ISTIHSONNING USULUL-FIQHDAGI OʻRNI VA HANAFIY MAZHABIDAGI TATBIQLARI
Muallif: . .
Sana: 20.05.2026
107

Islom huquqshunosligida sharʼiy hukmlarni chiqarish usullari orasida “istihson” muhim oʻrin tutadi. U fiqhiy masalalarda qiyosning zohiriy natijasidan kuchliroq dalil sababli voz kechib, qulayroq va maqsadga muvofiqroq hukmni tanlashni anglatadi. Shu jihatdan istihson musulmon huquqining hayotiyligi, moslashuvchanligi va insonlar ehtiyojlarini inobatga oluvchi jihatini namoyon etadi. Hanafiy mazhabi ulamolari istihsonni sharʼiy hujjatlardan biri sifatida keng qoʻllaganlar. Ular ayrim hollarda qiyosi jaliy natijasini tark etib, nass, ijmo, zarurat yoki qiyosi xafiy asosida hukm chiqarganlar. Bu esa fiqhning murakkab va amaliy masalalarida adolat, yengillik hamda shariat maqsadlarini taʼminlashga xizmat qilgan. Mazkur tadqiqotda istihsonning lugʻaviy va istilohiy maʼnosi, uning turlari, qiyos bilan oʻzaro munosabati hamda hanafiy mazhabidagi oʻrni yoritiladi. Shuningdek, istihsonning sharʼiy dalil sifatidagi ahamiyati fiqhiy misollar orqali tahlil qilinadi.

Istihson lugʻatda – biror narsani goʻzal deb hisoblashni anglatadi. Usulul fiqh ulamolari istihlohid esa, u hukmi aniq va yaqqol koʻrinib turgan qiyosga ya’ni “qiyosi jaliy”ga zid keluvchi dalilga nisbatan qoʻllanadi. Bu dalil ba’zan nass bo’lsa, ba’zan ijmo, ba’zan esa yashirin qiyos ya’ni “qiyosi xafiy” boʻlishi mumkin.
Uning “istihson” deb nomlanishiga sabab, Mujtahidlar istihson sababli jaliy qiyosni tark etishni maʼqul koʻrganlari tufayli uni “istihson” deb atashgan. Shuning uchun ham istihson orqali sobit bo’lgan hukm “mustahsan” ya’ni “maʼqul koʻrilgan hukm” deb ataldi. Usulul fiqh kitoblarida odatda “istihson” umumiy ishlatilganda, undan “yashirin qiyos” (qiyosi xafiy) nazarda tutilishi keng tarqalgan. Xuddi “qiyos” soʻzi mutloq aytilganda koʻpincha “yaqqol qiyos” (qiyosi jaliy) tushunilgani kabi.

Istihsonning toʻrtta turi bor:

Birinchi tur: Nass (Qurʼon yoki Sunnat matni) bilan boʻlgan istihson
bo’lib bunga ijara shartnomasi misol boʻladi. Hadisi sharifda Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Xizmatchining haqini teri qurimasdan oldin beringiz” – deb marhamat qilganlar. Zero, haqni toʻlashga buyurish ijara shartnomasining shariatda durust ekaniga dalil bo’ladi. Aslida esa, qiyosi jaliy ijara shartnomasining durust boʻlmasligini taqozo etardi. Chunki shartnoma tuzilayotgan vaqtda kelishilayotgan narsa – yaʼni foydalanish huquqi bo’lmish manfaat hali mavjud boʻlmaydi.

Shuningdek, salam (oldindan pulini toʻlab, molni keyin olish) shartnomasi ham shunday. Qiyosga koʻra, bu shartnoma joiz boʻlmasligi kerak edi. Chunki bu – shartnoma tuzilayotgan vaqtda yoʻq boʻlgan narsani (bayʼul-maʼdum) sotish deb qaraladi. Biroq, biz qiyosni nass sababli tark etdik. U nass Payg’ambar alayhissalomning ushbu qavlidir: “Sizlardan kim salam shartnomasini qilsa, maʼlum oʻlchov, maʼlum vazn va maʼlum muddatga qilsin”.

