
Bismillahir rohmanir rohim
Bandalariga nihoyasiz ne’matlar bergan, ne’matlar ichra mana shunday ulamolar yurtini bizga Vatan qilib bergan Alloh taologa cheksiz hamdu sanolar bo‘lsin! Diniga, millatiga, Vataniga sodiq bo‘lish ta’limini bergan suyukli Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamga so‘ngsiz salovat va salomlar bo‘lsin!
Vatan haqida soʻz borar ekan, avvalo, bu borada har bir musulmon, Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning Vatanga bo‘lgan munosabatlarini bilishi lozim. Zero, musulmonlar insonning Vatanga munosabati qanday bo‘lishi kerakligini U zot alayhissalomning namunalarida o‘rganadi.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga ilk vahiy nozil bo‘lganda Xadicha onamiz roziyallohu anho U zotni Varaqa ibn Navfalning oldiga olib borganlar. Varaqa ibn Navfal Tavrot va Injildan xabardor, oxirzamon Payg‘ambarining alomatlarini biladigan, ziyrak inson edi. Varaqa ibn Navfal Payg‘ambar alayhissalomni gaplarini eshitib, “Qavmingiz Sizni yolg‘onchiga chiqaradi, Sizga aziyat beradi, tug‘ilib o‘sgan yurtingizdan chiqarib yuborishadi”, deydi.
Ulug‘larimiz ushbu holatni Vatanga muhabbatning haqligiga, Vatandan ajralishning mashaqqat ekanligiga dalil qilib, shunday deydilar: “Varaqa ibn Navfal sizni yolg‘onchiga chiqarishadi, deganida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu gapni indamay eshitib o‘tirdilar, sizga aziyat berishadi deganida eshitib o‘tirdilar. Ammo, “Sizni yurtingizdan quvib chiqaradilar”, deganida U zot to‘lqinlanib ketib, “Hali qavmim meni shahrimdan quvib chiqaradimi?” deb so‘raganlar”. Mana shu U zotning Vatanlariga bo‘lgan muhabbatlarining belgisi edi.
Varaqa ibn Navfalning aytganlari toʻgʻri boʻlib chiqib, johil qavm Payg‘ambar alayhissalomni o‘z yurtlaridan haydab chiqarishga, o‘ldirishga bor imkoniyatlari bilan harakat qilishdi. Vaqti kelib Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga hijrat uchun izn berilgach, Madina shahri tomon yoʻlga chiqdilar. Ona yurtlari Makkadan uzoqlashmasdan turib, Ukoz bozorining oldiga borganlarida, Makkaga qarab turib, o‘zlarining mashhur gaplarini aytdilar: “Ey menga sevikli shahrim Makka! Agar qavming meni haydab chiqarmaganda, seni hargiz tark qilmagan bo‘lardim”.
Madinaga borib, Alloh taologa “Robbim, Makkani menga suyukli qilganingdek, Madinani ham suyukli qil”, deb duo qildilar. Bularning barchasi U zotdagi Vatanga bo‘lgan muhabbat hissi sabablidir.
Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam “Ikki ko‘z egasini do‘zax otashi kuydirmas: biri – Allohdan qo‘rqib yig‘lagan, ikkinchisi – Alloh yo‘lida qo‘riqchilik qilib uxlamagan kishini” deb aytganlar. Imom Termiziy rivoyati.
Bu ikki toifa insonga Alloh taolo tomonidan katta mukofot beriladi. Ulardan “Alloh yo‘lida qoʻriqchilik qilib uxlamagan” deya chegarada turib Vatanni va ushbu diyorda yashayotgan insonlarning xotirjamligi yo‘lida bedor bo‘lgan kishi zikr qilinmoqda. Unga jahannam olovidan omonlik va’da qilinmoqda.
Vatan himoyasi chegarada turib, uni dushmandan himoya qilayotgan askarlarninggina vazifasi emas. Vatan himoyachilari faqatgina oʻsha askarlardan iborat emas. Vatan koʻzga ko‘rinadigan hissiy dushmandangina himoya qilinmaydi, balki, Vatanni himoyalash barcha vatandoshlarning burchidir. Bu ishda erkakning ham ayolning ham o‘ziga yarasha ulkan hissasi bor. Askarmi, o‘qituvchimi yoki Vatanning xohlagan boshqa farzandi bu ishda barobardir. Harbiylar Vatanni ko‘zga ko‘rinadigan hissiy dushmanlardan himoya qilsa, olimlari esa uni millatga begona g‘oya va tushunchalardan himoya qiladi. Maktabdagi oddiy o‘qituvchi ham oʻquvchilarga vijdonan to‘g‘ri ta’lim berib, salohiyatli avlodni yetishtirar ekan, u ham shu ishi bilan Vatanni tanazzulga yuz tutishidan himoya qilayotgan bo‘ladi. Mansab egalari ham mansabini suiiste’mol qilmay o‘z burchlarini ado etishar ekan ular ham Vatan himoyachilaridir. Ota-onalar ham farzandlariga to‘g‘ri tarbiya berib, ularni millatiga va Vataniga vafodor qilib ulg‘aytirar ekanlar, Vatan himoyachilari hisoblanishadi. “Vatan himoyasi” va “Vatan himoyachilari” biz o‘ylagandan kengroq tushuncha bo‘lib, din, Vatan va millat rivoji uchun xizmat qiladigan har qanday ish va g‘oyani hamda shu ulkan maqsad yo‘lida harakat qilayotgan barchani qamrab oladi.
Yuqorida aytganimizdek, Vatanni himoya qilish barcha Vatandoshlarning burchidir. Biroq Vatanni himoya qilishda erkaklarning, xususan, harbiylarning vazifasi vatanparvarlikning eng oliy namunasidir, haqiqiy yigitlik burchi, erkaklik sharafidir. Yurt tinchligi uchun ertayu kech xizmat qilayotgan fidokor, iymon-e’tiqodli harbiylar, o‘z jonini xatarga qo‘yib, Vatan sarhadlarini qoʻriqlayotgan jasur posbonlar haqiqiy Vatan himoyachilaridir. Ularning maqsadlari dinni, millatni dushmandan saqlash ekan, oʻtkazayotgan har onlari uchun katta ajrlar olishadi. Hadislarda va’da qilingan mukofotlarga erishishadi. Yurtimiz tinchligi, xalqimiz osoyishtaligi uchun butun borlig‘ini bag‘ishlab xizmat qilayotgan harbiylarimizga va Vatan ravnaqi uchun xizmat qilayotgan barcha vatandoshlarga “14-yanvar - Vatan himoyachilari kuni” muborak bo‘lsin!Yahyoxon Abdubannayev,
Mir Arab oliy madrasasi talabasi
Eng ko'p o'qilgan Talaba minbari
