ISLOM TA’LIMOTIDA INSON SHA’NI: ZAMONAVIY TALQIN VA AHAMIYATI
Muallif: . .
Sana: 13.02.2026
209

Annotatsiya: Mazkur maqolada Islom ta’limotida inson sha’nining ontologik, axloqiy va ijtimoiy asoslari tahlil qilinadi hamda ushbu tushunchaning zamonaviy jamiyat taraqqiyoti kontekstidagi ahamiyati ochib beriladi. Tadqiqotda Qur’oni karim oyatlari, klassik islomiy tafakkur namunalari va zamonaviy ijtimoiy-falsafiy qarashlar qiyosiy tahlil qilinib, Islomda inson qadr-qimmati jamiyat tomonidan beriladigan ijtimoiy imtiyoz emas, balki Yaratuvchi tomonidan vujudga muhrlangan huquq ekani asoslab beriladi.

Tadqiqotning muhim qismi insonning Yer yuzidagi xalifa sifatidagi maqomiga bag‘ishlanib, ushbu tushuncha huquq va mas’uliyatning uzviy birligi sifatida talqin etiladi. Ibn Xaldun qarashlari asosida insonning tabiatan rahbar ekani, biroq bu rahbarlik hukmronlik emas, balki omonat va xizmat ekani asoslab beriladi.

Maqolada, shuningdek, Islom ta’limotidagi besh asosiy maqsad (maqosid ash-shari‘a) inson sha’nini muhofaza qilish bilan bevosita bog‘liqligi ochib berilib, ilm-fan, iqtisod, texnologiya va tabiiy resurslardan foydalanishda axloqiy mas’uliyat masalalari yoritiladi. Modern falsafadagi utilitar yondashuv bilan qiyosiy tahlil orqali Islomning insonni faqat manfaat subyekti emas, balki mas’uliyatli mavjudot sifatida talqin qilishi ko‘rsatib beriladi.

Xulosa qismida Islom dinining ijtimoiy missiyasi komil insonni tarbiyalash va ana shunday insonlardan iborat fozil jamiyatni barpo etishga qaratilgani umumlashtiriladi. Maqola tarixiy Movarounnahr tajribasi va zamonaviy O‘zbekiston taraqqiyot konsepsiyasi bilan uzviy bog‘lanib, inson qadri tushunchasining bugungi ijtimoiy-siyosiy jarayonlardagi dolzarbligini asoslab beradi.

Kalit so‘zlar: Islom ta’limoti, inson sha’ni, inson qadr-qimmati, islom antropologiyasi, inson uchun islomiy ontologik maqom, ahsani taqvim, mukarramlik, inson huquqlari, mas’uliyat va erkinlik, maqosid ash-shari‘a, ijtimoiy adolat, axloqiy mas’uliyat, fozil jamiyat.

KIRISH

Islom dinining tub mohiyati insonni ulug‘lash va uning qadr-qimmati, or-nomusi, sha’ni va obro‘sini yuksaltirishga hamda huquqlarini himoya qilishga qaratilgan. Alloh taolo Ibrohim surasining 1-oyatida Payg‘ambar alayhissalomga qarata shunday deydi:

الۤرۚ كِتَـٰبٌ أَنزَلۡنَـٰهُ إِلَیۡكَ لِتُخۡرِجَ ٱلنَّاسَ مِنَ ٱلظُّلُمَـٰتِ إِلَى ٱلنُّورِ بِإِذۡنِ رَبِّهِمۡ إِلَىٰ صِرَاطِ ٱلۡعَزِیزِ ٱلۡحَمِیدِ

“Alif. Lom. Ro. Bu kitobni senga odamlarni Robbilarining izni ila zulmatlardan nurga, aziz va maqtalgan zotning yo‘liga chiqarishing uchun nozil qildik

Ushbu oyat Islomning ijtimoiy missiyasini mukammal tarzda ifodalab beradi. Bu oyatda Islom odatiy shaxsiy ibodatlar majmuasi emas, balki jamiyatni sotsial jihatdan reformatsiya qiluvchi, uni jaholat botqog‘idan nurli taraqqiyot cho‘qqisiga olib chiquvchi “ilohiy dastur” ekani haqida xabar berilmoqda.

