ILMNING FAZILATI
Muallif: . .
Sana: 21.05.2024
304

Ilmning fazilati haqida gap ketarkan, avvalo bir savol bilan boshlasak. Alloh taoloning nazdida ilm hosil qilish qanday ahamiyatga ega? Shu darajadaki, Alloh taoloning bu ummatga yuborgan birinchi buyrug‘i “O‘qi” degan vahiy bo‘lgan. Farazan eng birinchi vahiy tavhidga buyruq bo‘lishi mumkin edi, chunki iymon tavhid bilan durust bo‘ladi. Alloh taolo barcha gunohlarni kechirishi mumkin, lekin shirkni hech qachon kechirmaydi. Yoki eng birinchi vahiy ibodatga buyruq bo‘lishi mumkin edi, chunki ibodat bandalikning izhoridir. Alloh taolo: “ Jin va insonni faqat menga ibodat qilish uchungina yaratdim[1].” – deydi. Eng birinchi vahiy risolat ya’ni payg‘ambarlik borasida ham bo‘lishi mumkin edi, masalan birinchi oyat “ Ey bandalarim, mening rasulimga iymon keltiringlar” degan oyat bo‘lishi mumkin, chunki insonlar rasulning gaplariga ishonmas ekan, qanday qilib Alloh taoloning oyatlariga ishonsin. Lekin Alloh taolo bunday bo‘lishini iroda qilmadi. Bu ummatga ilk xitobini Alloh taolo yuqoridagi lafzlar bilan yubormadi. Islomning birinchi buyrug‘i “O‘qi” bo‘ldi, ya’ni bu ummatga birinchi ilohiy xitob ilm olishdan iborat bo‘ldi. Alloh taolo ilmning fazilati naqadar yuksak ekanini yana bildirib, olimlarning guvohligini o‘zining guvohligi bilan yonma-yon zikr qildi. “Alloh, farishtalar va ilm ahllari: << Adolat bilan hukm qilguvchi yolg‘iz Allohdan o‘zga hech qanday iloh yo‘q >>, deb guvohlik berdilar[2]”. Mufassirlar bu oyatning tafsirida shunday deganlar. Alloh taolo bu oyatda farishtalar bilan olimlarni “vov” teng bog‘lovchisi bilan birga keltirdi. Guvohlik beruvchilarni ham Alloh taoloning o‘zi tanladi. Alloh taolo guvohligi qabul qilinmaydigan odamlarni o‘ziga guvoh qilmaydi. Agar bu guvohlarda biror aybu nuqson bo‘lsa, Alloh taolo shuncha maxluqotlar ichidan guvohlik uchun aynan shularni tanlab olmagan bo‘lar edi. Alloh taoloning o‘ziga ulamolarni guvoh sifatida tanlab olishi ularning naqadar ulug‘ martabada ekanligiga qat’iy dalildir. Alloh taolo “ulul-ilm” (ilm egalari) deb atagan zotlar anbiyolardan keyingi darajadagilardir, Alloh taoloning axassul-xavos ya`ni xoslar ichidan tanlab olgan xos bandalaridir. Abu Dardo‘ roziyallohu anhu Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi va sallamdan quyidagilarni eshitdim dedilar. Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi va sallam: “ kim ilm yo‘lini tutsa, Alloh uni jannat yo‘liga yo‘llab qo‘yadi. Albatta farishtalar ilm talabidagi kishiga rozi bo‘lib, qanotlarini yozib turadilar.”- deb aytdilar. Avvalo ilm yo‘lini tutgan kimsa Allohning jannati sari yo‘lga otlangan sanalib, unga safari davomida farishtalar xamrohlik qiladilar. Kishining hamsafari har jihatdan yetuk inson bo‘lsa, qanday ham yaxshi. U bu safaridan mamnun bo‘ladi, chunki yonida uning ko‘ngliga manzur hamroh bor. Endi agar unga jannat yo‘lidagi hamsafari Allohning mukarram maxluqoti bo‘lmish farishtalar qanotlarini yozib xamrohlik qilsalarchi? Bo‘lib ham bu safar Allohning jamolini ko‘rish uchun jannat sari boshlangan safar bo‘lsachi? Axir bu dunyoda bizlar Allohning roziligiga erishib, jannatiga doxil bo‘lish uchun xarakat qilmayapmizmi? Albatta bizning maqsadimiz ham shudir. Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi va sallam buning yechimini ko‘rsatmoqdalar. “Darhaqiqat, olim kishi uchun yer –osmondagi mavjudotlar va hattoki suvdagi baliqlar ham istig‘for aytadilar”. Bu hadisi sharifda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi va sallam ilm talabida yo‘lga otlangan kishilarga, ular uchun barcha narsalar istig‘for aytib, Alloh taolodan uning gunohlarini kechirishini so‘rab turishi haqida mujda bermoqdalar. Bu esa aynan biz istagan narsa emasmi? Biz gunohlarimiz kechirishligi uchun Parvardigorimizga iltijolar, tavba-tazarru’lar