
Axfash laqabi tarix davomida ko‘plab mashhur olimlarga nisbat berilgan bo‘lib, ularning aksariyati nahv (arab tili grammatikasi), tafsir, qiroat va adabiyot sohalarida faoliyat yuritgan. Ushbu maqolada الأخفش so‘zining lug‘aviy ma’nosi, ushbu laqab bilan tanilgan olimlarning hayoti va ilmiy merosi yoritiladi.
Axfash so‘zining lug‘aviy ma’nosi:
Ibn Munzir o‘zining "Lisonul Arab" lug‘atida Axfash so‘zini quyidagicha ta’riflaydi:
“Axfash so’zi ba’zan ko‘zi zaif va qorachig‘i tor bo‘lgan shaxslarga nisbatan ishlatilsa, ba’zan esa tug‘ma kichik ko‘zli kishilarga yoki qovog‘i shikastlangan va qizargan kishilarga nisbatan ishlatilgan”, ya’ni bu holatdagi kishining ko‘zlar torayadi, lekin og‘riq yoki yara bo‘lmaydi.
Xattobiy esa "خَفِشَتْ عينه" (xofishat aynuhu) fe’lidan kelib chiqqan deb ta’kidlab, uning ma’nosi "ko‘rish qobiliyatining pasayishi" va "ko‘zning doimo yumilib turishi" ekanligini aytadi.
Bu ma’nodan kelib chiqib arablar qorong‘ida uchadigan ko’rshapalaklarni الخُفّاش (xuffash) deb nomlangan, chunki ularning ko‘rish qobiliyati kunduz kunlari juda zaif bo‘ladi.
Axfash laqabi bilan mashhur bo‘lgan olimlar:
Imom Suyutiy o‘zining "Al-Muzhir" kitobida o‘n bir nahviy ushbu laqab bilan mashhur bo‘lganini zikr qilgan. Ulardan eng mashhurlari quyidagilardir:
1. الأخفش الأكبر (الأول) (Katta Axfash) – Abulhattob Abdulhamid ibn Abdulmajid
Tug‘ilgan joyi: Hajar (hozirgi Bahrayn hududi).
Vafoti: 177 hijriy / 793 milodiy.
Ushbu zot ilmiy merosi:
She’rlarni tafsir qilish bo‘yicha ilk yozuvlarni bergan.
Misralar orasida sharh yozish uslubini ilk bor qo‘llagan.
Uning shogirdlari orasida mashhur olimlar bo‘lgan:
1. Ison ibn Umar
2. Abu Ubayda Ma’mar ibn al-Musanna
3. Abu Zayd al-Ansoriy
4. Al-Asma’iy
5. Sibavayh – aynan ushbu shogirtlari orqali katta Axfashning ilmi keng tarqalgan.
2. الأخفش الأوسط (O‘rtancha Axfash) – Abulhasan Sa’id ibn Mas’ada al-Balxiy
al-Basriy
Vafoti: 221 hijriy / 835 milodiy.
Ilmiy faoliyati:
U Kisoiyning o‘g‘illariga dars bergan va Sibavayhning mashhur "Kitob" asarini Kisoiyning oldida o‘qib bergan.
U nahv, aruz, Qur’on ma’nolari bo‘yicha ko‘plab kitoblar yozgan.
Abu Hatim as-Sijistoniy uning "Kitob al-Ma‘oniy" asarini maqtagan.
Abu Usmon al-Mazini shunday deydi: “Axfash mantiq ilmini hammadan yaxshi bilardi va munozarada eng mohir edi.”
Qolaversa undan al-Moziniy, Abu Hotam, Salama va boshqa bir guruh kishilar undan ta’lim olgan.
Al-Axfash shunday degan: “Kisoiy Basraga keldi va mendan Sibavayhning kitobini unga o‘qib berishimni so‘radi. Men shunday qildim, u esa menga ushbu ishimni taqdirlab ellik dinor yubordi.”
Sa’lab Axfashni afzal ko‘rib, uni eng bilimdon inson deb atardi. U nahv, aruz va Qur’on ma’nolari bo‘yicha ko‘plab asarlar yozgan.
Shuningdek, Axfash Imom Kisoiyning farzandiga ta’lim bergan.