E’tibor bersangiz, oyatda “zulmatlar” so‘zi ko‘plikda (zulumat), “nur” so‘zi esa birlikda (nur) kelgan. Bu juda chuqur mantiqiy ma’noga ega bo‘lib, ilohiy kalomning mo‘jizaviy xususiyatini yana bir bor namoyish qiladi. Zero, jamiyatdagi zulmatlar xilma-xil: adolatsizlik, jaholat, ma’naviy qashshoqlik, irqchilik, iqtisodiy zulm va axloqsizlik — bularning barchasi jamiyatni tubanlikka tortuvchi turli xil zulmatlardir. Ammo oyatda nur birlikda zikr etilmoqda. Zotan, nurning yagona ekanligining ahamiyati shundaki, haqiqat, adolat va insoniylik tamoyillari bitta nuqtada — Yaratuvchining ko‘rsatmalarida birlashadi. Islom taklif qilayotgan “nur” jamiyatni parchalanishdan qutqarib, yagona ezgu maqsad atrofida birlashtiradi.

ASOSIY QISM

Islom ta’limotlariga binoan yuqorida bahs qilingan “nurli” jamiyatni barpo etish uchun eng avvalo, insonga uning o‘zligini, o‘z fitratini tanitish, uning qanday mavjudot ekanini anglatish lozim bo‘ladi. Zero, jamiyat bu nihoyatda murakkab elementlardan tashkil topgan mozaikadir. Ammo mazkur tuzilmaning eng muhim va birlamchi unsuri bu — insonning o‘zi. Shu sababli, Islom buning uchun zarur bo‘lgan barcha ekzistensial va ontologik asoslarni o‘z o‘rnida juda batafsil va aniq qilib o‘rnatgan.

Islom ta’limotidagi inson sha’nining ontologik asosi — bu uning borliq iyerarxiyasidagi o‘rni, yaratilish mohiyati va nima uchun u boshqa barcha maxluqotlardan mutlaq ustunlik kasb etishi haqidagi fundamental tushunchadir. Islom ta’limotiga ko‘ra, inson qadri, uning erki, haq-huquqlari unga jamiyat tomonidan beriladigan ijtimoiy imtiyoz emas, balki Yaratuvchi tomonidan uning vujudiga muhrlangan mutlaq insoniy haqdir.

Alloh taolo Tiyn surasining 4-oyatida aytadi:

لَقَدۡ خَلَقۡنَا ٱلۡإِنسَـٰنَ فِیۤ أَحۡسَنِ تَقۡوِیم

“Batahqiq, Biz insonni eng yaxshi suratda yaratdik.” [2: 6/503]

Oyatdagi “ahsani taqvim” iborasi faqat tashqi ko‘rinish, ya’ni biologik tuzilishni emas, balki insonning ruhiy, intellektual va ma’naviy imkoniyatlarining eng yuqori nuqtasini anglatadi. Chunki insonga aql, idrok, nutq, muayyan iroda, ijodkorlik kabi qobiliyatlar berilgan. Islom antropologiyasiga binoan, boshqa jonzotlardan farqli ravishda, aynan insonga mantiqiy fikrlash, tahlil qilish, bilim olish va ma’rifatga erishish imkoniyati ato etilgan. Uning tashqi va ichki tuzilishi barcha mavjudotlar ichida eng murakkab va noyobdir. Bu esa insonning jonzotlar ichra “oltin standart” ekanini isbotlaydi. Insonning sha’ni uning mana shu tabiatidan (fitratidan), unga berilgan fazilatlaridan kelib chiqmog‘i lozim.

