
Termiz juda ko‘plab buyuk allomalarni voyaga yetkazgan qadimiy ilmiy-madaniy shahar markazlaridandir. Movorounnahrning eng yirik va ko‘rkam shaharlaridan biri sifatida bu yerda ilm-fan va madaniyat yuksak darajada taraqqiy etib, IX-X asrlarda Termizda boshqa imlar qatori hadis va tasavvuf ilmi ravnaq topdi. Ilm-fanning turli sohalari, xususan, dinimiz islom ilmlari bo‘yicha Termiz shahridan yetishib chiqqan ko‘plab allomalar “at-Termiziy” nisbati bilan butun dunyoga mashhur bo‘lib shuhrat qozondilar. Jahon ehtiromiga sazovor bo‘lgan ana shunday buyuk siymolardan biri – Hakim Termiziydir. Hakim Termiziyning to‘liq ismlari, Abu Abdulloh Muhammad ibn Aliy ibn Husayn Termiziydir. Laqablari “Hakim Termiziydir”. To‘rtinchi hijriy asrning eng yetuk va ko‘zga ko‘ringan ahli sunna va jamoa ulamolaridan va tasavvuf ahlining yetuk namoyondalaridan edilar.
Hakim Termiziy milodiy 820-yilda (ba’zi rivoyatlarda 824-yilda) Termizda tavallud topganlar. Ayni vaqtda ba’zi zamonaviy tadqiqotchilar u zotning tavalludi va vafoti haqida batamom boshqa sanalarni ko‘rsatganlar. Jumladan, Hakim Termiziyning hayoti va uning ta’limotini chuqur o‘rgangan misrlik taniqli olim Abdulfattoh Abdulloh Baraka Hakim Termiziyni hijriy 205 (melodiy 820) yilda Termiz shahrida tavallud topib, uzoq umr ko‘rib, hijriy 320 (melodiy 932) yilda 112 yoshida vafot etganligi haqida yozadi. Mana shularni xulosa qilib aytish mumkinki, bu yo‘nalishda kelajakda olib boriladigan chuqur ilmiy tadqiqotlar alloma Hakim Termiziy tavalludi va vafoti sanalarini aniqlash imkonini beradi, deb o‘ylayman. U zotning maqbaralari Termiz shahrining yaqinida Amudaryo bo‘yida joylashgan.
Afsuski, Hakim Termiziyning bolalik va yoshlik yillari haqida manbalarda aniq ma’lumotlar juda kam uchraydi. U zotning ota-onasi haqidagi ba’zi xabarlarda ma’lum bo‘lishicha, u zotning otasi Ali ibn al-Hasan o‘z davrida hadis ilmining ko‘zga ko‘ringan olimlaridan biri sifatida mashhur bo‘lgan. Arab tarixchilaridan al-Xatib al-Bag‘dodiy o‘zining mashhur “Tarixi Bag‘dod” (“Bag‘dod tarixi”) nomli asarida yozishicha, otalari musulmon olamining eng yirik markazlaridan sanalgan Bag‘dod shahrida bo‘lib, o‘sha davrning mashhur olimu ulamolari bilan hadis ilmining turli masalalari bo‘yicha qizg‘in bahs va munozaralarda ishtirok etganlar. Ayni vaqtda shuni alohida ta’kidlash kerakki, Hakim Termiziyning ilmiy kamolotida otalari Ali ibn al-Hasanning xizmatlari benihoya juda kattadir. Chunonchi, ota o‘z farzandi uchun nafaqat mehribon va g‘amxo‘r ota, balki unga nisbatan talabchan murabbiy va ma’rifatli ustoz maqomida ham bo‘lgan. Bu xususda Hakim Termiziy o‘z kitoblaridan birida shunday hikoya qiladilar:
“Alloh taolo meni ustozim — volidimdan judo qilganda men sakkiz yoshda edim. Uning sa’y-harakatlari bois men ilm olishga shunday berilib ketgandimki, kitob mutolaa qilish men uchun asosiy mashg‘ulot bo‘lib qolgan edi. Vaholanki, mening tengqurlarim o‘yin-kulgi va vaqti xushlik bilan band bo‘lardilar. Volidimning ijtihodlari tufaylik men shu yoshimda “Ilm al-osor” (Qadimiy rivoyatlar (hadislar) haqidagi ilm) va “Ilm ar-ray” (E’tiqod haqidagi ilm) bilimlarini to‘liq egallab olgan edim”.
Otalarini vafotidan keyin Hakim Termiziy o‘z shahridagi yetuk olimlardan asosan tafsir, hadis va fiqh ilmlaridan saboq oladilar. Uning termizlik muhaddislar Abu Muhammad Solih ibn Muhammad ibn Nasr Termiziy, Solih ibn Abdulloh at-Termiziydan hadis ilmini o‘rganganligi haqida manba’larda aniq ma’lumotlar keltirilgan.
Hakim Termiziy xazratlari juda ko‘plab asarlarni sohibidirlar. Kitoblarida har birida hikmat mavzusi birinchi o‘rinda turadi. O‘z asarlarida oyat, hadis va rivoyatlarning ilohiy hikmatlarini o‘quvchiga ochib beradilar. Shu bois u zotning asarlari barcha davrlarda alohida e’tibor ila o‘rganilib, hozirga qadar u zotning asarlarini rivoyat qilishga ijoza – ruxsati bor silsilalar saqlanib qolingan.
Alloma merosining ahamiyati shunda namoyon bo‘ladiki, u turli diniy firqalar, guruh va oqimlarning o‘z soxta davolari bilan xalqni to‘g‘ri yo‘ldan og‘dirishka qilayotgan harakatlari avjiga chiqqan bir davrda yashab, o‘zlarining ilmiy asoslangan fikrlari bilan ularga munosib raddiyalar bergan, odamlarni zalolatga kirib qolishlaridan saqlab qolganlar. Buyuk ajdodimizning asrlar zarbasiga bardosh bergan noyob asarlari bunday toifalar uchun har zamon va har makonda munosib javob bo‘lib qolaveradi.
Abdulhodiy Abdurahmonov,
Mir Arab oliy madrasasi “Diniy fanlar va tillar” kafedrasi o‘qituvchisi
Eng ko'p o'qilgan Mudarris minbari
