Annotatsiya
Fiqh ilmi oldingi rivojlanishidan to hozirgi kungacha nechta bosqichdan o‘tgan bo‘lsa, albatta mazkur rivojlanish marhalalarida fuqaholar yoki mazhablar kesimida o‘zaro xilof hamda ixtilof o‘rinlari kuzatilgan. Albatta buni taqozo qilgan sabablari va holatlari bor. Aslida fuqaholar o‘rtasida kuzatiladigan ixtiloflar ummat uchun rahmatdir. Chunki ma’lum masalada ixtilof qilingan bo‘lsa, uning yechimi turli va keng yo‘llar orqali sobit bo‘ladi. Masalaning bu hikmatini ilg‘amagan ba’zi sodda musulmonlar mazhablar o‘rtasida kuzatilgan ixtiloflarga yomon nazar bilan qaraydi hamda din dushmanlarining tuzog‘iga ilinib qoladilar. Shu sababli bunday holatlarga chiroyli yechim berib, ularni to‘g‘ri yo‘naltirish ilmli insonlar zimmasiga yuklanadi. Ushbu maqolada fiqh fanida uchraydigan ayrim ixtilof holatlari haqida so‘z yuritiladi.
Kalit so‘zlar: Fiqh, faqih, mazhab, hanafiy, xilof, ixtilof, fuqaho.
Aqiyda bo‘yicha Ahli sunna va Jamoa mazhabining yirik namoyandalari bo‘lgan fiqhiy mazhablar imomlarining har biri o‘ziga xos fiqhiy ijtihod qilganlari va quyida zikr qilinadigan boshqa sabablarga ko‘ra fiqhiy mazhablarda xilma-xillik yuzaga kelgan. Buni ba’zi kishilar “Dinga zarar keltiruvchi shaxsiy xiloflar” deb o‘ylaydilar va o‘zlaricha tanqid qiladilar. Goh-gohida fiqhiy mazhablarni inkor qilib, mazhabsizlikka chaqiruvchilar ham chiqib turadi. Ular doimo juda ham ozchilikni tashkil etib, ma’lum bir toifaga mansub kishilar bo‘ladi. Bunday kishilar asosan fiqhdan bexabar, ilm ostonasiga endigina qadam qo‘ygan yoki haqiqiy ilmdan bebaxra qolgan odamlar bo‘lishadi. Ular o‘zlaricha fiqhiy mazhablarni ayb va nuqson biladilar va o‘z fikrlarini isbotlash maqsadida xatto ulug‘ mazhabboshi imomlarga til tekkizishga yetib boradilar. Bu haqida doktor Ahmad Muhammad Muqriy o‘z maqolalaridan birida shunday yozadil: “Vaqti-vaqti bilan Islom fiqhini o‘z ijtihodlari va ilmlari ila boyitgan mujtahid imomlar hatto ulamolarga qarshi tanqidlarni eshitib turamiz. Odatda bunday tanqidlar ulamolarni tanqid qilish u yoqda tursin balki ularning mazhablari, usullari va qoidalariga nazar solishga ham qurbi etmaydigan endigina talabi ilmni boshlayotgan kishilar tarafidan bo‘ladi”.
Bu fikrni ulamolarning hammalari qo‘llab quvvatlaydilar. Avval ham xozir ham g‘ayratli ulamolar fiqhiy mazhablarni inkor qiluvchi toifa va shaxslarga raddiyalar berib kelishgan. Jumladan Suriyalik mashhur olim Muhammad Sa’id Ramazon Butiy mazhabsizlikka chaqiruvchilarni “Islomdagi eng xatarli bid’at” deb biladi, u kishi mazhabsizlikni “Dinsizlikka olib boruvchi ko‘prik” deb atagan. Boshqa ulamolar ham shu qabildagifikrlarni quvvatlaydilar.
Mazhabni inkor qiluvchilar: “Qur’on va Sunnat turganda ularga amal qilmay, Abu Hanifaning aytganini qilamizmi?” – deyishadi.
