AQOID ILMINING AHAMIYATI VA ASOSLARI
Muallif: . .
Sana: 24.01.2024
124

Annotatsiya: Inson bu dunyoda yashar ekan qaysidir e’tiqod yoki e’tiqodsizlik asosida yashaydi. Musulmon kishining albatta e’tiqodi bo‘ladi. Mana shu e’tiqod qanday bo‘lsa to‘g‘ri bo‘ladi va musulmonga dunyoda va oxiratda foyda beradi?

Kalit so‘zlar: aqoid ilmi, insonning maqsadi, Alloh taolo, Allohning borligi, Allohning birligi

Olamlar Robbisi Alloh taologa hamdu-sanolar, butun olamlarga rahmat qilib yuborilgan Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallamga hamda u zotning oilalariyu sahobalariga salovot va salomlar bo‘lsin.

Insonni Alloh taolo yaratdi. Yo‘qdan bor qildi va unga vazifa yukladi.Alloh taolo marhamat qiladi:

و ما خلقت الجن و الانس الا ليعبدون

“Men jinlar va insonlarni faqat o‘zimga ibodat qilishlari uchungina yaratdim” Zoriyat surasi, 56-oyat.

Ibn Abbos r.a. ushbu oyati karimani “faqat Meni tanishlari uchungina yaratdim” ma’nosini anglatadi, deya tafsir qilgan.

Demak, insonning bu dunyoga kelishidan maqsad uni yaratgan Zotga ibodat qilish va uni tanish ekan. Avvalo inson o‘zini yaratgan
Zotni tanishi kerak. Bu esa Aqoid fanida o‘rganiladi. Bizlarni yaratgan Zotga qaysi sifatlar loyiq, Uni qanday sifatlardan poklashimiz kerak, buni bilib olish har bir musulmon uchun zaruriy bo‘lgan ilmdir.

Shundan kelib chiqib, bu – dinning asli va ilmlarning oliysi hisoblanadi. Sof, To‘g‘ri e’tiqoddagi insonning ozgina amali ham barakali bo‘ladi, ya’ni Alloh taolo uning to‘g‘ri e’tiqodi barakotidan ko‘plab mukofotlar ato etadi.

Aqoid so‘zi lug‘atda “ishonib bog‘langan narsalar” ma’nosini anglatadi. Istilohda kuyidagicha ta’rif beriladi:

دراسة الاحكام الاعتقاديةفي الشريعة الاسلامية

Islom shariatidagi e’tiqodiy hukmlarni o‘rganishda – aqoid ilmi deyiladi.

Bu ilmni ya’ni bu fanni o‘rganishdan maqsad:

  • 1.Qat’iy dalillar bilan diniy e’tiqodini mustahkamlash va ulardan shubhalarni ketqazish.
  • 2.Boshqalarga taqlid qilib yurishdan aniq ishonch darajasiga ko‘tarilish.
  • 3.Dunyo va oxirat saodatini hosil qilish.

Xo‘sh, shunday ekan bu ilmda qaysi mavzular o‘rganiladi ? Bu ilmda avvalo Alloh taoloning yakkayu-yagona ekanligi, sifatlari hech bir maxluqotga o‘xshamasligi o‘rganiladi. Iymon kalimasining ham mohiyati shundan iborat.

لا اله الا الله محمد رسول الله

Allohdan boshqa iloh - ibodat qilishga loyiq zot yo‘qdir, Muhammad s.a.v. Allohning elchisidir.

Inson Alloh taologa quyidagicha e’tiqod qilishi lozim:

  • -Alloh taolo borliqdagi biror narsaga o‘xshamaydi va Uning biror nuqsonu kamchiligi yo‘qdir.
  • -Alloh taoloning ism va sifatlari Qur’on va hadislarda bayon qilingandir.
  • -Alloh taoloning ism va sifatlarining haqiqati qanday ekanligini bilishdan barcha xaloyiq ojiz.

Aqoid ulamolari iymon keltirishni bobidagi masalalarni 2ta asosga bog‘lab tushuntiradilar:

  • 1.Alloh taoloning borligiga iymon keltirish.
  • 2.Alloh taoloning birligiga iymon keltirish.

Demak, Alloh taoloni bor deb e’tiqod qilishimiz uchun bizga dalil kerak. Nimaga asoslanib biz bunday e’tiqod qilishimiz kerak. Bunga eng yorqin, qat’iy dalil bu bizning borligimiz va atrofimizdagi olamning borligidir. Bizning bu olamga kelishimiz o‘z ixtiyorimizda emas. Qanchadir muddat yashab keyin yana o‘lib ketamiz. Demak, bizning yaratilishimizni iroda qilgan, bizni yaratgan bir zot bo‘lishi lozim. U Zot hech bir jihatdan maxluqotlarga o‘xshamasligi lozim. U zotida va barchasifatlarida yakaayu yagona – bir bo‘lishi lozim.

Shunday Zot – butun olamlar Robbi Alloh taolodir. Alloh taolo bizga vahiy qilishi payg‘ambarlar orqalidir. Payg‘ambarlar Yaratuvchi va yaratilgan maxluqlar orasida ilohiy ko‘rsatmalarni yetkazuvchidirlar. Muhammad s.a.v. esa Alloh taoloning so‘ngi payg‘ambari, elchisidir Qur’on (kitobi) Muhammad s.a.v.ga nozil qilingan ilohiy kitobdir.

Demak, Bizning yaratuvchimiz Alloh taolo. Muhammad s.a.v. u Zotning elchisi ekan, u zot olib kelgan xabarlarga iymon keltirish ham musulmonga farz buladi. Bundan iymon shartlari kelib chiqadi:

  • -Allohga
  • -Farishtalarga
  • -Ilohiy kitoblarga
  • -Payg‘ambarlarga
  • -Oxirat kuniga
  • -Qadarning yaxshisi va yomont ham Alloh taolodan ekaniga
  • -O‘lgandan so‘ng qayta tirilishga iymon keltirishdir.

To‘g‘ri aqidani o‘zbek tilidagi quyidagi manbalardan o‘rganish mumkin:

  • -Abdulqodir Abdurrohim “E’tiqod durdonalari”
  • -“Aqidatut-Tahoviyya” sharhining talhisi Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf
  • -“Aqoid ilmi va unga bog‘liq masalalar” Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf

Inson to‘g‘ri e’tiqod asosida yashar ekan, ham dunyoda xotirjam va baxtli bo‘adi ham oxiratda Alloh taoloning marhamatiga sazovor bo‘ladi. Shunday ekan to‘g‘ri e’tiqod asosida yashash insonning eng asosiy va muhim vazifasidir.

Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati:

1.Qur’oni Karim

2.Shayx Abdulaziz Mansur. “Qur’oni karim ma’nolarining tarjima va tafsiri”. “Toshkent islom universiteti” nashriyot matbaa birlashmasi. 2006 yil

3.Abdulqodir Abdurrahim. “E’tiqod durdonalari” “Bad’ul amoliy sharhi”. “Sharq” nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi bosh tahririyati. Toshkent, 2016 yil

4.Alloma Sa’duddin Taftazoniy. “Sharhul aqoid an-Nasafiyya”. “Movarounnahr” nashriyoti. Toshkent, 2018 yil

Mir Arab oliy madrasasi, 303-21 guruh talabasi
Sharipova Nodira Shamsiddinovna

. .