan o‘tadi. Chunki ilmga qiziqish uyg‘onishi bilan uni puxta egallash orasida katta mehnat bor. Birinchi darsning zavqi kishiga kuch beradi. Keyin esa tushunilishi qiyin iboralar, xotirada turmayotgan ma’lumotlar, javobi darrov topilmaydigan savollar uchraydi. Bir mavzuni qayta o‘qish, bilganini takrorlash, tushunmaganini so‘rash zarur bo‘ladi. Ana shunday paytda qalbdagi ishtiyoqning nechog‘li mustahkamligi bilinadi. Maqsadining qadrini anglagan kishi ozgina ilgarilashning ham ahamiyatini biladi va mehnatini davom ettiradi. Ilm yo‘lida nafs ham tarbiya topadi. Bilmaganini tan olish uchun tavoze, boshqaning to‘g‘ri so‘zini qabul qilish uchun xolislik, o‘z xatosidan qaytish uchun jur’at kerak. Ba’zan bir masalani tushunishdagi qiyinchilikdan ko‘ra, uni tushunmaganini e’tirof etish insonga og‘irroq keladi. Ustoz oldida odob bilan savol berish, javobni diqqat bilan tinglash, dalil ravshan bo‘lgach unga bo‘ysunish ilm talabgorining ichki kamolotiga xizmat qiladi. Shunda o‘qilgan kitobning ta’siri uning fe’l-atvorida ham sezila boshlaydi. Salafi solihlarning hayotiga nazar tashlasak, ilmga bo‘lgan ana shunday chuqur munosabatni ko‘ramiz. Ular orasida ko‘plab ustozlardan ta’lim olgan, bir rivoyat sabab uzoq safarga chiqqan, eshitganini tekshirish uchun yana yo‘lga tushgan zotlar bor edi. Qalblaridagi ilmga muhabbat ularni harakatga keltirar, dinning omonatini kelajak avlodlarga to‘g‘ri yetkazish mas’uliyati esa izlanishlarida talabchan bo‘lishga undardi. Ularning ilmga sarflagan umrlari bugun ham bizni o‘ylantiradi: biz o‘zimizga yetib kelgan shu merosning qadriga qay darajada yetyapmiz? Bu savolga javob izlash uchun o‘tmishdagi ayrim hayot yo‘llariga yaqinroq nazar tashlash foydalidir. Ularda ilmning ulug‘ligi bilan birga, unga intilgan insonning sabri, muhabbati va mas’uliyati ham namoyon bo‘ladi. Birgina hadis ortidan davom etgan safar ham, ustozdan bir og‘iz ilm eshitishga bo‘lgan kuchli intilish ham qalbimizdagi ilmga munosabatni yangilashi mumkin. Buning uchun voqeani o‘qib hayratlanish bilan birga, uni o‘z hayotimizga tatbiq etib mulohaza qilishimiz lozim.

Xatib Bag‘dodiy «Al-Kifoya fi ilm ar-rivoya» asarida keltirgan Imom Sho’ba ibn Hajjoj haqidagi voqea shu omonatning naqadar katta mas’uliyat bilan ko‘tarilganini ko‘rsatadi. Bu safarning sababi birgina hadisning rivoyat yo‘lini tekshirish, sanadida yashirin qolgan nuqsonni aniqlash edi.

Hikoya qilinishicha, bir jamoa Imom Sho’baning eshigi oldida o‘tirib, ilmiy muzokara qilardi. Suhbat asnosida ulardan biri Isroildan, u Abu Ishoqdan, u Abdulloh ibn Atodan, u esa Uqba ibn Omir roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisni aytib qoldi. Unda Uqba ibn Omir shunday hikoya qilgan edilar:

«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam davrlarida tuyalarni navbat bilan boqardik. Bir kuni kelganimda, Nabiy sollallohu alayhi vasallam sahobalari qurshovida o‘tirgan ekanlar. U zotning bunday deganlarini eshitdim: “Kim tahorat olib, tahoratini chiroyli ado etsa, so‘ng masjidga kirib ikki rak’at namoz o‘qisa va Allohdan mag‘firat so‘rasa, Alloh uni mag‘firat qiladi”.

Shunda men: “Naqadar yaxshi! Naqadar yaxshi!” – dedim. Shu payt orqamdan bir kishi meni tortdi. O‘girilib qarasam, Umar ibn Xattob ekanlar.

