QURBONLIK HIMMATLARI
Muallif: . .
Sana: 26.06.2023
178

Musulmonlarning ikki muhim bayrami bo‘lib, ularning biri iydul fitr – og‘iz ochish (ro‘za) hayiti bo‘lsa, ikkinchisi iydul azho – qurbon hayiti sanaladi. Shu kunlarda ushbu ikki bayramning biri qurbon hayiti arafasida turibmiz. Ushbu oy munosabati bilan o‘n olti mingdan ziyod hamyurtimiz haj ibodatini bajarish asnosidalar. Ular insha Alloh haj amallarini bajaradilar, jonlig‘larini so‘yadilar hamda yurtimizga qaytadilar.

Shuningdek, haj safariga chiqmagan bo‘lsada Alloh taolo o‘z kengchiligi bilan boy badavlat qilib qo‘ygan musulmonlar ham jonlig‘ so‘yib qurbonlik qiladilar. Ushbu bayramni qurbon hayiti deb nomlanishining sababi ham shudir.

Qurbon hayiti musulmonlarning bayrami bo‘lib, unda kambag‘al faqirlar Alloh taoloning mehmoni bo‘ladilar hamda boylar tomonidan so‘yilgan jonlig‘larni tanovul qiladilar. Shu o‘rinda bir savol tug‘iladi: “Ha yaxshi, bayram bo‘lsa bo‘laversin. Buning uchun Alloh taoloning maxluqotlaridan bir jonzotni azoblab uni so‘yish kerakmi? Nega insonlarning rohat-u farog‘ati uchun bir hayvon azoblanishi, bo‘g‘izlanish kerak?”.

Ushbu savolga javob bera olsak biz musulmonlar uchun qurbonlik qilish ortida qanday hikmatlar bor ekani ma’lum bo’ladi. Zero ushbu hukmni har bir ishni behikmat qilmaydigan, hakim bo‘lgan zot Alloh taolo joriy qilgan.

Abul Barakot Nasafiyning “Manor” nomli asarida Alloh tomonidan buyurilgan ishlar ikkiga taqsimlanishi aytilgan. Ularning biri hasan lizotihi – zotan yaxshi bo‘gan amallar bo‘lsa, yana biri hasan lig‘oyrihi – (aslida yaxshi emas ammo) boshqa narsaning sababidan yaxshi bo‘lgan ishlar. Qurbonlik so‘yish mana shu ikkinchi qism qabilidandir. Bir qarashda savolda aytilganidek qurbonlik qilishda Allohning bir maxluqini azoblash bor. Ammo bu ishning boshqa bir nechta jihatlari borki, ular tufayli qurbonlik qilish yaxshi amallar sirasiga qo‘shilib qoladi. Quyida qurbonlik qilishning hikmatlari borasida ulamolardan naql qilingan so‘zlarni keltirib o‘tamiz.

Alloh taolo bandaga hayot va mol-u davlat ne’matini berib qo‘ygani ma’lum. Yilda bir bor jonlig‘ so‘yib qurbonlik qilish ana shu ikki ne’matning shukronasi sanaladi. Demak qurbonlikning birinchi hikmati shukronalik izhoridir.

Qurbonlik islom shiorlaridan biridir. Qolgan islom shiorlari kabi qurbonlik ishini amalga oshirgan kimsa islom shiorlaridan birining ijrosini ta’minlagan bo‘ladi, hamda Allohga qurbat hosil qilgan bo‘ladi.

Qurbonlik zamirida kishining o‘zi, ahli oilasi va beva-bechoralarga kengchilik qilish, qarindoshlarga silayi rahm, mehmonning ikromi, qo‘shniga yaxshilik, kambag‘allarga sadaqa qilish, Alloh bergan ne’matni bandalarga so‘zlab berish kabi bir qancha ijobiy ishlar bordir.

Qurbonlikda sayyidimiz Ibrohim (a.s.)ning sunnatlarini davom ettirish ma’nosi bor. Zero ushbu ishni u kishi boshlab bergan edilar. Buyruq asosida o‘g‘lining nomidan Alloh tomonidan yuborilgan bir qo‘yni so‘ygan edilar.

Qurbonlikda kishi qalbidagi iymonining tasdig‘i bordir. Allohning buyrug‘iga bo‘ysunishga shoshilish bordir. Darhaqiqat iymon keltirganman deb til bilan aytish oson, ammo uning tasdig‘i qilingan ishlarda ko‘rinadi.

Qurbonlik kishini sabrga chorlaydi. Zero musulmon kishi har safar qurbonlik qilganda Ibrohim va Ismoil (a.s.) Allohning buyrug‘ini bajarishda qanchalik sabrli, bardoshli bo‘lgani, Allohni toatini nafsga bo‘lgan toatdan ustun qo‘yganini yodga oladi va undan ibratlanadi.

Bu borada Hakim Termiziyning “Al-haj va asroruhu” nomli asarida keltirgan gaplarini ketlirish ham o‘rinli bo‘ladi. U kishi asarda qurbonlik qilish shaxslarga qarab turli darajada bo‘lishini aytganlar.

Avomlar shunchaki Allohning buyurug‘ini bajarib bir qo‘yni qurbonlik qiladi. Natijada u jonlig‘ sirot ko‘prigidan olib o‘tadi.

Ba’zi xos insonlar bor, jonlig‘ bilan bir qatorda o‘zlarining havoyi nafslarini so‘yadilar. Qurbonlik qilingan adashtiruvchi, yomonlikka buyuruvchi nafs o‘rniga mukofot o‘laroq to‘g‘rilikka boshlovchi, yomonlikdan qaytaruvchi Allohning hidoyatiga erishadilar.

Yana ba’zilar jonlig‘ barobarida o‘z havl (ruhoniy kuch) va quvvat (jismoniy kuch)larini qurbonlik qiladilar. Natijada tengi yo‘q bo‘lgan, Alloh tomonidan berilgan havl va quvvat egasi bo‘ladilar.

Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki qurbonlik ishi bir tomondan qaraganda yaxshi b‘lmagan ish bo‘lib ko‘rinsada, juda ko‘p tomonlama yaxshi ishlar sirasiga kirar ekan. Yuiqorida sanab o‘tilgan ishlar qurbonlikning ayrim hikmatlari xolos. Undan tashqari biz bilmagan hikmatlari ko‘pdir. Alloh hammamizni qurbonlik hukmini mukammal ado qiluvchilardan hamda uning uchun va’da qilingan ajr-u savoblarga erishtirsin.

Mir Arab oliy madrasasi o‘qituvchisi

To‘xtasinov Ro‘zimuhammad

. .