ABUL HASAN AL-ASH’ARIY HAYOT YO‘LI
Muallif: . .
Sana: 25.11.2023
147

Imom Abul Hasan Ali ibn Ismoil ibn Ishoq ibn Solim ibn Abdulloh ibn Muso ibn Bilol ibn Abi Burda ibn Abi Muso Ash’ariy Basrada 260/873-yilda tavallud topgan. Imom Ash’ariy dastlabki ilmni o‘z otasidan oladi va voyaga yetgach, zamonasining mashhur olimlari bo‘lgan Abu Is’hoq Marvaziy va Ibn Surayjdan fiqh, Zakariyo ibn Yahyo Sojiydan hadis ilmlarini o‘rganadi[1].

Imom Ash’ariy qirq yoshigacha mo‘tazila e’tiqodida bo‘lib, keyin tavba qilib, umrini oxirigacha ahli sunna tomonida turib mo‘tazila va boshqa firqalarga qarshi kurashishga bag‘ishlagan. Uning dastlabki ustozi Abu Ali Jubboiy mo‘taziliy bo‘lgan. Yoshi qirqlarga yetganda qalbida ushbu ta’limotga nisbatan shubhalar uyg‘ona boshlaydi. U ustozining xalqasida o‘zini noqulay sezar va uning aqidaviy qarashlari, fikrlaridan to‘liq qoniqish hosil qilmas edi. Nihoyat, Imom Ash’ariy ustozining darslaridan birida unga bu dunyoda turlicha yashab o‘tgan uch
aka-ukalarning qiyomatdagi ahvoli haqida savol beradi. Uning savoli quyidagicha edi: “Bu dunyoda mo‘min uch aka-uka yashab o‘tgan, ularning kattasi tot-ibodatda hayot kechirgan. Ikkinchi aka gunoh, ma’siyat ishlar bilan yashagan. Uchinchisi esa sag‘irlik paytida (balog‘atga yetmasdan) vafot etgan. Ularning qiyomatdagi holati qanday bo‘ladi ?”.

Jubboiy javob beradi:

Katta aka ahli taqvo bo‘lgani uchun to‘g‘ri jannatga tushadi. Ikkinchisi do‘zaxga tushadi. Chunki u osiy banda bo‘lgan edi. Uchinchi uka esa jannatga ham, do‘zaxga ham kirmaydi. Chunki u gunoh ham, ibodat ham qilmagan.

Shunda Imom Ash’ariy e’tiroz bildira boshlaydi:

Arosatda qolgan kichkina uka: “Ey Rabbim, sen menga katta akam singari uzoq umr berganingda, men ham umrimni toibodat bilan o‘tkazardim. Sen meni sag‘irlik paytimda jonimni olding. Endi men jannatga kirishdan mahrum bo‘lib qoldim, mening aybim nima?!”, deb e’tiroz bildirsa-chi?

Jubboiy javob beradi:

Alloh, shunda aytadi: “Men senga uzoq umr berganimda, sen ikkinchi akangdek gunohkor banda bo‘larding. Chunki men sening taqdiringni avvaldan bilaman. Shuning uchun senga rahm qilib, sag‘irlik paytingda joningni oldim”.

Imom Ash’ariy hayron bo‘lib yana so‘raydi:

Agar ikkinchi aka: “Ey Robbim, Sen menga uzoq umr berding, men gunohkor banda bo‘ldim. Lekin sen meni kichik ukam kabi sag‘irlik paytimda jonimni olsang bo‘lmasmidi?! Shunda men do‘zaxga tushishdan saqlanib qolar edim”, deb so‘rasachi?

Imom Ash’ariyning ushbu e’tiroz sifatidagi savoliga Jubboiy javob bera olmaydi. Shundan so‘ng Imom Ash’ariy mo‘tazila ta’limotidan voz kechadi.

Imom Ash’ariyning o‘zi “Ibona an usul ad-diyona” nomli kitobida mo‘tazadan qanday voz kechganini quyidagicha hikoya qilib bergan: “Men borgan sari ushbu ta’limotdan bezib borar edim. Undagi fikrlar meni aslo qoniqtirmasdi. Kechalari ham halovatim yo‘qolgan edi. Bir kuni men tunda uyg‘onib tahajjud namozi o‘qidim va Allohdan ko‘nglimdagi g‘ashlikni daf qilishini va meni o‘z hidoyatiga boshlashini so‘rab duo qildim. Shu asnoda uyquga ketibman. Shunda tushimda Rasulullohni sollallohu alayhi vasallam ko‘rdim va ul zotga qalbimda kechayotgan g‘alayon haqida shikoyat qildim. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Sening najot topishing faqat mening sunnatimni mahkam tutishing bilan amalga oshadi”, deb javob berdilar. Shundan so‘ng bir necha kun uyda mixlanib qoldim, jamoat namozlariga ham chiqishni xohlamas edim. Lekin yettinchi kuni jome’ masjidiga chiqib, mo‘minlarga shunday xitob qildim: “Ey birodarlar, men yelkamdagi ushbu to‘nimni tanamdan qanday yechib uloqtirayotgan bo‘lsam, qalbimdan ham bid’at e’tiqodni shunday uloqtirib tashlayapman. Men bugundan boshlab mo‘tazila ta’limotidan voz kechdim va umrimning qolgan qismini ushbu ta’limotga qarshi kurashga sarflayman”[2].

Shundan so‘ng Imom Ash’ariy Basradan Bag‘dodga ko‘chib o‘tadi va umrining oxirigacha shu yerda faoliyat olib boradi. U hayot kechirgan davrda fikriy kurashlar avjiga chiqqan va “az-Zanj” qo‘zg‘oloni bo‘lib o‘tgan va qarmatiylarning qo‘li baland kelib, ular Bahrayndan to Shomgacha (Suriya) tarqalgan edi. Imom Ash’ariy o‘z davrining mashhur shayxlari, mutasavvif va faqihlari sanalgan Muhammad ibn Jarir Tabariy, Ibrohim ibn Ahmad Marvaziy, Mahmud ibn Dovud Isbahoniy, Abdulloh ibn Ahmad ibn Hanbal, Imom Abu Mansur Moturidiy, Imom Abu Ja’far Tahoviy hamda aslida zindiq bo‘lgan Ibn Rovandiy bilan bir davrda yashagan.

Mir Arab oliy madrasasi o‘qituvchisi
Ro‘zmetov MuhammadMustafo



[1] Imom Shamsuddin Muhammad ibn Ahmad ibn Usmon az-Zahabiy. Siyar a’lam an-nubala. Al-muassasa ar-Risala – Bayrut. – B. 70.

[2] Аbul Hasan Аshʼariy. Ibona an usul ad-diyana. Dor an-nafois – Bayrut: 1994. – B. 12-13.

. .