Chunonchi, inson — moddiy va ma’naviy olam tutashgan nuqtadir. Islomda insonning ontologik qiymati uning moddiy olamga tegishli tanasida emas, balki unga berilgan ruh bilan o‘lchanadi [8: 48]. Alloh taolo Sod surasining 72-oyatida farishtalarga insonga sajda qilishni buyurgani haqida xabar berib, shunday deydi:

فَإِذَا سَوَّیۡتُهُۥ وَنَفَخۡتُ فِیهِ مِن رُّوحِی فَقَعُوا۟ لَهُۥ سَـٰجِدِینَ

“Bas qachonki u (insonni) rostlab, ichiga ruhimdan puflaganimda, unga sajda qilib yiqilinglar!” [2: 5/185]

Inson sha’nini moddiyatga emas, balki ma’naviyatga bog‘lash uning qadrini ko‘tarishning eng yuqori cho‘qqisidir. Alloh subhanahu va taolo insonga O‘zi ato etgan ruh bergani boisidan ham inson sha’ni daxlsizdir. Shaxsning sha’niga qilingan tajovuz, undagi ilohiy tortiqqa qilingan tajovuz sifatida baholanadi. Shu sababli, hatto inson o‘zining sha’nini yoki hayotini poymol qilishiga ham huquqi yo‘q!

Islomning inson sha’nini, uning fazilatini naqadar ulug‘lashi Alloh taoloning ushbu oyatida ham yaqqol namoyon bo‘ladi:

وَلَقَدۡ كَرَّمۡنَا بَنِیۤ ءَادَمَ وَحَمَلۡنَـٰهُمۡ فِی ٱلۡبَرِّ وَٱلۡبَحۡرِ وَرَزَقۡنَـٰهُم مِّنَ ٱلطَّیِّبَـٰتِ وَفَضَّلۡنَـٰهُمۡ عَلَىٰ كَثِیر مِّمَّنۡ خَلَقۡنَا تَفۡضِیلا

“Batahqiq, biz Banu Odamni aziz-u mukarram qilib qo‘ydik va ularni quruqlig-u dengizda ko‘tardik hamda ularni pok narsalar ila rizqlantirdik va uni O‘zimiz yaratgan ko‘p narsalardan mutlaqo afzal qilib qo‘ydik.” [2: 2/441]

Isro surasining 70-oyatida bayon etilgan insonga berilgan bu mukarramlik uning amali yoki e’tiqodiga, jinsi yoki irqiga, ijtimoiy kelib chiqishi yoki mavqeiga bog‘liq holda zikr etilmadi. Islomda inson hazrati inson bo‘lgani uchungina azizdir, u inson bo‘lgani uchungina mukarramdir. Bu azizlik ayrim mafkura yoki e’tiqodlarda kuzatilganidek faqat bir millatga yoxud irqqa tegishli emas [6: 23], bu mukarramlik huquqi insonga ona qornida paydo bo‘lishi bilanoq ato etiladi. Britaniyalik zamonamiz olimlaridan biri, “Cambridge Muslim College” islomiy ilmlar dargohi muassisi Abdulhakim Murod, 2008-yil 5-noyabr sanasida Rim shahrida o‘tkazilgan birinchi katoliklar va musulmonlar forumida o‘zining “Inson qadr-qimmati va o‘zaro hurmat” nomli maqolasi bilan nutq qilarkan, buni quyidagicha tushuntiradi:

“Insonni yaratganida, Alloh taolo unga in’om sifatida aqlni hamda mas’uliyat va huquqlarni zimmasiga ola bilish qobiliyatini ato etdi. <…> Shundan so‘ng U insonga daxlsizlik, erkinlik va mulk huquqini berdi, toki u hayotini davom ettirsin va zimmasiga yuklangan vazifalarni ado eta olsin. Demak, mas’uliyatni ko‘tarish huquqi ham, huquq, erkinlik va mulkka egalik ham inson bilan birga tug‘ilish chog‘idayoq mavjud bo‘ladi.” [9: 5]

Ushbu oyat bizga har bir insonning o‘z qadrini anglashi, shu bilan birga boshqalarning qadr-qimmatini ham hurmat qilishni o‘rgatadi. Ijtimoiy hayotda esa barcha qatlam vakillariga adolatli munosabatda bo‘lish, kuchsiz va himoyasizlarni qo‘llab-quvvatlash, har qanday kamsitish va zo‘ravonlik shakllariga qarshi turish lozimligini ta’kidlaydi. Xalqaro munosabatlarda barcha millat va xalqlarning adolat uzra yashashlari kerakligi, bosqinchilik va imperializmning rad etilishini anglatadi. Bu fundamental tamoyilni Payg‘ambar alayhissalomning quyidagi hadislari bilan yanada quvvatlanadi:

يَا أَيُّهَا النَّاسُ، أَلَا إِنَّ رَبَّكُمْ وَاحِدٌ، وَإِنَّ أَبَاكُمْ وَاحِدٌ، أَلَا لَا فَضْلَ لِعَرَبِيٍّ عَلَى عَجَمِيٍّ، وَلَا لِعَجَمِيٍّ عَلَى عَرَبِيٍّ، وَلَا أَحْمَرَ عَلَى أَسْوَدَ، وَلَا أَسْوَدَ عَلَى أَحْمَرَ إِلَّا بِالتَّقْوَى

“Ey insonlar! Ogoh bo‘lingizki, Parvardigoringiz birdir, otangiz ham birdir. Arabning ajamdan ustunligi yo‘q, ajamning ham arabdan ustunligi yo‘q. Oq tanlining qoratanlidan ustunligi yo‘q, qoratanlining ham oq tanlidan ustunligi yo‘q — ustunlik faqat taqvo bilandir.” (Imom Ahmad rivoyati) [10: 38/474]

Shunday qilib, G‘arb huquqshunosligida inson huquqlari ijtimoiy kelishuv (shartnoma) mahsuli bo‘lsa, Islomda bu — ilohiy hadyadir. Uni hech qanday hukumat yoki shaxs tortib ololmaydi. Bu esa Islomning inklyuziv jamiyat qura olishga bo‘lgan tarixiy tajribasi bilan bir qatorda buning uchun mustahkam ma’naviy asoslarga ega ekanini ham bildiradi.

Bu haqiqatni ta’kidlab, inson huquqlarini himoya qilish va uni hayotga tatbiq etishda Islom tamadduni G‘arb sivilizatsiyasidan ancha ilgari jiddiy oldimlaganini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham o‘zining “Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi” nomli asarida faxr bilan eslab o‘tadi. O‘zbekiston yetakchisi xususan shunday deydi:

“Jizzax vohasida kamol topgan mashhur huquqshunos alloma Muhammad ibn Mahmud Ustrushoniy tomonidan XIII asrda yaratilgan "Jome’ ahkom as-sig‘or" (“Bola huquqlari kodeksi”) nomli noyob asar jahon tarixidagi bolalar huquqi bo'yicha dastlabki mukammal huquqiy manbadir. Unda bolalar, xususan, yetim bolalar huquqlari, bolalik va otalikni belgilash, bola tarbiyasi, bolaning ota-onasi oldidagi burch va majburiyatlari kabi masalalar atroflicha tahlil qilinib, islom huquqi asosida qanday yechimlar mavjudligi ko'rsatib berilgan.

Ya’ni, ushbu asar bola huquqlari masalasiga tamal toshi aynan tarixiy Movarounnahr – bugungi O'zbekistonda qo‘yilgani hamda islom huquqshunosligida G‘arb sivilizatsiyasidan qariyb olti yuz yil avval bolalar huquqining to‘la-to‘kis o‘rganilib, hayotga tatbiq etilganidan darak beradi.” [5: 58]

MUHOKAMA

Musulmon ontologiyasida inson sha’ni, uning azizligi va mukarramligini e’tirof etishdagi kulminatsion nuqta — uning Allohning xalifasi deb e’lon qilinishidadir. Alloh taolo Baqara surasining 30-oyatida marhamat qilib aytadi:

وَإِذۡ قَالَ رَبُّكَ لِلۡمَلَـٰۤىِٕكَةِ إِنِّی جَاعِل فِی ٱلۡأَرۡضِ خَلِیفَةۖ

“Esla, Robbing farishtalarga: «Аlbatta, Men yer yuzida xalifa qiluvchiman», – dedi.” [2: 1/33]

Ta’kidlab o‘tish haqliki, Islom dinida insonning mavqeyi har qaysi tuzumdagidan ko‘ra baland turadi. Hech qaysi ta’limot yoki tuzum insonni Yaratganning xalifasi maqomigacha ko‘tarmagan. Hech qaysi mafkura inson qadrini bu qadar baland nuqtaga olib chiqmagan. Inson o‘ziga bunday qadr-qimmat topishiga Islomgina imkon bergan. Zotan, Islom insoniylik dinidir. Islom doimo insonparvarlik tamoyillarini jamiyat hayotida ustuvor bo‘lishini rag‘batlantirib keladi.