Axfash yana shunday rivoyat qiladi: “Bag‘dodga bordim va Kisoiy masjidiga kirdim. Uning huzurida Farro, Ahmar va Ibn Sa’dan bor edi. Men unga yuz masala berdim, u javob berdi, men esa hammasida xato topdim. Shunda ular menga qarshi e’tiroz qilmoqchi bo‘lishdi, lekin Kisoiy ularni to‘xtatib, dedi: ‘Alloh haqqi, sen Abul Hasan emasmisan?’ Men: ‘Ha,’ dedim. Shunda u o‘rnidan turib meni bag‘riga bosdi va yoniga o‘tqazdi. So‘ng dedi: ‘Farzandlarim sendan odob o‘rgansin, istagim shu.’ Men uning iltimosiga rozi bo‘ldim.”
O‘zining mashhur so‘zlaridan biri:
"Men Sibavayh bilan birga o‘tirardim. U mendan bilimli edi. Ammo bugungi kunda men undan bilimliroqman."
3. الأخفش الأصغر (Kichik Axfash) – Abulmahosin Ali ibn Sulaymon ibn al-Fadl
Vafoti: 315 hijriy / 927 milodiy.
Ilmiy faoliyati:
287–300 hijriy yillarda Misrda yashagan, keyin Halabga borib, oxir-oqibat Bag‘dodga qaytgan.
Ilmiy asarlari:
1. "Sharh Sibavayh" – Sibavayhning mashhur "Kitob" asariga sharh.
2. "Al-Anva’" – bu kitob yulduzlarning joylashuvi va ob-havo belgilari haqida yozilgan.
3. "Al-Muhadhab" – nahv va tilshunoslikka oid ilmiy asar.
Uning asarlari nahviy tafakkur rivojiga katta ta’sir ko‘rsatgan.
4. الأخفش الدمشقي (Axfash Damashqiy) – Harun ibn Muso ibn Sharik at-Tug‘labiy.
Damashq qiroat ilmining yetakchi ulamolaridan biri bo‘lgan.
Ilmiy faoliyati:
Shom ahli qiroati bilan mashhur bo‘lgan.
Tafsir, nahv, ma’no ilmi va she’riyat sohalarida ham chuqur bilimga ega bo‘lgan.
Yetti qiroat (القراءات السبع) bo‘yicha yetuk olim sifatida tan olingan.
5. Ali ibn al-Muborak al-Kufiy.
Bu olim haqida juda oz ma’lumot bor.
Shu o’rinda yana bir ma’lumot aytib o‘tish kerakki, har qachon Axfash ismi umumiy holatda ishlatilsa undan O‘rtancha Axfash ya’ni Abulhasan Sa’id ibn Mas’ada nazarda tutilgan bo‘ladi.
Imom Suyutiyga keltirgan ma’lumotlarga ko‘ra ushbu laqabni olgan boshqa olimlar
Imom Suyutiy "Al-Muzhir" asarida o‘n bir nahviy ushbu laqab bilan mashhur bo‘lganini qayd etgan. Eng taniqlilaridan tashqari, quyidagilar ham ushbu laqab bilan tanilgan:
1. Ahmad ibn Imron
2. Ahmad ibn Muhammad al-Mavsiliy
3. Halaf ibn Amr
4. Abdulloh ibn Muhammad
5. Abdulaziz ibn Ahmad
6. Ali ibn Muhammad al-Mag‘ribiy (shoir)
7. Ali ibn Ismoil al-Fotimiy
Xulosa
Axfash laqabi bilan mashhur bo‘lgan olimlar asosan nahv, tafsir, qiroat va adabiyot sohalarida faoliyat yuritganlar. Ular Katta Axfash, O‘rtancha Axfash va Kichik Axfash tilshunoslik va nahv sohasidagi eng mashhur uch olim bo‘lib, ularning ilmi keyingi avlod nahviy olimlariga katta ta’sir ko‘rsatgan. Axfash Damashqiy esa asosan qiroat va tafsir bo‘yicha mashhur olim bo‘lgan. Ularning ilmiy merosi arab tili grammatikasi, qiroat va adabiyot rivojiga ulkan hissa qo‘shgan va hozirgi kunga qadar ularning asarlari tilshunoslik va tafsir sohasida muhim manba bo‘lib qolmoqda.
Boqiyev Abdulaziz,
Mir Arab oliy madrasasi o‘qituvchisi
Eng ko'p o'qilgan Mudarris minbari