-Bundan oldin aytganlari yanada yaxshiroq edi! – dedilar u kishi.

-Oldin nima degan edilar? – deb so‘radim.

-“Kim Allohdan o‘zga iloh yo‘qligiga va Muhammad Allohning rasuli ekaniga guvohlik bersa, unga: ‘Jannatning istagan eshigidan kir’, deyiladi”, – degan edilar».

Bu rivoyat Imom Sho’baning ham quloqlariga chalindi. U zot tashqariga chiqib, rivoyatning aniqligiga yetarli e’tibor berilmaganidan norozi bo‘ldilar. Chunki eshik oldida aytilayotgan shu sanad ortida u zotning anchagina mehnati, shaharma-shahar davom etgan izlanishi bor edi. Sho’ba bu hadisni avval Abu Ishoqning o‘zidan eshitganlarini aytdilar. O‘shanda hadisning kimdan olinganini surishtirganlarida, Abu Ishoq:

-Menga Abdulloh ibn Ato Uqbadan rivoyat qilib berdi, – degan edi.

Ammo bu javobdan keyin ham aniqlanishi kerak bo‘lgan bir jihat qolardi:

-Abdulloh ibn Ato Uqbaning o‘zidan eshitganmi?

Sho’ba bu savolni qayta-qayta berib, aniq javob olishni istardilar. Sanad – hadisni bir-biridan naql qilgan roviylar silsilasi. Undagi ismlar o‘rtasida rivoyatning qanday o‘tgani aniqlanmasa, zohiran tutash ko‘ringan silsila orasida tilga olinmagan kishilar qolib ketishi mumkin. Shu bois muhaddis uchun hadisning kimdan va qanday eshitilgani jiddiy masala edi. Aniq javobga erisha olmagan Sho’ba Abdulloh ibn Atoning Makkada ekanini bildi va yo‘lga otlandi. O’sha vaqtlar haj mavsumi edi. Biroq u zotni aynan shu safarga undagan maqsad hadisni tekshirish edi. Ko‘nglidagi savolning javobini topish uchun uning roviyi bilan yuzma-yuz uchrashish lozim edi. Makkada Abdulloh ibn Atoni topib, hadisni kimdan eshitganini so‘radi.

-Uni menga Sa’d ibn Ibrohim aytib bergan, – dedi u.

Shu tariqa sanadning avval aytilmagan bir bo‘g‘ini ochildi: Abdulloh ibn Ato bu hadisni Uqba ibn Omirning o‘zidan eshitmagan ekan. Endi Sa’d ibn Ibrohim bilan uchrashish kerak edi. Ammo u o‘sha yili hajga kelmagan, Madinada qolgan ekan. Sho’ba yana yo‘lga tushdi. Makkadan Madinaga borib, Sa’d ibn Ibrohimni topdi va o‘sha hadis haqida so‘radi. Uning javobi izlanishni yana boshqa manzilga burdi:

-Bu hadis sizlar tomondan kelgan. Uni menga Ziyod ibn Mixroq aytib bergan.

Ziyod Basrada yashardi. Bir savol ortidan boshlangan safar endi Sho’bani yana Basraga yetaklardi. Rivoyatning yo‘li uzaygan, avvalgi sanad ortidan yana boshqa roviylar chiqib kelgan edi. Ishni oxirigacha tekshirish zarurati yanada kuchaydi. Basraga qaytib, Ziyod ibn Mixroqni topdi. Undan hadisni surishtirganida, u avval bu rivoyat Sho’ba talab qiladigan darajadagi hadislardan emasligini aytdi. Biroq Sho’ba uning rivoyat yo‘lini to‘liq bilishni istadi. Shunda Ziyod hadisni Shahr ibn Havshabdan, u Abu Rayhonadan, u esa Uqba ibn Omirdan rivoyat qilganini bildirdi. Shahr nomi tilga olingach, Sho’ba o‘zlari tekshirayotgan sanadni ishonchli deb qabul qila olmasligini angladi. Uzoq izlanishdan keyin rivoyat yo‘lidagi nuqson ayon bo‘lgan edi. Shunda u zot qalbidagi orzuni ifodalab, bunday dedi:

«Agar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan shunday bir hadis men uchun sahih bo‘lib sobit bo‘lganida edi, bu menga ahli oilamdan ham, mol-dunyoyimdan ham, barcha odamlardan ham suyukliroq bo‘lar edi!»