Baqara surasining 30-oyati — ta’bir joiz bo‘lsa, insoniyatning mavjudlik hikmatining oliy nuqtasi va uning koinotdagi o‘rnini belgilab bergan deklaratsiyadir. Xalifa nima degani? Bu — vakil, o‘rinbosar, boshqaruvchi deganidir. [7: 85] Insonning yer yuzida xalifa qilinishi uning tabiatdan, hayvonot olamidan va hatto bir ma’noda farishtalardan ham ustun ko‘rilganini anglatadi. Atoqli alloma, zamonaviy sotsiologiya asoschisi sifatida ko‘riladigan yirik olim Ibn Xaldun bu haqiqatni yanada ravshanlashtirib, o‘zining “Muqaddima”sida jumladan shunday deydi:

“Bu yerda biz yana bir haqiqatni kashf qilishimiz mumkin. Aslida inson tabiatan rahbardir. Chunki u Yer yuzida Xudoning xalifasi sifatida yaratilgan.” [4: 306]

Demak, Islom insonga sharaf berdi, unga mukarramlik ato etdi, uni Yerdagi xalifa qilib qo‘ydi. Bu esa, Ibn Xaldun ta’kidlaganidek, uni bir vaqtning o‘zida o‘ta ulkan fazilatlar va huquqlarga ega bo‘lgan va shu azizlikka proportsional ravishda juda katta mas’uliyatni olgan rahbarga aylantiradi. Chunki qoidaga muvofiq har qanday huquq o‘z ortidan majburiyatni ham yetaklab keladi. Yer yuzidagi barcha ne’matlar inson xizmatiga bo‘ysundirilgan, biz buni yuqorida zikr etilgan oyatlarda ham ko‘rib chiqdik. Xalifa sifatidagi insonning vazifasi esa ana shu ne’matlardan to‘g‘ri va oqilona foydalanishdir. Agar biz insonni “koinotdagi yaratiqlar gultoji” deb bilsak, demak, shu koinotning butunligi uchun ham javobgarmiz. Imtiyozdan foydalanib, mas’uliyatdan qochish — xalifalik maqomiga xiyonatdir. “Rahbarlik” bu ulkan mas’uliyat va Yer yuzidagi tartibni saqlash vazifasidir. Alloh taoloning Yer yuzidagi xalifasi sifatida inson hokimiyat, davlat, jamiyat, oila, tabiat, yangi texnologiyalar kabi tushunchalarga “mutlaq egalik” nigohi bilan emas, balki “omonat” va “xizmat” nigohi bilan qaraydi. Chunki u Islom dinining ta’limotlari, qonun-qoidalari va amallaridan beshta bosh maqsad ko‘zda tutilganini va bu maqsadlar inson hayotini, uning aqli va dinini muhofaza qilish, shuningdek, inson mol-mulkini va nasl-nasabini himoya qilishga qaratilganini biladi. [3: 371]