Ikkinchi tur: Ijmo bilan boʻlgan istihson turi bo’lib bunga istisno (buyurtma asosida narsa tayyorlatish) misol boʻladi. Masalan, bir kishi tikuvchi yoki kosibga biron maxsi yoki poyabzal tikib berishni falon narxga buyurtma qiladi, uning sifati va oʻlchamini bayon qiladi, ammo muddatini tayin qilmaydi; pulini oldindan beradi yoki bermaydi. Agar muddat tayinlansa, u yuqorida o’tgan “salam” shartnomasiga aylanadi. Qiyos jaliy bu shartnomaning ham joiz boʻlmasligini taqozo etadi, chunki bu ham hali mavjud boʻlmagan narsaning savdosi hisoblanadi. Biroq, biz bu qiyosni tark etib, ijmo asosida uning joizligini istihson koʻrdik. Chunki odamlar Paygʻambarimiz davridan buyon to bizning davrimizgacha hech qanday eʼtirozsiz shu tariqa oʻzaro muomala qilib kelmoqdalar.

Agar shunday eʼtiroz bildirilsa: “Bu ijmo axir Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning “Huzuringda boʻlmagan (yoʻq) narsani sotma” degan hadislariga zid kelmoqda-ku?".

Bunga shunday javob beriladi: Ushbu hadisning hukmi ijmo boʻlishidan oldinroq “salam” shartnomasi orqali xoslab boʻlingan edi. Shunday ekan, ijmo sababli istisno shartnomasida ham ushbu (joiz boʻlish) hukmini qoʻllash mumkin bo’ladi.

Uchinchi tur: Zarurat tufayli boʻlgan istihson bo’lib, bunga idishlar, quduqlar va hovuzlarni poklash misol boʻladi. Jaliy qiyos talabiga koʻra, bular najosat boʻlganda poklanmasligi kerak edi. Chunki ularni poklash uchun ustidan suv quyib (oqizib) yuborishning imkoni yoʻq, shuningdek, ularni siqib, ichidagi najosatni chiqarib tashlash ham imkonsizdir. Quduqdan chiqayotgan suv esa najosatga duch kelishi bilanoq najosatga aylanadi. Quduq suvining bir qismini tortib olish qolgan qismining poklanishiga taʼsir qilmaydi, hovuzdan bir qismining chiqib ketishi ham xuddi shunday. Biroq ulamolar qiyos hukmini tark etishni maʼqul koʻrdilar (istihson qildilar). Chunki bunga zarurat bor edi, qiyinchilik (haraj) esa shariat matnlari bilan rad etilgandir. Maʼlumki, zarurat shariat buyruq va taqiqlari (xitob) majburiyatining soqit boʻlishiga taʼsir koʻrsatuvchi omillardan biri deb sanaladi.

Toʻrtinchi tur: Yashirin qiyos (qiyosi xafiy) orqali boʻlgan istihson
Bunga yirtqich qushlardan (masalan: lochin, qirgʻiy kabi) ortgan ichimlik suvi (suʼr) pok ekanligi misol boʻladi. Qiyosi jaliy ularning qolgan suvini yirtqich hayvonlarning (masalan: arslon, boʻri) qolgan suviga qiyoslab, najosat deb hisoblashni taqozo etardi. Chunki hayvon yalagan yoki ichgan suv uning goʻshtiga qarab baholanadi. Bu qushlarning goʻshti esa, xuddi yirtqich hayvonlarning goʻshti kabi haromdir. Binobarin, harom goʻshtdan ajralib chiqqani uchun ularning soʻlagi tekkan suv ham najosat boʻlishi kerak edi. Biroq biz yashirin qiyos (qiyosi xafiy) orqali uning pokligini maʼqul (istihson) koʻrdik. Sababi, yirtqich hayvonlarning (boʻri, arslon kabi) ichgan suvi najosat boʻlishiga sabab – ularning tili bilan yalab ichishidir, natijada ularning najosat boʻlgan soʻlagi suvga aralashadi. Yirtqich qushlar esa tumshuqlari bilan ichadi. Suvga tegadigan tumshuq suyagi esa quruq boʻlib, unda hech qanday namlik (soʻlak) boʻlmaydi. Shuning uchun u suvga tekkani bilan suvni najosat qilmaydi. Shunday qilib, najosat boʻlishni taqozo qiluvchi illat – yaʼni ichish aʼzosidagi soʻlak mavjud boʻlmagani uchun, ushbu suv pok deb hisoblanadi.

