ALLOHNI TANITADIGAN ILMNI OʻRGANAYLIK
Muallif: . .
Sana: 14.02.2024
261

Islom aqidasi ilohiy dinlar aqidasining xotimasi hisoblanib, uni bayon qilish va asoslashni Alloh taologa, oxirat kuniga, farishtalarga, kitoblarga va barcha nabiylarga imon keltirish timsolida Qurʼoni karim va Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari oʻz zimmasiga olgan.

Ushbu aqida borliq muammolarini yechib beradi. Insonni hayot va oʻlim sirlaridan voqif qilib, qayerdan kelgani, qayerga ketishi haqidagi doimiy savollarga javob qaytaradi. U islom dini yoki Muhammad alayhissalom yangidan paydo qilgan narsalar emas, balki barcha nabiylar bilan yuborilgan, avvalgi kitoblar odamlar tarafidan buzilishidan oldin nozil qilingan sof aqidadir. Mazkur aqida Alloh taolo, Uning koʻzga koʻrinadigan va koʻrinmaydigan ushbu olam bilan aloqasi, hayot, insonning avvali va oxiri haqida xabar beruvchi oʻzgarmaydigan va yangilanmaydigan abadiy haqiqatlar jamlanmasidir. U Odam alayhissalom bolalariga oʻrgatgan, Nuh alayhissalom qavmi orasida baralla eʼlon qilgan, Hud va Solih alayhissalomlar Od va Samudni unga daʼvat etgan, Alloh taoloning rasullari boʻlmish Ibrohim, Ismoil, Isʼhoq va boshqa paygʻambar alayhissalomlar unga chaqirgan, Muso alayhissalom Tavrotda, Dovud alayhissalom Zaburda, Iso alayhissalom Injilda taʼkidlagan sof aqidadir.

Islom amalga oshirgan barcha ishlar ushbu aqidani asrlar davomida unga kiritilgan, biroq unga tegishli boʻlmagan begona tushunchalar, Alloh taolodan boshqani iloh qilib olish hamda Alloh taoloni jismlarga oʻxshatib Unga jism sifatini berish, insondagi qosirlik va nuqson sifatlarini oliy va pok boʻlgan Alloh taologa taqash kabi sharʼiy taʼlimlar orasiga kirib qolgan buzuq aqidalardan tozalashga qaratilgan. Nazarini borliq, hayot, inson va uning Alloh taolo bilan boʻlgan aloqalari, U zotning nabiylariga tushirgan vahiysi va shunga doir taʼlimotlarga qaratdi. Islom Alloh taoloning hikmati ilohiysi taqozisi ila ilohiy risolatlarning soʻnggisi, to qiyomatga qadar buzuq eʼtiqodlardan toʻsuvchisi risolatga loyiq tarzda bunday sof eʼtiqodlarni yangidan oʻrtaga tashladi. Islom dini kelib, asrlar osha oʻzgarish kirib qolgan tavhid va nuqsonlardan pok boʻlgan ilohlik tushunchasini buzuq eʼtiqodlardan tozaladi. Shuningdek, nubuvvat va risolat haqidagi fikrlarni hosil boʻlgan noloyiq tasavvurlardan xalos etdi.

Islom oxirat kunidagi jazo va mukofot haqidagi eʼtiqodlarni ularga kirib qolgan johiliyat gumonlari, mutaassiblarning oʻzgartirishlari, yolgʻonchilarning choʻpchaklari va firibgarlarning toʻqima fikrlaridan ham tozaladi.

Ushbu aqidaning asoslari Alloh taologa, barcha nabiylarga va oxirat kuniga imon keltirish hisoblanadi. Alloh taologa imon keltirish U zotning borligi, yakkaligi va komil sifatlarini tasdiqlashni oʻz ichiga oladi.