qilamiz. Bir kishiga nisbatan Alloh taoloning yeru-osmon va suvdagi mavjudotlarining adadi qancha? Subhanalloh. Ularning barchalari olim kishi uchun istig‘for aytsaya. Bu qanday ham ajoyib marhamat bo‘ldi. Albatta olimning obidga nisbatan fazilati to‘lin oyning yulduzlarga ko‘ra fazliga o‘xshaydi. Haqiqatdan ham olimning ilmidan butun olam manfaat oladi. Lekin obidning ibodatidan faqatgina o‘ziga manfaat yetadi. Boshqa bir hadisi sharifda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi va sallam: “Olimning obiddan afzalligi mening quyi darajadagi sahobiydan afzalligim kabidir.” – deydilar. Qarangki, Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi va sallam olimni nabiylik darajasiga yaqin ko‘tarib, ilmsizni juda quyi tushiryaptilar. Agar obid qilayotgan ibodati haqida ilmga ega bo‘lmaganida, ibodati davomli bo‘lmas edi. Darhaqiqat ulamolar payg‘ambarlarning merosxo‘ridir. Payg‘ambarlar dinor va dirhamlarni meros qoldirmadilar, ular faqatgina ilmni meros qoldirganlar. Kimki uni olsa, to‘liq nasiba olibdi. Olamda Alloh taologa eng yaqin zotlar payg‘ambarlardir. Chunki ularning zimmalarida tog‘lar ham ko‘tarishga bardosh berolmaydigan omonatni yetkazish mas’uliyati bor. Shu sabab ham ular bu yo‘lda yetgan aziyatlarga sabr qilganlar. Butun insoniyatni baxtli hayot kechirishligini ta’minlovchi bu mas’uliyatli omonat – Allohning bandalariga payg‘ambarlari orqali yuborgan dinidir. Payg‘ambarimiz alayhis-salomdan mol-mulk va dunyo haqida so‘ralganda mol-mulkni mutakabbirlarning ridosi va dunyoni oxiratning bozori deya ta’rifladilar. Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhu ham aytadilar: “Ilm moldan yaxshidir, u seni muhofaza qiladi, molni esa sen qo‘riqlaysan. Ilm hokim, mol mahkumdir. Nafaqa qilish bilan mol kamaysa, ilm ziyoda bo‘ladi.” Hech kimga sir emaski, mol-mulk va dunyoning o‘rni bu hayotimizda qanchalik kerakli bo‘lmasin, ulardan mulk egalari va ularning merosxo‘rlari ma’lum bir muddat foydalanishi mumkin. O‘tgan ulug‘larimizdan foydali narsa haqida so‘rashganida “O‘zing bilan har doim birga qoladigani” deb javob berganlar. “O‘zimiz bilan birga bo‘ladigan narsa nima?” deganlarida, “Kema cho‘kkanida sen bilan qolgan narsa” deb jabob berdilar. Demak ilm dunyodagi barcha narsalardan afzal ekan. Xulosa qilib aytganda, Payg‘ambarlarga qo‘ldan ketib qolmaydigan boylik – ilm berilgan. Ular ham bu sharafli ilmni o‘zlarining merosxo‘rlari olimlarga meros qoldirib ketganlar. Ali roziyallohu anhu shunday deydilar: “Olim ro‘zadordan ham, namozlarida qoim namozxon va mujohiddan ham afzalroqdir. Agar olim vafot etsa, islom darz ketadi, u yoriqni faqatgina ilmli o‘rinbosargina yamashi mumkin.”Dunyoni muvozanatda turishligi ham Allohni qalbiga joylagan, taqvodor ulamolarga bog‘liq, chunki olimlar buzilsa olam buziladi. Alloh taolo qur`oni karimda: “ Ayting: “ Biladiganlar bilan bilmaydiganlar teng bo‘lurmi[3]?” deydi. Albatta biladiganlar bilan bilmaydiganlar, ya’ni ilmlilar bilan ilmsizlar barobar bo‘lmaydi. Alloh taolo ilmli zotlarga yuksak darajotlar ato etadi. Ibn Abbos roziyallohu anhu aytadilar: “ Olimlarning darajasi ilm olmagan mo‘minlarning darajasidan yetti yuz karra yuqoridir. Har darajaning orasi besh yuz yillik yo‘lga teng.”Olim Alloh taoloning nazdida qay darajada suyukli ekanini shundan ham bilib olishimiz mumkin. Xulosa o‘rnida Ibn Abdulhakam rahmatullohi alayh aytgan: “ men imom Molik huzurida ilm olardim. Peshin vaqti kirishi bilan nafl namoz o‘qish uchun kitoblarimni yig‘ishtira boshladim. Shunda ustoz, agar niyating durust bo‘lsa, hozir mashg‘ul bo‘lib turgan ishing bajarmoqchi bo‘layotgan ishingdan afzalroqdir”, so‘zlarini keltirsak, maqsadga muvofiq bo‘ladi.



Mir Arab oliy madrasasi
Husanjon Olimjonov



[1] Tur surasi 56- oyat

[2] Oli Imron surasi 18-oyat

[3] Zumar surasi 9-oyat

. .