
Bismillahir rohmanir rohiym.
Din bizga komil holatda yetib kelishi uchun ulamolarni chiqargan Alloh taologa hamd-u sanolar bo’lsin. Qur’oni Karimni sharhlab, uni bizga batafsil o’rgatgan Muhammad alayhissalomga salovotlar bo’lsin. U zotning so’zlari bizgacha asl holatda yetib kelishiga sababchi bo’lgan muhaddis-u mufaqqihlarimizdan Alloh rozi bo’lsin.
Alloh taolo Qur’oni Karimning Hijr surasida aytadi: “Albatta, Zikrni biz nozil qildik va albatta, biz unga muhofazachimiz”. Va yana Oli Imron surasida aytadiki: “Albatta, Alloh va’dasiga xilof qilmas”.
Darhaqiqat, Alloh taolo islom dini bizga komil holatda yetib kelishini o’z bo’yniga oldi va bu uchun avvalo, sahobalar orasida Qur’on hofizlarini, tobein va taba-tobeinlar davrida esa Qur’on imomlarini chiqarib Qur’on qanday nozil bo’lgan bo’lsa, bizgacha o’zgarmasdan kelishi uchun zamin yaratdi.
Payg’ambarimiz Muhammad alayhissalomning hadislariga bizgacha asl holatda yetib kelishi uchun muhaddis allomalarni chiqarib qo’ydi. Va Alloh taolo bu uchun faqatgina arab xalqlarini mas’ul qilib qo’ymadi, balki, Movarounnahrga Islom yetib kelganidan keyin ushbu diyordan ham yetuk muhaddislarni chiqardi. Hozirgi kunda shariatga doir yozilgan kitoblarning 80 % dan ortig’i Movarounnahr olimlari tomonidan yozilganligini butun ummat e’tirof etadi. Bunga misol qilib yuzlab ulamolarning nomlarini sanab o’tishimiz mumkin. Masalan, imom Buxoriy, imom Termiziy, imom Dorimiy, imom Doraqutniy va yana bir nechta olimlarni misol qilib keltirishimiz mumkin. Bu olimlarning xizmatlari beqiyos.
Imom al-Buxoriy.
Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil ibn Ibrohim ibn al-Mag‘iyra ibn Bardazbah al-Ju’fiy al-Buxoriy hijriy 194 yil shavvol oyining 13-kuni (810 yil 20 iyul) da tavallud topgan. Al-Buxoriy yoshligidayoq otasi vafot etib, onasi tarbiyasida o’sgan. U yoshligidan aql-idrokli, o’tkir zehnli va ma’rifatga havasi kuchli bo’lib, turli ilm-fanlarni, ayniqsa, hadis ilmini zo’r qiziqish bilan egallaydi. U o’n yoshidan boshlab o’z yurtidagi turli rivoyatchilardan eshitgan hadislarni, shuningdek, Abdulloh ibn al-Muborak va Vakiy kabi olimlarning hadis to’plamlarini mutolaa qilib, yodlagan, ustozi Shayx Dohiliy bilan hadis rivoyatchilari haqidagi qizg‘in bahslarda qatnashgan.825 yili o’n olti yashar al-Buxoriy onasi va akasi Ahmad bilan Hijozga qarab yo’l tutadi, muqaddas shaharlar Makka va Madinani ziyorat qilib, olti yil Hijozda yashab, hadis ilmidan o’z bilimini yanada oshirish maqsadida o’sha paytda ilm-fanning yirik markazlaridan hisoblangan Damashq, Qohira, Basra, Kufa, Bag‘dod kabi shaharlarda yashab, u joylardagi mashhur olimlardan hadis bilan bir qatorda fiqh ilmidan ham ta’lim oladi, yirik olimlar davrasida ilmiy bahslaru munozaralarda qatnashadi va ilm toliblariga dars ham beradi. Imom al-Buxoriy hayotining ko’p qismi xorijiy ellarda, musofirchilikda o’tdi. Bu haqda uning o’zi: “Misr, Shom, Mesopatamiyaga ikki martadan, Basraga to’rt marta borganman. Hijozda olti yil yashaganman, Bag‘dod va Kufa shaharlariga necha marta borganim hisobini bilmayman”, degan ekan. U safar chog‘ida ham, bir shaharda muqim turganda ham ilmini oshirish borasida tinimsiz ishlar, to’plagan hadislarini oqqa qo’chirar edi. Bag‘dodda istiqomat qilgan paytda ko’pincha oyning nurida ijod qilib, qorong‘i kechalarda sham yorug‘ida kitob yozar ekan.