Alloh taoloning borligiga dalil

Ushbu olam ortida uni tartibga solib, ustidan hukmini yurgizib, xabardor boʻlib turgan katta kuch borligiga dalillar bisyor. Qurʼoni karim uni jamollik va jalollik sifatlarini oʻzida jamlagan “Alloh” nomi bilan ataydi.

Ushbu katta kuchni, boshqacha aytganda, oliy Ilohning haqiqatini anglashga basharning aqli qosirlik qiladi. Axir, oʻz zoti, nafsining mohiyati, hayotning haqiqati, borliqdagi elektr va magnit kabi boshqa koʻplab haqiqatlarni anglashga ojiz-ku! Ilohiy qudratning haqiqatini anglash qayerda! Inson narsalarning natijalarini bila olishi mumkin, xolos. Oliylik va qudrat sohibi boʻlgan Alloh taoloning zoti haqiqatini anglashni qanday daʼvo qilishi mumkin?! Alloh taolo bu haqda Qurʼoni karimda shunday marhamat etadi:

ذَلِكُمُ اللَّهُ رَبُّكُمْ لَا إِلَهَ إِلَّا هُوَ خَالِقُ كُلِّ شَيْءٍ فَاعْبُدُوهُ وَهُوَ عَلَى كُلِّ شَيْءٍ وَكِيلٌ لَا تُدْرِكُهُ الْأَبْصَارُ وَهُوَ يُدْرِكُ الْأَبْصَارَ وَهُوَ اللَّطِيفُ الْخَبِيرُ

“Mana shu Alloh Parvardigoringizdir. Hech qanday iloh yoʻq, magar Uning oʻzi bordir. U hamma narsani yaratguvchidir. Bas, Unga bandalik qilingiz! U hamma narsaning ustidagi vakil – muhofaza qilguvchidir. Koʻzlar unga yeta olmas. U koʻzlarga yetar! U mehribon va (har narsadan) ogoh zotdir” (“Anʼom” surasi, 102-103 oyatlar).

Bu iloh qismlarga ajralgan yoki chegaralangan ham emas, biror xalq yoki mintaqaga xos iloh ham emas, balki “U zot olamlarning Rabbi” (“Fotiha” surasi, 2-oyat), “Osmonlaru yerning Rabbi” (“Kahf” surasi, 14-oyat), “Mashriqu magʻribning Rabbi”dir (“Shuaro” surasi, 28-oyat).

قُلْ أَغَيْرَ اللَّهِ أَبْغِي رَبًّا وَهُوَ رَبُّ كُلِّ شَيْءٍ

“Ayting: “Allohdan oʻzgani Parvardigorim deyinmi?! Axir U barcha narsaning Parvardigori-ku?!” (“Anʼom” surasi, 164-oyat).

Alloh taoloning komil rububiyatini bayon etagan Qurʼoni karim bizga hiqoya qilib bergan Muso alayhissalom va Firʼavn oʻrtasidagi bahsga quloq solaylik:

قَالَ فِرْعَوْنُ وَمَا رَبُّ الْعَالَمِينَ (23) قَالَ رَبُّ السَّمَاوَاتِ وَالْأَرْضِ وَمَا بَيْنَهُمَا إِنْ كُنْتُمْ مُوقِنِينَ (24) قَالَ لِمَنْ حَوْلَهُ أَلَا تَسْتَمِعُونَ (25) قَالَ رَبُّكُمْ وَرَبُّ آَبَائِكُمُ الْأَوَّلِينَ (26) قَالَ إِنَّ رَسُولَكُمُ الَّذِي أُرْسِلَ إِلَيْكُمْ لَمَجْنُونٌ (27) قَالَ رَبُّ الْمَشْرِقِ وَالْمَغْرِبِ وَمَا بَيْنَهُمَا إِنْ كُنْتُمْ تَعْقِلُونَ