Bilgilki, yashirin qiyos (qiyosi xafiy) orqali sobit boʻlgan (maʼqul koʻrilgan) istihsoniy hukmni, agar oʻsha illat shariat hukmiga asos boʻlgan illat deb topilsa, boshqa bir oʻrinda ham qoʻllash durust boʻladi. Chunki qiyosning hukmi tabiatan boshqa oʻrinlarga ham oʻtuvchandir (taʼdiya qiladi). Yashirin qiyos garchi alohida “istihson” nomi bilan atalsa-da, mohiyatan sharʼiy qiyos boʻlishdan chiqmaydi. Ammo qolgan uchta tur – yaʼni nass, ijmo va zarurat bilan sobit boʻlgan istihsoniy hukmlarga qiyos qilib boshqa hukmlarni chiqarish durust emas. Chunki bular asl qoida hisoblangan qiyosga zid va unga xilof ravishda yuzaga kelgan, shu bois ulardan boshqa biron narsaga hukm oʻtkazilmaydi (boshqa holatga tatbiq qilinmaydi). Hech shubhasiz, ushbu uchta tur (kuch jihatidan) yaqqol qiyosdan (qiyosi jaliydan) ustun turadi (muqaddam qoʻyiladi).

Yashirin qiyos orqali sobit boʻlgan istihsoniy hukmning boshqa holatda tatbiq qilinishiga misol:

Agar sotuvchi va xaridor sotilayotgan mol hali topshirilmasdan oldin uning bahosi ustida tortishib qolsalar; masalan, sotuvchi: “Uyni ikki mingga sotdim”, xaridor esa: “Mingga sotib oldim”, desa, qiyosi jaliy talabiga koʻra, sotuvchiga qasam ichirilmaydi. Chunki xaridor sotuvchiga qarshi biron narsani daʼvo qilayotgani yoʻqki, sotuvchi munkir (javobgar) hisoblansa. Shunga koʻra, sotilayotgan mol xaridorga topshirilishi va xaridor ortiqcha bahoni inkor etgani uchun unga qasam ichirilishi lozim edi. Ammo istihson har ikki tomonga ham qasam ichirishni (tahalufni) taqozo etadi. Chunki xaridor oʻzi eʼtirof etgan bahoni hozirlagan paytda sotilayotgan molning topshirilishini daʼvo qilmoqda, sotuvchi esa buni inkor etmoqda. Natijada sotuvchi ham, xaridor ham maʼlum maʼnoda daʼvogar, maʼlum maʼnoda esa munkir (javobgar) holatiga kelib qoladilar. Shuning uchun ularning har ikkisiga qasam ichish majburiyati yuklanadi. Ikki tomon ham qasam ichgach, qozi savdo shartnomasini bekor qiladi. Istihson bilan sobit boʻlgan ushbu oʻzaro qasam ichish (tahaluf) majburiyati merosxoʻrlarga ham oʻtadi (tatbiq qilinadi). Agar sotuvchi va xaridor mol topshirilishidan oldin vafot etishsa va ularning merosxoʻrlari baho ustida tortishib qolishsa, bandaga oid bo’lgan haq borasida meros qoldiruvchilarning oʻrniga oʻtganliklari sababli oʻzaro qasam ichishadi. Shuningdek, ushbu savdo-sotiqqa oid hukm ijara shartnomasiga ham tatbiq qilinadi: agar ijara beruvchi va ijaraga oluvchi kelishilgan manfaatdan toʻliq foydalanib boʻlishdan oldin ijara haqi ustida tortishib qolsalar, har ikkisi qasam ichadi va shartnoma bekor qilinadi. Ammo sotilgan mol xaridor qoʻliga topshirilgandan keyin bahoning miqdori ustida ixtilof chiqsa, nassga koʻra faqat sotuvchining qasam ichishi vojib boʻladi. Bu nass Ali roziyallohu anhudan rivoyat qilingan ushbu hadisdir: “Agar oldi-sotdi qiluvchilar tortishib qolishsa va mol oʻz holatida (buzilmay) turgan boʻlsa, oʻzaro qasam ichishadi va molni qaytarishadi”. Bu holatda xaridor sotuvchidan biron narsa daʼvo qilayotgani yoʻq, chunki mol allaqachon uning qoʻlida turibdi. Nass bilan sobit boʻlgan ushbu oʻzaro qasam ichish (tahaluf) hukmi, Imom Abu Hanifa va Imom Abu Yusuf nazdida qiyosga xilofdir (shuning uchun qatʼiy qoidaga aylanmaydi). Binobarin, u faqat nass kelgan oʻrin bilan cheklanadi. Uni merosxoʻrlarga nisbatan qoʻllash durust boʻlmaydi. Shuningdek, ijara beruvchi va ijaraga oluvchi kelishilgan manfaatdan toʻliq foydalanib boʻlganlaridan keyin tortishib qolishsa, oʻzaro qasam ichishmaydi. Qiyos esa bu oʻrinda faqat xaridorning qasam ichishini taqozo qiladi, chunki u sotuvchi daʼvo qilayotgan ortiqcha bahoni inkor etuvchidir.

