MUKAMMAL NAMUNA
Muallif: . .
Sana: 10.10.2024
549

Bismillahir rohmanir rohim

Biz bandlarini o‘zining hidoyat nuri bilan siylagan Alloh taologa hamdlar, suyukli payg‘ambarimiz, olamlarga rahmat qilib yuborilgan Zot Muhammad sollallohu alayhi vasallamga salovat va salomlar bo‘lsin.

Biz musulmonlar qancha faxrlansak arziydiki, Alloh taolo bizga Islomni eng ulugʻ neʼmat qilib berdi. Bu neʼmat bilan birga eng mahbub paygʻambari – Muhammad sollallohu alayhi vasallamni bizga paygʻambar qilib yubordi.

Alloh taologa ko‘pdan-ko‘p shukrlar aytamanki, eng saodatli insonlar qatorida U Zot sollallohu alayhi vasallamga ummat bo‘lish baxtiga meni ham muyassar qildi. Har bir musulmon uchun Alloh taologa chin maʼnoda banda bo‘lishdan, U Zot alayhissalomga esa, munosib ummat bo‘lishdan ortiq sharaf yo‘q! Hech shubha yo‘qki, U Zot butun olamlarga rahmat qilib yuborilgan payg‘ambardirlar.

Allohning fazli, Payg‘ambar alayhissalomning hidoyatlari o‘laroq men ham musulmon oilada dunyoga keldim. Tilim chiqib, bir-ikki so‘z aytishni boshlagan onimdanoq ota-onam – “Alloh yagona, Muhammad alayhissalom Allohning payg‘ambari” deb o‘rgata boshlashdi. Shu yo‘sindan bu gaplarni doimo tilimda takrorlab katta bo‘ldim. Aqlimni tanib, onamdan – “payg‘ambarimiz kim, bu gaplarning ma’nosi nima?” deb so‘rardim. Onam aytar edilarki: “Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom sen eng ko‘p yaxshi ko‘rishing kerak bo‘lgan kishi”. Qiziqib yana so‘rardim: “Onajon, U Zotni dadamdan ham sizdan ham ko‘ra ko‘proq yaxshi ko'rishim kerakmi?”. Onam juda muhim narsani tushuntirayotgandek: “Ha, shunday bolam. U Zotni hammadan hatto o‘zingdan ham ko‘ra ko‘proq yaxshi ko‘rishing kerak”, der edilar. Umrimning anashu onidan boshlab, Payg‘ambar alayhissalomni yanada yaxshiroq tanishga, aytgan so‘zlariga amal qilishga, hammadan hatto o‘zimdan ham ko‘proq yaxshi ko‘rishga harakat qilaman.

O‘sha yoshlik paytlarimda “Qanday qilib ko‘rmagan, tanimagan insonni yaxshi ko‘rish mumkin?” degan savolning javobini izlab yurardim. Hozir tushunib yetmoqdamanki, kishi o‘zi yaxshi tanigan kishisinigina yaxshi ko‘rishi mumkin ekan. Yaxshi ko‘rgandan keyin esa, unga so‘zda, amalda umuman hayotning barcha jabhasida ergashishga, o‘xshashga harakat qilar ekan. Savolimga javob topib, atrofimdagilarga e‘tibor bersam kimdir mashhur sportchilarni, kimdir boylarni, yana kimdir esa san’atkorlarni yaxshi ko‘radi va ularni o‘zi uchun o‘rnak qilib olgan.

Xo‘sh, unda men nima qilishim kerak? Biz musulmonlar nima qilishimiz kerak? Musulmon kishi ko‘pchilikdan farqli o‘laroq o‘rnak uchun har tomonlama mukammal, go‘zal xulqli kishini tanlashi lozim. Bir kishiga ergashishdan maqsad ham hayot davomida tanlagan munosib o‘rnakka ergashib, go‘zal hayot kechirish va oxirat saodatiga erishishdir. Biz musulmonlarning balki butun insoniyatning ergashishiga eng loyiq Zot Paygʻambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamdirlar.

Bolaga ota-onasini yaxshi ko‘rishni hech kim o‘rgatmaydi. Ota-ona ham bolasiga mehribonlik qilishni biror bir kitobdan yoki biror kishidan o‘rganib olmaydi. Alloh taolo fazl qilib bandalarining oralariga shunday muhabbatni solib qo‘ygan. Lekin Payg‘ambar alayhissalom bo‘lgan muhabbatni qanday hosil qilamiz? U Zotni biz uchun eng qadrli bo‘lgan ota-onalarimizdan ham ko‘ra ko‘proq yaxshi ko‘rish uchun nima qilish kerak? Nima uchun U Zotga ergashishimiz kerak?

1. Allohning muhabbatiga erishish. “Ayting (ey, Muhammad!): Agar Allohni sevsangiz, menga ergashingiz. Shunda Alloh sizlarni sevadi va gunohlaringizni mag‘firat etadi” (Oli Imron surasi, 31-oyat). Kim Alloh taoloning buyruqlariga itoat qilsa, U Zotni yaxshi ko‘rsa, Payg‘ambar alayhissalomga ergashadi. Alloh taologa bo‘lgan muhabbatning haqiqiy ekanining dalili sifatida Payg‘ambar alayhissalomga ergashish buyurilmoqda.