Bu o‘rinda bir ilmiy farqni saqlash lozim: Sho’baning tekshiruvi aynan shu rivoyat yo‘liga taalluqli edi. Tahoratni chiroyli ado etish, ikki rak’at namoz va tahoratdan so‘ng shahodat kalimasini aytish fazilati haqidagi rivoyat boshqa sanad va lafzlar bilan «Sahih Muslim»da ham kelgan. Bir sanadning zaifligi shu mavzudagi barcha rivoyatlarga bir xil hukm berishni anglatmaydi. «Sahih Muslim», 234-hadis. Bu voqeani o‘qiganda, avvalo, ilmga muhabbatning amaliy ko‘rinishi ko‘z oldimizga keladi. Sho’ba hadisning ulug‘ fazilatlarni va’da qilayotgan ma’nosidan ta’sirlangan. Uni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan ishonchli ravishda sobit deb bilishni chin dildan istagan. Ana shu istak u zotni rivoyatning har bir bo‘g‘inini surishtirishga undagan. Payg‘ambarimizga bo‘lgan muhabbat u zotning nomlaridan aytilayotgan so‘zga nihoyatda ehtiyotkor munosabatda bo‘lish mas’uliyati bilan uyg‘unlashgan. Sho’baning bir savolga qayta-qayta javob izlashlari ham alohida ibratdir. Tashqaridan qaraganda, «Abdulloh ibn Ato Uqbaning o‘zidan eshitganmi?» degan savol kichik bir tafsilotga o‘xshashi mumkin. Ammo muhaddis uning ortida rivoyatning ishonchliligiga ta’sir etadigan masala turganini bilardi. Ilmiy aniqlik ko‘pincha ana shunday e’tibordan boshlanadi. Bir ism, bir ibora, bir nisbat ustida loqaydlik qilish keyingi xulosalarga ham ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Shu sababli ilm ahlining sinchkovligi butun bir merosni asrashga xizmat qiladi. Safarning davom etishida sabrning yana bir ko‘rinishi namoyon bo‘ladi. Makkada olingan javob izlanishni Madinaga, Madinadagi javob esa Basraga yo‘naltirdi. Har bir uchrashuv yangi vazifani yuzaga chiqardi. Bu hol ilm yo‘lining tabiatini anglatadi: ba’zan bir savolning javobi boshqa savolni tug‘diradi, bir masalani aniqlash uchun avval yana bir jihatni o‘rganishga to‘g‘ri keladi. Bunday paytda shoshqaloqlikni yengib, izlanishni davom ettira olish bilimning puxtaligini ta’minlaydi. Voqeaning eng teran sabog‘i esa safar yakunida ochiladi. Sho’ba orzu qilgan natijalariga erishmadi: tekshirilayotgan sanadni ishonchli deb qabul qilishga monelik qiladigan jihat ayon bo‘ldi. U zot bu haqiqatni tan oldi. Sarflangan vaqt, bosib o‘tilgan masofalar, qalbdagi kuchli istak ilmiy hukmni o‘zgartirishga sabab bo‘lmadi. Dalilga ko‘ra avvalgi fikridan qaytishga tayyor turish insonning xolisligini ko‘rsatadi. Sho’baning ilmiy matonati ana shu nuqtada yanada yaqqol namoyon bo‘ladi. Odatda, uzoq mehnat qilgan kishi ko‘zlagan natijasiga erishishni istaydi. Ba’zan sarflagan kuchimiz sababli o‘z fikrimizga yanada qattiq bog‘lanib qolamiz. Sho’baning hayoti esa ilm talabgorini o‘z mehnatining natijasiga ham halol qarashga o‘rgatadi. Izlanish davomida xato aniqlansa, uni tan olishning o‘zi katta yutuqdir. Ishonchsiz nisbatning to‘xtatilishi, tushib qolgan roviylarning aniqlanishi, noto‘g‘ri xulosaning tuzatilishi bilan boshqalarning bilimiga ham aniqlik kiradi. Bunday mehnatning samarasi keyingi avlodlarga yetib boradi. Demak, bu safarning qadrini to‘plangan yangi rivoyatlar soni bilangina o‘lchab bo‘lmaydi. Unda ilmiy omonatdorlikning yorqin namunasi bor. O‘quvchi kitobdagi bir xabarni ishonch bilan o‘qishi uchun olim uning yo‘lini sinchiklab tekshirgan. Bugun biz tayyor holda foydalanayotgan merosga hurmatimiz ana shu xizmatni anglashdan ham oziqlanadi. Bir sahifani diqqat bilan o‘qishimiz, bir dalilni o‘z o‘rnida tushunishimiz, bir xulosani ehtiyotkorlik bilan bayon etishimiz o‘sha mehnatlarga munosib javob bo‘lishi mumkin. Sho’baning so‘nggi so‘zlarida ilmning qalbdagi bahosi ham seziladi. U zot bir hadisning ishonchli ravishda sobit bo‘lishini nihoyatda ulug‘ ne’mat deb bilgan. Qalbida ilmning qadri yuksak bo‘lgan inson uning yo‘lidagi mehnatga ham boshqacha qaraydi. Tushunilgan masala, aniqlangan haqiqat, ustozdan olingan puxta javob unga davom etish uchun kuch beradi. Ilmga muhabbat kundalik mashg‘ulotga ana shunday ichki ma’no bag‘ishlaydi. Bu voqea har bir ilm talabgoriga o‘z niyatini tekshirish uchun ham imkon beradi. Biz o‘rganayotganimizda haqiqatni bilishni qanchalik istaymiz? O‘zimizga ma’qul kelgan fikrni tekshirishga ham vaqt ajratamizmi? Javobi noaniq masalada xulosa qilishni kechiktira olamizmi? Bu savollar ustida o‘ylash ilm tahsilini chuqurlashtiradi. Sho’baning uzoq safari shu tariqa bugungi darsxonaga, qo‘limizdagi kitobga va qilayotgan izlanishimizga bevosita daxldor bo‘lib qoladi.