Bilgilki, ulamolar biz istihson deb atagan qiyosi xafiyni ikki qismga boʻlganlar:

Birinchisi: Illatining taʼsiri kuchi kuchli boʻlib, unda hech qanday maxfiy fasod boʻlmaydi. Bu qism taʼsir kuchi zaif bo’lgan qiyosi jaliydan ustun qoʻyiladi. Chunki istihson uning ustidan rojih keladi. Bas shunga koʻra, rojih boʻlgan dalilga amal qilish va marjuh dalilni tark etish lozim boʻladi.

Bunga misol: Yirtqich qushlarning qolgan suvi (suʼr). U qiyosi jaliyga koʻra – yirtqich hayvonlarning qolgan suviga qiyoslanib – najosat hisoblanadi; istihsonan esa – insonning qolgan suviga qiyoslanib – pok sanaladi. Bu yerda jaliy qiyosning illati zaifdir, chunki uning asosi suvga najosat boʻlgan namlikning (soʻlakning) aralashishi hisoblanadi. Holbuki, bu illat farʼda, yaʼni yirtqich qushlarda mavjud emas. Buning qarshisida esa taʼsir kuchi quvvatli boʻlgan istihson turibdi va u qushlarning qolgan suvi pokligini taqozo etadi. Chunki yirtqich qushlar suvni tumshugʻi bilan (suvni) olib, soʻng yutish yoʻli bilan ichadi. Tumshuq esa quruq va pok suyakdan iborat bo’ladi.