Imom al-Buxoriy nafaqat yirik olim, balki o’zining go’zal hulq-atvori, odamoxunligi, muruvvatliligi va beqiyos saxovatliligi bilan boshqalardan tamomila ajralib turgan. U zehni o’tkirligi va yodlash qobiliyatining kuchliligi bilan ham xalq orasida g‘oyat shuhrat qozongan. Manbalarda al-Buxoriyning 600 mingga yaqin hadisni yod bilgani qayd qilingan.
Shu o’rinda ta’kidalsh joizki, hattoki buyuk muhaddislardan imom Muslim va imom Termiziylar imom Buxoriyning shogirdlaridan bo’lishgan.
Imom al-Buxoriy avlodlarga boy va qimmatli ilmiy meros qoldirgan bo’lib, u yozgan asarlarning soni yigirmatadan ortiqdir. Ulardan “Al-jome’ as-sahih”, “Al-adab al-mufrad”, “At-ta’rix al-kabir”, “Kitob al-ilal”, “Birr ul-volidayn”, “Asomi us-sahoba”, “Kitob al-kuna” va boshqalarni ko’rsatish mumkin. Buyuk allomaning eng muhim asari, shubhasiz, “Al-jome’ as-sahih”dir. Bu asar “Sahiyh al-Buxoriy” nomi bilan ham mashhur. Uning g‘oyat ahamiyatli tomoni shundaki, Imom al-Buxoriygacha o’tgan muhaddislar o’z to’plamlariga eshitgan barcha hadislarini tanlab o’tirmay qatorasiga kiritaverganlar. Imom al-Buxoriy esa turli roviylardan eshitgan hadislarni tabaqalarga bo’lib, ularning ishonchlilarini ajratib, alohida kitob yaratdi.
Alloma ibn Salohning ta’kidlashicha, al-Buxoriyning bu asariga kiritilgan ishonchli hadislarning soni takrorlanadiganlari bilan birga 7275 ta bo’lib, takrorlanmaydigan holda esa 4000 hadisdan iborat. Bu sharafli ishni birinchi al-Buxoriy boshlab bergan bo’lib, keyin qator olimlar unga taqlid qilib, shu zaylda hadislar to’plamini yaratganlar. Imom al-Buxoriyning ushbu yirik asari yozilganiga taxminan 1200 yil bo’ldi, o’sha davrdan boshlab toki shu vaqtgacha u islom ta’limotida Qur’oni Karimdan keyingi ikkinchi o’rinda turadigan muhim manba sifatida yuqori baholanib kelinmoqda.
Imom Termiziy.
Muhammad ibn Iso ibn Sura ibn Muso ibn ad-Dahhok as-Sullamiy, az-Zarir, al-Bugʻiy, at-Termiziy (milodiy 826-yil — 893-yil) - muhaddis, hofiz, muarrix, faqih va hadis ilmida iqtido qilinadigan imomlardan biri boʻlgan. Taxminan hijriy 210-yilda tugʻilgan. Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriydan saboq olgan oʻquvchi. Imom al-Buxoriy Qutayba ibn Said, Ali ibn Hajar, ibn Bishor singari koʻpchilik mashoyixlardan hadis rivoyat qilganda ishtirok etgan.Hadis ilmida hasan atamasini ilk marta qo’llagan. Soʻngra Xuroson, Iroq va ikki muqaddas masjidga borib hadis tinglagan. Oʻsha yerda ustozi Shayx al-Buxoriy haqida ham eshitgan. U hijriy 279-yil rajab oyining 13-sanasida Termizdagi Bugʻ qishlogʻida vafot etgan.
So’zimiz uzun bo’lib ketmasligi uchun shu ikki allomamiz haqlarida so’z yuritdik. Imom Dorimiy va imom Doraqutniyning ham xizmatlari juda katta va haligacha ustida izlanishlar olib borilyapti. Hozirgi kunda yurtimizda Imom Termiziyning 1200 yillik yubileylari nishonlanayotganligi va Imom Termiziy nomidagi islom instituti ochilganligi so’zlarimiz isbotidir.
Ilhomov Islom
Mir Arab oliy madrasasi talabasi
Foydalanilgan adabiyotlar:
Tafsiri hilol. Shayx Muhammadsodiq Muhammadyusuf.
Sharh Manzumatul Bayquniyyah
Wikipedia.org sayti
Eng ko'p o'qilgan Talaba minbari