Islomda hokimiyat mutlaq kuch emas, balki sinovdir. Yer yuzini obod etish uchun o‘rinbosar qilingan inson, ayni nuqtada hokimiyat egasi, jamiyatni o‘z xohishiga ko‘ra emas, balki adolat mezonlari asosida boshqarishga majbur. Bu o‘rinda u ushbu majburiyatni Yevropa huquqiy-falsafiy maktablari namoyandalari hisoblaganidek, jamiyatdagi ijtimoiy shartnoma mavjudligi sababidan emas, balki Yaratganning O‘zi unga vujudga kelishidanoq mukarramlik va sharafni ato etgan insonlardan tashkil topgan jamiyat oldidagi tabiiy burch o‘laroq qabul qabul qiladi. Siyosat falsafasidagi “Xalqning yetakchisi — uning xizmatkoridir”, degan tamoyil o‘zining ekzistensial asoslarini aynan Islomdagi inson qadri tushunchasidan oladi desak, xato bo‘lmaydi. Chunki, yuqorida aytib o‘tkanimizdek, islomiy ta’limotda har bir shaxs “mukarram” (aziz va hurmatli) qilib yaratilgan. Shu sababli, Yer yuzini obod qilish uchun vazifador etilgan inson hokimiyat egasiga aylanar ekan, davlatdagi ijtimoiy siyosatni ana shu mukarram mavjudotlarning ruhiy-ma’naviy, moddiy-moliyaviy ehtiyojlarini qondirishga va uning g‘ururini saqlashga qaratilgan tarzda olib borishga intiladi. Tabiiy boyliklarning adolatli taqsimlanishi, kapitalning kichik guruhlar qo‘lida to‘planmasdan ijtimoiy qatlamlar orasida adolatli yoyilishini ta’minlash uchun o‘zini mas’ul deb biladi. Inson aqlining muhofazasiga buyurilgan “rahbar” jamiyatda ilmiy jarayonlarning rivojlanishi, sifatli fikriy-intellektual qatlamning shakllanishini rag‘batlantiradi va buni eng avvalo jamiyatning birlamchi bog‘ini bo‘lmish oiladan boshlaydi. Bu esa, o‘z-o‘zidan islom ta’limotida ayollarning mavqei qanchalik baland turishini anglatadi. Zero, Islom ayol zotiga Yer yuzini obod qiluvchi Alloh taoloning xalifasini tarbiyalashdek o‘ta nozik va mas’uliyatli vazifani ishonib topshiradi. Ibn Xaldun ta’biri bilan aytganda, tabiatan rahbar bo‘lgan inson o‘z aqlini muhofaza etarkan, ilmiy yutuqlar insonning xavfsizligi, uning barqaror hayoti uchun xavf solmasligini ham ta’minlab, ilm-fan natijalari siyosiy hamda harbiy maqsadlarga bo‘ysundirilmasligi va hech qachon ommaviy qirg‘in qurollariga aylanmasligini nazorat qiladi. Inson mol-mulkini va nasl-nasabini himoya qilishga vazifador qilingan xalifa (inson) tabiiy resurslarga ilohiy omonat sifatida qarab, ekologik falokatlar yuzaga kelmasligi uchun ularni oqilona ishlatishni yo‘lga qo‘yadi. Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, insonning ehtiyojlari uchun har qanday vositadan foydalanishni axloqiy jihatdan legitimlashtiruvchi, insoniy rohatni mutlaq baxt-saodat sifatida baholovchi modern falsafadagi utilitarizm g‘oyasidan farqli ravishda islom ta’limoti insonga eng yuksak qadr-qimmat — Yaratganning xalifasi deyilmish mukarramlikni taqdim etib, uni Yer yuzini obod etish uchun mas’ul qilib qo‘yadi. Ayni shu inson uchun berilgan eng munosib va adolatli bahodir: unda inson bir vaqtning o‘zida erkin va ixtiyorli, ammo shu bilan birga ushbu erkinlik va tanlov uchun ham mas’uliyatni o‘z zimmasiga oluvchi mavjudlikdir.

TAHLIL

Shunday qilib, Islom dinining jamiyatdagi xizmati ana shunday komil insonni tarbiyalash va ushbu insonlardan tarkib topgan fozil jamiyatni barpo etishdir. Maqsad insonga uning insoniyligini qaytarish, uning yaratilishidan ko‘zlagangan maqsadni ro‘yobga chiqarishdir. Bu ham bo‘lsa, Islom dinining aynan inson baxt-saodati uchun yuborilgani hamda dunyoda unga erkin, farovon, baxtli va unumli hayot, oxiratda esa cheksiz saodat taqdim etuvchi ilohiy ta’limot ekanidan bo‘lsa, mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz. [3: 374]