“Firʼavn dedi: “Barcha olamlarning Parvardigori (deganing) nimasi yana?” (Muso) aytdi: “U agar ishonadigan boʻlsanglar, (Alloh) osmonlar va yerning hamda ularning orasidagi barcha narsalarning Parvardigori — hojasidir”. (Firʼavn) atrofidagi (ayonlar)iga: “Quloq solmaysizlarmi?” deb (masxara qildi). (Muso) aytdi: “(Alloh) sizlarning ham, oʻtgan ota-bobolaringizning ham Parvardigoridir”. (Firʼavn) dedi: “Sizlarga elchi qilib yuborilgan bu paygʻambaringiz shak-shubhasiz jinnidir”. (Muso) aytdi: “Agar aql yurgizuvchi boʻlsangizlar, (Alloh) mashriq va magʻribni hamda ularning oʻrtasidagi bor narsalarning Parvardigoridir” (“Shuaro” surasi, 23-28 oyatlar).

Qurʼoni karim Alloh taoloning borligini bir qancha yoʻllar bilan isbotlaydi. Qurʼoni karim inson aqli va zehnining ortida xoliq va hakim zot borligiga dalolat qiladigan borliq ajoyibotlariga nazar solishga undaydi. Bu sababiyat qonunlariga tabiiy ravishda imon keltiradigan aql egasi ortiqcha izlanish va dalil talab qilmaydigan, hammaga maʼlum boʻlgan haqiqatni koʻradi:

إِنَّ فِي خَلْقِ السَّمَاوَاتِ وَالْأَرْضِ وَاخْتِلَافِ اللَّيْلِ وَالنَّهَارِ وَالْفُلْكِ الَّتِي تَجْرِي فِي الْبَحْرِ بِمَا يَنْفَعُ النَّاسَ وَمَا أَنْزَلَ اللَّهُ مِنَ السَّمَاءِ مِنْ مَاءٍ فَأَحْيَا بِهِ الْأَرْضَ بَعْدَ مَوْتِهَا وَبَثَّ فِيهَا مِنْ كُلِّ دَابَّةٍ وَتَصْرِيفِ الرِّيَاحِ وَالسَّحَابِ الْمُسَخَّرِ بَيْنَ السَّمَاءِ وَالْأَرْضِ لَآَيَاتٍ لِقَوْمٍ يَعْقِلُونَ

“Albatta, osmonlaru yerning yaratilishida, kechayu kunduzning almashib turishida, odamlarga manfaatli narsalari ila dengizda yurib turgan kemada, Allohning osmondan suv tushirib, u bilan oʻlgan yerni tiriltirishi va unda turli jondorlarni taratishida, shamollarni yoʻnaltirishida, osmonu yer orasidagi itoatgoʻy bulutda aql yurituvchi qavmlar uchun belgilar bor” (“Baqara” surasi, 164-oyat).

Ushbu borliqning xoliqi boʻlishi, bunday puxta ishlangan nizomning joriy qiluvchisi boʻlishi kerak:

أَمْ خُلِقُوا مِنْ غَيْرِ شَيْءٍ أَمْ هُمُ الْخَالِقُونَ (35) أَمْ خَلَقُوا السَّمَاوَاتِ وَالْأَرْضَ بَل لَا يُوقِنُونَ

“Balki ular hech narsadan (yaʼni Yaratguvchisiz) yaralib qolgandirlar?! Yoki ular oʻzlari yaratguvchimikanlar-a?! Balki osmonlar va yerni ham ular yaratgandir?! Yoʻq, ular ishonmaslar!” (“Tur” surasi, 35-36 oyatlar).

قَالَ فَمَنْ رَبُّكُمَا يَا مُوسَى (49) قَالَ رَبُّنَا الَّذِي أَعْطَى كُلَّ شَيْءٍ خَلْقَهُ ثُمَّ هَدَى

“(Ular Firʼavn oldiga kelib yuqoridagi soʻzlarni aytishgach) u dedi: “Sizlarning Parvardigoringiz kim, ey Muso?” (Muso) aytdi: “Parvardigorimiz barcha narsaga oʻz xilqatini – shaklini ato etib, soʻngra (uni) toʻgʻri yoʻlga solib qoʻygan zotdir” (“Toha” surasi, 49-50 oyatlar).