Ilmga kuchli ishtiyoq Baqiy ibn Maxlad Andalusiy haqida naql qilingan mashhur hikoyada ham tasvirlanadi. Imom Zahabiy ushbu rivoyatni «Siyar a’lam an-nubalo»da keltirgan. Hikoyada uzoq Andalusdan ilm izlab chiqqan Baqiyning Imom Ahmad ibn Hanbal bilan uchrashishga intilishi tasvirlanadi. Uning safar yo‘li Makkadan Bag‘dodga ulanadi. Bu masofani piyoda bosib borar ekan, ko‘zlagan maqsadi buyuk muhaddis huzuriga yetish, u zotdan hadis eshitish edi. Bag‘dodga yaqinlashganida esa og‘ir xabarni eshitdi: Imom Ahmad ta’qib va sinovga duchor etilgan, odamlarning u zot huzurlariga to‘planishi va hadis tinglashi taqiqlangan ekan. Baqiy bundan qattiq qayg‘urdi. Uzoq yo‘lning oxirida orzu qilgan ilm majlisiga kirish imkoni bo‘lmay qolayotgandi. Shunday bo‘lsa-da, u Imom Ahmadning uylarini surishtirdi. Manzilni ko‘rsatishdi. Borib, eshikni taqillatdi. Imom chiqib, qarshilarida o‘zlariga notanish musofirni ko‘rdilar.

-Ey Abu Abdulloh! Men uzoq yurtdan kelgan musofirman. Bu shaharga birinchi bor kelishim. Hadis talabgoriman, sunnatni yozib to‘plovchiman. Safarimdan maqsad faqat sizning huzuringizga kelish edi, - dedi Baqiy.

Imom unga:

-Ichkariga olib kiradigan yo‘lakka kir, seni hech kim ko‘rib qolmasin, - dedilar.

U ichkariga kirdi. Imom so‘radilar:

-Qayerdansan?

-Uzoq Mag‘ribdan.

-Ifriqiyadanmi?

-Undan ham uzoqroqdan. Men yurtimdan Ifriqiyaga kelish uchun dengizdan o‘taman. Yurtim – Andalus.