Shuningdek ular “Mazhablar Rasululloh solllallohu alayhi vasallam vaqtida bo‘lmagan. Demak bid’at narsa, shuning uchun unga amal qilish kerak emas”, deydilar. Yana ular: “Mazhablar ixtilofga sabab bo‘ladi shuning uchun ularni inkor qilamiz” deyishadi va hakazo.
O‘z navbatida mazhab tarafdorlari ham muxoliflarga qattiq zarba berishgan. Ularni turli ayblar bilan ayblaydilar. Oqibatda orada kelishmovchilik, urush-janjal chiqadi. Xozirgi paytda ham shunday holatlar uchraydi. Aslini olganda ilmiy qarashlar orqali bunday ixtiloflarning oldini olish yoki ularga barham berish mumkin. Avvalo, fiqhiy mazhablarga amal qilish “Qur’on va Sunnatni tark qilib, o‘zimizga o‘xshash bir insonni aytganiga amal qilish” degana emas. Balki aynan Qur’onning o‘ziga amal qilishdir. Chunki Qur’oni Karimda Alloh Taolo quyidagicha marhamat qiladi:
فَاسْأَلُوا أَهْلَ الذِّكْرِ إِنْ كُنْتُمْ لَا تَعْلَمُونَ
… Agar bilmaydigan bo‘lsangiz, zikr (ilm) ahlidan so‘rab olinglar[1]!
Ushbu oyatga binoan ijtihod qilish martabasiga yetmagan barcha musulmonlar mujtahidlarga ergashishi vojibligi kelib chiqadi. Chunki Alloh Taolo bilmaydigan musulmonlarni biladiganlaridan so‘rab o‘rganib olishga buyurmoqda.
Fiqhiy mazhablarimiz rahnamolari Ahli Sunna va Jamoa aqidaviy mazhabining ko‘zga ko‘ringan allomalaridir. Ular aqiyda bobida hech qanday xilof qilganlari yo‘q, qilishlari mumkin ham emas. Demak shunday katta ulamolar kishilarni Qur’on va Sunnatga amal qilmay o‘zlarining fikrlariga chorlashlari umuman mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi.
Fiqhiy mazhab imomlari Qur’on va Sunnatni kishilarga osonlik bilan tushuntirgan va ularga amal qilish yo‘llarini musulmonlarga o‘ziga xos uslub bilan bayon qilib bergan katta allomalardir. Ular hech qachon o‘zlariga ortiqcha ilohiylashtirish yoki qandaydir ustunlikni talab qilmaganlar. Balki o‘z mehnatlari, ilm, odob va taqvolari bilan musulmonlar ehtiromiga sazovor bo‘lgan zotlardir.
Ulamolarimiz fiqhiy mazhab imomlarini va ularning ishlarini quyidagi misol bilan tushuntiradilar: Bu dunyodan yaxshi yashab, yaxshi o‘tish xuddi tog‘ning cho‘qqisiga eson-omon chiqishga o‘xshaydi. Qur’on va Sunnat o‘sha cho‘qqiga chiqishni ko‘rsatadigan xarita va qo‘llanma. Mazhab imomlari esa ushbulardan foydalanib cho‘qqiga chiqishning eng oson va bexatar yo‘lini topib, belgi qo‘yib osonlashtirib qo‘ygan kishilardir. Fiqhiy mazhablarni inkor qiluvchilar esa o‘sha tog‘ning tagiga kelib, xarita va qo‘llanmani olib o‘ziga yangi yo‘l topib cho‘qqiga chiqishga harakat qilayotgan odamga o‘xshaydi. Ilmi, kuchi imkoniyati bo‘lsa cho‘qqiga chiqish ehtimoli bor. Bo‘lmasa qulaydi. Cho‘qqiga chiqishga yordam bera oladigan ilm, kuch va imkoniyat esa, kamida mazhabboshi imkoniga teng yoki undan ko‘proq ahliyat egalarida bo‘ladi.