Ikkinchisi: Sihhati zohir, fasodi esa yashirin boʻlgan turi. Yaʼni dastlabki yuzaki qarashda uning toʻgʻriligi koʻrinadi, ammo chuqur mulohaza va mushohada qilsak, uning fosid ekanini anglaymiz. Bu qismning ustidan fasodi zohir, sihhati esa yashirin boʻlgan jaliy qiyos muqaddam qoʻyiladi. Bunday boʻlishiga sabab, oʻsha yaqqol qiyosga unga qoʻshimcha quvvat bagʻishlovchi bir maʼno (omil) qoʻshiladi va natijada unga amal qilish istihsonga amal qilishdan koʻra rojih boʻlib qoladi. Bu qism fiqhda juda kam uchraydi va u faqat yettita masaladagina mavjud xolos.
Bunga misol: Namozxon namoz ichida tilovat qilgan sajda oyati uchun qilinadigan tilovat sajdasi. Bizning hanafiy mazhabimizdagi qiyosga koʻra, bu sajda ruku qilish bilan ham ado boʻladi. Chunki ushbu sajdani vojib qilishdan maqsad – mushriklarning kibr qiluvchilariga xilof ravishda, Alloh taologa taʼzim izhor qilish sanaladi. Ushbu qiyosda ochiq-oydin fasod bor; chunki u buyurilgan amalni (maʼmurun bihni) oʻzidan boshqa biron amal bilan ado etishni keltirib chiqaradi. Zero, buyurilgan amal sajda qilishdir, u esa rukudan butkul farqli narsa ekanligi barchaga ayon. Shuningdek, unda haqiqiy maʼnoni qoʻllashga hech qanday monelik boʻlmasa-da, majoziy maʼnoga amal qilingan boʻladi. Biroq unda yashirin bir kuchli dalil (hujjat xafiy) borki, unga koʻra tilovat sajdasi oʻzi mustaqil maqsud boʻlgan qurbat tufayli vojib boʻlmagan. Shu bois ham u, xuddi tahorat kabi, nazr qilish bilan zimmaga lozim boʻlib qolmaydi. Balki undan koʻzlangan asosiy maqsad ibodat niyati bilan ta’zim bajo keltirishdir. Shu sababli ham unda tahoratli boʻlish va qiblaga yuzlanish shart qilingan. Binobarin, namoz ichidagi rukuda ham ushbu maqsad (taʼzim va tavozeʼ) hosil boʻladi. Shuning uchun ham sharʼiy matnlarda sajdani ruku soʻzi bilan ifodalash durust boʻlgan. Alloh taolo aytadi: “...va u ruku qilgan holida yiqildi (yaʼni sajda qildi)” (Sod surasi, 24-oyat).
Istihson talabiga koʻra esa – u qolgan uchta imomning (shofeʼiy, molikiy va hanbaliy ulamolarining) soʻzidir – tilovat sajdasi ruku bilan ado boʻlmaydi. Chunki biz sajdaga buyurilganmiz, ruku esa haqiqatda undan boshqa narsadir. Qolaversa, namozning oʻz rukuʼsi namozning sajdasi oʻrniga oʻtmaydi, demak, tilovat sajdasi oʻrniga ham oʻtmasligi lozim. Bu istihsonning durustligi zohirdir, chunki unda soʻzning haqiqiy maʼnosiga amal qilingan va buyurilgan amal boshqa narsa bilan ado etilmagan. Biroq unda yashirin bir nuqson (fasodi xafiy) bor, u ham boʻlsa – asosiy maqsad boʻlmagan amalni asosiy maqsad boʻlgan amalga tenglashtirib qoʻyishdir. Natijada, qiyosning yashirin taʼsiri – yaʼni ochiq nuqsoni (o’xshashlikning oʻzini eʼtiborga olish, haqiqiy maʼnoni qoʻllash imkoni boʻla turib majozga amal qilish kabi kamchiliklari) boʻlishiga qaramay, rukuda asosiy maqsadning hosil boʻlishi – istihsonning zohiriy taʼsiridan (yaʼni yuqorida zikr etilgan yashirin nuqson bilan birga haqiqiy maʼnoga amal qilishdan) koʻra afzalroq (ustunroq) boʻldi. Shu sababli ham baʼzi sajda oyatlarida sajda lafzi “ruku” soʻzi bilan ifodalangan. Tilovat sajdasining namozdan tashqarida ruku bilan ado boʻlmasligiga sabab esa, namozdan tashqaridagi rukuning oʻzi mustaqil qurbat (ibodat) deb tan olingan emas. Alloh taolo huzuridagi taʼzim esa faqat ibodat (qurbat) deb eʼtirof etilgan amallar bilangina hosil boʻladi.
Bilgilki, namoz ichidagi tilovat sajdasini ruku bilan ado etish uchun niyat qilish shartdir. Shuningdek, istihsonni qiyosdan yoki qiyosni istihsondan ustun qoʻyishdagi asosiy mezon – masalaning zohir yoki yashirinligida emas, balki illatning taʼsiri kuchli va zaif bo’lishiga bogʻliqdir.