Shunda Imom Ahmad:

-Yaqin yerdan kelmabsan. Senga o‘xshagan kishiga yaxshilab yordam berishdan ko‘ra menga suyukliroq narsa yo‘q edi. Biroq hozir, o‘zing eshitgan bo‘lsang kerak, bir sinovga duchor bo‘lib turibman, - dedilar.

-Ha, bu haqda yurtingizga yaqinlashib, siz tomon kelayotganimda eshitdim, - dedi Baqiy.

So‘ng o‘zining taklifini aytdi:

-Ey Abu Abdulloh! Bu yerga birinchi marta kelishim. Sizlarning orangizda meni hech kim tanimaydi. Agar izn bersangiz, har kuni tilanchilar qiyofasida kelib, eshigingiz oldida ular aytadigan so‘zlarni aytsam. Siz esa mana shu joyga chiqsangiz. Har kuni bittagina hadis aytib bersangiz ham, men uchun kifoya qiladi.

Imom uning taklifiga shart bilan rozi bo‘ldilar:

-Mayli. Faqat odamlar orasida ham, muhaddislarning majlislarida ham ko‘rinmaslik sharti bilan.

-Shartingizga roziman, - dedi Baqiy.

Shundan so‘ng hikoyada ilm talabgorining g‘ayrioddiy kunlari tasvirlanadi. Qo‘lida hassa, boshida kir latta, yengida yashirilgan qog‘oz va siyohdon bilan Imom Ahmadning eshiklariga kelardi. So‘ng o‘sha yerdagi tilanchilar aytadigan so‘zlarni ovoz chiqarib takrorlardi:

-Savob umidida ehson qiling, Alloh sizlarga rahmat qilsin!

Imom oldiga chiqib, uy eshigini yopar va unga ikki, uch yoki undan ham ko‘proq hadis aytib berardilar. Shu tariqa, hikoyada naql qilinishicha, Baqiy uch yuzga yaqin hadis to‘plagan. Keyinchalik esa ustoz huzuridagi tahsilini davom ettirgan. Hikoyaning eng ta’sirchan nuqtasi Baqiyning «Har kuni bittagina hadis aytib bersangiz ham, men uchun kifoya qiladi», degan iltijosida jamlangan. Bu so‘zlarda uzoqdan kelgan talabgorning ilmga tashnaligi seziladi. Ustoz huzurida eshitiladigan bir hadis uning nazarida katta boylik edi. Ilmning qadrini anglagan qalb uchun ozgina foyda ham aziz bo‘ladi. Ana shunday inson bir darsdan tushungan masalasini, bir suhbatda o‘rgangan odobini, bir savolga olgan javobini e’tiborsiz qoldirmaydi. Bir hadisga ko‘rsatilgan bu e’tibor bizni tahsilning davomiyligi haqida o‘ylantiradi. Kundalik mehnatning samarasi har doim darrov ko‘zga tashlanavermaydi. Bugun o‘qilgan sahifa, ertaga anglangan qoida, undan keyin ustoz yordamida yechilgan masala vaqt o‘tishi bilan bir-biriga ulanadi. Talabaning tasavvuri kengayadi, tushunchalari mustahkamlanadi, savollari ham teranlashadi. Oz-ozdan egallangan bilimga jiddiy munosabat katta ilmning shakllanishiga zamin yaratadi. Bunda o‘rganilgan narsani puxta anglash va takrorlash ham zarur. Hikoyadagi to‘siqning qayerda paydo bo‘lganiga ham e’tibor beraylik. Baqiy ustoz istiqomat qiladigan shaharga deyarli yetib kelganida og‘ir xabarni eshitadi. Uzoq yo‘l ortda qolgan, kutilgan uchrashuv esa yana mushkullashgan edi. Bu tasvir insonning sabri ba’zan maqsadga yaqinlashgan chog‘ida ham sinalishini eslatadi. Boshlangan ishni davom ettirish uchun ilk ishtiyoq bilan birga, vaziyat o‘zgarganda mulohaza qilish, maslahat olish va mumkin bo‘lgan yo‘lni izlash qobiliyati ham kerak bo‘ladi. Baqiy haqidagi bayonda ana shunday faol sabr tasvirlangan. U og‘ir xabarni eshitgach, ustoz bilan uchrashishga intiladi, holatini tushuntiradi va bir taklif bildiradi. Imomning javobini tinglab, qo‘yilgan shartga rozilik beradi. Bu yerda talabaning azmi odob bilan uyg‘unlashadi. U o‘z istagini ustozining ahvoli bilan birga hisobga oladi. Tahsilda bunday mulohazakorlik katta ahamiyatga ega: ilmga ishtiyoq kuchli bo‘lgani sari ustozga hurmat, vaqtga e’tibor va vaziyatni anglash ham kuchayishi lozim. Qo‘ldagi hassa, boshdagi latta, yengga yashirilgan qog‘oz va siyohdon tasviri ham o‘quvchini o‘ylantiradi. Hikoyaning shu manzarasida ilmga intilgan insonning maqsadiga sodiqligi ifodalanadi. Tashqi ko‘rinish ortida yozib olishga tayyor qog‘oz, eshitishga mushtoq qalb bor. Ilm yo‘lidagi tavoze haqida mulohaza qilganimizda, bugungi o‘zimizga ham savol tug‘iladi: tushunmagan narsamizni so‘rashga, bilimimizdagi bo‘shliqni tan olishga, yana o‘quvchi bo‘lib o‘tirishga qanchalik tayyormiz? Tavozening kundalik hayotimizdagi ko‘rinishlari shulardir. Ustozning munosabati esa bu hikoyaga alohida iliqlik bag‘ishlaydi. O‘zi og‘ir sinov ichida turgan olim uzoqdan kelgan musofirning ilmga tashnaligini qadrlaydi. Talabaga yordam berish istagini bildiradi va unga ilm yetkazishga imkon izlaydi. Bu tasvir muallimlikning insoniy mas’uliyatini eslatadi. Ustoz talabaning savoli ortidagi ehtiyojni, ba’zan tortinchoqligi ortidagi ishtiyoqni ko‘ra olsa, uning ilmga bo‘lgan umidini mustahkamlaydi. Sabr bilan berilgan bir izoh shogirdning keyingi izlanishlariga ham kuch bag‘ishlashi mumkin.