Mavzuni Ibrohim surasining 1-oyatining ilk qismi bilan boshlagan bo‘lsak, ushbu oyatning ikkinchi qismi bilan unga yakun yasaymiz. Alloh taolo: “Аlif, Lom, Ro. (Ey, Muhammad! Bu Qurʼon) Parvardigorlarining izni bilan odamlarni zulmatlardan nurga, yaʼni qudrat va hamd egasining yoʼliga olib chiqishingiz uchun Sizga Biz nozil qilgan Kitobdir.”, deydi. Biz mavzu boshida zikr qilgan “nurli jamiyat” tushunchasi islomiy ta’limotlar mazmunida qanday namoyon bo‘lishini yuqoridagi muhokamalarda atroflicha ko‘rib chiqdik. Shunday qilib, “insonlarni zulmatlardan nurga olib chiquvchi Kitob” ularni azizlik (ya’ni qudrat) va hamd egasi bo‘lmish Zotning yo‘liga eltadi. Ushbu oyat biz yuqorida muhokama qilgan fozil jamiyat boshqaruvi uchun universal formuladir. Zero, azizlik (ya’ni qudrat) sohibi bo‘lmish Zotning Yer yuzidagi o‘rinbosari barpo etishi lozim bo‘lgan jamiyat kuchli bo‘lishi kerak. Iqtisodiy, harbiy, siyosiy va intelektual salohiyatga ega bo‘lish oyatda zikri o‘tgan zulmatlardan himoyalanish uchun zarurdir. Chunki kuchli bo‘lmagan jamiyat o‘z nurini saqlab qola olmaydi. Shu bilan birga, Hamid (ya’ni maqtov) sohibi bo‘lmish Zotning bandalari quradigan jamiyat o‘z kuchini adolat ila yo‘naltirib, insonparvar jamiyat bo‘lgandagina bu ijtimoiy tuzilma haqiqatan maqtovga sazovor bo‘ladi.

XULOSA

Ta’kidlash o‘rinliki, tarixiy Movarounnahr va Turon o‘lkasi inson sha’ni, uning ijtimoiy mavqei va qadr-qimmatini o‘z o‘rniga qo‘ygan jamiyatlarni barpo eta olgan va buning uchun yetarlicha ma’naviy asoslarga ham ega bo‘lgan. Bugun ham, qadim movarounnahrliklar, ko‘hna turonliklarning vorislari bo‘lmish biz yoshlar, keng ma’noda O‘zbekistonliklar va Markaziy Osiyoliklar sifatida mamlakatimiz erkin, farovon va har tomonlama rivojlangan bo‘lishi uchun ushbu ma’naviy asoslarni o‘rganishimiz, uni dunyo hamjamiyatiga tanitishimiz darkor! Zero, bu davlat rahbarining “inson qadri uchun” tamoyili ostida olib borayotgan ijtimoiy siyosati, davlatimizning o‘zaro do‘stlik va hamjihatlikka asoslangan tengvektorli xalqaro tashqi siyosat konsepsiyasi, O‘zbekistonning xalqaro maydonda tinchlikparvarlik targ‘ibotchisi sifastidagi roli bularning barchasi o‘zining chuqur tarixiy va madaniy ildizga ega ekanligini anglashga yordam beradi.

Ismoilov Muhammadamin
Mir Arab oliy madrasasi talabasi


FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO‘YXATI:

1. Shayx Abdulaziz Mansur, Qur’oni karim ma’nolari tarjimasi va tafsiri, Sirdaryo, “Yoshlar nigohi”, 2023.

2. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf, Tafsiri Hilol, Toshkent, “Hilol Nashr”, 2022. - VI j

3. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf, Islom tarixi: I-jlild, Toshkent, “Hilol Nashr”, 2022. - 511 b

4. Abdurrahmon ibn Xaldun, Muqaddima, Toshkent, “Tirilish”, 2024 - 398 b

5. Shavkat Mirziyoyev, Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi, Toshkent, 2022 - 414 b

6. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf, Olam va odam, din va ilm, “Hilol Nashr”, 2017 - 439 b

7. Abul Barokat Abdulloh ibn Ahmad ibn Mahmud Nasafiy, Madorikut tanzil va haqoiqut ta’vil, Bayrut, “Doru tahqiqul kitob”, 2020 - 693 s

8. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf, Sunniy aqidalar, “Hilol Nashr”, 2017 - 542 b

9. Human Dignity and Mutual Respect, Abdal Hakim Murad, First Catholic-Muslim Forum, Rome, 5 November 2008 8 b

Imom Ahmad ibn Hanbal, Musnadi Ahmad, “Muassasatur risola”, 2001 - 45 j
. .