Qurʼoni karim insoniyat tarixini Alloh taologa va rasullariga imon keltirish najot kemasi boʻlishiga, U zotni va rasullarini yolgʻonchiga chiqarishni esa halokatdan ogohlantiruvchi ekanligiga guvoh qilib keltiradi. Alloh taolo Qurʼoni karimda Nuh alayhissalom qissasida shunday marhamat qiladi:

فَكَذَّبُوهُ فَأَنْجَيْنَاهُ وَالَّذِينَ مَعَهُ فِي الْفُلْكِ وَأَغْرَقْنَا الَّذِينَ كَذَّبُوا بِآَيَاتِنَا إِنَّهُمْ كَانُوا قَوْمًا عَمِين

“Bas, uni yolgʻonchi qildilar. Shunda Biz uni va u bilan birga boʻlgan (unga imon keltirgan) zotlarni kemada qutqardik va Bizning oyatlarimizni yolgʻon degan kimsalarni gʻarq qilib yubordik. Chunki ular (koʻngillari) koʻr boʻlgan qavm edilar” (“Aʼrof” surasi, 64-oyat).

Hud alayhissalom qissasida shunday marhamat qiladi:

فَأَنْجَيْنَاهُ وَالَّذِينَ مَعَهُ بِرَحْمَةٍ مِنَّا وَقَطَعْنَا دَابِرَ الَّذِينَ كَذَّبُوا بِآَيَاتِنَا وَمَا كَانُوا مُؤْمِنِينَ

“Bas, unga (Hudga) va u bilan birga boʻlgan (moʻmin zotlarga) Oʻz rahmat-marhamatimiz bilan najot berdik va Bizning oyatlarimizni yolgʻon degan kimsalarning dumlarini qirqdik (yaʼni butunlay qirib yubordik). Ular moʻmin emas edilar” (“Aʼrof” surasi, 72-oyat).

Solih alayhissalom va u zotning qavmlari Samud haqidagi qissada shunday marhamat qiladi:

فَتِلْكَ بُيُوتُهُمْ خَاوِيَةً بِمَا ظَلَمُوا إِنَّ فِي ذَلِكَ لَآَيَةً لِقَوْمٍ يَعْلَمُونَ (52) وَأَنْجَيْنَا الَّذِينَ آَمَنُوا وَكَانُوا يَتَّقُونَ (53)

“Ana, zulmlari sababli uylari huvullab yotibdi! Albatta, bunda biladigan qavmlar uchun ibrat bordir. Va imon keltirib, taqvo qilib yurganlarga najot berdik” (“Naml” surasi, 52-53 oyatlar).

Alloh taolo barcha nabiylar orqali Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga bunday xitob qiladi:

وَلَقَدْ أَرْسَلْنَا مِنْ قَبْلِكَ رُسُلًا إِلَى قَوْمِهِمْ فَجَاءُوهُمْ بِالْبَيِّنَاتِ فَانْتَقَمْنَا مِنَ الَّذِينَ أَجْرَمُوا وَكَانَ حَقًّا عَلَيْنَا نَصْرُ الْمُؤْمِنِينَ

“(Ey Muhammad alayhissalom) aniqki, Biz sizdan ilgari ham paygʻambarlarni oʻz qavmlariga yuborganmiz. Bas ular (qavmlariga) aniq-ravshan hujjatlar keltirganlar. Soʻng Biz jinoyat qilgan (yaʼni oʻz paygʻambarlarini yolgʻonchi qilgan) kimsalardan intiqom olganmiz va imon keltirgan zotlarni gʻolib qilish Bizning zimmamizdagi haq boʻlgan” (“Rum” surasi, 47-oyat).

Mir Arab oliy madrasasi talabasi
Nabiyeva Muslima

. .