Shogirdning vazifasi ham shu o‘rinda ravshanlashadi. Ustoz ajratgan vaqtning qadriga yetish, eshitganini diqqat bilan yozib olish, qayta o‘rganish va berilgan imkoniyatga mas’uliyat bilan munosabatda bo‘lish tahsil odobidandir. Ilmiy suhbatning barakasi har ikki tomonning mehnati bilan yuzaga chiqadi. Ustoz tushuntirishga, shogird tushunishga intiladi; ustoz yo‘l ko‘rsatadi, shogird shu yo‘lda muntazam harakat qiladi. Bu munosabatda ilm bilan birga odob va mas’uliyat ham avloddan avlodga o‘tadi. Shu tariqa Baqiy haqidagi hikoya bizni ilmning kichik ulushlarini qadrlashga, qiyinchilik oldida yo‘l izlashga, tahsil davomida odobni saqlashga undaydi. Undagi eng yaqin ibratlardan biri bugungi kunning imkoniyatiga jiddiy qarashdir. Hozir o‘qishimiz mumkin bo‘lgan sahifa, so‘rashimiz mumkin bo‘lgan savol, qatnashishimiz mumkin bo‘lgan dars kelajakdagi ilmimizga xizmat qiladi. Ularga bo‘lgan munosabatimiz katta maqsadlarimizning kundalik hayotdagi ifodasidir. Salaflarning ilm talabidagi safarlari alohida kitoblarga mavzu bo‘lgani bejiz emas. Xatib Bag‘dodiy «Ar-Rihla fi talabil-hadis» - «Hadis talabidagi safar» asarida shu yo‘lda bosib o‘tilgan manzillar, rivoyat izlab qilingan safarlar va ularni eslab qolishga arzigulik qilgan voqealarni jamlagan. Bu asarlar orqali ilmning bizgacha yetib kelishida inson mehnatining naqadar ulkan o‘rni borligini anglaymiz. Bugun o‘sha hayot yo‘llarini o‘qir ekanmiz, o‘zimizga ham nazar tashlashimiz kerak. Kitoblar qo‘limizda, ko‘plab darslarni tinglash imkonimiz bor, ustozga savol yetkazish yo‘llari kengaygan. Biroq imkoniyatning ko‘payishi o‘z-o‘zidan ilmning ortishini ta’minlamaydi. Kitobning yonimizda turishi bilan uning ma’nolari tafakkurimizga singishi orasida biz ado etishimiz kerak bo‘lgan mehnat bor. O‘qishga ajratilgan vaqt, bo‘linmagan diqqat, muntazam takror va o‘rganilgan masala ustida fikr yuritish hamon zarur. Ilm yo‘lidagi mashaqqat bugun ham turli ko‘rinishda uchraydi. Murakkab iborani tushunish uchun bir necha bor o‘qish, darsga tayyorlanish, yodlanganini takrorlash, ish va oilaviy vazifalar orasida tahsilga vaqt topish oson emas. Bunday paytda o‘tmish olimlarining azmi bizga dalda bo‘lishi mumkin. Ularning hayoti o‘z imkoniyatimiz doirasida tartibli va davomli mehnat qilishga undaydi. Har kuni ado etilgan ozgina vazifa ham vaqt o‘tishi bilan o‘z samarasini beradi. Bu merosni qadrlashning yana bir