Istihsonning hukmi: Istihsonning hukmi shuki, u bizning hanafiy mazhabimizda sharʼiy hujjat hisoblanadi va agar u qiyosdan koʻra quvvatliroq boʻlsa, unga amal qilinadi. Chunki hanafiy ulamolari istihson deganda, qiyosi jaliyga qarshi tura oladigan va barcha ittifoq qilgan sharʼiy dalillardan birini nazarda tutadilar. Imom Shofeʼiy rahimahullohdan rivoyat qilingan: “Kim istihson qilsa, batahqiq, u shariat joriy qilibdi (shariat yaratibdi)” – degan soʻziga kelsak, buning asl maʼnosi: “Kim istihson qilsa, goʻyo oʻz shariatiga ega boʻlgan paygʻambar darajasiga koʻtarilibdi” demakdir. Yaʼni, u zot bu soʻzlari bilan istihson qiluvchini (uning yuqori ilmiy salohiyatini) maqtashni maqsad qilganlar. Biroq, Shayxul Akbar Ibn Arabiy oʻzining “Al-Futuhat al-Makkiyya” kitobida aytganidek, Shofeʼiyning ergashuvchilari u zotning bu soʻzini toʻgʻri tushunmaganlar. Imom Mahalliy "Jamʼul-javomiʼ" kitobiga yozgan sharhida: “Kim istihson qilsa, shariat joriy qilibdi, yaʼni oʻz tomoni va xohishidan shariat belgilabdi, holbuki uning bunga haqqi yoʻqdir” – deb tushuntirgan.

Haqiqat shundan iboratki, ulamolar oʻrtasida ixtilof qilingan biron-bir (haqiqiy) istihson mavjud emas. Agar istihsondan murod – inson aqli shunchaki yaxshi deb hisoblagan narsa boʻlsa, bunday istihsonning sharʼiy hujjat ekanini hech bir olim aytgan emas. Agar undan murod – hanafiy ulamolari nazarda tutgan (nass, ijmo, zarurat va yashirin qiyos kabi) maʼno boʻlsa, u barcha ulamolar nazdida hujjatdir. Shunday ekan, "Musallam us-subut" kitobining muallifi aytganidek, istihson aslo nizolashishga loyiq boʻlgan masala emasdir.

Xulosa qilib aytganda, istihson fiqh ilmining moslashuvchanligi va mukammalligini namoyon qiluvchi usullardan biri boʻlib, u orqali shariatning hikmat, yengillik va manfaatni ko'zlash kabi oliy maqsadlari ro'yobga chiqadi. Shu sababli istihsonni chuqur o'rganish nafaqat usulul-fiqh ilmi, balki zamonaviy fiqhiy masalalarni to'g'ri anglash va hal etishda ham muhim ahamiyatga ega.

Azizbek Boqiyev,
Mir
Arab oliy madrasasi oqituvchisi

Foydalanilgan adabiyotlar

1. Abu Zahra, Muhammad. Usul al-Fiqh. Qohira: Dar al-Fikr al-‘Arabi, 1958.
2. Zaydon, Abdulkarim. Al-Vajiz fi Usul al-Fiqh. Bayrut: Muassasat ar-Risala, 1996.
3. Shoshiy, Nizomiddin. Usul ash-Shoshiy. Toshkent: Movarounnahr nashriyoti, 2007.
4. Saraxsiy, Shamsul Aʼimma. Al-Mabsut. Bayrut: Dar al-Maʼrifa, 1993.
5. Ibn Humom, Kamoliddin. At-Tahrir fi Usul al-Fiqh.
Bayrut: Dar al-Kutub al-‘Ilmiyya, 2003.

. .