Qur’onda kelgan Muso va Hizr alayhissalomlar qissalari
Muallif: . .
Sana: 14.01.2026
106

Islomiy rivoyatlar va Qur’oni Karim oyatlari orqali Muso alayhissalom va Hizr alayhissalom qissalari insoniyat uchun hikmat, sabr va Allohga to'liq tavakkul qilish darsini beradi. Bu qissa mutaallimning olim oldidagi odobi, tavozesi va sabri muhim ahamiyat kasb etishi sabog‘ini beradi. Bu qissadan biz Ilmning darajalari bor ekanini va eng yuqorisi Allohning ilmi ekanini bilib olamiz va Alloh azza va jallaning tadbiriko‘rinayotgan narsadan boshqacharoq bo‘lishi mumkin ekanini bilib olamiz. Bu qissalar nafaqat tarixiy voqea balki ruhiy axloqiy ibrat manbayi sifatida qaraladi.

Bu qissani mufassir ulamolarimiz “Muso alayhissalom va solih banda qissasi” deb atashgan. Chunki Qur’onda Hizr alayhissalom “Hizr alayhissalom” nomi bilan atalmagan, balki “solih banda” deb atalgan. Ana shu qissada Muso alayhissalom bir kuni Bani Isroil ichida va’z-nasihat, ma’ruza qilib turganlarida kishilardan biri “Ey Muso, dunyoda sizdan ham bilimdonroq odam bormi?” degan savolni beradi. Shunda Muso alayhissalom javob bera olmay bir oz o‘ylanib qoladilar. Mana shu holatdan keyin Alloh taolo “Har bir biluvchining ustidan biluvchiroq border” degan xabarni berib, Muso alayhissalomga u kishidan ko‘ra bilimdonroq odam borligi, uni izlab topish zarurligi, topgandan keyin u kishidan ba’zi narsalarni o‘rganishlarini xabarini beradi.

Ana shundan keyin Muso alayhissalom xizmatchi yigitlari bilan birga
oziq-ovqatlarni olib yo‘lga chiqadilar va Alloh aytgan joyda o‘sha solih bandani izlab topadilar. O‘sha yerda Muso alayhissalom “Senga o‘rgatilgan rushddan menga ham o‘rgatmog‘ing uchun senga ergashsam maylimi? deb iltimos qiladilar. Solih banda “Sen men bilan birga bo‘lishga sabr qila olmassan, o‘zing xabarini ihota qilmagan narsaga qanday sabr qilasan?” dedilar. Muso alayhissalom “In shaa Alloh meni sabrli ekanimni ko‘rasan” deb sabr qilishga va’da beradilar. Solih banda: “Agar menga ergashadigan bo‘lsang to o‘zim zikr qilib aytmagunimcha biror narsa haqida so‘ramagin” dedi.

Ular suvning bo‘yida turib gaplashib, kemaga chiqadilar, ketayotib solih banda kemani teshib qo‘yadi. Shunda Muso alayhissalom sabr qila olmay “Bizga yaxshilik qilgan, safarimizda yordam bergan, suvdan o‘tkazib qo‘yayotgan odamning kemasini nima uchun teshdingiz, nima uchun unga zarar yetkazasiz” degan ma’noda e’tirozli savol beradi. Shunda solih banda “Men senga sabr qila olmasligingni aytmadimmi?” dedi. Muso alayhissalom uzr so‘rab, bundan keyin besabr bo‘lmaslikka va’da beradilar va “Esimdan chiqqan narsa uchun meni jazolama bu ishim uchun meni qiynama” dedilar.

Quruqlikka chiqib ketayotganlarida bir guruh o‘ynayotgan bolalar oldidan o‘tayotib, shu bolalardan bir o‘g‘il bolani chaqirib solih banda bir urib o‘ldirib qo‘yadi. Muso alayhissalom yana chiday olmay Begunoh bolani nima uchun o‘ldirdingiz? deb “Birovni o‘ldirmagan begunoh jonni o‘ldirasizmi? Juda munkar narsa qildingizku?” dedilar. Solih banda “Men senga sabr qila olmasligingni aytmadimmi?” deb yana aytadi.