ko‘rinishi ilmni boshqalarga yetkazishda ehtiyotkor bo‘lishdir. Ma’ruza tayyorlayotganimizda, dars berayotganimizda yoki bir rivoyatni suhbatda aytayotganimizda uning manbasiga e’tibor beraylik. Ta’sirli gapni ko‘rgan zahoti tarqatishga shoshilmay, avval o‘zimiz tushunib olaylik. Bir olimga nisbat berilgan fikrni uning asaridan tekshirishga odatlanaylik. Shunda bizga yetib kelgan omonatni keyingi tinglovchiga ham mas’uliyat bilan topshirgan bo‘lamiz. O‘rganish bilan birga amal mas’uliyati ham bor. Ilmning hayotimizdagi samarasi uning xulqimiz va ishlarimizga ta’sirida ko‘rinadi. Halollik haqidagi dars savdomizda, omonat haqidagi bilim vazifamizni bajarishda, odob haqidagi hadis suhbatimizda namoyon bo‘lishi lozim. Sabrni o‘rganib, uni yaqinlarimiz bilan muomalada qo‘llash; boshqalarning haqqini bilib, unga rioya qilish; xatoni anglab, uni tuzatishga kirishish ilmning amaliy haqqini ado etishdir. Salaflarning xizmatini eslash qalbimizda minnatdorlik uyg‘otsin. Biz ularning umrlari sarflangan merosdan foydalanmoqdamiz. Bu minnatdorlik o‘qishga jiddiyat, ustozga hurmat va shogirdga g‘amxo‘rlik bo‘lib hayotimizga ko‘chsin. Bir talabaga sabr bilan tushuntirilgan masala, bir kitob ustida puxta qilingan mehnat, bir yanglish nisbatning tuzatilishi ham ilmga xizmatdir. O‘zimizning bugungi kichik xizmatimizni halol ado etish orqali ulug‘ merosning davomiyligiga hissa qo‘shamiz. Ertaga bizdan keyingi avlod ham ilmga yuzlanadi. Ularning qo‘liga qanday matn, qulog‘iga qanday so‘z, qalbiga qanday munosabat yetib borishi bugungi mehnatimizga ham bog‘liq. Shu bois o‘rganayotgan va o‘rgatayotgan har bir masalaga kelajak oldidagi mas’uliyat bilan qaraylik. Ilmga bo‘lgan muhabbatimiz farzandlarimiz va talabalarimizga kundalik amalimiz orqali ko‘rinsin. Ular bizda kitobga hurmatni, savolga e’tiborni, haqiqat oldidagi xolislikni kuzatsinlar. Kitobning navbatdagi sahifasini ochganimizda, uning bizgacha yetib kelgan yo‘lini ham eslaylik. O‘sha satrlar ortidagi izlanishlar bugungi diqqatimizga, uzoq safarlardagi matonat bugungi sabrimizga, ilmni asrashdagi omonatdorlik bugungi so‘zimizga ma’no bersin. Bizdan keyin ham foydasi davom etadigan bir bilim, bir yaxshi odat, bir halol xizmat qolsin. Alloh taolo barchamizga manfaatli ilm, uni egallashda sabr, yetkazishda omonatdorlik va unga amal qilishda ixlos nasib etsin.

Mir Arab oliy madrasasi o‘qituvchisi
Azizbek Boqiyev

. .