Mazhablar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning davrlarida bo‘lmagan degan e’tirozlar hamshunga o‘xshash. Bu gapni aqiyda, ibodat bobida aytsa to‘g‘ri bo‘ladi. Ammo uslub, tushunish, bayon qilish bobida bu gap to‘g‘ri kelmaydi. U vaqtda Qur’on kitob shaklida bo‘lmagan, barcha Qur’onlarni kuydiraylik deyilmaydi-ku?! Shuningdek tafsir, hadis kabi ilmlar ularga tegishli kitoblar va yana ko‘p narsalar ilk bosqichda bo‘lmagan.
Mazhabdagi ixtiloflarga kelsak bu alohida masala. Avval boshida aytib o‘tganimizdek aqiyda bobida ixtilof mumkin emas. Shuning uchun bu narsa Qur’on va Sunnatda to‘liq bayon qilingan. Shuningdek dinimizning asl rukunlarida ham xilof durust emas. Chunki Qur’on va Sunnatda bularning ham bayoni kelgan. Hech kimijtihod ham qilaolmaydi, ixtilof ham. Hech kim besh vaqt namozning to‘rt yoki olti vaqt bo‘lishini aytmagan yoki Hajni zulhijjadan boshqa oyga ko‘chirish Arofatdan boshqa joyda vuquf qilishni o‘ylab ham ko‘rmaydi. Biz “Fiqhiy ixtiloflar” deb aytayotgan masalalar davr, jamiyat, hayot tarzi o‘zgarishi bilan, o‘zgarib turadigan va asosan ba’zi shakliy narsalarda xolos va bu narsalarda turli tumanlik bo‘lishining o‘zi tabiiydir. Bu boradagi ixtilof zarardan ko‘ra foyda keltiradi.
Dunyo sobit turuvchi va o‘zgaruvchan narsalardan iborat. U sobit narsalarning saboti va o‘zgaruvchan narsalarning o‘zgarishi bilan obod. O‘zimiz yashab turgan yer kurrasini olib ko‘raylik. Unda katta, ma’lum va mashhur ummonlar, quruqliklar, dengizlar va yuksak tog‘lar bor. Ular sobit turadilar. O‘zgaruvchan bo‘lishi aslo yaxshi sanalmaydi, dunyoning nizomi buzulib ketadi.
Shuningdek mazkur narsalar bilan birga yana soy va daryolar, kichik daraxtzorlar, yer maydonlari va hokazolar bor. Ular o‘zgarib turadi. Chunki hayotning o‘zi shuni taqazo qiladi. Dunyo ularning o‘zgarishi bilan oboddir.
Xuddi shuningdek dinda ham sobit narsalar bor. Ular o‘zgaruvchan bo‘lishi mumkin emas. Masalan aqiyda masalalari. Bugun Allohga yoki iymon keltirish vojib bo‘lgan boshqa narsalarga ishonib turib, keyin uni o‘zgartirib bo‘lmaydi. Shuningdek dinning rukni bo‘lgan, asosini tashkil etgan narsalar ham sobit bo‘ladi. Bundoq masalalarni Allohning o‘zi batafsil bayon qilib, insonning aralashuviga yo‘l qo‘ymagan.
Hayot o‘zgarishi bilan o‘zgarib turadigan masalalarni esa bo‘sh qo‘yib, musulmonlar aqllarini ishlatib ijtihod qilishlariga yo‘l ochib bergan. Fiqh ulamolari asosan xuddi shu masalalarda ijtihod qiladilar. Ularning hujjat va dalillarni tushunish darajalari, masalani hal etish uslublariga qarab ijtihodlarining natijalari turlicha chiqadi. Biz esa buni “ixtilof” demoqdamiz.
Ulug‘ mujtahidlarimiz Qur’oni Karim va sunnati nabaviyya asosida, shariat qoidalarini mahkam tutish bilan birga, har zamon va makonga salohiyati bor Islom dinining g‘oyalari, maqsadlari, insonlarning imkonlari va ehtiyojlarini ham hisobga olib ish yuritganlar. Keling bu fikrni tasdiqlash uchun bir-ikki misol keltiraylik:
1) Ulamolarimiz fatvo chiqarishda o‘zlari yashab turgan yurt va jamiyatning shart-sharoitlarini ham e’tiborga olganlar.