Shunda Muso alayhissalom “Agar bundan keyin sizdan yana bir narsani so‘rasam, men bilan birodarlik qilmay qo‘yavering. Batahqiq men tarafimdan “UZR” qabulini oxiriga yetkazdingiz” degan gapni aytadilar. O‘sha voqeadan keyin bir yerga boradilar. O‘sha yerning aholisidan taom so‘raydilar, o‘zlarining musofir ekanliklarini aytadilar. Lekin o‘sha joyning aholisi mehmon qilmay, taom bermaydi. Charchab-xorib, shahar tashqarisiga chiqib o‘tirganlarida ko‘zlari bir yiqilib ketay deb turgan devorga tushadi. Solih banda turib Muso alayhissalomni ham chorlab, haligi devorni yiqitib, qayta urib qo‘yadilar.

Shunda Muso alayhissalom yana sabr kosalari to‘lib “Agar xohlasangiz buning uchun haq olar edingiz” deydi va solih banda: endi hadding bitdi “Bu men bilan sening oramizdagi ajrashishdir. Endi senga sabr qila olmagan narsalaringning ta’vilini aytib beraman” deb o‘tgan uch hodisaning hikmatini bayon qiladilar.

Birinchisi: “Kemaga kelsak, u dengizda ishlaydigan miskinlarniki edi. Bas men uni aybli qilishni iroda qildim. Chunki ortlarida bir podshoh bo‘lib barcha kemani tortib olayotgan edi”.Shuning uchun kemani teshib, aybdor qilindi, toki kema o‘sha kambag‘al odamning mulki bo‘lib qolsin, podshohlikka o‘tmasin, teshik bo‘lsa ham shu kemadan foydalanib bola-chaqasini boqish, oila a’zolarini boqish uchun mablag‘ topib tursin. Sirtidan qaraganda zararli narsa bo‘lib ko‘rinadi, lekin aslida kemachi uchun foydali ish qilindi.

Urib o‘ldirilgan bola bo‘lsa: “Ota-onasi mo‘min kishilar edi. Bas biz uning ikkovlarini tug‘yon va kufr ila ezishidan qo‘rqdik” katta bo‘lganda kofir bo‘lib, osiy bo‘lib, ota-onasiga or-nomus keltiradigan, kulfat, musibat keltiradigan bo‘lishi kerak edi. Lekin Alloh taolo ularga ahli solih bo‘lganlari uchun bu kelajakda kofir bo‘ladigan bolaning o‘rniga yaxshi bola berishni iroda qildi va uni kichikligidayoq o‘ldirib qo‘ydi, “Bas Robbilari uning badaliga undan ko‘ra yaxshirog‘ini ahli solihroq va mehribonrog‘ini berishni iroda qildi”keyin ularga yaxshi farzandni ato qildi va u farzandning zurriyotlaridan 70ta nabiyni chiqardi (Abul Barokat an-Nasafiy. Madorik at-tanzil va haqoiq at-ta'vil. Dar ibn Kasir. Bayrut. 2019. J:2. B.315.).

Devor hodisasiga kelinadigan bo‘lsa, devorning ostida ikki yetim bolaning xazinasini ko‘milgan edi. Ularning otasi ahli solih bo‘lgan edi. Shu hurmatidan yetim bolalar voyaga yetgunicha ularning xazinasiga begonalarning ko‘zi tushmasligini iroda qilgan Alloh, devorni buzib qayta urib qo‘yish amrini berdi. Bularning barchasi Allohning Rahmati ila bo‘ldi. Men o‘zimcha qilganim yo‘q. Sen sabr qila olmagan narsaning ta’vili mana shudir.

Mana shu qissa tafsiloti bilan Qur’oni Karimda keltirilgan. Lekin avval aytganimizdek, Muso alayhissalomga ustoz bo‘lgan zotni Qur’on “Hizr” deb atamagan, balki “solih banda” deb atagan. Ana shu oyatlarning tafsirida Imom Buxoriy rivoyat qilgan solih bandani “Hazr” deb atashadi, biz “Hizr” deb o‘rganib qolganmiz. Ana shundan Hizr alayhissalom borligi, Qur’onda “solih banda” nomi bilan esga olinganligi va sahih hadislar orqali “Hizr” nomi bilan tanilganligi va mashhur bo‘lishi kelib chiqadi. Tavfiq Allohdandir!

Bazarova Zarina,
Mir Arab oliy madrasasi talabasi

. .