2. Eng go‘zal xulq sohibi. “Va albatta, Siz buyuk xulq uzradirsiz.” (Qalam surasi 4-oyat) Tabiiyki, ergashiladigan shaxs avvalo xulq-atvorda eng yaxshisi bo‘lishi kerak. Agar uning fe‘li yomon, xulqi buzuq bo‘lsa kim ham unga ergashardi!? Qolaversa ergashuvchi ham o‘zi uchun eng namunali shaxsni qidiradi. Endi, Alloh taoloning O‘zi Payg‘ambar alayhissalom eng go‘zal xulq sohibi ekanliklarini aytib qo‘ygandan keyin yana kim ham U Zot alayhissalomdan afzal bo‘la olardi!? Hatto Payg‘ambar alayhissalom davrlaridagi mushriklar ham hozirgi zamondagi g‘ayriddinlar ham U Zotning xulqlariga va diyonatlariga guvohlik berib turgandan keyin U Zotni qo‘yib kimga yana ergashish mumkin!?

Oisha onamiz roziyallohu anhu aytadilar: “U Zotning xulqlari Quron edi”. Yaʼni Muhammad alayhissalom Qurʼondagi oliy xulqlar bilan xulqlanganlar. U Zot sollallohu alayhi vasallam Qurʼondagi barcha yaxshi odob-axloqni oʻzlariga singdirgan edilar. Ya‘ni Payg‘ambar alayhissalom Qur’onda madh qilingan barcha sifatlar ila sifatlangan, mazammat qilingan sifatlardan xoli edilar. Ergashish uchun eng munosib shaxs edilar.

3. Go‘zal namuna. “(Ey, iymon keltirganlar!) Sizlar uchun – Alloh va oxirat kunidan umidvor bo‘lgan hamda Allohni ko‘p yod qilgan kishilar uchun Allohning payg‘ambarida go‘zal namuna bordir” (Ahzob surasi, 21-oyat). Ha, moʻmin-musulmonlar uchun goʻzal oʻrnak manbai ularning mahbub Nabiylari Muhammad sollallohu alayhi vasallamdir. U Zot har bir narsada, har bir soʻzda, har bir ishda moʻminlar uchun goʻzal oʻrnakdirlar. Rasulullohning goʻzal oʻrnak boʻlgan gap soʻzlari havodan olingan nutq emas, Allohdan qilingan vahiydir. U Zot sollallohu alayhi vasallamning qilgan ishlari Allohning amri bilandir. Ana shunday gap-soʻz goʻzal oʻrnak boʻlmay, qaysi gap-soʻz goʻzal oʻrnak boʻlishi mumkin?

4. Jannatdagi oliy maqom. Anas roziyallohu anhu: “Menga Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar: “Ey o‘g‘ilim, bu mening sunnatimdir. Kim mening sunnatimni o‘z hayotiga tatbiq etsa, batahqiq, menga muhabbat qilibdi. Kim meni yaxshi ko‘rsa, jannatda ham men bilan birga bo‘ladi” . Jannatga kirishning o‘zi bir ulug‘ ne‘mat bo‘lsa, Jannatda U Zot bilan birga bo‘lish yana bir ulug‘ ne‘mat. Lekin bu maqomga U Zotning sunnatlariga ergashmay turib qanday erishish mumkin?

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Har bir nabiyning (shaksiz) ijobat boʻladigan duosi boʻladi. Barcha nabiylar oʻz duosini qilib boʻldi. Men oʻz duoyimni qiyomat kuni ummatimga shafoat boʻlishi uchun berkitib qoʻyganman. U mening ummatimdan Allohga hech narsani shirk qilmay oʻlganlarga albatta yetuvchidir”. Kim Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shafoat qilishlarini istasa, U Zotga ergashishi kerak.

5. Muhabbat itoatni taqozo etadi. Kishi o‘zi yaxshi ko‘rgan insoniga ergashadi. Itoat muhabbat haqiqiy ekaniga dalolat qiladi. Biz Payg‘ambarimizni yaxshi ko‘ramiz desak, lekin U Zotga ergashmasak aytayotgan gapimizni yolg‘on bo‘lib qoladi.

6. Yagona yechim dinimizga amal qilmay, Payg‘ambarimizga ergashmay yurgan paytlarimiz ko‘rdikki, Islom dunyosi o‘zining peshqadamligini yo‘qotdi, muayyan sohalarda o‘sishdan to‘xtab qoldi. U Zot alayhissalomga ergashishdan boshqa hamma narsani qilib ko‘rdik, lekin bari foydasiz. Hidoyatning kaliti, musulmonlar avvalgi peshqadamligini qaytarib olishining yo‘li U Zotga ergashishdadir.

7. Ilohiy rahmatga shukronalik. “Biz sizni faqat olamlarga rahmat qilib yubordik” (Anbiyo surasi, 127-oyat) Payg‘ambar alayhissalom insoniyatga ham hayvonot olamiga ham va boshqa olamlarga rahmat qilib yuborilganlar. Hatto biz dunyoga kelishimizdan oldin ham bizga yaxshilik qilganlar. Ya‘ni bizning ota-onamizga solih farzand dunyoga kelishi uchun solih juft topishga, farzand dunyoga kelgandan keyin unga go‘zal ism qo‘yishga buyurganlar. Ota-onalarimiz qilmagan yaxshiliklarni qilganlar. Bizning zimmamizda ota-onamizdan ham ko‘proq haqqi bor kishini qo‘yib, yana kimga ergashishimiz mumkin!? Kim Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga iqtido qilsa, hech bir qiyinchiliksiz kamolotning choʻqqisiga chiqishi mumkin.

Abdubannayev Yahyoxon

Siyrat tanlovi g‘olibi,
Mir Arab oliy madrasasi talabasi
. .