2) Imomlarning ilmiy bahslari shunga o‘xshash arab tili qoidalari, harflarning dalolatlari asosida faqihlarimizning turlicha tushinishlari ham hukmlarning turlicha bo‘lishiga sabab bo‘lgan.
3) Qo‘shimcha kuchlantiruvchi dalillar asosida hukm olishlik.
4) Ba’zi rivoyatlar bir mujtahidga yetgan bo‘lsa, boshqasiga yetmagan bo‘lishi ham turlichalikka sabab bo‘lgan.
5) Usulul fiqh qoidalarining turlicha bo‘lishi ham fiqhiy ahkomlarni turlicha bo‘lishiga sabab bo‘lgan. Demak shu va shunga o‘xshash sabablar tufayli fiqh mazhablarida o‘ziga xoslik va turli-tumanliklar kelib chiqqan. Ilmli kishilar buni oddiy holat deb bilishgan. Lekin, ming afsuslar bo‘lsinki ilmsizlar bu holatlarda janjal va kelishmovchiliklar chiqarib, musulmonlarga katta zarar keltirganlar. Buni ko‘rgan uchinchi toifa vakillari esa fiqhni umuman tark qilishga chaqirishgan.
Nima bo‘lsa ham, fiqh hayotiy zarurat sifatida rivojlanib boravergan. Modomiki hayot o‘zgarar ekan, modomiki hayot shunday tuzilgan ekan, musulmonlarning doimo faqihlarga ishi tushib turadi. Bu esa o‘z navbatida faqihlarni ilmiy izlanishga, bahsga chorlaydi.
Shunday qilib, Qur’on va sunnat, shariat qonunlari asosida qoidalar ishlab chiqildi. Son-sanoqsiz kitoblar yozildi. Turli fiqhiy qomuslar yaratildi. Natijada musulmon ummati insoniyat tarixidagi eng katta va eng boy ilmiy merosga ega bo‘ldi. Fiqh ulamolari hayotda sodir bo‘lganmasalalardan tashqari, sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan masalalarni ham hal qilib qo‘ygan joylari bor.
Faqihlarimiz qoldirgan bu ulkan meros barchaning tahsiniga sazovor bo‘ldi. G‘ayridin xalqlar ham o‘z qonunchiligida islomiy fiqhdan foydalanishdi. Hammalari bir ovozdan faqihlarimizga tahsinlar o‘qishdi. O‘zini bilganlar hozir ham shunday qilmoqdalar. Shunday ekan, islomiy fiqhning egalari bo‘lmish biz musulmonlar bu ulug‘ merosni e’zozlashimiz, o‘rganishimiz va undan foydalanishimiz zarur. Bu ilmning asoschilari, ustozlari bo‘lmish ulug‘ faqihlarimizga doimo hurmat nazari bilan qarash va haqlariga yaxshi duolar qilish bizning burchimizdir.
Bugungi kunda ixtiloflar asosan mazhabni tan olmaslikdan kelib chiqmoqda. Mazhabni inkor qiluvchilarning gap so‘zlari va tasarruflari ko‘pchilikni norozi qilmoqda. Ularga: “Siz aytganday mazhabni qo‘yib, bevosita Qur’on va Sunnatdan hukm chiqarishga ilmimiz yetmayapti, nima qilaylik?”, - deyilsa, “Menga keling, tushuntirib qo‘yaman”, - deydilar yoki “Falonchi ustozimga boringlar”, - deyishadi. Falonchilar esa bilib-bilmay ixtilof qilishadi. Natijada bir bosib o‘tilgan yo‘lni yana yangidan boshlashga to‘g‘ri keladi. Shu bois ulamolarimiz: “Ijtihod darajasiga yetmagan kishilar muayyan bir mazhabni ushlashi lozim”, - deydilar. Shunday qilinganda ixtilofdan saqlaniladi.
Boshqa mazhablarga va ularga ergashganlarga hurmat bilan qarash lozimdir. Bir ishda boshqa mazhabga ikkinchi bir ishda boshqasiga ergashish durust emas. Buni ulamolar “talfiq” deydilar.
