ILM NURDIR
Muallif: . .
Sana: 05.12.2024
93

Inson zotini ilm bilan barchadan ortiq qilgan Аlloh taologa hamdu sanolar boʼlsin!Bashariyatning komilrogʼi, paygʼambarimiz Muhammad sallollohu alayhi va sallam va ahli oilalariga, as’hobi kiromlariga hamda ularga ergashgan insonlarga Аllohning salomlari, rahmatu barokatlari yor boʼlsin!

Islom dini ilmu maʼrifatga targʼib qiluvchi dindir. Maʼlmuki, Paygʼambarimiz sallollohu alayhi va sallamga nozil qilingan dastlabki oyat ham “Oʼqi” degan kalima bilan boshlangan. (Аlaq 1-5 oyat). Islom ilm-maʼrifat dini ekanligi oʼz-oʼzidan ayondir. Аlloh taolo Odam alayhissalomni ilm tufayli barcha farishtalardan afzal qilib, ilimli kishilarnining martabasi ham yuksak darajaga koʼtarishni Qurʼoni karimda bayon qilgan: “Аlloh sizlardan iymon keltirgan va ilm ato etilgan zotlarni (baland) daraja, martabalarga koʼtarur” (Mujodala 11-oyat). Ilm va hunarning barchasi ham Аlloh taolo tomonidan insonga berilgan hikmatdir. Paygʼambarimiz sallollohu alayhi va sallam hadislaring birida: “Olimlar Paygʼambarlarning merosxoʼrlaridir. Paygʼambarlar dinor yoki dirham meros qoldirmaganlar, balki ilmni meros qilib qoldirganlar” deb marhamat qilganlar. (Imom Аbu Dovud va Termiziy rivoyati).Аbdulloh ibn Аbbos roziyallohu anhu shunday deganlar: “Sulaymon ibn Dovud alayhissalomga ilm, mol-dunyo va podsholikdan birortasini tanlashlik imkoniyati berilganda, u zot ilmni tanladilar. Natijada, Аlloh taolo u zotga ilm bilan birga mol-dunyo va podsholikni ham qoʼshib berdi”. Ilimli kishining yoʼli doimo charogʼon boʼlib, u hamma yerda ham qadirlanadi. Zero ilm aql chirogʼi deydilar.

Bu dunyoning qoim turishi ham olimlarning ilmiga bogʼliq ekanligi Paygʼambarimiz sallollohu alayhi va sallamning hadislarida bayon etilgan. Yana Paygʼambarimiz sallollohu alayhi va sallamning boshqa bir qancha hadislarida ham ilm oʼrganish har birimizga, xoh diniy boʼlsin, xoh dunyoviy bo’lsin ilm farz ekanligi haqida marhamat qilingan. Ilm yoshlikda sohibiga istiqomat yoʼlini koʼrsatadi. Ulgʼayganda esa uni xalqning peshvosiga aylantiradi. Yana ilm botil va fosid amallarni tuzatib, isloh qiladi, dushman va hasadchilarni magʼlub etadi, egri va yanglish ishlarni toʼgʼirlaydi, orzu-maqsadlarni roʼyobga chiqaradi. Shuning uchun ham ilm fazilat hisoblanadi, uni qadrlamagan shaxs mutlaqo johildir. Johillar ilmning fazilatini oʼlchaydigan manbaga ega boʼlmaganidan ilmning fazilatini anglamaydilar va ilm ahlini haqir sanaydilar, nafslari mayl etgan totsiz mollar va jozibali ovozlar bilan mashgʼul boʼlib, jaholat botqogʼiga yanada chuqurroq choʼkib, botib boraveradilar. Ularning bu holatlarini faqatgina olimlar biladilar.

Bizning jonajon xalqimiz qadimdan ilmni, ulamolarni qadrlagan xalq hisoblanadi. Buning isboti o’laroq yurtimizdan yetishib chiqqan ko’plab ulamolarni misol qilib keltirishimiz mumkin. Yurtimizdan yana shunday ulamolar yetishib chiqishi uchun ilmning, ulamolarning qadriga yetishimiz kerak. Shunda yana yurtimizdan Buxoriylar, Termiziylar, Xorazmiylar , Beruniylar va Ibn Sinolar yetishib chiqadi. Yurtboshimiz tomonidan “ Uchinchi Renessans” atamasining kiritilishi yurtimiz yana ulamolar uchun beshik bo’lishiga tamal toshidir. Hozirda yoshlarimiz yurtimizdagi yuzlab maktab va boshqa oʼquv yurtlarini belgilangan oʼqish davrini tugutib, mustaqil hayot chegarasida turibdilar. Ularga kasb tanlashda, ilm olish boʼyicha toʼgʼri tavsiya va koʼrsatmalar berish, har bir ota-ona va yaqinlarning burchidir. Bunday sharafli burchga yurtimizning har bir fuqarosi birday mas’uldir.

Alibekov Sodiqjon
Mir Arab oliy madrasasi talabasi

. .