Dinda adashmaslik uchun ma’lum bir mazhabni ixtiyor qilib, unga ergashish lozim. Ulamolarimiz: “Hatto, ilmi yuqori darajaga yetib, mazhablarning dalillarini solishtirib, kuchlisini aniqlashlik darajasiga yetgan odam ham birovlarga fitna so‘zni qo‘zg‘atmasin, fatvo bermasin, shaxsiy amal qilsa ruxsat”, - deyishadi. Bularning hammasi musulmonlar orasida ixtilof chiqarmaslik uchun ko‘rilgan chora-tadbirlardir.
Avvallari birovning qonini ikkinchi odamga quyish, bir kishining a’zosini boshqa bir odamga ko‘chirib o‘tkazish yoki erkak kishining urug‘ligini olib, uni maxsus tarnovchada urchitib, so‘ngra ayol kishining bachadoniga o‘rnatish kabi ishlar umuman bo‘lmagan. Shuning uchun, eski fiqhiy kitoblarning hammasini birma-bir varaqlab chiqsak ham, bu masalalarga javob topa olmaymiz. Hayot esa bu masalalarga javob berishni taqazo qiladi. Demak yana fiqhga hojatimiz tushadi.
Shuning uchun ham Islom mamlakatlari uyushmasi huzurida va “Robitatil Olamil Islomiy” tashkiloti qoshida bittadan Islom Fiqhi Akademiyasi ishlab turibdi. Ularda har bir Islom davlatidan vakillar bor. Yangi paydo bo‘lgan masalalar avvalo,Akademiya a’zolariga alohida o‘rganish uchun taqdim qilinadi. So‘ngra Akademiya’ning yillik majlisida, kerakli soha mutahasislari ishtirokida bu masalalar muhokama qilinadi va fatvolar chiqariladi. Ba’zi a’zolarning alohida fikrlari bo‘lsa unga ham ishora qilinadi.
Shu yo‘l bilan masalalar ixtilof va janjalsiz hal qilinib kelinmoqda. Demak Ahli Sunna va Jamoa aqiydasidagi fiqhiy mazhablar har qanday ixtiloflarni chetlab o‘tsalar, bo‘lar ekan. Buning uchun, albatta, keng qalb sohibi, tushungan va yetarli ilmiy saviyaga ega inson bo‘lish zarur.
FOYDALANILGAN MANBA VA ADABIYOTLAR
1.ShayxAbdulaziz Mansur. “Qur’oni Karim ma’nolari tarjima va tafsiri”. Sharq nashriyoti. 2004.
2. Muhammad Amin ibn Umar ibn Obidin.“Hoshiyatu Roddul Muxtor aladdurrul Muxtor sharhu Tanviyrul Absor”. Dorul fikr, 2005.
3. Mulla Aliyyul Qoriy. “Fathu Bobil Inoya Bisharhin Nuqoya”. Shirkatu Dorul Arqam Ibn Abu Arqam. 1997.
4. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. “Fiqhiy yo’nalishlar va kitoblar”. “Sharq” nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi bosh tahririyati. Toshkent – 2011.
5. Nazir Muhammad Maktabiy. “Ar-Rovzotul Bahiyya fi sharhi ahodiysul qudsiyya al-arbaiyniyya”. Dorul bashairul islomiyya. 2003.
6. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. “Kifoya sharhi muxtasorul viqoya”. “Sharq” nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi bosh tahririyati. Toshkent – 2008.
7. Abdulfattoh Abu G‘udda. “Tarjimati sittti min fuqahoil olamil Islomiy fil qornir robi’ asharo va asaruhumul fiqhiyya”. Maktabul matbuvotil Islomiyya bilahab. 1997.
Muxammadmustafo RO‘ZMETOV,
Mir arab oliy madrasasi o‘qituvchisi,
O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi tayanch doktaranti,
[1] Nahl surasi, 43-oyat.
Eng ko'p o'qilgan Mudarris minbari
